2.2. O’zbekiston hududidagi qadimgi davlatlar ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlari
Xoqon hokimiyati meros tariqasida o‘tgan. Xitoy manbalariga ko‘ra, ota doimo o‘z o‘g‘liga taxtni meros tariqasida qoldiravermay, balki undan kattaroq turgan qarindoshlariga qoldirishi lozim bo‘lgan. Bundan tashqari, shunday hollar bo‘lganki, taxt sohibini ulus oqsoqollari tayinlagan. Manbalarda xoqon tayinlashning alohida tartibi bo‘lganligi haqida ma’lumotlar uchraydi. Jumladan, Xitoy manbalarida yozilishicha, yirik amaldorlar taxt vorisini kigizga o‘tqazib, quyosh harakati asosida, ya’ni sharqdan g‘arbga tomon to‘qqiz marta doira bo‘ylab aylantirganlar. To‘qqiz soni turkiy tilli xalqlarda aziz hisoblanadi. Har bir aylanishda marosimda ishtirok etuvchilar xoqonga ta’zim qilganlar va bu bilan o‘z itoatkorliklarini anglatganlar. Shundan so‘ng uni otga mindirib bo‘yni uzra ipak mato qattiq siqqanlar darhol bo‘shatib, undan necha yil hukmdor bo‘lishi haqida so‘raganlar. U necha yil xon bo‘lishini aytgan, shu muddat tugagandan keyin taxtdan ketgan.
Tarixiy manbalarda Turk xoqonligining markaziy va mahalliy davlat organlarida xizmat qilgan ba’zi mansabdorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar uchraydi. Jumladan, davlat boshqaruvida xoqondan keyin turuvchi mansabdor shaxs «Yabg‘u» (Bahodir) bo‘lgan (masalan, Istami yabg‘u). Ammo yabg‘u taxtga merosxo‘rlik qila olmagan. Taxt vorisi «tegin» (shahzoda) deb atalgan. «Tudun» unvoni hukmdorning joylardagi noiblariga berilgan. Ular mahalliy hokimlar siyosatini, boj, soliq ishlarini nazorat qilganlar.
Xitoy manbalarida Sharqiy turk xoqonligining quyidagi mansabdor shaxslari haqida ma’lumotlar keltiriladi: oliy martabalar orasida eng ulug‘i shexu (jabg‘u), keyin dele, uchinchisi esa silifa, to‘rtinchisi tumafa, (qolgan) kichikroq darajadagi mansablarda 20 kishi band. Ularning mansablari merosiydir... Qo‘riqchilarni esa fuli (bo‘ri) deb ataydilar.
Turk xoqonligida, keyinchalik G‘arbiy Turk xoqonligida markaziy davlat hokimiyat va boshqaruv organlari ulkan hududda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, davlat soliq siyosatini amalga oshirish, mamlakatni tashqi dushmanlardan mudofaa qilish, ichki va tashqi savdoni rivojlantirish, xorijiy davlatlar bilan diplomatik aloqalar o‘rnatish, mahalliy davlat organlari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish kabi vazifalarni bajarganlar.
Eramizning boshlaridan VII asrga qadar bo‘lgan davrda, ya’ni arablar hukmronligi o‘rnatilgan davrga qadar O‘zbekiston hududida amal qilgan huquq manbalariga oid ma’lumotlarni o‘zida mujassam etgan tarixiy huquqiy manbalar bizgacha juda kam yetib kelgan yoki deyarli yetib kelmagan. Xususan, 1932–1933-yillarda Mug‘ tog‘idan topilgan So‘g‘d hujjatlari mavjud bo‘lib, u O‘zbekiston hududida amal qilgan 80 ta muhim tarixiy huquqiy hujjatlardan hisoblanadi. Ular orasida oila, nikoh, mulk huquqi, ijaraga berish, meros qoldirish bilan bog‘liq hujjatlar bor. Masalan, yerni sotish to‘g‘risidagi hujjatda shartnoma obyekti qayerda joylashgani, miqdori, oluvchi va sotuvchilar nomi, yerni sotib olgan shaxslarning yerdan foydalanish huquqi, shartnoma tuzishda ishtirok etgan shaxslar ko‘rsatilgan.
