Inson psixikasini – ruhiyatini tadqiq qilish uchun uning hayoti, faoliyati, ijodiyoti to’g’risidagi og’zaki va yozma ma’lumotlar odamlarning tarjimai holi, kundaliklari, xatlari, esdaliklari muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga o’zgalar tomonidan to’plangan tarjimai holga aloqador materiallar: esdaliklar, xatlar, rasmlar, tavsiflar, magnitofon ovozlari, foto lavhalar, xujjatli filmlar, videokamera
tasviri, taqrizlar, tanbehlar ham o’rganilayotgan shaxsni to’laroq tasavvur etishga xizmat qiladi. Hatto shifokorning kasallik tarixi xujjati ham bolaning tug’ilganidan, ham to boshlang’ich ma’lumot olgunicha davr oralig’ida salomatlik darajasi qanday bo’lganligi to’g’risidagi omillar bilan tanishish imkonini beradigan material hisoblanadi. Biografiya metodi inson psixikasini suhbat va tajriba metodlari vositasida o’rganib bo’lmaydigan jihatlarini ochishda yordam bo’radi. Mazkur metod orqali, masalan, ijodiy xayol bilan bog’liq jarayonlar: sheriyat, musiqa, nafosat, tasviriy san’at, texnik ijodiyotning nozik turlari va shaxsning ma’naviyat, qadriyat, qobiliyat, iqtidor, iste’dod salohiyat kabi fazilatlari kuzatiladi. Inson ongining namoyon bo’lishi, rivojlanishi, o’ziga xos individual va ijtimoiy xususiyatlari atoqli shaxslar bildirgan mulohazalarida, asarlarida o’z ifodasini topadi. Allomalar to’g’risidagi ma’lumotlar zamondoshlari, izdoshlari, safdoshlarining ta’rifu – tavsiflari orqali avloddan – avlodga o’tadi. Xuddi shu ijtimoiy uzluksiz natijasida ajdodlar bilan avlodlar o’rtasida vorislik hodisasi ijtimoiy psixologik voqelik vujudga keladi va ijtimoiy tarixiy taraqqiyotning uyg’unligini ta’minlaydi.
Sotsiometriya metodi
Bu tadqiqot metodiga AQShlik Djon Moreno asos solgan bo’lib, kichik (birlamchi) guruh a’zolari o’rtasida emotsional, hissiy munosabatlarni bevosita o’rganish va darajasini o’lchashda qo’llaniladi. Mazkur metod yordamida muayyan guruhdagi har bir a’zoning o’zaro munosabatlarini aniqlash uchun uning faoliyatida kim bilan ishtirok etishi so’raladi. Olingan ma’lumotlar matritsa, grafik, sxema, jadval, diagramma shaklida ifodalanadi. Ulardagi miqdor ko’rsatkichlari guruhdagi odamlarning shaxslararo munosabatlari mazmuni yuzasidan ma’lum bir xulosa qiladi. Biroq ma’lumotlar guruhiy munosabatlarning tashqi ko’rinishini aks ettiradi xolos. Uni takomillashtirish maqsadida hozirgi vaqtda psixolog olimlar Ya.
L. Kolominskiy va I. P. Volkov tomonidan sotsiometriyaning kichik guruhlar psixologiyasiga moslab o’zgartirilgan variantlari, ko’rinishlari ishlab chiqilganki, ular orqali shaxslarning bir – birini tanlashi motivlarini aniqlash mumkin. Ayniqsa, sotsiometriyaning Ya. L. Kolominskiy ishlab chiqqan o’zgartirilgan varianti
bolalar jamoasidagi shaxslararo munosabatlar to’g’risida to’la axborot berishga yordam beradi.
Odatda o’quvchilardn quyidagicha savollarga javob berish talab qilinadi: “Sen sayohatga kim bilan borishni xohlaysan?”, “mashg’ulotlarga kim bilan birga tayyorlanishni istaysan?”, “Kim bilan qo’shni bo’lib yashashni yashashni yoqtirasan?” sinaluvchi har uchta javobdan bittasini “eng ma’qul” deb tanlashi lozim. Unga “avval, hammadan ko’ra ko’proq kim bilan birga bo’lishini xohlasang, o’shaning familiyasini yoz”, “aytilgan shartlarga binoan uchinchi shaxsning familiyasini yoz” deb uqtirish maqsadga muvofiq.
Guruhiy tabaqalanishni ko’rsatish uchun sotsiogramma to’rtta “maydon”ga ajratiladi. Qizlar doiracha bilan, o’g’il bolalar esa uchburchaklar bilan belgilanadi. Doiracha va uchburchaklar soni familiyalar soniga to’g’ri keladi. Guruh a’zolarining o’zaro munosabatlari doiracha va uchburchaklar strelkalar bilan bog’langanida o’z ifodasini topadi. Eng ko’p munosabatga ega bo’lgan sinaluvchi doiraning markazidan o’rin oladi. U guruh a’zolarining eng yoqimtoyi hisoblanadi. Shaxslar bilan aloqa o’rnatmagan sinaluvchi doiraning eng chetidan joy oldai. Oraliqdagi “maydon”larga o’rtacha va undan kamroq tanlangan tekshiriluvchilar joylashtiriladi. Shu yo’l bilan birinchidan shaxslararo munosabatlarning darajasi va ko’lami aniqlanadi, ikkinchidan qizlar bilan o’g’il bolalar o’rtasidagi ko’rsatkichlar taqqoslanadi. Natijalarga qarab guruhdagi munosabatlar va ularning o’ziga xosligi, psixologik birini taqozo etuvchanligi haqida xulosalar chiqariladi. Shu bilan birga nazariy va metodologik ahamiyatga molik g’oyalar, qonuniyatlar ilgarisuriladi, amaliy ko’rsatmalar beriladi, aniq tavsiyalar bildiriladi, mavzuning tadqiqot istiqboli to’g’risida muloxazalar yuritiladi.