www.ziyouz.com kutubxonasi
15
— Xo‘sh, endi, xazinani qaerdan izlash kerak? — so‘radi u.
— Misrdan, ehromning yonidan.
Santyago esankiradi. Lo‘li kampir ham xuddi shu gapni aytgandi, faqat buning uchun
undan hech nima olmadi.
— Tangri har bir odamning bu dunyodagi yo‘lini belgilab qo‘yadi, sen u yoqqa ana shu
belgilar orqali yo‘l topasan. Faqat sen belgilarni — nimalar yozib qo‘yilganini o‘qiy
bilsang bas.
Santyago javob qilib ulgurmadi, u bilan qariya o‘rtasida bir kapalak pirillab aylanaverdi.
U bolaligida bobosidan go‘yo kapalak omad keltirishi haqida eshitganini esladi. Xuddi
qora chigirtka, kaltakesak va yo‘ng‘ichqaning bargchalariday.
— Aynan shunday, — ming‘irladi qariya uning xayolidan o‘tgan fikrni uqib. — Hammasi
xuddi bobong senga aytganiday. Bu o‘sha belgilar, ularga amal qilsang, yo‘lingni
yo‘qotmaysan.
Shu so‘zlarni ayta turib, u to‘shini yalang ochdi va hayratga tushgan Santyago kecha
ko‘zini qamashtirgan yarqiroq jilvani esladi. Qariya oltindan quyulgan, qimatbaho toshlar
bilan bezalgan sipar taqib yurardi. Aslida ham u podshoh edi, yupinroq kiyinib
yurishining sababi esa, aftidan, talonchilar tashlanib qolmasligi uchun bo‘lsa kerak.
— Mana, ol, — dedi qariya va sipardan ikkita, oq va qora toshni ko‘chirib, ularni
Santyagoga uzatdi. — Bular Urim va Tummim deyiladi. Oqi “ha”ni, qorasi esa “yo‘q”ni
anglatadi. Belgilarning ma’nosini uqolmay qolganingda ular senga asqotadi. So‘rasang —
javob beradi. Biroq yaxshisi, — davom etdi u, — har qanday holatda o‘zing bir qarorga
kelganing ma’qul. O‘zing bilasan, xazina — ehrom yonida, oltita qo‘yni men senga bir
qarorga kelishingga ko‘maklashganim uchun olaman.
Bo‘zbola toshlarni to‘rvasiga bekitdi. Endi, bundan keyin biror qaror qabul qilguday
bo‘lsa faqat o‘ziga tayanadi, xolos.
— Unutma, dunyodagi hamma narsa bir butun, yaxlit. Alomatlar tilini yodingdan
chiqarma. Va, eng muhimi, shuni yodingdan chiqarmaginki,sen oxirigacha o‘z Taqdiring
yo‘lidan ketishing kerak. Endi men senga muxtasar bir rivoyatni aytib beraman.
Bir savdogar o‘g‘lini baxt nima, uning qanday sir-asrorlari bor, bilsin deb eng mash-hur
donishmand huzuriga yuboribdi. O‘g‘lon qirq kecha-kunduz sahro kezib, nihoyat tog‘
tepasidagi ajoyib bir qal’ani ko‘ribdi. Bu qal’ada u izlab yurgan Donishmand yasharkan.
Kutilganidek, qal’a donishmandning uzlatga chekingan kimsasiz kulbasiga sira ham
o‘xshamas, aksincha, odam bilan to‘la edi: savdogarlar lash-lushlarini ko‘rsatib u yoq bu
yoqqa chopqilashar, ba’zilari burchak-burchaklarda gaplashib turishar, mo‘’jazgina
sozandalar guruhi mayin kuy ijro etar, zalning o‘rtasida, bu o‘lkada topsa bo‘ladigan
jamiki noz-ne’matlarga to‘la to‘kin dasturxon tortilgan.
Donishmand bamaylixotir mehmonlar bilan bir-bir ko‘rishib-so‘rashib chiqadi va
yigitchaning navbati yetguncha rosa ikki soat kutishiga to‘g‘ri keladi.
Nihoyat Donishmand uning tashrifidan ko‘zlagan maqsadini eshitadi, biroq baxt
nimaligiyu, uning qanday sir-asrorlari borligini hozir tushuntirib o‘tirishga vaqti yo‘qligini
aytadi. Yigitchaga qal’ani tomosha qilib, aylanib chiqqin, ikki soatdan keyin shu joyga
kelasan, deb tayinlaydi.
“Darvoqe,sendan yana bir so‘rovim bor,— deydi u yigitchaga ikki tomchi moy solingan
choyqoshiqni uzatib.— Bu qoshiqchani olgin, qara, tag‘in moy to‘kilmasin”.
Yigitcha, ko‘zini qoshiqchadan uzmay, zinalardan chiqib-tushib saroyni aylanadi, ikki
soatdan so‘ng yana Donishmand qoshida hozir bo‘ladi.
“Xo‘sh,— deydi Donishmand,— oshxona zalidagi forsiy gilamlar senga yoqdimi? Bog‘dagi
dov-daraxtlar, gulzorlar-chi? Ularni qo‘li gul bog‘bonlar o‘n yil deganda barpo etishgan.