Umumiy psixologiya - umumiy psixologik qonuniyatlar, mexanizmlar, murakkab ichki bog‘lanishlar, nazariy va metodologik prinsiplar, ilmiy tadqiqot metodlar, psixikaning filo va ontogenetik o‘zgarishlarini, ilmiy tushunchalar va kategoriyalar, bilish jarayonlarini amaliy va nazariy jihatdan tadqiqot qiladigan soha. Umumiy psixologiya boshqa sohalar kabi shartli ravishda qabul qilingan nomdan iboratdir. Psixologiya fanining ilmiy tushunchalarini, kategoriyalari(shaxs, motivatsiya, faoliyat, muomala, ong)ni, tadqiqot metodlarini umumiy psixologiyada umumlashtirish uchun uning boshqa sohalaridagi tekshirish natijalarini mavhumlashtirish maqsadga muvofiq. Shuning bilan birgalikda umumiy psixologiyaning tadqiqot natijalari psixologiyaning boshqa sohalari uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Umumiy psixologiya fani asosiy kategoriyalar, tushunchalar, psixik jarayonlar, holatlar, hodisalar, individual-tipologik xususiyatlarni o‘z ichiga oladi. 1. Psixik jarayonlar: sezgi, idrok, tasavvur, xotira, tafakkur, xayol va boshqalar. 2. Irodaviy jarayonlar: motiv, motivatsiya, ehtiyojlar, intilishlar, qaror qabul qilish kabilar. 3. Hissiy jarayonlar: his-tuyg‘ular, emotsiya, kayfiyat, emotsional ton, stress, affekt singarilar. Psixik holatlarga psixik jarayonlarning ma’lum bir sifatlarining ko‘rinishlari kiradi. Masalan, hissiy jarayonlardan psixik holat sifatida kayfiyat, psixik xususiyatlarga qobiliyatlar va boshqalar kiradi. Umumiy psixologiyadagi bu bo‘linish shartli ravishda amalga oshirilgan bo‘lib, unda jarayon tushunchasi umumiy tadqiq qilinayotgan hodisaning jarayoniy xususiyatga ega ekanligi ta’kidlanadi, xolos. Psixik holat tushunchasi psixik holatlarga nisbatan nisbiy statikligini anglatadi. Psixik xususiyat tushunchasi esa tadqiq qilinayotgan hodisaning mustahkamligini, qaytaruvchanligini aks ettiradi va bu narsa shaxs tuzilishida o‘z ifodasini topadi. Umumiy psixologiyadan boshqa sohalar, bilimlar asos sifatida foydalaniladi, xuddi shu boisdan u universal xususiyat kasb etadi.