II. BOB. “BADIIY OBRAZ, XARAKTER, PERSONAJ, QAHRAMON” 2.1. Obraz va uning turlari Adabiyotshunoslikda “obraz” tushunchasi bilan ba’zida teng, ba’zida farqli ishlatildigan “personaj”, “qahramon” tushunchalari ham bor.
Personaj (lat. Personal-shaxs so’zidan) atamasi badiiy asarda ishtirok etuvchi hamma shaxslarga nisbatan qo’llaniladi. Ko’pincha asardagi epizodik obrazlar-personajlar deb yuritiladi, shu sabab uning tushunchasi obrazga nisbatan tor hisoblanadi. “Ona lochin vidosi” (P.Qodirov) romanidagi Ibn Ali, Ahmad Tarxon, Bobo Husayn, Habiba Sulton, Robiya Sulton, Uvays Tarxon, Sherhoji kabilar – personajlardir.
Qahramon deganda, shijoati, dovyurakligi, botirligi bilan shuhrat qozongan, jonbozlik, mardlik qilib o’zini ko’rsatgan (M., O’zbekiston Qahramoni) kishi tasavvurga kelsa-da, bu tushuncha umuman asarda ishtirok etuvchi (Yo’lchi, Yormat, Unsin; Hamid, Sodiq, Mutal; lirik qahramon, epik qahramon) ijobiy yoki salbiyligidan qat’iy nazar hamma shaxslarga, ko’pincha, bosh ishtirokchilarga nisbatan qo’llaniladi. Chunki, har qanday salbiy qahramon ham adabiy asarga to’qib-bichib kiritilar ekan, u ham asardagi biror voqea-hodisaning yuzaga kelishida asosiy rol o’ynashi, shubhasizdir.
Xarakter xususiyatlari, faoliyati hayotdagi real odamlarga mos keladigan tarzda umumlashtirib va aniqlashtirib, tipik sharoitda haqqoniylashtirib yaratiladigan obrazlarga realistik obrazlar deyiladi. Bunday obrazlarda ro’y - rostlik, chinlik yorqin ifodasini topadi.
Otabek, O’zbekoyim, Zaynab, Kumush, Yusufbek xoji, Mirzakarim qutidor, Oftoboyim...Jannat kampir (“O’tgan kunlar”)-o’zbek romanchiligida yaratilgan birinchi va hamon hayotiyliklari bilan maftun etuvchi realistik obrazlardir.
Adabiy tur va janrlar, uslub va tasviriy vositalarga ko’ra obrazlar quyidagicha bo’ladilar:
1. Epik obrazlarda hayot voqea - hodisalari keng va atroflicha tasvirlanadi. Voqeabandlik, ob’ektiv tasvir ustunlik qiladi. Epik turlarning hamma janrlarida yaratilgan obrazlar – epiklik xislatlariga ega bo’ladi. Mirzo Ulug’bek, Qalandar, Ali Qushchi (“Ulug’bek xazinasi”), Alpomish, Barchin (“Alpomish”), Qobil bobo (“O’g’ri”), Sotiboldi (“Bemor”) kabilar shular jumlasidandir.