www.ziyouz.com кутубхонаси
48
DIOHEN (DIOGEN) (Miloddan avvalgi 400-323 yillar)
Yunon faylasufi sinoplik Diohen kiniklar maktabi asoschisi Antisfenning shogirdi edi. Antisfenning o‘limidan so‘ng Diohen Korinfga ko‘chib o‘tadi. Chunki Sinopda Diohen o‘zi bilan muloqot qilgulik biror odam topolmay qolgandi. U Korinfda o‘ziga boshpana sotib olmaydi. Mehmondo‘st tanishlarinikiga ham bormay, ochiq osmon ostida yashay boshlaydi. Anchayin darz ketgan sopol xum unga boshpana vazifasini o‘tadi. Diohen hammaga zaharxandalik va nafrat bilan munosabatda bo‘lgan. Uning «Sevgi haqida», «Davlat» («Politiya»), «Edip», «Fiest» (fojia) nomli asarlari ma’lumdir. Diohen pishirilmagan sakkizoyoqni yeb, vabo kasali bilan og‘rib qolgan va vafot etgan. Ba’zi manbalarda yozilishicha, u nafas qisilishi oqibatida hayotdan ko‘z yumgan. Iskandar Zulqarnayn 70 yoshli Diohen bilan Korinfda, shahar chetidagi sarv daraxtlaridan iborat Kraneon o‘rmonida uchrashib qolib, hamsuhbat bo‘lgan. U o‘zini faylasufga buyuk shoh Iskandar deb tanitganda, Diohen tap tortmasdan: «Men esa ko‘ppak Diohenman», — degan ekan. * * *
«Men muttaham bo‘lmagan odamni izlayapman». (Bir kuni Diohenni kunduz kuni qo‘lida yonib
turgan fonus ko‘tarib olib, nimanidir izlayotgan holda ko‘radilar. Odamlar undan nima qilayotganini
so‘raganlarida, yuqoridagicha javob qaytargan ekan).
* * *
Iskandar Zulqarnayn Diohen haqida shunday degan: «Shoh bo‘lmaganimda, Diohenning o‘rnida
bo‘lishni istardim».
* * *
Anton Pavlovich Chexov Diohen haqida: «Erkin va chuqur fikrlash orqali hayotni anglashga intilish
va olamdagi ahmoqona yugur-yugurlardan nafratlanish — bular inson zoti hech qachon tushunib
yetolmagan ikki ezgulikdir. Siz uch qavatli temir qafas ichida yotgan chog‘ingizda ham ularning har
ikkisiga egalik qila olasiz. Diohen sopol xumda yashasa-da, olamdagi barcha sultonlardan ko‘ra
baxtliroq edi».
* * *
Vatandoshlari Diohenga atab ko‘plab misdan ishlangan yodgorliklar bunyod etdilar. Faylasuf tug‘ilib
o‘sgan shahar — Sinopda tiklangan ana shunday yodgorliklardan birida quyidagi mazmundagi
yozuvlarni o‘qishingiz mumkin: «Diohen! Yillar to‘foni tosh va bronzalarni ham yemirib tashlaydi.
Ammo sening ta’limoting mangu qolajak. Sen bizni qanoat qilishga o‘rgatding hamda baxtga eltuvchi
yo‘lni ko‘rsatding».
* * *
Diohen o‘z vatanidan quvilgach, Afinaga yo‘l oladi. Bu shaharda u Suqrotning shogirdlari —
Aflotun, Aristipp, Esxin, Antisfen va Evklid Megarayanin bilan uchrashadi. Ko‘p o‘tmay Antisfendan
boshqa hammasidan ko‘ngli soviydi. Diohen Antisfen bilan jon-dildan suhbatlashar, uning o‘zini emas,
ta’limotini maqtar, haqiqatni ochib beruvchi fikrlargina insonlarga foyda keltirishini doimo ta’kidlardi.
Diohen Antisfenni yetarli darajada qattiqqo‘l emaslikda ayblab, uni kuchli shovqin ko‘tarib, o‘zini o‘zi
eshitmaydigan jang karnayiga o‘xshatardi. Antisfen esa Diohenning fe’l-atvoridan zavqlangancha,
sabr-toqat bilan uning tanbehlariga quloq tutardi.