Boshlang‘ich sinflarda sifat so‘z turkumini muammoli o‘qitish texnologiyasi.
Muammoli ta'lim – bu mantiqiy fikrlash jarayoni (tahlil, umumlashtirish va boshqa shu kabilar) va o'quvchilarning izlanishli faoliyati qonuniyatlarini (muammoli vaziyat, bilishga qiziqish, ehqtiyoj) hisobga olib tuzilgan ta'lim va o'qitishning ilgari ma'lum bo'lgan usullarini qo'llash qoidalarining yangi tizimidir. Shuning uchun ham muammoli ta'lim ko'proq o'quvchi fikrlash qobiliyatining rivojlanishini, uning umumiy rivojlanish va e'tiqodining shakllanishini ta'minlaydi. Didaktikaning barcha yutuqlarini istisno qilmay, balki ulardan foydalangan holda muammoli ta'lim ilmiy bilim va tushunchalarni, dunyoqarashni shakllantirish, shaxs va uning intellektual faolligini har tomonlama rivojlantirish vositasi sifatida rivojlantiruvchi ta'lim bo'lib qoladi. Muammoli ta'lim nazariyasi o'quvchi intellektual kuchining rivojlantiruvchi ta'limni tashkil qilishning psixologik – pedagogik yo'llari va usullarini tushuntiradi. Muammoli vaziyatlarning roli va ahamiyatini aniqlash o'quvchi faol fikrlash faoliyatining psixologik-pedagogik qonuniyatlarini izchil ravishda hisobga olish asosida o'quv jarayonini qayta qurish g'oyasiga olib keldi. Yangi pedagogik faktlarni nazariy jihatdan mulohaza qilib ko'rish asosida muammoli ta'limning asosiy g'oyasi aniqlanadi: muammoli ta'limda bilimning deyarli katta qismi o'quvchilarga tayyor holda berilmaydi, balki o'quvchilarning tomonidan muammoli vaziyat sharoitlarida mustaqil bilish faoliyati jarayonida egallab olinadi. Ma'lumki, shaxsning har tomonlama va garmonik rivojlanishining muhim ko'rsatikichi – yuqori darajada fikr yuritish qobiliyatining mavjudligidir. Agar ta'lim ijodiy qobiliyatni rivojlantirishga olib borsa, u holda uni so'zning zamonaviy ma'nosida rivojlanuvchi ta'lim deb hisoblash mumkin.
Boshlang'ich sinflarda sifat turkumini o'rganish tizimi o'quv materialini leksik va grammatik tomondan izchillik bilan boyitib, murakkablashtirib borishni ko'zda tutadi. O'quvchilar savod o'rgatish davridan boshlab, to 4- sinfga qadar belgi bildiruvchi so'zlarning — sifatning leksik va grammatik ma'nolarini boshlang'ich sinf ona tili dasturi hajmida o'rganadilar. Savod o'rgatish davrida belgi bildirgan so'zlarning ma'nolarini o'qituvchining "Mazasi qanday olma? Rangi qanday olma? Hajmi qanday olma?" kabi savollari asosida kuzatish orqali amaliy bilib boradilar. 1-sinfda va 2-sinfda "Shaxs va narsaning belgisini bildirgan so'zlar" mavzusi o'rgatilayotganda o'quvchilar belgi bildirgan so'zlarni ma'nolariga ko'ra guruhlash ishlarini bajaradilar, ya'ni - ularni so'roqlar yordamida gap va matnda shaxs, narsa, harakat, miqdor bildirgan so'zlardan farqlash ko'nikmasini egallaydilar. Bunda o'qituvchi oldida turgan muhim vazifa o'quvchilarning narsa va shaxsning belgilar i xilma-xil bo'lishini, ya'ni narsa rangi, mazasi, shakli, hidi, hajmi, xususiyatlariga ko'ra farqlanishini, bular narsa va shaxsning belgilari ekanini anglashlariga erishish, nutqda ulardan samarali foydalanish orqali o'quvchilar nutqini belgi bildirgan so'zlar bilan boyitish va nutqini o'stirishdir. Ayniqsa, o'quvchilarga narsa va shaxslarni belgilariga ko'ra tavsiflashga doir mashqlarga va bunga oid o'quv topshiriqlariga katta ahamiyat berish lozim.
3-4-sinflarda esa sifat atamasi bilan tanishtirilgach, mazkur atama bilan elementar nazariy ma'lumotlarga ega bo'ladilar.
3-4-sinfda o'quvchilarning sifatlarning o'ziga xos leksik-grammatik xususiyatlari haqidagi bilimlari va ko'nikmalariga asoslanib, og'zaki va yozma ijodiy ishlar — maktab bog'i yoki istirohat bog'iga sayohat uyushtirib, u yerda kuzatilgan daraxt, qushlar, hayvonlarni tasvirlab, kichik hikoya tuzish kabilarga alohida o'rin beriladi. Buni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun ona tili va o'qish darslarida ma'nodosh va zid ma'noli sifatlar, sifatning o'z va ko'chma ma'nolarda ishlatilishini kuzatishga, sifat yasashga doir leksik-semantik va grammatik mashqlarni tashkil etish maqsadga muvofiqdir. Ona tili va o'qish darslarida o'quvchilar nutqi yangi-yangi sifatlar bilan boyitiladi, ularga oldindan ma'lum bo'lgan sifatlarning ma'nosiga aniqlik kiritiladi. Sifatlar bolalar nutqini va tasavvurini boyitishga xizmat qiladi. Sifatlar narsa va hodisalarni aniq tasvirlash, ifodalash imkonini beradi. Bu imkoniyatdan foydalanib, ijodiy matn tuzishga o'rgatish o'quvchilarning fikrini aniqlashtiradi, nutqining ta'sirchanligini oshiradi.