2-masala. Odamlarda ko’z rangi jigarrang (dominant) va ko’k (retsessiv) bo’ladi. Ko’z rangini ta’min etuvchi genlar autosomada joylashgan. Daltonizmni belgilaydigan retsessiv gen va uning dominant alleli X xromosomada joylashgan. Jigarrang ko’zli, ranglarni yaxshi ajrata oladigan ayol (otasi ko’k ko’z va daltonik), ko’k ko’z, ranglarni normal ajrata oladigan erkakka turmushga chiqqan. Shu oilada o’rganilayotgan belgilar bo’yicha qanday fenotipga ega bo’lgan farzandlar tug’ilishi
mumkin?
3-masala. Albinizm (terida pigmentning bo’lmasligi) retsessiv belgi bo’lib, uni ta’min etuvchi gen va uning dominant alleli autosomada joylashgan. Gemofiliya kasalligini keltirib chiqaruvchi gen va uning dominant alleli esa jinsiy xromosomada joylashgan. Erkak kishi albinos, gemofilik bo’lishi mumkinmi?
4-masala. Otasi ko’k ko’z, daltonik bo’lgan jigarrang ko’z ayol ko’k ko’z, ranglarni normal ajrata oladigan kishiga turmushga chiqqan. Bu oilada eslatilgan belgilar bo’yicha qanday farzandlar tug’ilish ehtimoli bor?
5-masala. O’rta dengiz aholisi orasida anemiya turlaridan biri – talassemiya bilan kasallanish kuzatiladi va uni ta’min etuvchi gen autosomada joylashgan. Bu genning dominant alleli bo’yicha gomozigotalik sog’lomlikni, geterozigota holati kuchsizroq kasallanishni (kichik talassemiya) va retsessiv gomozigotalik kuchli kasallanishni (katta talassemiya) belgilaydi. Katta talassemiya bolalarda odatda o’limga olib keladi. Daltonik, kichik talassemiya bilan kasallangan ayol ranglarni normal ajratadigan, lekin kichik talassemiya bilan kasallangan erkakka turmushga chiqqan. Bu oilada eslatilgan belgilar bo’yicha qanday fenotipli bolalarning tug’ilish ehtimoli bor?
6-masala. Odamlarda ter bezlarining yo’qligi retsessiv belgi bo’lib, uni rivojlantiruvchi gen X xromosomada joylashgan. Albinizm (terida pigmentning bo’lmasligi) retsessiv autosomali belgi hisoblanadi. Terisi normal rangli va ter bezlariga ega bo’lgan ayol terisi normal rangli va ter bezlariga ega bo’lgan erkak bilan turmush qurgan. Bu oilada albinos va ter bezlari bo’lmagan o’g’il tug’ilgan. Ota-onaning o’rganilayotgan belgilar bo’yicha genotiplarini aniqlang.