2.2. Hayot va obraz o’rtasidagi me’yor Asar qurilishida tutgan o’rniga qarab obrazlar quyidagicha turlarga bo’linadi:
1. Asar voqealarining markazida turib, asar syujetini harakatga keltiradigan va oxirigacha rivojlantiradigan, asar bosh g’oyasini o’zida tashiydigan shaxslar – Bosh obraz yoki Bosh qahramon deb yuritiladi.
Jumladan, XX asr boshida o’zbek xalqi o’zini qanday taniganini ko’rsatish “Qutlug’ qon” (Oybek)ning bosh g’oyasidir. Ana shu g’oyani o’zida tashigani va asarning boshidan oxirigacha ishtirok etgani uchun Yo’lchi romanning bosh qahramoni sanaladi. Xuddi shuningdek, Otabek “O’tgan kunlar” (A.Qodiriy)ning, Po’lat “Qudratli to’lqin” (Sh.Rashidov)ning, Avaz “Qora ko’zlar” (P.Qodirov)ning, Ahmadjon “Davr mening taqdirimda” (A.Muxtor)ning bosh obrazidir.
2. Badiiy asarda ma’lum bir g’oyani (asardagi bosh g’oyaning kichik bir bo’lagini) ifodalovchi, syujet davomida bir, ikki ko’zga ko’ringan obrazlar epizodik yoki yordamchi obrazlar deyiladi.
Jumladan, “O’tgan kunlar” romanidagi Qovoq devona, Usta Farfi, Rahmat, Ahmadxon, Komilbek kabilar – epizodik obrazlardir.
Usta Farfi romanda bir epizodda ko’rinadi va Otabek bilan usta Alimni “Komilbekni qotili Homid” ekanligiga ishontirish, Kumushning xaridori, uni o’ziniki qilishga harakati borligini bildirish uchun, “bu bir it, tomdagi luqmani o’zi ham yemaydi, boshqaga ham yedirmaydir, nah itning o’zi!” - deya Homid ni xarakterlash uchun, Otabek hayotidagi fojealarning manbaini, Homidning yordamchisi Sodiq usta Alimga qo’shni ekanini ta’kidlash uchun kiritiladi. Bu vazifani o’tab bo’lgach, romanning keyingi voqealari tasvirida ko’rinmaydi. Shunga asosan, u yordamchi obrazdir.
Adabiyot hayotni ikki xil yo’l bilan tadqiq etadi: biri-tasdiqlash, ikkinchisi-inkor etish. Shunga ko’ra obrazlar quyidagicha turlarga bo’linadi: 1. Xatti-harakati, xarakter xususiyati bilan asosan ijobiy xislatlarni o’zida tashisa va kitobxon uchun o’rnak bo’la olsa, jamiyatni ezgulik va komillikka yetaklay bilsa, u – ijobiy obrazdir. Bu xususiyatlarga ega bo’lgan Otabek, Yo’lchi, Bobur, Po’lat, Ahmadjonlar – ijobiy obrazlar sanaladi.
2. Xatti-harakati, xarakter xususiyati bilan, asosan, salbiy xislatlarni o’zida tashisa, kitobxonni o’ziga nisbatan nafratini uyg’otsa, jamiyatni tanazzulga tortsa, u- salbiy obrazdir. Hamid , Musulmonqul cho’loq (“O’tgan kunlar”), Ahmad Tanbal (“Yulduzli tunlar”), Inoyat oqsoqol (“Ufq”) kabilar bu xil obrazlarning personajik vakilidir.
Adabiyot tarix va zamona materialiga murojat qilishiga ko’ra quyidagi obrazlarni vujudga keltiradi: 1. Yozuvchi “tarix orqali zamonaning ichiga kirsa” (A.Tolstoy), tarixda bo’lib o’tgan voqelikni obrazlarda gavdalantirsa, ular tarixiy shaxslar obrazi deb yuritiladi. Hamid Olimjonning “Zaynab va Omon”idagi Zaynab, Oybekning “Navoiy” romanidagi Navoiy, P.Qodirovning “Avlodlar dovoni”dagi Akbar real tarixiy shaxslar obrazidir.
