Chalg`itishga o`rgatish: Chalg`itishlarning turlari murakkab bo`lganligi tufayli shug`ullanuvchilar ularga oid usullarni to`liq egallagandan so`ng kirishadilar. Bunda birinchi e`tibor chalg`itish uchun va asosiy harakat uchun ishlatiladigan har xil usullarning birga har xil tezkorlikda bajarilishiga va himoyachini chalg`itish uchun uning qarshi harakatlaridan to`g`ri foydalana olishga qaratiladi. Shug`ullanuvchilar eng avval har bir chalg`itishning texnikasini o`rganadilar. Mashqlarda har xil usullar birga qo`shiladi. Chalg`itishlar va undan keyingi harakatlar avval sekin, so`ngra har xil tezkorlik bilan bajariladi.
Chalg`itishlarni takomillashtirish jarayonida o`yin vaziyatidan maqsadga muvofiq foydalana bilishga o`rgatish birinchi vazifa hisoblanadi. Buning uchun himoyachilarning har xil harakatlari namunalaridan iborat mashqlar va eng qulay qarshi usullar qo`llaniladi.
Chalg`itishlarga o`rgatishning dastlabki mashqlarida himoyachining sust harakat qilishi maqsadga muvofiqdir. Keyinchalik himoyachi faol harakat qiladi; avval to`psiz chalg`itishlar, to`pni ilish «imitatsiya»si, so`ng maydondagi harakatlar va burilishlar o`rganiladi. To`p bilan bajariladigan chalg`itishlar avval bir joyda turganda bajariladi. Uzatish «imitatsiya»si bilan bajariladigan chalg`itishlar oldinroq o`rganiladi. Darvozaga to`p otish «imitatsiya»si bilan bajariladigan chalg`itishlarni o`rganish uchun ko`proq vaqt ajratiladi. Bunda oyoqlar bilan to`g`ri harakatlar qilish katta qiyinchiliklar tug`diradi. Gandbolchi gavdasining asosiy og`irligini tayanch oyoqda saqlab, silkinadigan oyoq bilan erkin harakat qilishni o`rganishi kerak. Keyingi bosqichda harakat paytida chalg`itishlarni qo`llash o`rgatiladi. Chalg`itishlarni erkin, tezkorlikni pasaytirmasdan bajarishga erishish lozim.
Bir joyda turganda va harakat paytida bir yo`l bilan bajariladigan chalg`itishlardan so`ng ularning har xil qo`shilmalari va tayanchsiz holatda bajariladigan chalg`itishlar o`rgatiladi.
Chalg`itishlarni takomillashtirishda har xil harakatli o`yinlar, ikkitadan va uchtadan bo`lib chalg`itishlarni qo`llashni talab qiladigan «quvlashmachoq» o`ynash, himoyachidan qutulish, to`pni ilish va uzatish, to`pni yerga urib yurishga o`tish, ma`lum chalg`itishlar qo`llanilgandan so`ng darvozaga to`p otishlar bilan bajariladigan mashqlarni qo`llash; oldindan kelishilgan chalg`itishlarni yoki ularni himoyachi yaratayotgan vaziyatga qarab tanlab, «birga-bir» o`yinning har xil turlarini keng ishlatish o`rgatishning asosiy vositalaridan hisoblanadi. Himoya o`yini texnikasi O`yinchilarning himoya texnikasiga to`pni olib yurish, urib qaytarish, to`siq qo`yish va darvozabon orqali to`pni ushlab olishlar kiradi.
Dastlabki holatda to`g`ri turish, himoya harakati tayyorgarligiga zamin yaratadi. O`yinchi oyoqlarini bukib, gavda og`irligini oyoq kaftlarining oldingi qismiga baravar taqsimlab, qo`llarini bukgan holda (burchagi taxminan 90%) biroz ikki tomonga yoyib, qo`l kaftlarini oldinga qaratib turishi kerak. Yon tomonga erkin yura olish va orqa bilan yugura bilish himoyachi harakati texnikasining eng muhim usullaridir.
