FOYDANING TAQSIMLANISHI Sizning korxonangizning dastlabki moliyaviy natijasi yalpi foyda ko‘rinishida bo‘ladi. Yalpi foyda – bu yalpi daromad yoki tushumdan ishlab chiqarish xarajatlarining farqidir. Biroq siz hali yalpi foydani to‘liq o‘z ixtiyoringizga ko‘ra ishlata olmaysiz. Buning uchun, avvalo, korxona yalpi foydasini taqsimlash zarur bo‘ladi. Birinchi navbatda yalpi foydadan boshqa iqtisodiy subyektlarga turli to‘lovlar amalga oshiriladi. Bu to‘lovlarga boshqalarning yer va binolaridan foydalanganlik uchun ijara haqi, qarzga olingan pul mablag‘lari uchun to‘lanadigan foizni kiritish mumkin. Bundan tashqari, korxonalar davlat va mahalliy hokimiyat organlari budjetiga soliqlar to‘laydilar, turli xayriya va boshqa fondlarga mablag‘lar kiritadilar. Mablag‘larning qolgan qismi korxona sof foydasini tashkil etadi.
O‘z navbatida sof foyda ham taqsimlanadi. Sof foydadan korxonaning ishlab chiqarish va ijtimoiy ehtiyojlariga, shuningdek, jamg‘arish (ishlab chiqarishni kengaytirish)ga, atrof-muhit muhofazasi, xodimlarni tayyorlash va qayta tayyorlash va boshqa maqsadlarga sarflanadi.
IQTISODIY FOYDA VA BUXGALTERIYA FOYDASI Oldingi mavzularda ichki va tashqi xarajatlarning o‘zaro farqini ko‘rib chiqqan edik. Shundan kelib chiqqan holda, iqtisodiy foyda va buxgalteriya foydasini o‘zaro farqlash lozim.
Iqtisodiy foyda – yalpi pul tushumi bilan barcha ichki va tashqi xarajatlarning farqi.
Buxgalteriya foydasi – yalpi pul tushumi bilan tashqi xarajatlarning farqi. Shu sababli buxgalteriya foydasi iqtisodiy foydadan ichki xarajatlar miqdoriga ko‘proqdir.
RENTABELLIK Sizning korxonangiz faoliyati moliyaviy natijalarini baholash uchun foyda olishning o‘zi yetarli emas. Chunki olingan foyda hajmi korxona faoliyati ko‘lami to‘g‘risida to‘liq ma’lumot bera olmaydi. Shunga ko‘ra, foyda hajmini uni olish maqsadida amalga oshirilgan ishlab chiqarish xarajatlariga taqqoslanishi moliyaviy natijani to‘g‘ri baholash imkonini beradi. Mazkur ko‘rsatkich rentabellik deb ataladi.
Rentabellik– foyda hajmining ishlab chiqarish xarajatlariga nisbatining foizdagi ifodasi.
Siz o‘z korxonangiz faoliyati rentabelligini hisoblamoqchi bo‘lsangiz, u holda quyidagi formuladan foydalanishingiz mumkin:
R TC = ×100%
Bu yerda: R – rentabellik; Pr – foyda hajmi; TC – ishlab chiqarish
xarajatlari.
Aytaylik, sizning korxonangizda daftar ishlab chiqarishdan olingan foyda hajmi 24 mln. so‘mni, ishlab chiqarish xarajatlari esa 60 mln. so‘mni tashkil etsa, rentabellik darajasi 40% (24 mln. so‘m / 60 mln. so‘m) × 100%) ni
tashkil etadi. Rentabellik ishlab chiqarilayotgan mahsulot hajmiga to‘g‘ri mutanosib
hamda ishlab chiqarish xarajatlariga teskari mutanosibdir. Shu tufayli rentabellik korxona ish samaradorligining integral ko‘rsatkichi hisoblanadi. Foydaning o‘sishiga, chiqarilayotgan mahsulot umumiy hajmi o’zgarmagan holda ikki yo‘l bilan:
1) ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish hisobiga;
2) narxni oshirish hisobiga erishish mumkin.