Tegirmonni ijaraga berish haqidagi shartnomada uning joylashgan joyi, uni aylantiruvchi ariqlar, asbob-anjomlari, ijara muddati, sharti, ijaraga beruvchi va oluvchi, ularning huquq va majburiyatlari, shartnomani buzganlik uchun javobgarlik, shartnoma tuzish vaqtida qatnashgan guvohlar haqidagi ma’lumotlar aks ettirilgan.
Hujjatlar orasida nikoh tuzish shartnomasi alohida ahamiyat kasb etadi. Ushbu hujjatlar qadim va ilk o‘rta asrlardagi O‘zbekiston xalqlarining oila-nikoh va shu bilan bog‘liq mulkchilik va boshqa ijtimoiy munosabatlari haqida hikoya qiluvchi muhim yodgorlikdir. Har ikki hujjat o‘zaro uzviy bog‘liq bo‘lib, birida turk zodagoni Uttakinning so‘g‘d ayoli bo‘lmish Dug‘dg‘unchaga uylanishi rasmiylashtirilsa, ikkinchisida kuyov
Uttakinning Dug‘dg‘unchani turmushga berayotgan homiy otaxoni Navekat shahrining (Yettisuv viloyatidagi qadimgi shahar) hokimi Cher oldidagi majburiyatlari bayon etilgan.
Har ikkala hujjatning ilk o‘rta asr yuridik hujjati sifatidagi xususiyatlari mavjud deyish mumkin. Masalan, nikoh bitimi matnida: hujjat sanasi, kirish formulasi, ahdlashuvchi tomonlarning nomma-nom ta’kidlanishi; er-xotin bo‘lgach Uttakin va Dug‘dg‘unchaning birga yashashini ta’minlovchi shartlar bayoni, erga yuklangan majburiyatlar, xotin zimmasidagi vazifalar, erning o‘z majburiyatlarini bajargani chog‘ida xotin oldidagi javobgarligi; er tomonidan nikoh buzilgan holda xotinning mulkiy ta’minoti va erning boshqaga uylanish huquqi, nikoh xotin tomonidan buzilgan taqdirda erning mulkiy ta’minoti va xotinning boshqa er qilish huquqi; nikoh buzilgach xotin va uning bolalari erning sodir qilishi mumkin bo‘lgan jinoyati uchun, uning qullik va boshqa ijtimoiy tobe ahvolga tushib qolishi uchun javobgarlikdan ozod qilinishi; xotinning aybi bilan nikoh buzilsa er va uning bolalari xuddi shu kabi javobgarlik hamda tovonlardan ozod bo‘lishi; nikoh buzilgandan so‘ng har ikki tomon o‘zaro bir-birining taqdiri uchun javobgar emasligi haqida yana bir maxsus ta’kid; oxirgi bandda esa hujjatning qayerda tuzilgani, mansabdor shaxs, guvohlar va kotibning nomi aks etgan.
Kuyovning majburiyatlari to‘g‘risidagi ikkinchi hujjatda ham xuddi shu kabi qator bandlar ko‘zda tutilgan: hujjat sanasi, kuyovning rasmiy majburiyatlari; turmushga uzatilayotgan qizning homiy otasi oldida kuyovning majburiyatlarini ifodalovchi bandlar; xotinni sotmaslik, boshqa yo‘l bilan uni qullik holatiga tushirmaslik, zodagonlik martabasidan mahrum etmaslik, agar xotin, kim tomonidan bo‘lmasin, tahqirlangan taqdirda ham uni homiy otaxoniga qaytarish; er yoki xotin tomonidan nikoh buzilgan taqdirda xotinni homiy otaxoniga qaytarish. Agar xotin o‘z homiy otaxoniga qaytarilmagan taqdirda ham kuyov to‘lashi lozim bo‘lgan tovonni, homiy otaxonning kuyov yoki uning vakilidan mazkur tovonni undirib olish huquqi; butun xonadon, jamoaning, hatto xonadon mehmonlarining ham kuyov majburiyatlari bajarilishi ustidan nazorat qilish vazifalari; hujjatning tuzilgan joyi, mansabdor shaxs, guvohlar ro‘yxati va kotibning nomi – bular barchasi har ikkala hujjatning uzoq va chuqur an’anaga ega bo‘lgan yuridik ish hujjatlarining o‘rta asrlardagi mukammal namunasi ekanidan dalolat beradi.
XULOSA
Ta’kidlash joizki, boshqaruv tizimi, umuman, davlatchilik abadiy mavjudlik emas. Davlat boshqaruvi deganda biz bosh siyosiy hokimiyat va unga bo‘ysinuvchi boshqaruv tizimini tushunamiz. Boshqaruv tizimi jamiyatning barcha jabhalarini – siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va boshqalarni o‘z ichiga oladi. Binobarin, boshqaruv tizimini har tomonlama va jiddiy o‘rganmasdan turib jahon xalqlari tarixiy madaniy rivojlanishi, ularning o‘zaro aloqalari va ta’siri, mahalliy va umumbashariy madaniyatlar integratsiyasining o‘ziga xos tomonlari va qonuniyatlariga aniqliklar kiritish mumkin emas. Davlat boshqaruvining paydo bo‘lishi insoniyat tarixida muhim muvaffaqiyat va sifatiy yangi bosqich bo‘ldi. Dunyo tarixidagi qadimgi davlatlarning paydo bo‘lishi va takomillashuvida O‘rta Osiyo va unga qo‘shni hududlarda yashagan xalqlarning ham hissasi katta bo‘ldi.
Xulosa qilib shuni aytish kerakki, davlatning paydo bo‘lishi uzoq davom etgan jarayondir. Bu jarayon turli xalqlarda turli yo‘llar bilan bo‘lib o‘tgan.
Olimlarning fikricha, birinchidan, davlatlar paydo bo‘lishining osiyocha ishlab chiqarish usuliga asoslangan «Sharq yo‘li» bo‘lib, unda iqtisodiyotning asosini irrigatsiya dehqonchiligi tashkil etgan; yer va irrigatsiya inshootlari davlatning mulki bo‘lgan; dehqonchilik jamoasi jamiyatning birlamchi yacheykasi edi; aholining katta qismini safarbar etish zaruriyati prinsipal boshqaruvchilar tabaqasini taqozo etgan.
Ishlab chiqarishning osiyocha usuli mil.avv. V ming yillikdan milodiy I asrgacha daryolar vodiylarida joylashgan Misr, Bobil, Xitoy, Hindiston, O‘rta Osiyo kabi hududlarda yoyilgan.
Davlat tuzilmasining ikkinchi, «Yevropacha yo‘li» Yevropa hududida mil.avv. V asrdan boshlab milodiy III asrgacha qadimgi yunon polislarida mavjud bo‘lgan. Ularda xususiy mulkchilik shakllanishi tufayli kelib chiqqan jamiyatning ijtimoiy mulkiy tabaqalanishuvi jarayoni (tabaqalar shakllanish jarayoni) asosiy omil bo‘ldi.
Ma’lum bir qabila, elat va xalqqa xos hamda muayyan rivojlanish bosqichlari boshqa xalq va hududlardagi davlatchilik jarayonlariga aslo mos tushmaydi. Shunga qaramay, Qadimgi Sharqdagi ilk davlatlarning paydo bo‘lishi va rivojlanishi ko‘pgina umumiy jihatlarga ega ekanligini ta’kidlash joizdir. Aynan mana shuning uchun ham O‘rta Osiyoda ilk davlatlarning paydo bo‘lishi Qadimgi Sharq davlatchiligi tarixi bilan uzviy bog‘liqdir.
Qadimgi Sharqning turli hududlaridagi tabiiy sharoit o‘ziga xos bo‘lib, ko‘pgina davlatlarning paydo bo‘lishi ushbu holat bilan bevosita bog‘liq edi. Ayniqsa, yirik daryolar – Nil, Dajla, Frot, Hind, Ganga, Xuanxe, Amudaryo va Sirdaryo Qadimgi Sharq xalqlari tarixiy taqdirida juda katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Ijtimoiy va hududiy birlikning asosi hisoblangan jamoalar mavjudligi Qadimgi Sharq ijtimoiy tuzilmasining muhim o‘ziga xos tomoni edi. Barcha Qadimgi Sharq davlatlari (ayrim shahar-davlatlar bundan mustasno) juda ko‘plab qishloq jamoalaridan tashkil topgan bo‘lib, ularning har birida boshqaruv tartibi bilan bog‘liq ishlar amalga oshirilganda ko‘pgina jamoalar birlashuvi davlat hokimiyati rolining oshishini ta’minlar edi.
