Microsoft Word shaytanat1 ziyouz com doc



Yüklə 0,58 Mb.
səhifə3/52
tarix23.01.2023
ölçüsü0,58 Mb.
#80292
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   52
shaytanat

ASADBEK




1949 yil, 31 dekabr.

Tongga yaqin onasining ingrayotganini eshitdi. Keyin otasi nimadir dedi. Tancha sovub qolgan, badani sovuqdan junjika boshlagan edi. Otashkurakni olib kulni titib qo‘ysa-ku, olam guliston, ammo erinchoqlik sovuqdan ustunlik qildi. Bu yumushni ertalab onasi bajarar edi. Uchovlon tanchaning uch tomonida yotishardi. Hozir onasi narigi uyda ingrayapti, otasi nimadir deyapti. Sovuq uyda nima qilishyapti ekan?



  • Uyg‘ondingmi, toychoq? — dedi dadasi ostonada turib. — Turaqol, ayangni kasalxonaga tashlab kelaman. Bugun qorbobo senga ham chana, ham uka olib keladiganga o‘xshaydi. Sen yaxshi bola bo‘lib o‘tirib tur.

Ayasi dadasining qalin yoqali katta og‘ir paltosini kiyib olibdi. Uning nazarida ayasi paltoning og‘irligidan qiynalib inqillayotganga o‘xshardi. Ayasi tancha oldida to‘xtadi. U turdi. Ayasi uni o‘pib, yig‘ladi.

  • Dadasi, tanchaning cho‘g‘ini ochib qo‘ying. Toychog‘ingiz sovqotibdi, — dedi. Dadasi engashib, ko‘rpaning bir tomonini ko‘tardi-da, kulini titib, cho‘g‘ni ochdi.

Keyin chiqib ketishdi.
U joyiga yotdi. Avvaliga yolg‘izlikdan bir oz qo‘rqdi. So‘ng uxlab qoldi. Bu safar oshqozoni tatalab uyg‘ondi. Sandal ustini qoplab turgan to‘rt burchakli katta patnisda bir burda non, bir siqim turshak bor edi. Turib, yuvinishga erindi. Qo‘lini cho‘zib nonni oldi. Ko‘cha tomondan bolalarning quvnoq qiyqiriqlari keldi. Non bilan turshakni yeb bo‘lguncha «ko‘chaga chiqsam dadam urishadilar», deb o‘ziga o‘zi so‘z berib o‘tirdi.
Qorin g‘ami bir oz arigach, dik etib o‘rnidan turdi-yu, ayasi tikib bergan paxtalikni egniga ildi.
Ana shu paytda ko‘cha eshigi ochilib, ikki kishi kirib keldi. Ayvonga chiqib oyoqlarini tap- tap urib, qorni qoqishdi. So‘ng eshikni ochib tanchali uyga kirishdi.

  • Uyda kim bor? — deb so‘radi past bo‘yli kishi.

  • Otang qaerda? — deb so‘radi novcharog‘i.

  • Dadam ayam bilan ketdilar.

  • Qayoqqa?

  • Uka olib kelgani.

Ular bir-birlariga g‘alati qarab oldilar.

  • Joyingda qimirlamay o‘tir, — deb buyurdi past bo‘yli kishi.

Qo‘rqib ketganidan qimirlashga ham holi qolmadi. «Bular o‘g‘ri, yaxshi ham nonni yeb qo‘yganim», deb o‘yladi.
Ular etiklarini yechmay, eski kigiz ustida iz qoldirib, tokcha tomonga o‘tishdi. Kitoblarni titkilashdi. Keyin sandiqni ochishdi.
U titray boshladi.

  • Tanchaga o‘tir, — deb buyurdi past bo‘yli kishi.

U sovuqdan emas, qo‘rquvdan titrayotgan edi. Tanchaga o‘tirganda ham qaltirog‘i bosilmadi. «Hech narsa topisholmasa, meni o‘ldirishadi», degan xayolga kelib, yig‘lab yubordi.

  • Nimaga yig‘layapsan, qo‘rqayapsanmi? — dedi novcha odam. Tili gapga kelmay, boshini irg‘adi.

  • Qo‘rqma, biz o‘g‘ri emasmiz. Biz xalqni o‘g‘ri, muttaham, dushmanlardan himoya qiladigan odamlarmiz. Sening otang ham dushman. Oddiy emas, xalq dushmani!

  • Bolaga bu gaplarni gapirmang, foydasi yo‘q.

  • Foydasi bor. Bilib qo‘ysa chakki bo‘lmaydi.

Tintuv tugagach, bittasi patnisni surib qo‘yib, kursi ustiga, ikkinchisi deraza tokchasiga o‘tirib, papiros tutatdi.
Ular uzoq kutishdi. Nihoyat, ko‘cha eshigi og‘zida dadasi ko‘rindi. Qo‘lida chana! U suyunganidan irg‘ib turib, tashqariga yugurib chiqishi kerak edi. Ammo o‘rnidan jilolmadi. O‘g‘lining peshvoz chiqmaganidan dadasi ham ajablanib, «Toychoq, uydamisan?» deb qo‘ydi. Eshikni ochib, tanchali uy ichkarisiga bir odim tashladi-yu, hayratlanib to‘xtadi.

  • Siz qamoqqa olindingiz, — dedi past bo‘yli odam, uning orqasiga o‘tib.

  • Xalq dushmani sifatida, — dedi novcha odam, uning ro‘parasiga turib olib.

Dadasi indamadi. U: «Dadam ikkalasini urib-urib ko‘chaga otvorsalar edi», deb juda- juda istagan edi. «Nimaga urmayaptilar, kuchlari yetmaydimi? Men borman-ku!»

  • Dadamga tegmang! Tegmang dadamga! — daf’atan kelgan hayqiriqni to‘xtata olmadi. Irg‘ib turib uzun bo‘ylining yelkasiga tirmashdi.

  • Jim bo‘l, ilonvachcha! — u shunday deb itarib yubordi.

  • Bolaga tegmang! — deb baqirdi dadasi.

  • Bo‘ldi, tomosha tamom, yur, — dedi past bo‘yli odam.

  • Birodarlar, — bu safar dadasining ovozi titrab chiqdi, — axir bugun yangi yil, o‘g‘lim yolg‘iz. Ertaga tong sahar aytgan yeringizga o‘zim yetib boraman.

  • Mumkin emas, yur.

Dadasi ularga boshqa yalinmadi. Faqat: «O‘g‘lim bilan xayrlashib olay», deb izn so‘radi. Ruxsat tekkach, uni bag‘riga olib, yuzini yuziga bosdi. Shunda yuziga dadasining ko‘z yoshi tegib, u ham yig‘lab yubordi.

  • Yig‘lama, o‘g‘lim, Jalil o‘rtog‘ingnikiga chiqib o‘tir. Men ertalab qaytaman. Ayang senga uka olib keladi. Otini Samandar deb qo‘yamiz. Esingdan chiqmasin — Samandar! Dadasi shu ketganicha qaytmadi.




Yüklə 0,58 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   52




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin