www.ziyouz.com kutubxonasi
2
mos tarzda ish tutgan bo‘lamiz. Biroq yorug‘ orzu-niyatlarga peshvoz chiqishday baxtga
erishmoq uchun bu yo‘ldan matonat bilan o‘tish har kimga ham nasib etavermaydi.
Xo‘sh, nima uchun hammaning ham istak va orzulari ushalavermaydi?
Bunga to‘rtta to‘siq xalal beradi. Birinchisi shundan iboratki, go‘daklik paytdayoq,
hayotda erishishni juda istagan narsalarga intilganimizda, yo‘q, bu narsalarga erishib
bo‘lmaydi, degan gapni quloqqa quyib qo‘yishadi. Bola: harchand urinmay, baribir o‘zim
xohlagan narsaga erisholmayman, degan fikr bilan ulg‘ayadi. Shu tariqa, yillar
mobaynida qalbida turli xil shubha-gumonlar va qo‘rquvlar ildiz otadi, umidsizlik va
aybdorlik tuyg‘usi kuchayib boradi. Va bir kun kelib, O‘z Taqdirini yashash istagi shu
og‘ir yuk ostida qolganini anglaganda, o‘ziga in’om etilgan oliy imkonni yo‘qotib
qo‘yganday tuyuladi. Biroq aslida bu imkon uning qalbida yashayotgan bo‘ladi.
Shunga qaramay, kishi qalbi tubidagi orzu-niyatini yuzaga chiqarishga, amalga
oshirishga bel bog‘lab kirishguday bo‘lsa, uni yana bir sinov kutadi: bu— sevgi, mehr-
muhabbatdir. Kishi hayotda nimaga erishmoqchi ekanini yoki qanday sinovlarga bardosh
bera olishini biladi, biroq orzusiga yetish uchun hamma narsadan voz kechsa, oqibatda
o‘z yaqinlariga ozor yetkazib qo‘yishdan qo‘rqadi. Inson mehr-muhabbatning orzu yo‘lida
to‘siq emasligini tushunmaydi, zotan, sevgi xalal bermaydi, balki aksincha, harakatga
rag‘bat uyg‘otadi. Faol insonga chindan yaxshilikni ravo ko‘radigan, unga doimo
yelkasini tutishga shay odam uni tushunishga va qo‘llab-quvvatlashga tayyor bo‘ladi.
Kishi sevgining to‘siq emas, balki tayanch ekanligini anglab yetgan chog‘da, unga
uchinchi to‘siq xavf soladi: bu— omadsizlik va mag‘lubiyatlardan qo‘rqish tuyg‘usi. O‘z
orzulari yo‘lida kurashayotgan odam boshqalardan ko‘ra kuchliroq zahmat chekadi,
harakatlari zoe ketayotgan damlarda esa u, odatdagiday, “bo‘lsa bo‘lar, bo‘lmasa g‘ovlab
ketar”, degan maslakka iyak suyamaydi. Aslida ham, u aynan orzu yo‘liga o‘zini
butunlay baxshida etganini anglaydi. Shuningdek, u O‘z Taqdiri belgilagan yo‘l barcha
yo‘llar kabi mashaqqatli ekanini anglaydi. Oradagi farq shundaki, u tanlagan yo‘l olib
boradigan manzil o‘zgacha— bu manzilda yurak javhari mavjuddir. Shu bois Nur Askari
eng og‘ir damlarda suv va havodek zarur sabr-qanoatga ega bo‘lishi va doimo borliq
Olam chorasiz, o‘ta tang vaziyatlarda ham uning orzulari amalga oshishiga yordam
berajagini yodda tutmog‘i kerak.
Siz: bu yo‘lda mag‘lubiyatlarning, omadsizliklarning ham nafi tegadimi, deb so‘rarsiz.
Nafi bormi, yo‘qmi, bundan qat’i nazar, ular ro‘y beradi. Inson o‘zining orzu-istaklari
yo‘lida kurashni boshlagan paytda, tajribasizligi tufayli, ko‘plab xatoliklarga yo‘l qo‘yadi.
Biroq borliqning mohiyati ham shunda-da, yiqilganni yer ko‘taradi, deganlaridek, necha
bor yiqilmang, har gal oyoqqa turib olish zarur.
Modomiki, bizning boshqalarga qaraganda ko‘proq aziyat chekishimizga to‘g‘ri kelar
ekan, O‘z Taqdir yo‘limizdan yurishimiz shartmi, deb so‘rashingiz mumkin.
Bu shuning uchun ham zarurki, omadsizliklar va mag‘lubiyatlar ortda qolgach— ular
oxir-oqibat baribir ortda qoladi,— biz to‘la-to‘kis baxt tuyg‘usini anglab yetamiz va
o‘zimizga ishonchimiz yanada ortadi. Qalbimizning tub-tubida boshimizdan kechirgan
g‘aroyib hodisalarga munosib ekanimizga ishonch hosil etamiz. Hayotimizning har bir
kuni, har bir soati— bu Sharafli Jang daqiqalaridir. Vaqt o‘tishi bilan biz hayotning har
bir lahzasini quvonch bilan qabul qilish va undan huzur-halovat tuyushni o‘rganib
boramiz. Kutilmaganda boshimizga tushadigan og‘ir g‘am-qayg‘u chidasa bo‘ladiganday
tuyuladigan, nisbatan yengil tashvishlarga qaraganda tezroq o‘tadi: nisbatan yengil
tuyulgan mushkulotlar bir necha yillarga cho‘zilishi mumkinki, ular o‘zining og‘ir
asoratlarini qoldirgancha, eng oxirgi nafasimizgacha hayotimizga soya solib, qalbimizni
muttasil, sezdirmay kemiradi.
Xullas, inson qalbi tubidagi orzu-niyatlarini yuzaga chiqarish yo‘lida kechgan