Ko‘p hollarda tadqiqotchilar jamoalarning birlashuvi natijasida paydo bo‘lgan davlatchilik tizimini murakkab sug‘orish tartibi tashkil etilishi, yerlarni sun’iy sug‘orilishi, daryo vohalari va tog‘ oldi hududlarining o‘zlashtirilishi hamda to‘g‘onlarning qurilishi bilan bog‘laydilar. Yuqoridagi omillarning mavjud bo‘lganligi aniq. Lekin, ularni tashkil etish nazorat va boshqaruvni, hisob-kitobni talab etar edi. Demak, buning uchun yozuvchi mirzalar, hisob-kitobchilar va hukmdorlar zarurati tug‘ilgan. Mehnat qurollari tayyorlash uchun hunarmandlar faoliyat ko‘rsatgan. Ushbu murakkab tizim xavfsizligini ta’minlash uchun qurolli guruhlar tuzish, hamda ma’lum hududlarni mudofaa inshootlari bilan o‘rab olish kerak bo‘lgan. Shu tariqa jamiyatda ikkita yangi tuzilma-shahar va davlat paydo bo‘la boshlaydi.
Davlat yoki shahar-davlat ma’lum hududlarni o‘z nazoratiga olishi va bu hududlarni kengaytirib borishi natijasida chegaralar paydo bo‘lgan. Hududlarning kengayishi va chegaralarning o‘zgarishi natijasida davlatlar o‘rtasida urushlar kelib chiqadi. Chegaralar masalasida ta’kidlash joizki, qadimgi davrlarda ular ko‘p hollarda tog‘lar va dasht hududlar orqali, ayrim hollarda esa daryolar orqali o‘tgan. Shuning uchun ham tarixiy yondashuv shuni talab etadiki, tarixning turli davrlarida davlatlar chegaralari o‘zgarib turgan va hozirgi chegaralarga mutlaqo mos tushmaydi.
Turli xalqlar va ularning ajdodlari o‘z davlatchiligining shakllanish boqichini ijtimoiy-iqtisodiy va tarixiy-madaniy vaziyatlarga bog‘liq holda turli tarixiy davrlarda bosib o‘tdilar. Bizning kunlarimizgacha saqlanib qolgan dastlabki yozma manbalar - “Avesto”, ahmoniylar davri mixxat yozuvlari, qadimgi yunon-rim manbalari qadimgi Sharq va dunyo tarixida birinchi bo‘lib, O‘rta Osiyodagi eng qadimgi xalqlarning nomlarini, alohida joylar, tog‘lar, daryolar va ko‘llarning nomlarini, afsonaviy qahramonlar va podsholarning nomlarini, yurtimiz xalqlarining turmushi, dini, madaniyati, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy tuzumi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Ushbu yozma manbalar ma’lumotlarini arxeologik tadqiqotlar natijalari bilan solishtirganimizda ilk davlatlarning paydo bo‘lishi masalalariga ko‘pgina aniqliklar kiritish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Bronza davriga kelib aholining ijtimoiy va iqtisodiy hayotida katta o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Xususan, qadimgi aholi ishlab chiqarishning ma’lum bir sohalariga - dehqonchilik, chorvachilik va hunarmandchilikka ixtisoslashib bordi. Bu jarayon ishlab chiqaruvchi kuchlarning o‘sishi va ularning bir yerga to‘planishi uchun zamin yaratdi.
Qadimgi xo‘jaliklarning ixtisoslashuvi, sug‘orma dehqonchilikning rivojlanishi, metallning hayotga jadallik bilan kirib kelishi va yoyilishi, hunarmandchilikda turli tarmoqlarning rivojlanishi, o‘zaro ayirboshlash va savdo-sotiqning taraqqiy etishi natijasida jamiyat hayotida ijtimoiy-iqtisodiy yuksalish kuzatiladiki, bu yuksalish ilk davlatchilikning asosiy poydevori hisoblanadi. Ahmoniylargacha bo‘lgan davrda ba’zi bir vohalar, asosiy o‘troq aholi joylashuvi o‘lkalari edi. Ularning hududlarida manzilgohlar, sug‘orish inshootlari, o‘zlashtirilgan yer maydonlari bor edi. Bir qancha shunga o‘xshash, daryolar vohalarida joylashgan va umumiy aholi joylashuv hududlari bilan bog‘liq bo‘lgan yerlar Baqtriya, So‘g‘diyona, Xorazm kabi tarixiy viloyatlarni tashkil etgan.
Dostları ilə paylaş: |