105
safarbar etadigan qudratli kuch bo‘lib maydonga chiqdi. Ayni vaqtda u
O‘zbekistonning davlat mustaqilligi sari qo‘yilgan birinchi dadil qadam edi. Bu
qonun xalqimizning o‘z taqdirini o‘zi belgilash yo‘lidagi azmu qarorining yorqin
namoyoni bo‘ldi. Oradan ikki yil o‘tib, O‘zbekiston Respublikasining davlat
mustaqilligi aynan ona tilimizda jahonga e’lon qilindi.
Mamlakatimizning Asosiy qonuni – Konstitutsiyamizning o‘zbek tilida
yaratilishi uning nufuzini yanada yuksaltirdi. Yurtimiz bo‘ylab va xalqaro
maydonlarda ona tilimizda yangrayotgan Davlat madhiyasi ham qalblarimizda
Vatan tuyg‘usini jo‘sh urdiradi. O‘zbek tili o‘tgan yillar davomida
mamlakatimizdagi yuzdan ortiq millat va elat vakillarini o‘zaro bog‘laydigan
mehr-oqibat tiliga aylandi.
Bundan besh asr muqaddam hazrat Alisher Navoiy:
“Turk nazmida chu men tortib alam,
Ayladim ul mamlakatni yakqalam”, deb yozgan edi. Ya’ni, ul zot ona tili
bayrog‘ini baland ko‘tarib, butun el-ulusni, yurtlarni shu bayroq ostida
birlashtirdim, deb iftixor qilgan. Barchamizga yaxshi ayonki, ona tili – millat
ma’naviyatining mustahkam poydevoridir. Ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz
Abdulla Avloniy ta’kidlaganidek, har bir millatning dunyoda borligini
ko‘rsatadigan oyinai hayoti – bu uning milliy tili va adabiyotidir. Shu ma’noda
dunyo hamjamiyatidan munosib o‘rin egallashni maqsad qilib qo‘ygan har qaysi
davlat avvalo o‘z xalqining milliy tili va madaniyatini asrab-avaylashga,
rivojlantirishga intiladi. Mustaqillik yillarida ona tilimizni tom ma’noda davlat
tiliga aylantirish yo‘lida katta chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Shu o‘rinda bir fikrga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Hozirgi kunda Yer
yuzida 7 mingdan ziyod til mavjud bo‘lsa, ularning faqat 200 ga yaqini davlat tili
yoki rasmiy til maqomiga ega. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, o‘zbek tiliga
davlat tili maqomini huquqiy jihatdan muhrlab bergan mazkur qonunning
xalqimiz hayotidagi o‘rni va ahamiyati beqiyosdir. Bu tarixiy voqeadan so‘ng
lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish haqida yana bir muhim
qonun qabul qilindi.
Dostları ilə paylaş: