1-masala. O’simliklar bo’yining baland yoki past bo’lishi bir necha dominant genlarning polimer ta’siriga bog’liq. Masalan, jo’xori o’simligida o’simlik bo’yining 120 sm atrofida bo’lishi A1A1A2A2 genotipga va 40 sm atrofida bo’lishi a1a1a2a2 genotipga bog’liq. Agar o’simlikning bo’yi genotipdagi dominant genlarning soniga bog’liq bo’lsa, quyidagi genotipli o’simliklarning bo’yi taxminan necha santimetr bo’ladi?
1) A1A1A2a2; 2) A1a1A2a2; 3) A1A1a2a2; 4) A1a1a2a2
2-masala. Uch juft polimer genlar bo’yicha retsessiv gomozigotali o’simliklar 32 sm, shu genlarning dominant gomozigota holatida esa 50 sm bo’yga ega bo’lishadi. Agar retsessiv gomozigotali o’simliklar dominant gomozigotali o’simliklar bilan chatishtirilganda 192 ta o’simlik olingan bo’lsa, ularning qancha qismi 44 sm bo’yga ega bo’lishadi?
3-masala. Faraz qilaylik, suli o’simligida don massasi uch juft allel bo’lmagan genlarga (A1, A2 va A3) bog’liq. Uning bitta gomozigotali navi 4 g, ikkinchisi esa 10 g don bersa, ularni chatishtirilganda olingan F1 va F2 o’simliklarida don massasi qanchadan bo’ladi?
4-masala. Makkajo’xori o’simligida poyaning uzunligi to’rt juft polimer gen orqali belgilanadi. Shu genlarning genotipda retsessiv holatda bo’lishi poya uzunligining 40 sm bo’lishini, ularning dominant gomozigota holatda bo’lishi esa 320 sm bo’lishini ta’minlaydi. Quyidagi genotipga ega jo’xori o’simliklari chatishtirilsa, ota-ona o’simliklarning hamda F1 va F2 da olingan o’simliklar bo’yining o’rtacha uzunligini aniqlang: A1A1A2A2A3A3a4a4 x a1a1a2a2a3a3A4A4.
5-masala. Odamlarda terining qora rangi uch juft dominant noallel genlar tomonidan, oq rangi esa uch juft retsessiv allellar tomonidan boshqariladi. Bu polimer genlar kumulyativ effektga ega. Agar qora rangli afrikalik negr yevro’alik qizga uylansa, ularning oilasida tug’iladigan bolalar – mulatlarning teri rangi jigarrang bo’ladi.
6-masala. Bug’doy o’simligida donning rangli bo’lishi ikki juft allel bo’lmagan dominant genlarga bog’liq. Donning to’q qizil rangi A1A1A2A2 genotipga, qizil bo’lishi A1A1A2a2 va A1a1A2A2 genotiplarga, och qizil bo’lishi A1A1a2a2, a1a1A2A2, A1a1A2a2 genotiplarga, juda och qizil bo’lishi A1a1a2a2, a1a1A2a2 genotiplarga va oq bo’lishi a1a1a2a2 genotipga bog’liq. Quyidagi genotipga ega bo’lgan bug’doy o’simliklarini chatishtirilganda keyingi avlodda olinadigan o’simliklarning genotipini va fenotipini hamda ularning nisbatini aniqlang:
1) A1a1A2A2 x a1a1a2a2; 2) A1a1a2a2 x a1a1A2a2; 3) A1a1A2a2 x A1a1A2a2.
7-masala. Och qizil donli bug’doy o’simliklari xuddi shunday och qizil donli o’simliklar bilan chatishtirilganda, keyingi avlodda olingan o’simliklarning doni ham och qizil bo’lgan. Lekin birinchi avlod o’simliklaridan urug’ yig’ib olinib, ikkinchi avlod o’simliklari olinganda don rangi bo’yicha ajralish ketgan. F2 o’simliklarining 1/16 qismi to’q qizil donli, 4/16 qismi qizil donli, 6/16 qismi och qizil donli, 4/16 qismi juda och qizil donli va 1/16 qismi oq donli bo’lgan. Chatishtirish uchun olingan va chatishtirishdan keyin olingan o’simliklarning genotipini aniqlang hamda nima uchun F2 da 1:4:6:4:1 nisbatda ajralish ketganligini tushuntirib bering.
8-masala. Tajribalardan birida och qizil donli bug’doy o’simliklari chatishtirilganda keyingi avlodda olingan o’simliklarning hammasi och qizil donli bo’lgan. Chatishtirishdan olingan o’simliklar o’z-o’ziga chatishtirilib, ikkinchi avlod olinganda esa o’simliklarni don rangi bo’yicha kuyidagi fenotipik sinflarga ajratish mumkin bo’lgan: to’q qizil, qizil, och qizil, juda och qizil va oq donli o’simliklar. Bu fenotipik sinflarga kiruvchi o’simliklarning nisbati 1:4:6:4:1 ga teng bo’lgan. Chatishtirish uchun olingan o’simliklarning genotipini aniqlang.
9-masala. Och qizil donli bug’doy o’simliklari oq donli o’simliklar bilan chatishtirilganda, keyingi avlodda olingan o’simliklarning 25% i och qizil donli, 50% i juda och qizil donli va 25% i oq donli bo’lgan. Chatishtirish uchun olingan o’simliklarning genotipini aniqlang.
10-masala. Qizil boshoqli bug’doy o’simliklari oq boshoqli o’simliklar bilan chatishtirilganda, F1 da boshoq rangi bo’yicha xilma-xillik ketgan. Bunda F1 da olingan o’simliklarning 42 tasi qizil va 15 tasi oq boshoqli bo’lgan. Boshqa bir qizil boshoqli o’simliklar yana o’sha oq boshoqli o’simliklar bilan chatishtirilganda, F1 o’simliklari yana xilma-xillik bergan. Bunda F1 o’simliklarining 54 tasi qizil va 18 tasi oq boshoqli bo’lgan. Chatishtirish uchun olingan qizil boshoqli o’simliklar o’zaro chatishtirilganda, F1 o’simliklarining 82 tasi qizil va 5 tasi oq boshoqli bo’lgan. Chatishtirish uchun olingan barcha o’simliklarning genotipini va o’rganilayotgan belgining irsiylanish qonuniyatini aniqlang.
11-masala. Bug’doy o’simligining don rangi bo’yicha farqlanuvchi namunalarini chatishtirishdan olingan natijalarni genetik jihatdan izohlang:
1. P qizil donli x oq donli
F1 3/4 qizil donli : 1/4 oq donli
2. P qizil donli x qizil donli
F1 7/8 qizil donli : 1/8 oq donli.
12-masala. Jag’-jag’ o’simligida mevasining shakli uchburchaksimon va tuxumsimon bo’ladi. Uchburchaksimon mevali o’simliklar tuxumsimon mevali o’simliklar bilan chatishtirilganda, F1 da olingan o’simliklarning hammasi uchburchaksimon mevali bo’lgan. F2 da esa olingan o’simliklarning 15/16 qismi uchburchaksimon mevali va 1/16 qismi tuxumsimon mevali bo’lgan. O’rganilayotgan belgining irsiylanishini tushuntirib bering. F1 da olingan o’simliklarni tuxumsimon mevali o’simliklar bilan qayta chatishtirilsa, keyingi avlodda qanday mevali o’simliklar olish mumkin?
Dostları ilə paylaş: |