Millatchilik mafkurasi. Bu mafkuraning eng mashhur vakili Inoue Tesudziro (Sekken, 1855-1944) edi. U sharq falsafasining diniy-mistik maktablari g‘oyalarini G‘arbiy yevropa idealizmi bilan aralashtirishga intildi. Eklektizm (qorishtirib yuborish) «yaponizm» mafkurasining falsafiy asosi bo‘lib qoldi. Xuddi ana shu Inoue tomonidan «yaponizm» atamasi - Nihonsyugi iste'molga kiritildi. U Takayama Rindzano va Kimikuro Yotaro bilan birgalikda «Yaponiyaning yangi falsafasi», «milliy falsafasini» vujudga keltirishga chaqirdi. Inoue o‘zining asarlarida Sharq falsafasini g‘arb falsafasi bilan qiyosiy taqqoslash yo‘li bilan tadqiq qilib, o‘zining «ilg‘or falsafiy fikri»ni ta'limot darajasida shakllantirishga harakat qildi. U «identitetrealizm» deb atagan «yangi falsafada» Kant, Hyegel, buddaviylik, sintoizm, neokonfutsiychilik va empiriokrititsizm qorishtirish yo‘li bilan birlashtirilgan. U dunyoda ro‘y berayotgan jarayonlarni vujudga keltirgan narsa sifatida «dunyoviy logos» yoki «dunyoni boshqarayotgan donolik» (eyti) ni tushunadiki, u «bashariyatning nihoiy orzusi»dir272.
Inoue dunyoqarashiga mumtoz nemis falsafasi o‘z ta'sirini o‘tkazgan bo‘lib, uni u teosofiya jihatidan talqin qildi. Nemis faylasuflarining axloqiy-siyosiy g‘oyalarini qarab chiqib, ularni u Sharq axloqining hozirgi nusxalariga o‘xshash ekanligini e'lon qildi va konfutsiychilik, buddaviylik va samuraylar axloqi bo‘lgan «busido»ga qaytishni targ‘ib qildi. U umidvor ediki, kelajakda yapon konfutsiychiligi, buddaviylik va xristian dinlari bir biriga nisbatan murosachilikka keladi va «nixonsyugi» bilan birlikka erishib, yagona yangi din sifatida tashkil topadi. Shu nuqtai nazardan u XX asr yapon moddiyunchilarining qarashlariga keskin qarshi chiqadi.
Moddiyunchilik falsafasining rivoji. Akae Tyomin (1847-1901) Yapon moddiyunchiligining yorqin vakili bo‘lib, fransuz ma'rifatparvarligining davom ettiruvchisi edi. Uning «Sharq Russosi» deb atashar edi. O‘zining moddiyunchilik qarashlari xususiyatlarini ifodalab, u uni «nakaenizmchilik» deb atadi va quyidagilarni yozdi: «Mening fikrimcha, falsafiy masalalarda olim iloji boricha ochiq va nihoyat darajada samimiy bo‘lishi lozim. Uning burchi va hatto asl mohiyati shundadir. Shuning uchun men – Budda, Xudo va ruhlarsiz bo‘lgan sof moddiyunchilikni qat'iy ravishda himoya qilaman»273.
Tyomin din bilan murosa qilishni rad etib, qayd etadiki, «inson yerdagi mavjud jonli mohiyat bo‘lib, his-tuyg‘uga, moddiylikka ega». U qayd etadiki, dunyoni yaratilishi haqidagi g‘oya bilimsizlik, jaholat mahsulidir va unga qarama-qarshi bo‘lgan tabiatdagi ichki o‘zaro bog‘liqlik va uning o‘z-o‘zidan harakatlanishi haqidagi g‘oyani qo‘yadi. Feyerbaxga ergashib, u shuni ta'kidlaydiki, insonni Xudo o‘ziga o‘xshatib emas, balki inson o‘zining namunasidagi Xudoni yaratgan.
Tyominning koinot haqidagi qarashiga muvofiq, «son-sanoqsiz samoviy doiralar», dengizdagi orollar kabi, osmonlarda yoyilganlar va muayyan aylana bo‘ylab harakat qiladilar. yer esa ko‘p sonli sayyoralardan biridir. O‘zining «Falsafaga kirish» asarida Tyomin falsafadagi asosiy yo‘nalishlar sifatida moddiyunchilik va idealizm qarashlari borligini tan olishdan kelib chiqadi. «Moddiyunchilik nuqtai nazaridan, - deb yozadi u, - dunyodagi barcha narsalar 5 his-tuyg‘u a'zolari – eshitish, ko‘rish, is bilish, badan sezgisi, ta'm orqali qabul qilinadi. Moddiy bo‘lmagan ashyolar, ruhga o‘xshab, noaniqlikda bo‘lib, bu faqat miyada paydo bo‘ladigan turli siymolar va nusxalardir, xalos. Va undan boshqa hyech nima mavjud emas. Idealizm nuqtai nazaridan, aksincha, barcha narsalar, biz kishilarga o‘xshab, ikki taraflama xususiyatga ega. Bir tomondan, bu jism, ya'ni moddiy, ikkinchi tomondan, bu ruh… va aynan u hamisha ustunlikka ega. Idealizmning materializmdan farqi asosan shundan iboratdir», «idealistik nazariyalarning mohiyati shundaki, ularning barchasi Xudoga asoslangandir»274. Tyomin moddiyunchilikning afzalligini asoslaydi. Uning fikricha, bu afzallik shundaki, moddiyunchilik insonning ilmiy va amaliy faoliyati bilan bog‘langandir.
Tyominning jamiyatga bo‘lgan qarashlari tadrijiy rivojlanishga asoslangan yondoshishdir. U siyosiy rivojlanishning birinchi qadami sifatida mutlaq saltanatni, undan keyingisi qonunga asoslangan saltanatni, uchinchi bosqichda Amerika, Fransiya va Shveytsariyadan namunasi mavjud bo‘lgan demokratik boshqaruvni ajratib ko‘rastaadi. «Demokratiya, - deb yozadi u, - butun insoniyat ahli va muhabbatini yagona birlikka birlashtiradi va uni yagona hukmdorga aylantiradi»275. 1890 yilgi parlamentga saylovlar arafasida Tyomin vakolati chegaralangan parlamentni saylashga chaqirdi, negaki, «unda parlament demokratiyasi ustidan nazoratni xalq amalga oshiradi». U «hukmdor va xalqning birgalikdagi boshqaruvi» g‘oyasi bilan chiqdi. Uning qayd etishicha, «imperatorlik g‘oyalari va tabaqalarga bo‘linganlik siymosi» xalq ommasi ongida mustahkam o‘rnashib qolgan va kishilar ularga hurmat bilan munosabatda bo‘ladilar va shuning uchun mutlaq qokimiyatdan keskin sakrash orqali demokratiyaga o‘tish g‘alayon keltirib chiqaradi.
Kotoku Dedziro (Syusuy, 1871-1911) – Nakae Tyominning shogirdi bo‘lib, birinchi marta moddiyunchilikni sotsializm g‘oyasi bilan bog‘ladi. U «Imperializm – XX asr maxluqi» (1901), «Sotsializmning mohiyati» (1903) kabi kitoblarning muallifidir.
Kotoku Dedziro Xegel, Feyerbax, fransuz utopistlari, Marks ta'limoti ta'sirini o‘zida his etdi. U birinchi bo‘lib K.Marks va F.Engelslarning «Kommunistik partiya manifesti»ni tarjima qildi. Kotokuga evolyusion nazariya ham ta'sir o‘tkazdi. Marks ta'limotini Darvin nazariyasi bilan solishtirib, u inson jamiyati taraqqiyotini yashash uchun kurashda eng ko‘p darajada yashab qolishga layoqati borlar nuqtai nazaridan qarab chiqdi. Moddiyunchilik va ateizm mavqyeda turib faylasuf tasavvuf, idealizm va agnostitsizmni tanqid qildi. «Zamonaviy sotsializm, - deb yozadi u, - falsafiy, tarixiy va ilmiy qoidalarga asoslanadi… Xudo koinot va insonni yaratganligi haqidagi aqida biologik evolyusiya nazariyasi asosida allaqachon rad etilgan»276.
Ijtimoiy qarashlarda faylasuf jamiyatni sotsialistik me'yorlarda qayta qurish tarafdori edi. «Sotsializm butun insoniyat baxt-saodati va farovonligi uchun ehtirosli g‘oya asosidagi intilish bo‘lib, aqliy tafakkur vositasida hozirgacha mavjud bo‘lgan dinlarning sanamlar va ilohlarga bo‘lgan sig‘inishini o‘rnini bosadi. Osmoniy jannat o‘rniga, u yer yuzida beht quradi»277.
Marksizm. Marksizm Yaponiyada XX asrning 20-yillarining ikkinchi yarmidan boshlab tarqaladi. Buni «Mening dunyoqarashimning evolyusiyasi», «Makon nazariyasini tadqiq», «Fan nazariyasi» kabi kitoblarning muallifi, 1932 yilda tashkil etilgan «Moddiyunchilikni o‘rganish bo‘yicha jamiyat» va «Materializmning o‘rganish» (1932-1938) jurnalining asoschisi Tosaka Dzyun (1900-1945) boshlab berdi. Uning rahbarligi ostida «Yaponcha mafkura» (1939) ensiklopediyasi tashkil topdiki, «Yaponcha fashizm va liberalizm g‘oyalari tanqidi» sarlavhasi ostida nashrdan chiqdi. O‘zining asarlarida Tosaka Nisida Kitaro falsafasini, G.Rikkert va V.Dilteylarning ijtimoiy fanlar metodologiyasini tanqid ostiga oldi. Tosaka uchun bilimlar – bu tasvirlash va loyihalash mahsuli bo‘lsa, fan esa – ijtimoiy shart bilan belgilangan institutdir.
Nagata Xirosi (1904-1947) – «Moddiyunchilikni o‘rganish bo‘yicha jamiyat»ning yana bir vakili edi. O‘zining asarlarida («Yapon materializmining tarixi», «Yaponiya falsafiy fikrlari tarixi») Nagata Xirosi Yaponiya falsafiy tafakkuri tarixini o‘rganishni boshlab berdi. Bunda u yaponcha xususiyatni mutlaqlashtirishga ham qarshi chiqdiki, uningcha bu narsa o‘ta millatchilikka olib kelishi mumkin edi, shuningdek, u yapon falsafasining tarixiy ildizlarini rad etishga ham qarshi faoliyat ko‘rsatdi. U birinchi bo‘lib Yapon falsafasi tarixida materialistik an'analar mavjudligini aniqlab, go‘yo moddiyunchilik Yaponida chet el g‘oyalarini yaponcha aslga ko‘chirib o‘tkazish natijasidir, degan fikrlarni tanqid ostiga oldi.
Katayama Sen (1850-1933) – Amerikada ta'lim olgan bo‘lib, yevropa islohotchilarining asarlari bilan tanish edi. Uning qarashlari xristiancha-islohotchilik g‘oyalaridan tortib, sotsializm va marksizm tomon tadrijiy rivojlanib bordi. Uning asosiy asarlari – «Kambag‘allarning boylar bilan urushi» (1900), «Bizning sotsializm» (1903), «Tarjimai hol» (1922) edi. Kotoku Dedziro bilan birgalikda 1989 yilda u «Sotsializmni o‘rganish bo‘yicha jamiyat» tuzdiki, keyinchalik bu jamiyat «Sotsialistik assotsiatsiya» ga aylantirildi. 1901 yilda Katayama Sen tashabbusi bilan Yaponiya sotsial-demakratik partiyasi tuzildi.
Yaponiya Kommunistik partiyasi tashkil etilishi (1922) bilan birga mamlakatda muntazam ravishda marksizm klassiklarining va sovet mualliflarining asarlari tarjima qilinib, nashr etila boshladi. Ammo ko‘pincha marksizm Nisida Kitaro va Kioto maktabining boshqa faylasuflari falsafasi nuqtai nazaridan talqin qilinar edi.
Urushdan keyingi davrdagi Yaponiya falsafasi. Ikkinchi jahon urushidagi mag‘lubiyat millatchilik ruhidagi ko‘plab faylasuflarni o‘z nuqtai nazarlarini qayta ko‘rib chiqishga majbur qildi. Tanabe Madzime «tavba falsafasi» bilan maydonga chiqdi. Kioto maktabi faylasuflari uchun diniy mavzularga murojaat qilish xos xususiyat bo‘lib qoldi. Mamlakatda, ayniqsa XX asrning 60-70 yillarida buddaviylikni keng targ‘ib qilish va uning zamonaviy talqinini berish rasm bo‘ldi.
Ayni bir vaqtda mamlakat buylab g‘arb falsafasi bo‘lgan neopozitivizm, pragmatizm, ekzistensializm bilan qiziqish keng quloch yoydi. Psixoanaliz (Psixologik talqin), fenomenologiya, lingvistika va semantikani sub'ektiv ruhda talqin qilish bilan bog‘liq bo‘lgan yangi yo‘nalishlar paydo bo‘ldi, mavjud an'analar muhitida g‘arbdan kelgan g‘oyalarni tadqiq qilish va moslashtirish davom etdi. Masalan, Muktai Risaku, Xara Tasuku ijodida Nisida Kitarodan kelib chiqqan g‘oyalarni zamonaviy rasm bo‘lgan oqimlar bilan birlashtirishga urinishlar namoyon bo‘ldi.