Filologiya fakulteti



Yüklə 103,5 Kb.
səhifə2/9
tarix02.05.2023
ölçüsü103,5 Kb.
#105744
1   2   3   4   5   6   7   8   9
ozbek tilida ruhiy holatni ifodalovchi sifatlar semantikasi

Sodda sifatlar.
Tub sifatlar tom ma’nosi bilan belgi tushunchasini ifodalaydi. Belgi kishining sezgi a’zolari orqali sezilgan, fahm-idroki bilan tasavvur etilgan aniq va mavhum elementlardir. Mas., qizil, achchiq, sovuq. Ba’zi sifatlar (yashil, qizil, egri kabi) hozirda tub hisoblansa ham, tarixan yasama bo’lgan.
Tub sifatlarda turli grammatik, semantik va stilistik imkoniyatlar qo’shma va juft sifatlarga qaraganda kengroq, ya’ni daraja ko’rsatkichlari ko’pincha tub sifatlarga qo’shiladi. Juft va takroriy sifat komponentlari tub sifatlardan hosil bo’ladi (yaxshi-yomon, egri-bugri, oq-qora kabi).
Yasama sifatlar turli yo’llar bilan yasaladi. 1) affiksatsiya (morfologik) usul bilan (tun+gi, yog+li, pul+dor, uyat+chang); 2) kompozitsiya usuli bilan so’zlarni bir-biriga qo’shish, juftlashtirish, takrorlash yo’llari orqali hosil qilinadi (kulrang, lattachaynar, ikki yuzlama, kuydi-pishdi). Bunday yasalish sintaktik usul deb ham yuritiladi.
O’zbek tilida boshqa so’z turkumlaridagi kabi sifat turkumida ham affiksatsiya usuli bilan so’z yasash keng rivojlangan. Sifat yasovchi affikslar shakl va vazifa jihatidan turli-tuman bo’lib, ot, ravish, fe’l yasovchi affikslarga juda o’xshab ketadi. Ba’zi sifat yasovchi affikslar kelib chiqishi nuqtai nazaridan arab, fors-tojik tillariga mansubdir.
Sifat yasovchi affikslar sodda (yuza+ki, aql+li), qo’shma (odat+da+gi, kel+ish+im+li) bo’ladi. Ba’zan butun boshli so’z-affiksoidlar sifat yasaydi, mas., -parvar (xalqparvar), -parast (amalparast) kabilar. Bunday yasovchilar boshqa tildan kirgan bo’lib, o’zbek tilida so’zlik huquqiga ega emas, chunki bular mustaqil holda ma’no anglatmaydi.
Sifat yasovchi affikslarning ba’zilari vazifasi jihatidan sinonimik xarakterga ega (mazasiz-bemaza; betartib-tartibsiz; badavlat-davlatmand kabi).
Yasovchi affikslar orasida omonim affikslar ham bor, ya’ni bular sifat, ot va boshqa so’z turkumidagi so’zlarni yasashda teng qo’llanadi.
Affikslar vositasida turli so’z turkumlaridan (ot, sifat, olmosh, fe’l va taqlid so’zlardan) sifat yasaladi. Bulardan eng ko’p taraqqiy qilgani ot va fe’ldan sifat yasalishidir.
-li affiksi o’zbek tilida juda sermahsul, faol yasovchi hisoblanadi. Ko’pincha ot va sifatdoshlardan sifat yasaydi.
1.-li affiksi orqali yasalgan sodda sifatlar quyidagi ma’nolarni anglatadi:
a) so’z o’zagidan anglashilgan ma’noga (predmet, hodisa va tushunchalarga) egalikni yoxud o’sha ma’noli narsa, hodisaning mavjudligini, borligini bildiradi: mevali daraxt, vijdonli kishi, shakarli choy.
b) –li affiksi o’zakdan anglashilgan ma’noga egalikni bildirish bilan birga ortiqlik, katta yoki mo’llik ma’nolarini beradi: Polvon – ismi-jismiga yarashgan, gavdali, kelishgan, baquvvat yigit... (J.Sharipov)
d) –li affiksi orqali (biror narsaga, faxr yoki in’omga, sevgiga) “sazovor”, “munosib”, “loyiq” ma’nolarini ifodalash mumkin: sevikli, sevimli, hurmatli.
e) qiyomatli so’zidagi –li qisman –gacha affiksi ma’nosiga to’g’ri keladi: qiyomatli do’st, qiyomatli qo’shni.
2. –li affiksi qo’shma, juft so’zlarga qo’shilib kelib qo’shma sifat yasaydi va turli ma’nolarni anglatadi:
