1. Biotexnologiya - fanining mohiyati va vazifalari Mikrob biotexnologiyasi - bu o’ta muhim mikrobiologik jarayonlarni yaratish va ulardan
sanoat usulida foydalanish orqali zarur bo’lgan mikrob hujayralari, organelalari va
fermentlarini ishlab chiqarish hamda ulardan xalq xo’jaligi va medisinada foydalanishning
nazariy va amalliy tomonlarini yoritib beradigan fandir. Bu fan asosan mikrobiologiya,
fiziologiya, biokimyo va genetika fanlari yutuqlari asosida tashkil qilingan bo’lib, uning
zaminida ko’zga kurinmas mikroorganizmlar faoliyatidan unumli va oqilona foydalanish yotadi.
Mikroorganizmlar o’zlarining keng tarmoqli fermentlar tizimi tufayli o’sish, rivojlanish va
ko’payish jarayonlaridan, hayotiy zarur, insoniyat uchun xizmat qilaoladigan minglab fiziologik
faol moddalar ishlab-chiqarish imkoniyatlariga ega. Bundan tashqari mikroorganizmlar har xil
tabiiy va kimyoviy birikmalarini o’ta muhim moddalarga aylantirish (modifikasiya qilish)
imkoniyatlariga ham egalar.
Insoniyat paydo bo’lganlaridan buyon bilib-bilmay mikroorganizmlar faoliyatidan
foydalanib kelganlar.
Non pishirish, pivo, vino, uksus, qatiq tayyorlash kabi qadimiy texnologiyalar
mikroorganizmlar ishtirokida amalga oshishini hozirgacha ham hamma bilavermaydi.
YUqorida zikr etilgan jarayonlarni ko’pchiligi insoniyat hali mikroorganizmlar haqida bilimga
ega bo’lmagan vaqtlardan beri mavjudligi fikrmizning dalilidir. qadim-qadimlarda (ko’pincha
hozir ham) bu jarayonlarda achitqi sifatida, shu maxsulotlarga havo va suv orqali kirib qolgan
mikroorganizmlar faoliyat ko’rsatgan. Non yopishda xamirturushdan yoki qatiq tayyorlashda bir
qoshiq eski qatiqdan foydalanish zarurligi hammaga ma’lum. Ammo, xamirturushda
saxaromisetlar, qatiqda esa sut achituvchi bakteriyalar borligini hozirgacha ham ko’pchilik
bilmaydi.
Bugungi kunda mikroorganizmlar xalq-xo’jaliginng har xil tarmoqlari uchun sut kislotasi,
limon kislotasi, yog’ kislotalari, etil spirti, aseton, butanol va yuzlab boshqa maxsulotlar etkazib
beradilar.
Mikroorganizmlardan sut kislotasi, butanol va aseton olish texnologiyalarini birinchilardan
bo’lib, buyuk rus olimi V.N.SHaposhnikov (1884-1968) va uning shogirdlari N.D.Ierusalimskiy
(1901-1967), M.N.Bexteryova limon kislotasi olish texnologiyasini esa S.P.Kosto’cheva (1877-
1931) va I.S.Butkevich (1872-1942) yaratganlar.