To`pni olib qo`yish. Bu muhim usul yordamida jamoaning qarshi hujumga o`tishi ta`minlanadi. Himoyadagi o`yinchi to`p uzatilgan vaqtda uni olib qo`yish maqsadida o`zi to`sib turgan hujumchining oldidan to`pga qarshi chiqish uchun joyidan keskin qo`zg`alishi lozim.
To`pni urib chiqarish. Bu harakat to`p olib yurgan hujumchi bilan kurashda bajariladi. Himoyachi qulay payt poylab hujumchiga yaqinlashadi, to`pni urib chiqaradi va uni egallashga harakat qiladi. To`pni urib chiqarish uni otish uchun qo`lni orqaga uzatib, siltash harakatini bajarishda ham qo`llaniladi. Himoyachi bunday holatda hujumchining to`pni otmoqchi bo`lgan qo`lini orqaga uzatishini kutadi va shu payt qo`l kafti bilan to`pni tushiradi.
To`pni to`sish. Darvozaga yo`naltirilgan to`pga qarshilik ko`rsatishda qo`llaniladigan asosiy vosita hisoblanadi. Yuqoridan, o`rta va pastdan kelayotgan to`pni bir va ikki qo`l bilan to`sish mumkin. To`sishni bajarayotgan himoyachi qanchalik hujumchiga yaqin bo`lsa, to`p yo`nalishini aniqlash shunchalik oson bo`ladi. Shuning uchun himoyachi to`pni ushlashga tayyorlanishda diqqat bilan hujumchini, shuningdek, to`pni kuzatishi va o`z vaqtida to`p otayotgan o`yinchini to`xtatish uchun chiqishi lozim. Hujumchi to`p otishidan oldin himoyachi bevosita qo`llarini yuqoriga ko`tarib, kaftlarini oldinga qaratib bir-biriga yaqinlashtiradi va to`pni to`sishda qo`l barmoqlarini jarohatdan saqlash uchun mushaklarini taranglashtiradi.
Himoyada harakat o`rgatilayotganda, orqa bilan yurishga, yugurishga, yon tomon bilan qadamlab, har xil yo`nalishlarda qo`llar bilan to`sishning yoki to`pni olib qo`yishning “imitatsiya”larini bajarib yurishga ko`proq e`tibor beriladi. Darvozabon maydoni chizig`i bo`ylab yon tomon bilan qadamlab harakat qilishda qadamlar yumshoq qo`yiladi, yuqoriga sakramaslik, oyoqlar tizzalarida to`g`rilanmasligi kerak. Orqa bilan harakat qilinganda, gavda orqaga engashmasdan to`g`ri turiladi, oyoqlar bukilib, katta qadam tashlanadi.
Maydonda qilinayotgan harakat vaqtida to`pning holatiga qarab joylashish ham o`rgatiladi. Keyinchalik o`z hujumchisiga nisbatan kerakli masofani saqlash va vaziyatga qarab uni o`zgartirish o`rganiladi.
Himoyada harakat qilishni o`rganish uchun quyidagi mashqlardan foydalanish mumkin:
Himoyada turishning dastlabki holatida o`ngga, chapga, oldinga va orqagayurish va yugurish.
Orqa bilan old tarafga moksimon ilonizisimon harakatlarni bajarish.
Bir-biriga yuzma-yuz turgan holatda “quvlash-machoq” o`ynash.
Sherik bilan bajariladigan mashqlar. O`yinchi yo`nalishini keskino`zgartirib, chapga, o`ngga, oldinga va orqaga harakat qiladi.
Kengligi 3-5 metrni tashkil qilgan “yo`lak”dan ikki hujumchining birhimoyachi yonidan o`tib ketmoqchi bo`lib harakat qilishi.
Hujumchilar 9 metrli chiziq tashqarisida darvozaga yuzma-yuz bo`liboralig`i 3-5 metrli masofada ikki qatorni tashkil qiladi.
O`yinchi yonidagi kolonnaga to`p uzatgandan so`ng o`z kolonnasining orqasiga joylashadi, 6 metrli chiziqda himoyada turgan uch himoyachi to`p bilan harakat qiluvchi hujumchiga galma-gal chiqib, hujumchini to`xtatishga harakat qiladi va dastlabki xolatiga qaytadi.
To`pni to`sish qo`llarni tez harakat qildirishga o`rgatishdan, ya`ni chaqqon qo`llarni yuqori ko`tarib to`g`irlashdan boshlanadi. Darvoza maydonchasi bo`ylab joylashgan himoyachilar o`qituvchi ishorasi bilan darhol qo`llarini (ikki qo`l barmoqlarini bir-biriga tekkizgan holatda) yuqoriga ko`tarib to`g`irlaydilar, so`ng quyidagi mashqlarni to`p bilan bajaradilar:
Hujumchi himoyachiga yuzma-yuz turib, har xil holatda darvozaga to`potishni bajaradi, himoyachi esa to`p yo`nalishini to`sish uchun harakat qiladi.
Avvaldan kelishilgan tomonga otish kuchini asta sekin ko`paytirib to`potiladi, himoyachilar to`p yo`nalishini to`sish uchun qo`llarini qo`yishadi.
Avvaldan kelishilgan ikki usulda darvozaga otilgan to`p to`siladi.
Birin-ketin darvozaga otilgan bir necha to`pni to`sish.
Hujumchining yuqoridan darvozaga otgan to`pini ikki himoyachi bo`libto`sish.
6-8 m diametrli aylanada joylashib, bir-biriga yuqoridan va yerga uribsapchitib uzatilgan to`pni o`rtada turib to`sishga harakat qilish.
To`pni olib qo`yish - o`rgatilayotganda harakat boshlanishidan oldin holatni to`g`ri tanlash, to`pga o`z vaqtida chiqish va to`pga qarab tezkorlik bilan harakat qilish katta ahamiyatiga ega. Bu mashqda dastlab oldinga chiqib uzatilayotgan to`pni olib qo`yish o`rganiladi. So`ng, hujumchining orqasidan chiqib to`pni olib qo`yishlar o`rganiladi. Bu usullarni egallash uchun devor tomonga uzatilgan to`plarni olib qo`yish mashqlari qo`llaniladi. Keyinchalik ikki o`yinchi orasida sust va faol to`p uzatilishi paytida uni olib qo`yish mashqi o`rgatiladi.
To`pni urib chiqarish. Eng avval bir joyda turganda raqibning qo`lidagi to`pni urib chiqarish o`rganiladi. Bunda panjaning qattiq tutilishi, qo`lning qisqa harakat qilishi, to`pning qanday tutib turganligiga qarab uni yuqoridan yoki pastdan urishni mo`ljallash muhimdir. Shundan so`ng, to`pni harakat paytida urib chiqarish o`rganiladi. Avval to`p uzatilayotganda, so`ngra esa uni darvozaga otilayotganda urib chiqariladi. Keyinchalik to`pni uzatishga yoki darvozaga otishga tayyorlanilayotganda urib chiqarish va, eng so`ngida, to`pni yerga urib yurish, vaqtida uni urib chiqarish o`rgatiladi.
Yerdan sakratib otilgan to`pni to`sish sakrab amalga oshiriladi. Shuning uchun himoyachi oldindan oyoqlarini bukkan holatda tayyorlanib turishi kerak.
Qo`shilish. Bu usul o`yinchilarni nazorat qilishni yo`qotish xavfi tug`ilganda qo`llaniladi. Himoyachilar qo`shilishib joy almashtirsa, bu holda ular kuzatuvchiga o`yinchilari o`zgaradi. To`siq qo`yilgan hujumchi orqaga harakat qilsa, shu zahoti uning raqibi oldinga chiqib, hujumchi ketgan tomonga o`tadi. Odatda, bunday usul to`siq qo`yishda va hujumchilarning qarama-qarshi o`rin almashtirishida qo`llaniladi. Hujumchi himoya harakatlariga qo`shilganda uni ta`qib qiluvchi yoki darvozaga yaqin turgan himoyachi javobgar bo`lmog`i kerak. Hujumchining hujum harakatlarini qiyinlashtirish uchun himoya qilishga o`tgan o`yinchi hujumchining kirish yo`lini va faol harakatini to`xtatishga harakat qilishi kerak. Buni amalga oshirish uchun himoyachi qarama-qarshi harakat qilib, ta`qibchidan ozod bo`lishi maqsadga muvofiqdir.