11-masala. Qora donli suli o’simliklari kulrang donli o’simliklar bilan chatishtirilganda, keyingi avlodda olingan o’simliklarning 4/8 qismi qora, 3/8 qismi kulrang va 1/8 qismi oq donli bo’lgan. Chatishtirish uchun olingan o’simliklarning genotipini aniqlang.
12-masala. Qora donli suli o’simliklari o’zaro chatishtirilganda, F1 da olingan o’simliklarning 12/16 qismi qora, 3/16 qismi kulrang va 1/16 qismi oq donli bo’lgan. Chatishtirish uchun olingan o’simliklarning genotipini aniqlang.
13-masala. Qora donli suli o’simliklari kulrang donli o’simliklar bilan chatishtirilganda, keyingi avlodda olingan o’simliklarning 50% i qora, 25% i kulrang va 25% i oq donli bo’lgan. Chatishtirishdan olingan qora donli o’simliklarning ayrimlari oq donli o’simliklar bilan chatishtirilganda, keyingi avlodda olingan o’simliklarning 1/2 qismi qora, 1/2 qismi oq donli bo’lgan. Ayrim qora donli o’simliklar oq donli o’simliklar bilan chatishtirilganda esa 2/4 qism qora, 1/4 qism kulrang va 1/4 qism oq donli o’simliklar olingan. Olingan natijalarga asoslanib, o’rganilayotgan belgining irsiylanishi haqida nima deyish mumkin? Chatishtirish uchun olingan va chatishtirishdan keyin olingan barcha o’simliklarning genotipini aniqlang.
14-masala. Qora donlardan unib chiqqan suli o’simliklaridan hosil yig’ib olinganda, uning 277 tasi qora, 81 tasi kulrang va 26 tasi oq donli bo’lgan. O’rganilayotgan belgining irsiylanish qonuniyatini tushuntirib bering hamda fenotip bo’yicha olingan amaliy nisbatning nazariy jihatdan kutilgan nisbatga yaqin yoki uzoq ekanligini statistik metod yordamida aniqlang.
15-masala. Sariq mevali qovoq o’simliklari oq mevali o’simliklar bilan chatishtirilganda, F1 da olingan o’simliklarning mevasi oq mevali bo’lgan. F2 da esa 204 ta oq mevali, 53 ta sariq mevali va 17 ta yashil mevali o’simliklar olingan. Chatishtirish uchun olingan o’simliklarning va chatishtirishdan keyin olingan o’simliklarning genotipini aniqlang. F1 da olingan oq mevali o’simliklar yashil mevali o’simliklar bilan chatishtirilsa, keyingi avloddagi o’simliklar meva rangi bo’yicha qanday fenotipga ega bo’ladi?