26
e-mail: til_adabiyot@umail.uz
Tahlil
asrlarda shakllangan bo‘lib, uning asosiy g‘oya-
si ta’lim-tarbiya, insonning individual xususiyatlarini
omma ga singdirish orqali jamiyatni mukammal qilishni
targ‘ib qilgan. Ma’rifatparvarlar qomusiy bilim egalari
bo‘lib, insonning ma’naviy tarbiyasini jamiyatning
muhim vazifasi hisoblaganlar. Ma’naviy tarbiya zamirida
nafaqat insonni o‘qimishli, ziyoli qilish, balki sabr-toqat,
chidam, saxiylik, vafodorlik,
mehribonlik, oqibat, umu-
man, barcha insoniy fazilatlarni inson tabiatiga joylash
va shu taxlitda jamiyat to‘kinligini ta’minlash eng muhim
vazifa hisoblangan. Ularning dunyoqarashiga muvofiq
ozodlik, tenglik, birodarlik yuqoridagi fazilatlar natijasi
o‘laroq yuzaga keladi.
Yevropa ma’rifatparvarlari olim, faylasuf, yozuvchi
va jamoat arbobi sifatida faoliyat yuritganlar. Ularning
ichida Fransiyada Monteske, Didro, Volter, Russo,
Germaniyada Shiller va Gyote, Angliyada Defo, Svift,
Filding, Lokk kabilarning nomini tilga olish mumkin.
Yevropa adabiyotidagi ma’rifatparvarlik asarlari ak-
sar hollarda sayohatnoma va sarguzashtnoma janrida
namoyon bo‘lgan. Binobarin, aynan
sayohatnoma uzoq
va noma’lum o‘lkalarga Yevropa ma’rifati va madani-
yati g‘oyalarini yetkazishning eng samarali vositasi hi-
soblangan. Jahon adabiyotida sayohatnoma janri ning
yirik rus adabiyotshunoslari tomonidan aniqlangan
atributlari mavjud. Ularning ichida sayohatnoma asar-
larining quyidagi turlari kuzatiladi:
tarixiy, real sayohatlar asosida yaratilgan sayohat-
nomalar;
badiiy to‘qima asosida yaratilgan sayohatnomalar.
Sayohatnoma asarlar real adabiy muhitda: 1) yo‘l
kundaligi (aynan sayohat kuzatuvi xulosalari sifatida);
2) dostonning tarkibiga kiritilgan qo‘shimcha sujet;
3) ocherk; 4) erkin hikoya janrlarida yaratilishi mumkin.
XVIII asr Yevropa adabiyotida yaratilgan sayo
-
hatnomalar o‘zida ma’rifatparvarlik g‘oyalarini mujas-
samlashtirgani bilan ajralib turadi. Xususan, Daniyel
Defoning 1719–1721-yillarda nashr qilingan “Robinzon
Kruzo” asari yangi jamiyat kishisini tarbiyalashning
ko‘rgazmali panoramasidan iborat bo‘lgan.
Yozuvchi
asarda o‘z qahramonini jamiyatdan tamomila ajratgan
holda alohida oazisdagi yaratuvchilik faoliyatini ko‘rsatib
beradi. Bu o‘rinda u yangi muhitda inson o‘z ongi, aqli,
farosati, sabr-matonati, e’tiqodi, irodasi va qator insoniy
fazilatlariga tayangan holda baxtli jamiyat yaratishi
mumkin, deb hisoblaydi. Ma’rifatchilar inson kamolotida
tarbiya rolini beqiyos oshirib ko‘rsatish barobarida uning
shaxsiy fazilatlarini unutmaydilar. Aqlli inson odamiylik,
ezgulik, insonparvarlik, g‘amxo‘rlik, diyonatlilik, kam-
tarlik, mehnatsevarlik, poklik, halollik va chuqur diniy
e’tiqod bilan yashaydi. Bunday fazilatlar inson xarakte-
riga ta’lim va tarbiya vositasida jo qilinadi. Dabdabali ha-
yot, shuhrat, yuzaki obro‘,
razillik va qitmirlik, hasad kabi
illatlar ilm-u urfondan bexabarlarning ishi. Bundaylar
tirikligida ochlik, muhtojlik, beobro‘likka giriftor bo‘lsalar,
narigi dunyoda jahannam azobiga duchor bo‘ladilar.
Ma’rifatparvarlik adabiyotining g‘oyasi inson tarbiya-
si vositasida barkamol jamiyatni yaratish uchun aynan
mana shu tamoyilga amal qilishdan iborat. Biroq ma’ri-
fatchilar inson xarakteridagi muttasil o‘zgarishlarni, tar-
biyaning har doim ham insonga samarali ta’sir qilmasli-
gini, insonlarda tug‘ma taqdir tamoyili ham borligini, eng
muhimi, hissiyot-qalb harakatini hisobga olmaganlar.
Real sharoit taqozosi bilan yuzaga keladigan insonning
psixofiziologik holati ularning kuzatuv doirasidan chetda
qolgan. Shu bois qator ma’rifatparvarlik asarlarida, ko‘p
hollarda, xarakteri hali jamiyatning illatlari bilan bulg‘an-
magan odamlar qalamga olinadi. Aynan shu o‘rinda
Uilyam Bleykning “Bokiralik qo‘shiqlari” va “Tajriba
qo‘shiqlari” to‘plamlarini yodga olish muhim.
XVIII asr G‘arbiy Yevropa adabiyotida yaratilgan
sayohatnomalar, asosan: a) sarguzasht-fantastika aso-
siga qurilgan badiiy sayohatnomalar; b)
epistolyar ro-
man-sayohatnomalar janrida yaratildi. Bunday asarlar-
da asosiy urg‘u yevropalik sayyohlarning uzoq, chekka
va qoloq o‘lkalardagi xalqlarga ilm-u ma’rifat yetkazishi,
ularning zulmatga to‘la hayotiga zarracha bo‘lsa-da, nur
olib kirishi tasvirlanadi. Asar qahramonlari deyarli ham-
ma o‘rinda ijobiy fazilatlar sohibi sifatida gavdalanadi.
Ularning qoloq o‘lkalarda insonlar ongining taraqqiy to-
pishi yo‘lida ko‘rsatgan xizmatlari hamda bu jarayonda
yuz bergan sarguzashtlari bayon qilinadi.
O‘zbek adabiyotida sayohatnoma va sarguzasht-
noma janrida alohida asarlar XIX asrning oxiri XX asr
boshlarida yaratila boshlandi. Unga qadar bunday janr
elementlari mumtoz adabiyot namunalarida yordamchi
sujet sifatida namoyon bo‘lgan. Navoiyning “Farhod va
Shirin”, “Sab’ai sayyor” dostonlarida sayohat va sargu-
zashtlar katta o‘rin tutadi. Biroq bu mavzularga bag‘ish-
langan alohida asarning dastlabki
ijodkori Muqimiy
bo‘lib, u o‘z “Sayohatnoma”lari bilan o‘zbek adabi yotida
yangi janrga asos soldi. Uning Furqat, Zavqiy va Ibrat
kabi izdoshlari sayohatnoma an’analarini davom ettir-
gan holda she’riy ocherk janrining taraqqiy topishiga
xizmat qildi. Bu asarlar she’riy usulda, barmoq vaznida
yaratilib, safar taassurotlarining qiziqarli bayonidan ibo-
rat bo‘lgan. Ularda muallif, asosan, joylardagi odamlar
hayoti, turmushi, urf-odatlari, o‘zaro
munosabatlari va
psixologiyasini chetdan turib kuzatayotgan sayyoh sifa-
tida gavdalanadi. Asarning o‘qimishli bo‘lishi, tilini jozi-
bali qilish maqsadida satirik hajviyot usulidan ham keng
foydalanilgan.
Safar ocherki tipidagi sayohatnomalar XIX asr-
ning oxirida “Turkiston viloyati gazeti”da ko‘plab
uchraydi. Jumladan, Mirzo Buxoriyning Peterburg,
Toshmuhammad Isamuhamedovning Parijga qil-
gan sayohat taassurotlari, shuningdek, Sattorxon
Abdug‘afforovning “Sayohatnoma”, Furqatning
“Ahvolot”, toshkentlik Orifxo‘janing “Sayohatnoma”
asarlari chop etilgan bo‘lib, ularda, asosan, sayohat-
chining dunyoning yirik
madaniy markazlaridan olgan
safar taassurotlari hamda Turkiston o‘lkasidagi hayot
qiyosan tasvirlangan. Bu kabi ocherklar real marshrut-
lar bo‘yicha olib borilgan kuzatish esdaliklari hisob-
lanadi. Ularning jumlasiga 1910-yilda e’lon qilingan
S.Aziziyning “Moskva va Peterburg sayohati xotiralari”,
M.Behbudiyning “Sayohat xotiralari”, A.Avloniyning
“Afg‘on sayohati”, A.Cho‘lponning “Yo‘l esdaliklari”
kabi asarlarini kiritish mumkin. Chet o‘lkalarga qilingan
sayohatlar, taassurot va xotiralar asnosida yaratilgan
ocherklar va boshqa asarlarning eng muhim qirralari
mualliflarning o‘sha o‘lkalarda ko‘rgan va bilgan sivili
-