www.ziyouz.com kutubxonasi
98
ikki chakkasidan yostiqg‘a oqib tusha boshladi. Shu choqda na uchundir toqchada yonib
turg‘an sham’ ham lip-lip qildi-da, o‘chdi... Shuning ila bu havlini chin ma’nosi bilan
qorong‘uliq bosdi.
* * * Bu voqi’aning uchunchi kuni Kumushbibi yillab yotg‘uchi og‘riqlardek sarg‘ayib ozg‘an,
endigina g‘unchadan chiqayozgan bu yosiman gulni xoin qo‘llarning zahri so‘litkan, fasod
o‘chog‘ining uyatsiz mufsidlari husn bog‘ining bu yangi erkasini ishong‘an va ko‘z tikkan
jihati ismidan tahqir qildirib umidsiz bir vujud yoki jonsiz bir haykal holig‘a qo‘yg‘an
edilar. Uning ko‘zlarida doimiy bir ma’yusiyat, arimas bir huzn, har onda bir entikib
chayqalish edi. Oftob oyim ham so‘ng chekda xo‘rlang‘an esa-da, lekin unga bu
xo‘rliqdan burun u-bu bilan qizini ovitish, uning ko‘nglini ochib bu sovuq, uyat gapni
unutdirish, har holda ko‘zining oqu qorasi bo‘lg‘an Kumushni birar kasalga chalinmaslig‘i
yo‘lida tirishish muhimroq edi. Va ikki gapning birida «Ortiq o‘ylama, qizim... Esingdan
chiqar, endi xafa bo‘lg‘aning bilan sira foydasi yo‘q», der edi. Kumush bo‘lsa
hushsizlarcha onasining og‘zig‘a ag‘rayar va har qachon ma’yus edi. Kumushning bu holi
bechora onaning yuragini uzar, yuz xil vasvasalarga solar edi.
— Kumush, — dedi Oftob oyim tushlik choydan ke-yin, — qaytag‘a tog‘angnikiga
borib kelmaymizmi?
— Nima qilamiz tog‘amnikida?
— Nima qilar edik. O‘ynab kulamiz, qayg‘ularingni ko‘chaga tashlaymiz.
Kumush onasining so‘ziga nima uchundir kuldi va «mayli» dedi.
— Tur bo‘lmasa, yuz-qo‘lingni yuvib otlan, xudo o‘lim bersin uyatsiz eringga.
Kumush muloyimg‘ina qilib onasig‘a qarab oldi. O‘rnidan turib To‘ybeka hozirlab
bergan obdasta yonig‘a yuvinish uchun o‘lturdi.
Ular tamoman yo‘lg‘a hozirlang‘an edilar, yo‘lak tomondan o‘tkan kun xat keltirgan
xotin ko‘rindi. Kumushning ko‘ziga bu xotin ofat kabi ko‘rinsa ham, ammo ikkinchi
tarafdan ul so‘yindi. Onasini kelguchi xotin bilan tanishdirib, kim bo‘lg‘anlig‘ini so‘zladi.
— Xi-xi, aylanay boyvuchchalardan... Shundog‘ qi-zimnikiga o‘tkan edim, qix...
alva’ddayn, deb yo‘l ustidan burilib kirdim... deb puchuq xotin so‘zlanib kelar edi. Ona-
bola qo‘lg‘a olg‘an paranjini yerga qo‘yishg‘a majbur bo‘ldilar. Xotin Kumush bilan
ko‘rishkach, aching‘ansumon so‘radi: — Ha, aylanay, poshsha qiz, sizga nima bo‘ldi,
juda o‘zingizni oldirib qo‘yibsiz?
Puchuqqa joy ko‘rsatib, Oftob oyim javob berdi:
— Bir-ikki kundan beri tobi yo‘q.
— Xudoy saqlasin, xudoy saqlasin, — dedi xotin, — qix... bevaqt kelib sizlarni yo‘ldan
to‘xtatdimmi... xayr, xudo singlimni yomon ko‘zdan asrasin, — deb fotiha o‘qudi.
— Xush kelibsiz, — dedi Oftob oyim...
— Xushvaqt bo‘linglar, aylanay, qix... — dedi xotin va Kumushka qarab davom etdi,
— anuv kungi so‘zingiz bilan yo‘ldan qayrilib kirgan edim. Ertaga o‘g‘lim Toshkand
jo‘namoqchi, otangizning xat-patlari bo‘lsa... qix.
Kumush javob berish o‘rniga onasig‘a qaradi. Qizining qarashidag‘i ma’noga
tushungan Oftob oyim «yuboraturg‘an xatimiz yo‘qdir», deb javob bedi. Bu so‘z bilan
puchuq xotin g‘ilt etib Kumushka qarab qo‘ydi. Kumush onasini unga xabarsiz ko‘rsatib
javob berdi:
— Otamning xatlari yo‘q, meniki bor, ozg‘ina kutishka vaqtingiz bo‘lsa, yozib berar
edim.
Puchuqning kelishidan maqsadi faqat shu yozib beriladirgan xatgina edi. Kumushning
o‘tinchi unga moy kabi yoqib tushdi: