Andijon davlat universiteti


II.O‘zbekiston hududida qadimgi davlatlarning vujudga kelishi va huquqiy munosabatlarning shakllanishi



Yüklə 133 Kb.
səhifə5/7
tarix19.05.2022
ölçüsü133 Kb.
#58598
1   2   3   4   5   6   7
O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi a

II.O‘zbekiston hududida qadimgi davlatlarning vujudga kelishi va huquqiy munosabatlarning shakllanishi


2.1. Baqtriya, Parfiya va qator qadimgi davlatlar vujudga kelishi

Tarixda Kushon podsholigi nomi bilan o‘chmas iz qoldirgan yirik davlatning paydo bo‘lishi Xitoy manbalarida yuechjilar nomi bilan yuritilgan massaget qabilalari bilan bog‘liq. Miloddan avvalgi ikkinchi asr o‘rtalarida inqirozga yuz tutgan Yunon-Baqtriya davlatining kuchsizligidan foydalangan yuechjilar miloddan avvalgi 140-yilda So‘g‘d yerlari orqali Baqtriyaga hujum qiladilar va Shimoliy Baqtriyani ishg‘ol qiladilar. Ular ushbu hududda bir asr mobaynida yashaganlar. Yuechjilar beshta qabiladan iborat bo‘lib, ular orasida Guyshuan (Kushon) qabilasi o‘z mavqei bilan boshqalardan ajralib turgan. Milodning birinchi asri boshlarida kushon qabilasi mavqei yanada kuchayib, boshqa qabilalar ustidan o‘z hukmronligini o‘rnatgan. Shu vaqtdan e’tiboran Kushon podsholigi tashkil topgan.


Eramizning birinchi asri birinchi choragiga kelib mavjud podsholiklar orasida Kushon podsholigi alohida o‘rin tuta boshlaydi. Keyinchalik bu podsholik qariyb butun O‘rta Osiyoni o‘z ichiga olgan yirik imperiyaga aylandi. Uning tarkibiga Baqtriya, So‘g‘diyona, Marg‘iyona, Hindistonning shimoliy qismi kirgan. Shuningdek, So‘g‘diyona orqali Farg‘ona, Sharqiy Turkiston ham Kushonlar saltanatiga bo‘ysungan. Kushonlar shimolda Shosh, sharqda Sharqiy Turkiston, g‘arbda Eron, janubda Shimoliy Hindistongacha bo‘lgan ulkan hududni birlashtirishga erishganlar. Uning poytaxti dastlab (So‘g‘diyona) Kattaqo‘rg‘onda bo‘lgan, keyinchalik poytaxt Hindistonga ko‘chirilgan. Kushon podsholigida sug‘orma dehqonchilik, hunarmandchilik, ichki va tashqi savdo, fan va madaniyat, qo‘shni mamlakatlar bilan aloqalar rivojlanganligi haqida ko‘pgina ma’lumotlar bizgacha yetib kelgan. Afsuski, bizgacha bu davlatning boshqarish tizimi, ichki ma’muriy tuzilishi, huquq manbalari haqidagi ma’lumotlar to‘liq yetib kelmagan. Ba’zi bir manbalarda Kushon davlatida kuchli markaziy davlat apparati tashkil etilganligi, uning tepasida podsho turgani, ma’muriy-hududiy jihatdan viloyatlarga bo‘linganligi, pul va din sohalarida islohotlar o‘tkazilganligi haqidagi ma’lumotlar uchraydi.
Tarixchi olim Azamat Ziyoning yozishicha, «Saltanatga asos solinganidan so‘ng mintaqa uchun an’anaviy satrapiyalar tizimidan keng foydalana boshlangan. Satraplar oliy hukmdor tomonidan uning ishonchini qozongan, chamasi o‘z doirasi namoyandalari orasidan tanlangan. Shu bilan birga, satraplik lavozimiga harbiy yurishlarda jonbozlik ko‘rsatgan lashkarboshilar ham lozim topilgan. Umuman olganda esa satraplar baqtriyaliklar orasidan bo‘lishi shart bo‘lgan»11.
Shuningdek, adabiyotlarda Kushon podsholigining asosiy tayanchi harbiy qo‘shin bo‘lib, lashkarlarning umumiy soni 150–200 ming atrofida bo‘lgani, qo‘shin otliq va piyodalardan tashkil topgani haqida ma’lumotlar uchraydi.
Ayrim manbalarda qayd qilinishicha, davlat boshlig‘i mamlakatni boshqarishda ko‘p tarmoqli davlat apparatiga tayangan davlat organlarida turli unvonlar va darajalarga ega mansabdorlar xizmat qilgan, «buyuk satrap», «oddiy satrap», «chegara boshliqlari» kabi unvonlar bo‘lgan, shaharlar podshohning noiblari tomonidan boshqarilgan.
Kushon podsholigi, Rim imperiyasi va Sosoniylar davlati o‘rtasidagi munosabatlarning beqarorligi kuchlar nisbatining Sosoniylar foydasiga hal bo‘lishiga olib keldi. IV asrning 70–80-yillarida Kushon podsholigining g‘arbiy qismi Sosoniylar tomonidan bosib olinadi va Shimoliy Hindistondagi Kushan Gupta davlati tarkibiga qo‘shib olindi. O‘rta Osiyo hududida kichik-kichik davlatlar tashkil topdi. Bular
Panjakentdan Karmanagacha bo‘lgan hududdagi So‘g‘d davlati, Zarafshon vodiysining g‘arbidagi Buxoro boshchiligidagi shahar davlatlar ittifoqi, Samarqand yaqinidagi Maymurg‘, Ishtixon va Kushaniya davlatlari, Farg‘onadagi shahar-davlatlar ittifoqi edi. Bu davlatlarda butun hokimiyatni o‘z qo‘lida to‘plagan podsho boshchilik qilgan. Podshohning shaxsi ilohiylashtirilgan bo‘lib, hokimiyat unga xudo tomonidan ato etilgan degan tasavvur keng tarqalgan. Podshoh huzurida oqsoqollar kengashi bo‘lgan. Shahar-davlatlari boshliqlari o‘z tanga pulini zarb etish huquqiga ega bo‘lgan. Shahar davlatlar otliq qo‘shin va qullardan tashkil topgan qurolli bo‘linmalarga ega bo‘lgan.
Aytish kerakki, Kushon podsholigi O‘rta Osiyo xalqlari tarixida o‘chmas iz qoldirgan davlatlardan biri bo‘lib, tarixning ochilmagan bu qirrasi o‘z tadqiqotchilarini kutmoqda. Gap shundaki, qariyb 400 yil umr ko‘rgan, ulkan hududda o‘z hukmronligini o‘rnatgan Kushon podsholigi o‘z davri uchun mukammal, kuchli markazlashgan davlat organlari tizimi, huquq manbalariga ega bo‘lishi ehtimoldan holi emas. Chunki ulkan hududni boshqarish, o‘sha davrdagi murakkab jarayonlardagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish tegishli siyosiy-huquqiy institutlarsiz amri mahol edi.
IV asrning oxiri va V asr boshlarida orol bo‘yida istiqomat qiluvchi ko‘chmanchi massagetlar o‘zlarining Eftalitlar davlati nomi bilan tarixga kirgan davlatini tashkil qiladi. V asrning o‘rtalariga kelib butun O‘rta Osiyoda eftalitlar hukmronligi o‘rnatiladi. Keyinchalik O‘rta Osiyoni, Sharqiy Eron viloyatlarini, Hindistonning shimoliy qismini va Sharqiy Turkistonni birlashtiruvchi yirik davlatni barpo etishga muvaffaq bo‘ladilar.
