Oziq-ovqat sanoati korxonalari oqava suvlarining tavsifi. Bu sanoat kor- xonalaridagi oqava suvlarning ifloslanishi organik birikmalar shaklida bo‘lib, ularga uglevodlar, yog‘lar, organik kislotalar, spirtlar, efirlar, peptid moddalari, aminokislotalar, melanoidinlar va gumin moddalari kiradi. Ularning suvda erishi natijasida biologik oksidlanish sodir bo‘ladi.
Solod ishlab chiqarish korxonalarining oqava suvlari tarkibidagi biogen elementlar: azot, fosfor va kaliy miqdorining ko‘pligi bilan tavsiflanadi.
Ayrim korxonalarda oqava suvlarning biologik oksidlanishi 656, 84, 470, 208 mg O2/l va KBBZ5 1600, 92, 975, 240 mg O2/l oralig‘ida o‘zgarib turadi. Solod ishlab chiqarish korxonalarining oqava suvlari miqdori 5 m3 dan 18 m3 ni tashkil etadi. 1 t arpaga o‘rtacha 10 m3 oqava suv to‘g‘ri keladi.
Pivo ishlab chiqarish korxonalaridagi oqava suvlar KBBZ - 630-960 mg O2/l va KKY - 1200-1300 mg O2/l va pH = 6,5-7,3, bilan tavsiflanadi.
Pivo ishlab chiqarish korxonalaridagi oqava suvlar komponentlariga pivo achitqilari va ularning parchalanishida hosil bo‘lgan mahsulotlar kiradi. Oqava suvlarda achitqilarning bo‘lishi oqava suv tarkibida uglevodlar va oqsil moddalar borligini anglatadi. Bu esa chirituvchi biokimyoviy jarayonni keltirib chiqaradi.
Oqava suvlardagi antiseptik moddalar (formalin, sulfit kislota, erkin xlor) nafaqat begona mikrofloralarni, balki oqava suvni tozalovchi mikroorganizm- larning ham hayot faoliyatini to‘xtatadi. Shuning uchun oqava suvlarni yuvindi suvi yoki boshqa suvlar bilan suyultiriladi.
Ko‘pchilik pivo va solod ishlab chiqaruvchi korxonalar oqava suvlarni shahar kanalizatsiyasiga quyadi. Shahar kanalizatsiyasiga quyilayotgan sanoat oqava suvlarida yirik muallaq moddalar bo‘lmasligi kerak. Shuning uchun oqava suv yuruvchi quvurlarning suv havzasiga quyilish joyiga to‘r yoki elaklar o‘rnatiladi. OQAVA SUVLARNI TOZALASH VA ZARARSIZLANTIRISH
Organik moddalar konsentratsiyasi yuqori bo‘lgan oqava suvlarni tozalash uchun aerotenk va faol il (botqoq) biokimyoviy usuli qo‘llaniladi.
Aerotenk - chuqurligi 3-6 metrli seksiyalarga bo‘lingan uzun temir-beton sig‘im. U aeratsiyalovchi qurilma bilan jihozlangan. Seksiyalar yo‘laklardan tashkil topgan. Tipik aerotenklarda yo‘laklar soni 2-3 yoki 4 ta bo‘lishi mumkin. Ularning kengligi 5; 8 va 10 metr, uzunligi 50-100 metrgacha bo‘ladi.
Faol il (botqoq) - bu mikroorganizmlar mineralizatorining biosenozi. Uning tarkibiga bakteriyalarning fiziologik guruhlari, mog‘or zamburug‘lari, achitqilar hamda turli mikroskopik hayvonlar, chuvalchanglar kiradi.
Pivo ishlab chiqarishdagi oqava suvni biologik tozalash jarayonida faol il hosil bo‘ladi. Faol ilning tarkibi, asosan, oqsil moddalar, uglevodlar, moylar, biogen element (kaliy, fosfor, azot) kompleksidan tashkil topgan.
Oqava suv va faol il aralashmasi 6-12 soat davomida aeratsiyalanadi va shundan so‘ng ikkilamchi tindirgichlarga ilni cho‘ktirish uchun haydaladi. Tingan suv suv havzalariga yuboriladi. Faol il aerotenkdagi yangi oqava suvga qayta qo‘shiladi. Mikroorganizmlarning to‘xtovsiz ko‘payishi natijasida ilning hajmi ortib boradi. Ilning ortiqcha qismi aerosistemada oqava suvlarni biokimyoviy tozalashga hamda oqava suv tarkibidagi organik moddalarni iste’mol qilib o‘z hayot faoliyatini davom ettirishiga sarflanadi. Bu organik moddalar il uchun uglerod manbayi hisoblanadi. Ilning tarkibini inobatga olib, uni quritib va zararsizlantirgandan so‘ng o‘g‘it sifatida dalalarga sepiladi.
Oqava suvlarni shahar kanalizatsiyasiga quyishga imkoni bo‘lgan ishlab chiqarish korxonalari ishlatish oson bo‘lgan suv tozalovchi inshootlarni qurishi lozim. Pivo ishlab chiqarish korxonalarida suv tozalovchi inshootlar panjara, qum ushlagich, tindirgichlar, biofiltrlar, xlorator va illi maydonchalardan tashkil topgan.
Biofiltr aylana yoki to‘g‘rito‘rtburchak shakldagi beton sig‘im bo‘lib, oqava suvlar filtrlovchi qatlam orqali o‘tkaziladi. Oqava suv filtrlovchi qatlamdan o‘tayotganda uning yuzasida bakteriya va zamburug‘larning yig‘ilishidan biologik qatlam hosil bo‘ladi.
Biofiltrlarni aeratsiyalash tabiiy tarzda amalga oshadi, ya’ni havo biofiltrga qatlam yuzasi va qatlam ostiga drenajdan beriladi.
Sun’iy aeratsiyalash biofiltr ishini jadallashtiradi (oksidlanish jarayonini tezlashtiradi). Sun’iy aeratsiyalovchi biofiltrlarni aerofiltrlar deb yuritiladi. Ularning balandligi 3-4 metr. Katta biofiltrlarni minorali biofiltrlar deyiladi, ularning balandligi 9-18 metr bo‘ladi.
Suvni tozalashning fizik-kimyoviy usulida oqava suvlardagi patogen mikroblarni yo‘qotish maqsadida zararsizlantiriladi. Oqava suv turli usulda dezinfeksiya qilinadi, pivo ishlab chiqarishda xlorlash usuli keng tarqalgan. Oqava suvga ma’lum miqdorda xlor eritmasi solinadi.
Oqava suvni tozalash usulini tashlashdan avval korxonaning joylashgan yeri, oqava suvning ifloslanganlik darajasi va talab qilinayotgan tozalash darajasiga e’tibor beriladi.
Oqava suvni qayta ishlatishning yana bir yo‘li ularni sug‘oriladigan ekin maydoniga yuborishdir. Bu usul bilan oqava suvni tabiiy sharoitda tozalash bilan bir vaqtning o‘zida hosildorlikni oshirish mumkin. Biroq iqlim sharoiti va bir me’yorda yetkazib berishning iloji yo‘qligi sababli bunday yangi suvlarni sug‘orishda ishlatishning har doim ham imkoniyati yo‘q.