2. Yozuvchi bugungi jamiyatning taraqqiyoti uchun zarur bo’lgan yangi g’oyalarni ifoda etsa, bu g’oyalarni zamondosh, “tanish bo’lgan notanish” xarakterlarda gavdalantirsa, bu zamonaviy obraz yoki zamondosh obrazi deb yuritiladi. Mustaqillik mafkurasini qalbiga ko’chirgan, Istiqlol mohiyatini o’zida jam qilgan, el-yurt ravnaqi uchun kuyib, yonib yashayotgan, O’zbekistonining buyuk davlat bo’lishiga asos va kuch berayotgan tadbirkor, mulkdor zamondoshlarimiz obrazi – bunday obrazlarning yaqqol timsolidir.
Adabiyotshunoslikda obrazlarning yana boshqacha turlari ham mavjud: o’zgaruvchan obrazlar (Yormat-“Qutlug’ qon”), murakkab obrazlar (Ortiq-“Qora ko’zlar”) kabi. Demak, bu sohadagi izlanishlar davom etaveradi.
Badiiy asardagi bir - biri bilan uzviy bog’liq obrazlar majmui - obrazlar (sistemasi) tizimi (“O’tgan kunlardagi” Yusufbek hoji – O’zbekoyim- Otabek – Kumush – Yodgorbek kabi), asardagi ma’lum bir guruhga mansub obrazlar – obrazlar galeriyasi (“O’tgan kunlar”dagi Homid – Sodiq – Mutal - Jannat kampir kabi) deb yuritiladi.
Badiiy asar qahramonlarini yuqoridagidek turlarga ajratish mumkindir, lekin ular o’rtasiga Xitoy devorini qo’yish tamoman noto’g’ridir. Chunki go’zal va hayotbaxsh bitta obraz (masalan Otabek)ni - realistik obraz, epik obraz, bosh obraz, ijobiy obraz, tarixiy obraz deb yuritaverish haqiqatga to’g’ri kelaverdi.
Hayotda har qanday yaxshi insonning ham qusurlari, har qanday yomonning ham yaxshi xislatlari borligiga hech kim shubha qilmaydi. Hammasi ham aybdor (beayb-Parvardigordir) bandalardir. Shunday ekan, badiiy asar qahramonlarini faqatgina bir rangda (oq yoki qora, yoki qizil) tasvirlanishi, sun’iy ravishda bir rangning quyuqlashtirilishi mantiqan noto’g’ridir.
Jumladan, “Oltin zanglamas” (Shuhrat)dagi Mirsalim, “Chiniqish” (Mirmuhsin)dagi Bo’rixo’ja, “Senga intilaman” (H.G’ulom)dagi Mirhosil obrazlari yozuvchilar tomonidan jamiyatimizda uchrab turuvchi salbiy xususiyatlarning deyarli barchasini o’zlarida jamg’argan shaxslar sifatida tasvirlanadi; obraz aniqligiga putur yetkaziladi. Natijada, bu obrazlar o’zlarining jonli qiyofalarini yo’qotib, salbiy xususiyatlarning yig’indisiga aylanib ketadilar. Chunonchi, yigirma yildan buyon kolxozga rais bo’lib kelgan Mirhosil – qo’li egri, qo’pol, xushomadgo’y, cho’lni nobud etuvchi, ma’naviy jihatdan buzuq, xotin olib, xotin qo’yuvchi va hokazo.
Agar obrazni yong’oqqa qiyoslasak, xarakter (yunoncha charakter-xususiyat, belgi) shu yong’oqning mag’zidir. Chunki mag’izda yong’oqning mohiyati, tirikligi, zaruriyligi, joni jamuljamdir. Shu sabab “xarakter yaratilsagina-badiiy asar yaratiladi” (N.Pogodin) degan qat’iy va asosli xulosani chiqarish mumkin. Xarakter yaratish badiiylikning o’zak masalasi deb qarashimizning boisi shundaki, xarakter badiiy ijodning juda ko’p unsurlari (syujet, kompozitsiya, til kabi)ni o’zida jamg’aradi, to’g’risi o’ziga “ishlash”ga majbur qiladi. Ya’ni xarakter asar mazmuniga nisbatan shakl bo’lsa, xarakterga nisbatan syujet, kompozitsiya, til (uslubning butun hiyla-nayranglari) shakldir. Izzat Sulton tavsiya etganidek, “asar mazmuni xarakter tasviri tufayli hayotiy aniqlik kasb etadi va shu bilan birga, bizning hislarimizga ta’sir etish xosiyatiga ega bo’ladi”. To’g’ri gap: “Har qanday muhim g’oya ham inson qismatiga aylanmasa quruq gap bo’lib qolaveradi” (Hoshimov).
Xarakterning mazmunini aniqlaydigan ikkita asosiy xususiyati bor.