3. Kristall panjaralarning turlari .
Qattiq moddalar, odatda, kristall tuzilishli bo`ladi. Ular zarrachalarining fazoda qat`iy muayyan nuqtalarda to`g`ri joylashuvi bilan harakterlanadi. Bu nuqtalar bir birini kesib o`tuvchi to`g`ri chiziqlar bilan fikran birlashtirilsa, kristal panjara deyiladigan fazoviy karkas hosil bo`ladi. Zarrachalar joylashgan nuqtalar kristall panjaraning tugunlari deb ataladi.
Zarrachalarning turiga va ular orasidagi bog`lanish xususiyatiga qarab, kristall panjaraning to`rtta turi bo`ladi: ionli, atomli, molekulyar va metall panjaralar.
Ionlardan tuzilgan kristal panjaralar ionli panjara deyiladi. Ularni ionli bog`lanishli moddalar hosil qiladi. Masalan, NaCl kristalli.
Kristallda yoki alohida molekulada ayni zarrachaga zich yaqinlashib kelgan qo`shni zarrachalar soni koordinatsion son deyiladi.
Tugunlarida alohida atomlar bo`ladigan kristall panjaralar atomli panjaralar deyiladi. Bunday panjaralarda atomlar o`zaro puxta kovalent bog`lanishlar bilan birikkan bo`ladi. Masalan, olmos strukturasi.
Qutbli va qutbsiz molekulalardan tarkib topgan kristall panjaralar molekulyar panjaralar deyiladi. Bunday panjaralarda molekulalar bir-biri bilan nisbatan bo`sh molekulalararo kuchlar vositasida birikkan bo`ladi, masalan, muz, qattiq CO2, qattiq HHal lar, inert gazlar, ikki (F2, Cl2, Br2, I2, H2, O2, N2), uch (O3), to`rt (P4), sakkiz (S8) atomli molekulalardan hosil bo`lgan qattiq oddiy moddalar.
Qattiq holatda metallar metal kristall panjaralar hosil qiladi. Ular odatda valent elektronlar, ya`ni manfiy zaryadlangan «elektron gaz» bilan yagona bo`lib bog`langan metall kationlarining birikmasi sifatida tasavvur qilinadi.
Dostları ilə paylaş: |