www.ziyouz.com kutubxonasi
9
ta’birini aytaman.
Qasam ichishiga to‘g‘ri keldi. Biroq kampir Muqaddas Masih yuragi tasviriga qarab
qasamni takrorlashini talab qildi.
— Bu tush Umum Tilida, — dedi kampir. — Men uni ta’birlashga harakat qilaman, garchi
bu juda qiyin bo‘lsa-da. Ana shu mehnatim uchun men sendan xazinaning o‘ndan birini
so‘rayapman. Eshit: sen Misrga borishing va o‘zigning ehromingni topishing kerak. Men
o‘zim bu narsani eshitmaganman, biroq go‘dak senga ularni ko‘rsatibdimi, demak,
haqiqatan bu bor narsalar. Ana endi jo‘na — u yoqda sen o‘zingning xazinangni topasan,
boyib ketasan.
Santyago avvaliga hayron qoldi, keyin afsuslandi. Shu bo‘lmag‘ur gap uchun kampirni
qidirib o‘tirish shartmidi. Yaxshiyam, undan pul olmadi.
— Seni deb vaqtim bekor ketdi, — dedi u.
— Men ogohlantirdim: sening tushingni ta’birlash qiyin. G‘aroyib ko‘ringan narsa, sirtdan
oddiyday tuyulsa-da, biroq uning mag‘zini chaqishga faqat donolar qodir. Men dono
bo‘lmaganim uchun ham boshqa hunarni, masalan, kaftga qarab fol ochishni o‘rgandim.
— Qanday qilsam Misrga bora olaman?
— Bu mening bosh og‘rig‘im emas. Men faqat tushni ta’birlay olaman, uni chinga
aylantirish mening ishimmas. Aks holda shunday qashshoq yasharmidim, tuqqan
qizlarimdan sadaqa so‘rab.
— Agar Misrga bora olmasam-chi?
— Borolmasang — ko‘rgan folim uchun sen beradigan haqdan quruq qolaman. Bu
birinchi marta bo‘layotgani yo‘q. Endi jo‘na, sen bilan gaplashadigan gap qolmadi.
Santyago lo‘li kampirnikidan butkul hafsalasi pir bo‘lib chiqdi va minbad tushlarga
ishonmaslikka qaror qildi. Shu payt, ishlarga kirishish kerakligi xayoliga keldi: do‘konga
yo‘l oldi, yegani ul-bul xarid qildi, kitobini qalinrog‘iga almashtirdi, yangi vinoni tatib
ko‘rmoqchi bo‘lib, maydondagi o‘rindiqqa o‘tirdi. Kun juda issiq edi, vino sehrli tarzda
bo‘zbolaning hovurini bosdi.
U qo‘ylarini shahar chetida, yaqinda tanishgan do‘stining molxonasi yonida qoldirdi.
Viloyatning hamma joyida Santyagoning jo‘ralari bor edi — shuning uchun ham u yurt
kezib yurishni yaxshi ko‘rardi. El oralasang yangi do‘st orttirasan — u bilan har kuni
ko‘rishib turish hecham shart emas. Atrofingda doim bir xil odamlar bo‘lsa — xuddi diniy
maktabda o‘qib yurgan paytdagiday — o‘z-o‘zidan ular sening hayotingga aralasha
boshlaydi. Hayotingga aralashib turib, biroz vaqt o‘tgach, uni o‘zgartirgilari kelib qoladi.
Agar sen ular xohlaganday bo‘la olmasang — arazlashadi. Har kim o‘zicha bu dunyoda
aynan qanday yashash kerakligini aniq biladi.
Biroq hech kim o‘zining shaxsiy hayotini negadir yo‘lga sola olmaydi. Bu xuddi lo‘li
kampirning amaliga o‘xshaydi, u tushlarni ta’birlaydi, lekin rostga aylantirishga qurbi
yetmaydi.
Santyago quyoshning botishini kutishga qaror qildi, shundan so‘ng qo‘ylarni yaylovga
haydasa bo‘ladi. Movutchining qizi bilan uchrashishga hali uch kun bor. Hozir esa shu
yerlik ruhoniydan almashtirib olgan kitobni o‘qishga kirishdi. Kitob qalin edi, birinchi
betida kimningdir dafn marosimi tasvirlangan va boz ustiga qahramonlarning ismlari
shunaqa g‘alatiki, ovoz chiqarib aytsang tiling qoqilib ketadi. “Agar bir kun kelib men
kitob yozadigan bo‘lsam, — o‘yladi bo‘zbola, — kitobimning har bir betida yangi
qahramon bo‘ladi, kitobxonlar kimning ismi qanaqaligini eslab ovora bo‘lib o‘tirmaydi”.
U endi kitobni ochib, marhumni qorga qanday ko‘mishgani tasvirini berilib o‘qiyotganida
(tepadan quyosh ayovsiz kuydirib turganiga qaramay, Santyagoning eti junjikdi), bir
qariya kelib, uning yoniga cho‘kdi va uni gapga tortdi.