Biologiya fanining ilmiy tadqiqot metodlari. Biologiyada tirik orga-
nizmlarning hayotiy xossalarini o‘rganish uchun quyidagi metodlardan
foydalaniladi.
Kuzatish metodi. Organizmlar va ularni o‘rab turgan atrof-muhitda ro‘y
beradigan hodisalarni kuzatish, tasvirlash va tahlil qilish imkonini beradi.
Bu metod qadim zamonlardan boshlab olimlar tomonidan daliliy materiallar
yig‘ish va uni tavsifl ash uchun keng qo‘llanilgan. XVIII asrda bu metod
yordamida biolog olimlar hayvonlar va o‘simliklarni ta’rifl ash, tasvirlash va
to‘plangan materiallarni tartibga solish bilan shug‘ullangan.
Taqqoslash metodi. Turli biologik tizimlarning tuzilishi, funksiyasi, tarkibiy
qismlardagi o‘xshashlik va farqlar taqqoslash metodi
yordamida o‘rganiladi.
Mazkur metoddan sistematika, morfologiya, anatomiya, paleontologiya,
embriologiya fanlarida foydalaniladi. Taqqoslash metodi yordamida hujayra
nazariyasi, biogenetik qonun, irsiy o‘zgaruvchanlikning gomologik qatorlar
qonuni kashf etilgan.
XVIII asrdan boshlab keng qo‘llanila boshlangan bu metod biologik
obyektlar, hodisa va jarayonlar o‘rtasidagi o‘xshashlik hamda farqlarni aniqlash
orqali ularning mohiyatini ochishga imkon yaratdi.
Tarixiy metod. Mazkur metod turli sistematik guruhlarning evolutsion
jarayonda paydo bo‘lishi, takomillashishini dalillar yordamida tushunish va
ularni avvaldan mavjud bo‘lgan dalillar bilan qiyoslash, organizmlarning paydo
bo‘lishi va rivojlanishi, ularning tuzilishi va funksiyalarining murakkablashib
borish qonuniyatlarini bilib olishga imkon beradi. Shu orqali organizmlarning
paydo bo‘lishi va tarixiy taraqqiyoti qonuniyatlarini asoslab berish mumkin.
Tarixiy metod turli era va davrlarda organizmlarning paydo bo‘lishi va organik
olam evolutsiyasini o‘rganishda qo‘llaniladi.