1.12rasm. Suyak bo‘lagi deformatsiyalanganda pezoeffektning hosil bo‘lishi.
Elastik deformatsiya intervalida ushbu potensiallar farqi mexanik kuchlanishga proporsional.
Teri. Teri nafaqat tanani mukammal yopib turuvchi vosita, balki turli funksiyalarni bajaruvchi murakkab organ hamdir. U gomeostazni ushlab turadi; organizmda umumiy modda almashinuviga ta’sir etuvchi termoregulyasiya jarayonlarida qatnashadi; yog‘ va ter bezlarining ishini ta’minlaydi; mexanik, fizik, kimyoviy, infeksion agentlarning zararli omillaridan himoyalaydi Teri markaziy nerv sistemasiga bir qator hissiyotlarni ham uzatadi. Teri- tana va atrof-muhit orasidagi chegara bo‘lib, u juda yaxshi mexanik mustahkamlikka ega.
Teri tananing eng katta organi hisoblanadi. Uning funksiyalari butun organizm holatiga bog‘liq. Ichki organlarning turli kasalliklarida unda turli o‘zgarishlar sodir bo‘lishi mumkin.
Teri ko‘pincha uchta qatlamdan iborat geterogen to‘qima sifatida qaralib, ular bir-biriga juda yaqin, lekin tabiati, strukturasi, xossalariga ko‘ra turlichadir: epidermis, derma, teri osti kletchatkasi. Epidermis ustida shoh qatlam mavjud.
Terining har bir qatlamining vazifalari, shuningdek, mexanik vazifalari, uning komponentlarining biomexanik tabiati va joylashishiga bog‘liq.
Terining umumiy tarkibiga kollagen va elastin tolalari va asosiy to‘qima-matritsa kiradi. Kollagen quruq massaning 75% ni, elastin 4% ni tashkil etadi. Normada terining zichligi 1100 kg/m3 dir(qo‘l, ko‘krak sohalari). Elastin juda kuchli cho‘ziladi(200-300% gacha). Kollagen 10% gacha cho‘zilishi mumkin. Teri komponentlarining mexanik xarakteristikalari:
- kollagen-E=10-100 MPa, σmust= 100MPa;
- elastin-E= 0,5 MPa, σmust= 5MPa;
Teri yuqori elastiklik xususiyatlarga ega qovushqoq-elastik modda bo‘lib, u yaxshi cho‘ziladi va uzayadi.
Mushak to‘qimasi.Mushaklarning aktivligi-yuqori darajada rivojlangan tirik organizmlarnig umumiy xususiyatlaridan biridir. Insonning butun hayotiy faoliyati mushaklar aktivligi bilan bog‘liq. Ular alohida organlar va butun sistemalarning ishini ta’minlaydilar: tayanch harakati sistemasining ishi, o‘pka va yurak ishi, tomirlar aktivligi, oshqozon-ichak sistemasining ishi va h.k.z. Mushaklarning ishdan chiqishi turli patologiyalarga olib kelishi, ular ishining to‘xtashi hatto o‘limga olib kelishi mumkin (masalan, elektrotravma natijasida nafas olish mushaklari paralichga duchor bo‘lib,inson halok bo‘ladi).
Mushaklar shakli, o‘lchamlari, birikish turi, rivojlantirishi mumkin bo‘lgan kuchiga qarab turlichadir. Har bir mushak o‘zining motoneyroniga ega juda ko‘p harakatlanuvchi qismlardan iborat. Shunga qaramy,bu sistema juda ishrnchli bo‘lib, bir xil harakatlardan tashqari boshqacha-nostandart harakatlarni ham bajarish xususiyatiga egadir.
Mushaklar faoliyati harakat strukturalarida aks etadi. Ushbu aks etish tufayli harakatni kuzatib turib harakatning mushak regulyasiyasi va uning buzilishi haqida xulosa chiqarsa bo‘ladi.Bundan kasalliklar diagnostikasidi, sportchilar harakatini nazorat qiluvchi maxsus testlarni ishlab chiqishda foydalaniladi.
O‘zining vazifasidan, tuzilish xususiyatlari va regulyasiya usullaridan qat’i nazar, organizmdagi turli mushaklarning ishlash prinsipi bir xildir.
Mushaklar tarkibiga mushak hujayraliri(tolalar), kollagen va elastindan tashkil topgan hujayradan tashqari modda(biriktiruvchi to‘qima) kiradi. SHuning uchun mushaklarning mexanik xossalari polimerlarning mexanik xossalariga o‘xshashdir. Mushaklar o‘zining tuzilishiga ko‘ra ikki xil bo‘ladi: silliq mushaklar(ichaklar, tomirlar, oshqozon, siydik pufagi devorlari) va skelet mushaklar (yurak mushaklari, suyakka birikkan va bosh, tana, oyoq-qo‘llar harakatini ta’minlovchi mushaklar).
Mushaklar to‘qimasi zichligining o‘rtacha qiymati-10-50 kg/m3, YUng moduli esa E=105 Pa. Silliq mushaklarning harakati ko‘p hollarada Maksvell modeli bilan tushuntiriladi(1.13 rasm). Ular kam kuchlanishsiz ko‘p miqdorga cho‘zilishi mumkin. Bu ba’zi organlarning hajmi ortishiga sabab bo‘ladi. Kollagen molekulalarining cho‘zilishi natijasida mushaklar bir necha o‘n foizga deformatsiya bo‘lish xususiyatiga egadirlar.