Eftalitlar davlatining tuzilishi, markaziy va mahalliy davlat organlari, sudi va harbiy qo‘shini haqidagi ma’lumotlar bizgacha yetib kelmagan. Ixtiyorimizda bo‘lgan manbalardagi ayrim ma’lumotlarga tayangan holda eftalitlar davlat tuzumi va huquqi haqida umumiy tasavvurga ega bo‘lishimiz mumkin. Vizantiyalik tarixchi Prokopiyning (VI asr) yozishicha, «Eftalitlarni bir shoh boshqargan, ular qonuniy davlatga ega bo‘lganlar va o‘zlari bilan qo‘shnilari o‘rtasida romeylar (vizantiyaliklar) va Forslarda mavjud bo‘lgan adolatdan zarracha kam bo‘lmagan adolatga amal qilganlar»12. Xitoy manbalarida qayd qilinishicha, Eftalitlar davlatida taxt otadan bolaga o‘tmagan, shu suloladan kim davlat boshlig‘i lavozimiga loyiq topilsa, o‘sha kishi taxtni egallagan. Aynan kimning ushbu lavozimga loyiqligini aniqlash vakolatiga maxsus kengash ega bo‘lgan.
Prokopiyning guvohlik berishicha, eftalitlar davlatni qonunlar asosida boshqarganlar. Ba’zi manbalarda qayd qilinishicha, eftalitlar davlatida podsho hokimiyati unchalik kuchli bo‘lmasdan, mahalliy hokimlarning mavqei yuqori bo‘lgan. Joylarda hokimiyat yirik yer egalari qo‘lida bo‘lib, ular katta mulkka, qal’a va harbiy qo‘shinga ega edi.
Mamlakatning iqtisodiy va siyosiy hayotida shaharlarning o‘rni katta bo‘lgan. Vizantiya hukmdori Yustin II ning «Eftalitlar shaharda yashaydilarmi yoki qishloqdami» degan savoliga ashinaliylarning elchisi «A’lo hazrat, ular shaharlik sulolalardan»13, degan javobi fikrimiz dalilidir. Eftalitlar davlatida yirik shaharlar hokimlar tomonidan boshqarilgan. Ushbu hokimlar ham o‘z harbiy kuchlariga, o‘z tangalarini zarb qilish huquqiga ega bo‘lganlar. Ichki savdo munosabatlarida tangalar ayirboshlash vositasi vazifasini bajargan.
Eftalitlar kuchli harbiy qo‘shinga ega bo‘lishgan, qo‘shinning asosiy qismini otliq lashkar tashkil qilgan. Ayrim manbalarda yozilishicha, eftaliylar davlatida jinoyat sodir qilganlik uchun qattiq jazo choralari qo‘llanilgan. Masalan, o‘g‘irlik uchun bo‘ynini kesib qatl etish yoki o‘g‘irlab ketgan mulkni o‘n barobar miqdorida undirib berish jazosi qo‘llanilgan.
Asta-sekinlik bilan markaziy hokimiyatning kuchsizlanishi, mahalliy hokimlarning mustaqillikka intilishining kuchayishi va ular o‘rtasidagi raqobat VI asrning o‘rtalariga kelib Eftalitlar davlatining yemirila boshlashiga olib keldi.
VI asr o‘rtalariga kelib Oltoy, Yettisuv va Markaziy Osiyodagi turli qabila va xalqlarni birlashtiruvchi, katta davlat – Turk hoqonligi tashkil topadi. Hozirgi O‘zbekiston hududi Turk hoqonligi tomonidan bosib olinadi. Keyinchalik hoqonlik hududi Xitoy va Mo‘g‘ilistonning bir qismi hisobiga yanada kengaytirildi.
VI asrning oxirgi choragida Turk xoqonligi davlatga asos solgan sulola namoyandalari o‘rtasidagi (asoschilar va davlat hududining kengayishida ulkan hissa qo‘shgan Ashina sulolasi namoyandalari – Bo‘min (Tuman), uning kichik o‘g‘li Mug‘anxon) kurash natijasida poytaxti Mongoliyada bo‘lgan Sharqiy Turk xoqonligi va markazi Yettisuvda bo‘lgan G‘arbiy Turk xoqonligiga bo‘linadi. O‘zbekiston hududi G‘arbiy Turk xoqonligi tarkibida bo‘lgan.
Turk xoqonligida hokimiyat tepasida urug‘, qabila boshliqlari qurultoyida saylanadigan xoqon turgan. Uning huzurida qabila, urug‘ boshliqlaridan iborat kengash bo‘lib, unda davlat ahamiyatiga molik masalalar muhokama qilinib tegishli qarorlar qabul qilingan. Bundan tashqari, davlat hayotida xoqon maslahatchilari, o‘lkalar hokimi, davlat arboblarining roli katta bo‘lgan. O‘lkalarda hokimiyat hokimlar qo‘lida to‘plangan. Hokimlik lavozimini o‘lkalardagi hukmron sulolalar vakillari egallagan. Hokimlarning bir necha muovinlari bo‘lgan. Har bir hokim huzurida hisob-kitob ishlarini olib boruvchilar, soliq yig‘uvchilar, qo‘riqchilar va boshqalardan iborat apparat bo‘lgan. Xoqon va alohida o‘lkalarning hokimlari otliqlar va piyodalardan iborat shaxsiy gvardiyasiga ega bo‘lganlar. Turk xoqonligi davlati O‘rta Osiyo hududlarining arablar tomonidan bosib olinishi bilan tugatildi.


Yüklə 133 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin