Kuchlanish relaksatsiyasi Agar namunani qandaydir uzunlikka cho‘zilsa(ya’ni, deformatsiya sodir bo‘lsa) va uni bu holatda dinamometrlar yordamida ushlab turilsa, vaqt o‘tishi bilan dinamometrlarning ko‘rsatkichlari (mexanik kuchlanishga proporsional ravishda) kamayadi. Bunda makromolekulalarning o‘zaro siljishlariga bog‘liq bo‘lgan kuchlanishning relaksatsiyasi (kamayishi,susayishi) sodir bo‘ladi.
Kuchlanishning relaksatsiyasi-namunada doimiy nisbiy deformatsiya ta’sirida mexanik kuchlanishning kamayish jarayoni. Namunadagi kuchlanishning vaqt o‘tishi bilan o‘zgarishi 1.8 rasmda ko‘rsatilgan.
Mustahkamlik chegarasi va parchalanish Mustahkamlik-jismlarning ularga qo‘yilgan kuchni buzilmasdan ko‘tara olish xususiyatidir.
Mustahkamlik ko‘pincha jismning berilgan deformatsiya turida parchalanishini keltirib chiqaradigan chegaraviy kuchlanish kattaligi bilan xarakterlanadi.
Mustahkamlik chegarasi-bu shunday maksimal kuchlanish-ki, unda namuna parchalanib ketmaydi.
Mustahkamlik chegarasi moddaning tuzilishiga va deformatsiya usuliga bog‘liq.Masalan insonning son suyagi uchun siqishdagi mustahkamlik chegarasi 170 MPa ga, cho‘zishdagi mustahkamlik chegarasi 124MPa ga teng.
Mustahkamlik chegarasi mexanik kuchlanishni parchalanishga qadar sekin-asta oshirib aniqlanadi.
Parchalanish- jism(material) bir butunligining mexanik yoki boshqa ta’sirlar natijasida makroskopik buzilishidir.
Parchalanish jarayonida ikkita bosqichni ajratsa bo‘ladi: boshlang‘ich- mayda teshiklar, darzlarning hosil bo‘lishi, va oxirgi bosqich-jismning ikki yoki undan ko‘p bo‘lakka bo‘linib ketishi.
Ushbu bosqichlar qanday kechishiga qarab plastik(qovushqoq) va mo‘rt parchalanish ajratiladi.