Prototip asosida badiiy obraz yaratish. Prototip (yunoncha protos-ilk, dastlabki; tupos-nuqta, nishona)-badiiy obraz uchun asos, nuqta bo’ladi. Hayotda mavjud bo’lgan tarixiy yoki zamondosh shaxsga tayanib yozuvchi obraz yaratar ekan, albatta, yuqorida ta’kidlangan obraz yaratishning barcha unsurlaridan foydalanadi. “Agar badiiy obrazni jonli organizm deb faraz qilinadigan bo’lsa-prototip shu organizmning skeleti, badiiy to’qima-uning eti, estetik ideal esa qoni-joni. Tirik organizmning etini skeletidan, skeletini qoni-jonidan ajratib bo’lmaganidek, badiiy obraz “organizmi”dagi prototip badiiy to’qimadan, badiiy to’qimani estetik idealdan uzib olib bo’lmaydi. Ular bir-birlariga payvandlashib, qo’shilib-chatishib ketadi” (T.Boboyev, 53-bet). “Zaynab va Omon”dagi Zaynab, “O’tgan kunlar”dagi Musulmonqul cho’loq, “Navoiy” romanidagi Alisher Navoiy, “Yulduzli tunlar”dagi Bobur kabi qator obrazlar ana shu yo’nalishning ixtirolaridir.
Jamlash va prototip asosida yaratilgan obrazlarning jamini adabiyotshunoslik fani shartli ravishda turlarga bo’lib o’rganadi. “Odamlar daryodek gap: hammasining suvi bir xil, hamma joyda o’sha suv, lekin daryo goh keng bo’ladi, goh tor, goh tez oqadi, goh sekin, suvi goh tiniq bo’ladi, goh loyqa, goh sovuq, goh iliq bo’ladi. Odamlar ham shunday...” (L.Tolstoy). Shu sabab badiiy obrazlar judayam rang-barang, turfa xildir.
Ijodiy metod taqozosiga ko’ra obrazlar romantik va realistik bo’ladi.
Romantik obrazlarda yozuvchi turmush haqidagi orzu va umidlarini tasvirlaydi. Bunday obrazlar, garchi yozuvchi yashab turgan jamiyatda bo’lmasa-da, yozuvchi orzu qilgan voqyelikning ifodasi hisoblanadi. Bunday obrazlar yuksak ko’tarinki ruhda jismoniy jihatdan ham, ma’naviy jihatdan ham kuch - quvvatga, mo’jizaga ega qilib tasvirlanishi mumkin. Jumladan, Alisher Navoiyning Farhodi, Maksim Gorkiyning Yankosi, Aleksandir Dyumaning Dartanyani kabi obrazlarni eslashning o’zi kifoya qiladi.
Haqiqatdan ham, Farhod (“Farhod va Shirin”) yoshligidanoq jami hunar va san’atlarning nozikligini qo’lga kiritadi, Ahraman devni yengadi, ko’zguda arman qizi Shirinni ko’radi, unga ishq qo’yadi, qismati sevgi bo’ladi. Bilgan va o’rganganlarining hammasini – Shirin visoliga, uning muhabbatiga yetishishga sarflaydi. Shu yo’lda ojiz tog’qazarlarga yordam beradi, bir o’zi Xisrav qo’shiniga bas keladi. Ishq yo’lida bir daqiqa ham orom olmaydi, boshqalar manfaatini o’z manfaatidan ustun qo’yadi va shu buyuk xislati bilan insoniyatga doimo o’rnakdir. Darvoqye, u “agar birovning oyog’iga kishi bilmas bir tikon kirgan bo’lsa, u bu tikonni kiprigi bilan olib tashlashga tayyor” (A.Navoiy. “Farhod va Shirin”, T., 1975, 159-bet) insondir. “Bir bechora zaif qiynalib bir oh cheksa, bu unga achinib yuz ming oh tortuvchi”(159-bet) hamdarddir. U “o’z sevgisining otini tilga olib, sevgilisining otini aytgan holda jon beradi”(214-bet)...
Yuqoridagi barcha fikrlarni jamlasak, bitta xulosa kelib chiqadi: adabiyotga hayotning hamma (inson, narsa, buyum, hayvon, hodisa, predmet, o’simlik; ko’chma ma’nodagi so’zlar, iboralar, leksik resurslar; ifoda – tasvir vositalari – mubolag’a, kichraytirish, o’xshatish, omonim, sinonim antonimlar; anafora, epifora, asindenton va sh. k.) unsurlari kirar ekan, kirganda ham san’atkor ongi va qalbida jilolanib, boyib, kattalashib, eng muhimi insonlashib va birbutunlik kasb etib muhrlanar ekan – ularning barchasini obraz deb yuritish mumkin. “Obraz” atamasi ikki ma’noda, ya’ni keng va tor ma’nolarda qo‘llaniladi. “Obraz” atamasi, keng ma’noda qo‘llanilganda, obraz tushunchasi doirasiga inson tasviridan tashqari, peyzaj, detallar, buyumlar, predmetlar, jismlar, hayvonot dunyosi, asar tilidagi tasvir vositalari va hokazolar kiritiladi. “Obraz” atamasi, tor ma’noda qo‘llanilganda esa faqat inson hayotining badiiy manzaralari nazarda tutiladi. Shu nuqtai nazardan birgina misolga – benazir shoir, o’zbekning ko’z qorasi Hamid Olimjonning “O’zbekiston” she’ridan kichik bir parchaga e’tibor qilaylik:
O’xshashi yo’q bu go’zal bo’ston,