a) har ikkala komponentga qo’shiladi: qo’lli-oyoqli, uvali-juvali (bu juft so’z affikssiz holda “uva-juva” tarzida ishlatilmaydi), aqlli-hushli kabilar;
b) –li affiksi qo’shma so’zlarning bir komponentiga qo’shilib, ko’chma ma’nodagi sifatlarni hosil qiladi: to’la qonli, arslon bilakli, to’rt burchakli kabi.
-lik (-liq) formantlari orqali aloqadorlik, xoslik, taalluqlilik, holat ma’nolarini ifodalaydigan sifatlar yasaladi: Uch tomoni jarlik yerga kelib qoldim (“Mushtum”). Pastlik, tepalik, chuqurlik, qiyalik kabi sifatlar shular jumlasidandir.
-lik affiksi turli fe’l formalariga (sifatdosh, harakat nomlariga) qo’shilib xarakter-xususiyat, xossa bildiruvchi sifatlar yasaydi: arzigulik, kirishimlik kabi.
-li va –lik affikslarining vazifadosh o’rinlari ham bor, ya’ni ayrim sifatlar –li qo’shilgan shaklda qo’llanganda ham ma’noga halal yetmaydi: aqlli-aqllik, chiroyli-chiroylik, pulli-pullik va h.k.
Ba’zi sifatlarning esa, -li olgan shakllari bilan –lik olgan shakllari grammatikada boshqa ma’no va boshqa vazifa uchun ishlatiladi: Ko’ylakli-ko’ylaklik, bolali-bolalik kabi.
-siz bo’lishsizlik ma’nosini beruvchi bu affiks sifat yasashda faol qo’llanib, ko’pincha otlardan xarakter-xususiyat, holat bildiruvchi sifatlar yasaydi: qarovsiz, aqlsiz, sababsiz, mantiqsiz, molsiz, ishsiz va shu kabilar.
-siz affiksi mantiqan –li affiksining antonimidir. Lekin hamma holatda ham –li bilan yasalgan sifatlarning zidini, inkorini yoxud antonimini –siz bo’lishsizlik affiksi orqali berib bo’lmaydi, yoki buning aksi, -siz bilan yasalgan sifatning bo’lishli shaklini yasash uchun –li qo’llanmaydi. Ularning antonim ma’nolari boshqa turli affikslar, zid ma’noli soz’lar yoki izohlash yo’llari orqali ifodalanadi: chiroyli-xunuk, o’qimishli-omi, o’tirishli-o’tirishli emas.
Ba’zi sifatlarning bo’lishli ma’nolarini, antonimlarini hosil qilish uchun ularni yasovchi affikslarisiz, negiz holda qo’llash kifoya: to’liqsiz-to’liq, qulaysiz-qulay kabi.
-li affiksi orqali yasalgan qo’shma, juft birikmali sifatlar deyarli hech qachon –siz affiksi bilan bo’lishsizlik hosil qilmaydi: ko’p xonali, uzun bo’yli, uvali-juvali kabi.
-gi, -ki, -qi o’rin va paytga munosabat bildirishda qo’llanuvchi bu affikslar turli so’z turkumlaridan sifat yasaydi:
a) o’ringa munosabat, xoslikni bildiradi: tashqi, ichki, narigi, berigi, ostki, ustki, pastgi, sirtqi.
b) paytga munosabat, xoslikni bildiradi: kechagi, burungi, qadimgi, tonggi, boyagi, bahorgi, bulturgi, tushki, ertalabki, ertangi.
d) holat bildiradi: ko’tarinki.
-k (-ik, -uk, -ak), -q (-iq, -uq, -oq). Bu affikslar ko’pincha fe’ldan sifat yasaydi: chirik (chiri+k), ochiq (och+iq).
Anglatadigan ma’nolari:
a) biror holatni ifodalaydi: tiniq, siniq, buzuq, teshik, yoriq, titroq;
b) shakl-ko’rinish ifodalayd: puchuq, botiq, qiyiq, egik, puchak.
d) xususiyat, xossa ifodalaydi: qochiriq, qo’rqoq, pishiq.
e) holat, tur ifodalanadi: murg’ak, qirmizak.
-on, -yon, -an affikslari otlarga qo’shilib, xususiyat va holat bildiruvchi sifatlarni hosil qilishda xizmat qiladi: charog’on, za’faron, shodon, tuban kabi.
-in (-k+in) affiksi ot va buyruq fe’llardan xarakter-xususiyat, holat bildiruvchi sifatlar hosil qiladi: to’kin, kamtarin, to’lin (oy), sog’in (sigir), erkin.
Bu affiks bilan yasalgan kamtarin so’zi kamtar so’zi bilan bir xil mazmunga ega.

Yüklə 103,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin