Bozor iqtisodiyoti tushunchasi va uning mohiyati


Bozor munosabatlari va iqtisodiy raqobat



Yüklə 327,5 Kb.
səhifə3/4
tarix15.10.2022
ölçüsü327,5 Kb.
#65197
1   2   3   4
Bozor iqtisodiyoti tushunchasi va

Bozor munosabatlari va iqtisodiy raqobat
Bozor iqtisodiyotiga xos bo`lgan belgilardan biri - iqtisodiy raqobatning mavjudligidir. Bozor munosabatlarining ishtirokchilari - tovar ishlab chiqaruvchilar1 va iste`molchilar o`zlarining iqtisodiy manfaatlariga egadirlar. Bu manfaatlarni yaxshiroq va oqilona qondirish yo`lidagi ularning barcha xatti-harakatlari va intilishlari raqobat kurashi tarzida namoyon bo`ladi. Tovar ishlab chiqaruvchilar (tadbirkorlar) o`z tovarlarini yuqoriroq narxda sotib, ko`proq foyda olish uchun kurashadilar, iste`molchilar kamroq xarajat qilgan holda o`z manfaatlarini ko`proq qondirishga intiladilar.
Bozor iqtisodiyoti erkin tadbirkorlikka asoslangan tizim bo`lgani uchun eng kuchli raqobat kurashi tovar ishlab chiqaruvchilar o`rtasida bo`lishi tabiiy hol. Chunki har bir tadbirkor o`z mablag`ini ko`proq va tezroq foyda olishi mumkin bo`lgan sohaga kiritishga, ishlab chiqargan tovarini bozorda ko`proq va yuqoriroq bahoda sotishga harakat qiladi. Natijada ham xomashyo bozorida, ham tayyor maxsulotlar bozorida tovar ishlab chiqaruvchilar o`rtasida raqobat kurashi paydo b o`ladi.
Raqobat kurashining 2 xil turi - tarmoqichra va tarmoqlararo raqobat mavjud bo`lib, ularning birinchisi bir xil tovarlar ishlab chiqarish bilan band bo`lgan tadbirkorlar raqobatidir. Tarmoqlararo raqobat esa turli xil tovarlarni ishlab chiqaruvchilar o`rtasidagi kurashda namoyon bo`ladi.
Endi raqobat kurashining bu ikki turi xususida batafsilroq to`xtalib o`tamiz.
Tarmoqichra raqobat o`z mohiyatiga ko`ra iqtisodiy taraqqiyotning juda muhim omili bo`lib xizmat qiladi. Bir xil ehtiyojni qondirishga mo`ljallangan tovarlarni ishlab chiqaruvchilar o`rtasidagi raqobatda "sendan men o`taman" tarzida kurash ketadi. Masalan, odamlarning nonga bo`lgan talab-ehtiyojlarini qondiruvchi tadbirkor-novvoy yoki "Doka-non" firmasi o`z mahsulotlarini ko`proq sotib, ko`proq foyda olish uchun, avvalambor, nonning sifatini oshirishga harakat qiladi. Biroq, o`z-o`zidan ma`lumki, nonning sifati yaxshi bo`lishi bilan uning sotuvi ko`payib qolmaydi. Uning narxi ham xaridor uchun ma`qul bo`lishi kerak. Shuning uchun tadbirkor yoki firma yopilayotgan nonning narxini tushirish uchun o`z xarajatlarini kamaytirish yo`llarini izlaydi.
Shunday qilib, tarmoqichra raqobat tadbirkorlardan bir vaqtning o`zida ikkita muhim vazifa bilan shug`ullanishni taqazo etadi. Ularning birinchisi mahsulot ishlab chiqarishni ko`paytirish bo`lsa, ikkinchisi ishlab chiqarishga yangi texnika va texnologiyani joriy qilish, mehnat va ishlab chiqarishni tashkil etishni takomillashtira borishdir. Kam hajmda va sifatsiz mahsulot ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar tez orada bankrotlikka uchraydi, ya`ni sinadi.
Tarmoqlararo raqobat ham bozor iqtisodiyoti sharoitida shiddatli kechadi. Sarmoya egalari o`z mablag`larini biron-bir soha yoki tarmoqqa yo`naltirishdan oldin u erdagi foyda me`yori bilan qiziqadi. Tabiiyki, qaysi tarmoqda uning sarmoyasi ko`proq foyda keltirsa, u o`z mablag`ini aynan shu tarmoqqa kiritadi.
Bozor iqtisodiyotiga asoslangan mamlakatlar xo`jalik amaliyotida shunday hollar ham sodir bo`ladiki, tadbirkorlar o`zi faoliyat ko`rsatayotgan tarmoqdan voz kechib, mutlaqo boshqa tarmoqda ish yurita boshlaydilar. Buning sababi oldin sarmoya kiritilgan tarmoqda foyda me`yorining tushib ketgani va ko`proq foyda olish mumkin bo`lgan boshqa tarmoqning mavjudligidir. Masalan, muzlatgich ishlab chiqaruvchi firma yuqorida ko`rsatilgan holat tufayli konditsioner ishlab chiqarishga, televizor ishlab chiqarayotgan firma kompьyuterlar ishlab chiqarishga qayta ixtisoslashuvi mumkin.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida ro`y beruvchi raqobat kurashini mukammal, nomukammal va monopolistik raqobatlarga ajratish mumkin.
Mukammal raqobat deganda bir xil tovarlar va xizmatlar taklif qilinadigan bozordagi raqobat tushuniladi. Masalan, televizorlar bozori, kompьyuterlar bozori, un yoki sut mahsulotlari bozori va hokazo.
Raqobatning bu turi quyidagi belgilarga ega:
-bozordagi tadbirkorlarning erkinligi, ya`ni istagan paytda bozorga o`z mahsuloti bilan kira olishi va undan chiqib keta olishi;
-hech kimning bozorda hukmronlik qila olmasligi va boshqalarga taziyq o`tkazmasligi;
-tovar ishlab chiqaruvchilarning halol va madaniylashgan usullar bilan raqobatlashuvi.
Nomukammal raqobat esa ayrim tovar ishlab chiqaruvchilarning hukmronlik qilishi natijasida boshqalarning iqtisodiy erkinligi cheklangan bozordagi raqobatdir. Bunday sharoitda bozorga hamma ham o`z mahsuloti bilan erkin kira olavermaydi. Shuning uchun raqobat kurashi tor doiradagi tadbirkorlar va firmalar o`rtasida sodir bo`ladi. Masalan, Germaniya Federativ Respublikasining avtomobil bozoridagi raqobatni olaylik. Bu erda raqobat kurashi "Mersedes Bents", "Folksvagen", BMV hamda "Opel" avtogigantlari orasida boradi.
O`z tabiatiga ko`ra nomukammal raqobatga yaqin turgan va hatto uning bir ko`rinishi bo`lgan raqobat ham borki, uni monopolistik raqobat deyiladi. Raqobat kurashining bu turiga xos bo`lgan xususiyat shundan iboratki, u yoki bu tovarlar (xizmatlar) bozorida bittagina firma tanho hukmronlik qiladi. Masalan, Asaka shahrida joylashgan O`zbekiston-Koreya avtomobil qo`shma korxonasi mamlakatimizdagi engil avtomobillar bozorida tanho hukmronlik qiladi va hozircha u bilan bellasha oladigan raqobatchi yo`q. Biroq ushbu korxonaning raqobatchisi yo`q ekan, u kim bilan raqobatlashadi, degan savolning tug`ilishi tabiiy. To`g`ri, mamlakat ichida u bilan raqobatlashadigan avtokorxona yo`q. Ammo, jahondagi 30 ga yaqin mamlakatda engil avtomobillar ishlab chiqaruvchi firmalar mavjud. O`zbekiston avtomobillar bozorida ular ham qatnashishi mumkin. Shuning uchun Asakadagi zavod, birinchidan, mamlakatlararo, ya`ni xalqaro raqobatda qatnashadi va shu tufayli ishlab chiqarayotgan avtomobillarining raqobatbardoshliligini oshirish uchun kurashadi. Ikkinchidan, u avtomobil tayyorlash uchun zarur bo`lgan butlovchi mahsulotlar bozori hamda mehnat bozoridagi raqobat kurashida qatnashadi.
Raqobat kurashining o`ziga xos bo`lgan usullari va vositalari mavjud.
Raqobat usullarini shartli ravishda madaniylashgan (ya`ni halol) va yovvoyilashgan (g`irrom) usullarga ajratish mumkin.
Halol raqobat kurashi barcha tadbirkorlar tomonidan e`tirof etilgan va tan olingan, umuminsoniy qadriyatlarga tayanuvchi usullar orqali kechadi. Tadbirkorlik faoliyatining asosida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va ko`rsatilayotgan xizmatlarning sifatini oshirish, ularning narxini tushirish va reklamani kuchaytirish orqali tobora ko`proq iste`molchilarni o`z tomoniga "ag`darib olish" kabi vositalar yotadi.
G`irrom raqobat kurashi, odatda, g`ayriinsoniy vositalar orqali amalga oshiriladi. Bularga boshqa tadbirkorlarning tovarlarini ochiqdan-ochiq yoki yashirin holda yomonlash, ularning texnologik yangiliklari va tovar belgilarini o`g`irlash, qo`poruvchilik, josuslik, reket va hattoki qotillik kabi vositalar kiradi.
Raqobat kurashining g`irrom usuli va vositalari ko`proq bozor iqtisodiyotiga o`tishning ilk davrida uchraydi. Ammo bu rivojlangan mamlakatlar xo`jalik amaliyotida raqobat kurashi faqat halol usullar bilan olib boriladi, degan ma`noni bildirmaydi. Raqobatning g`irrom usullari, afsuski, hamma vaqt va barcha mamlakatlar xo`jalik hayotida uchrab turadi.
Bozor iqtisodiyotining asosiy tamoyillari
Bozor iqtisodiyotiga o`tishning ham, uning samarali amal qilishining ham yagona va universal tamoyili yo`q, deb aytish mumkin. Har bir mamlakatning, har bir xalqning faqat o`ziga xos bo`lgan tarixiy, ijtimoiy va milliy qadriyatlari va xususiyatlari mavjud. Shuning uchun bozor iqtisodiyotiga o`tish davri ham har bir mamlakatda o`ziga xos tarzda kechadi va uning amal qilishida muayyan tafovutlar bo`lishi tabiiy. Shu bilan birga bozor iqtisodiyotini tizim sifatida belgilab beruvchi bir qator tamoyillar mavjud bo`lib, ularning asosiylari xususida to`xtalib o`tamiz.
Xususiy mulkchilikning ustivorligi. Iqtisodiy munosabatlar tizimida mulkchilik muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki moddiy ne`matlarni ishlab chiqarish, ayirboshlash va iste`mol qilish xarakteri asosan mulkchilik munosabatlariga bog`liq. Mulkchilikning sub`ektlari va ob`ektlari mavjud bo`lib, uning birinchisiga davlat, jismoniy va yuridik shaxslar kiradi. Ikkinchisiga esa, ya`ni ob`ektlariga, tabiiy resurslar, bino va inshootlar, asbob-uskunalar, qimmatbaho qog`ozlar, pul mablag`lari va aqliy mehnat natijalari kiradi.
M ulkchilik ob`ektlariga egalik qilish turli iqtisodiy tizimlarda turlicha bo`ladi. Rejali iqtisodiyot deb nomlanuvchi ma`muriy - buyruqbozlik tizimida mulkchilik ob`ektlariga asosan davlat egalik qiladi va xususiy mulkning ulushi juda ham kam bo`ladi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida esa buning aksi, ya`ni mulkchilik ob`ektlarining aksariyat qismi xususiy mulkdorlar tasarrufida bo`lib, davlat mulki iqtisodiyotning asosini tashkil etmaydi.
Xususiy mulk asosan individual (bir shaxsga tegishli) mulk, oila mulki, jamoa mulki, shirkat mulki, qo`shma mulk, hissadorlik mulki, diniy tashkilotlar mulki shakllarida amal qiladi.
Shunday qilib, bozor iqtisodiyotiga asoslangan mamlakatlarda iqtisodiyotning ikkita bo`lagi paydo bo`ladi. Ular xususiy mulkchilikning barcha shakllarini birlashtiruvchi nodavlat sektori va davlat tasarrufidagi mulkdan iborat davlat sektoridir. Bozor iqtisodiyoti tizimining samarali amal qilishi ko`p jihatdan ana shu ikkita sektorning nisbatiga bog`liq desa bo`ladi.
Rivojlangan mamlakatlar tajribasi shundan dalolat beradiki, xususiy mulkchilik hukmron mavqega ega bo`lgan holda, ya`ni tovarlar va xizmatlar ishlab chiqarish asosan iqtisodiyotning nodavlat sektorida mujassamlashganda, iqtisodiy taraqqiyot sur`atlari yuqori bo`ladi. Shuning uchun xususiy mulkchilikning ustivorligi bozor iqtisodiyotining eng muhim va asosiy tamoyillaridan hisoblanadi.
Iqtisodiy faoliyat erkinligi. Odamlarning o`z ehtiyojlarini qondirish bilan bog`liq bo`lgan faoliyati iqtisodiy faoliyat deb yuritiladi. Tovar va xizmatlarni yaratish, ayirboshlash va ularni iste`mol etishga qaratilgan iqtisodiy faoliyat bozor iqtisodiyoti sharoitida erkin kechadi. Xususiy mulkchilik bu tizimning asosini tashkil etgani tufayli erkin xususiy tadbirkorlik butun jamiyat iqtisodiy faoliyatining asosini tashkil etadi.
Xo`jalik yurituvchi har qanday sub`ekt (alohida shaxs, oila, odamlar guruhi, yuridik shaxslar va h.k) iqtisodiy faoliyatning o`ziga ma`qul va manzur bo`lgan hamda davlat qonunchiligi bilan ta`qiqlanmagan turini tanlaydi.
Inson o`zining jismoniy va aqliy layoqatini o`zi istagan soha (tovarlar ishlab chiqarish, xizmat ko`rsatish, savdo-sotiq, tijorat, vositachilik va hokazo)ga yo`naltirishi, o`zining pul mablag`laridan o`zi hohlagan maqsadlarda (biron bir tovar ishlab chiqarish, xizmat ko`rsatish, bank depozitlariga qo`yish, aktsiyalar sotib olish va hokazo) foydalanish huquqiga ega.
Biroq shuni ham aytib o`tish kerakki, bozor iqtisodiyoti sharoitida iqtisodiy faoliyat erkinligining mavjudligi "kim nimani hohlasa qilaveradi" degani emas. Bozor iqtisodiyotiga asoslangan har qanday davlat ham o`zining shart-sharoitlari va umumdavlat manfaatlaridan kelib chiqib, xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning iqtisodiy faoliyatiga muayyan cheklashlar kiritadi.
Xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning teng huquqliligi. Iqtisodiy erkinlik xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning faqatgina iqtisodiy faoliyat erkinligida namoyon bo`lib qolmay, balki davlat tomonidan ular uchun yaratilgan shart-sharoitlarda ham o`z ifodasini topadi. Soliqlar, jarimalar, turli xil imtiyozlar davlat tomonidan belgilanadi. Agar xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning biridan (masalan, xususiy firmadan) yuqori foizlarda soliq undirilsayu, ikkinchisidan (masalan, davlat korxonasidan) kamroq foizlarda undirilsa, bu, albatta, adolatdan bo`lmaydi va ijtimoiy noroziliklarga sabab bo`ladi. Qaysidir mulkchilik shaklidagi sub`ektlarga soliq yoki bojxona imtiyozlari berilsayu, kimlardir bundan mahrum etilsa, bunda ham xuddi shunday adolatsizlik ro`y beradi.
Demak, mulkchilik shaklidan qat`iy nazar, barcha xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning teng huquqligi bozor iqtisodiyotining muhim tamoyili hisoblanadi.
O`zini-o`zi boshqarish. Jamiyatdagi iqtisodiy faoliyatni boshqarishning ikkita turi mavjud bo`lib, ularning birinchisi yuqoridan beriladigan buyruq va ko`rsatmalar asosida boshqarish bo`lsa, ikkinchisi bozor munosabatlariga tayangan holda o`zini-o`zi boshqarishdir. Bozor iqtisodiyotiga asoslangan mamlakatlarning xo`jalik amaliyotida o`zini-o`zi boshqarish muhim tamoyil hisoblanadi. Mazkur tizim sharoitida iqtisodiy taraqqiyotni davlat boshqaruvi va menejerlar tajribasi hamda donoligi ma`lum darajada belgilab beradi. Biroq hal qiluvchi omil bo`lib erkin bozor munosabatlari va erkin baholar xizmat qiladi. Adam Smit tomonidan "ko`rinmas qo`l" deb atalgan talab va taklif iqtisodiyotni nafaqat tartibga solib turadi, balki boshqaradi ham. Tovarlar va xizmatlarning taklifi talabga nisbatan ko`payib ketsa, narx-navo tushadi, aks holda ular ko`tariladi. Iqtisodiyotning qaysi tarmog`i yoki sohasi ko`proq daromad keltirsa, sarmoyadorlarning mablag`lari o`sha tomonga oqib kela boshlaydi. Sifatsiz tovarlar va xizmatlar yaratayotgan korxona va firmalar iqtisodiy jihatdan sinib, o`z-o`zidan yopilib ketadi. yuqori sifatli tovar ishlab chiqaruvchilarning omadi chopaveradi, chunki, bir tomondan, tovarga talab katta bo`lsa, ikkinchi tomondan, bu tovar yuqori baholarda sotiladi.
Shunday qilib, bozor mexanizmining o`zi iqtisodiy ob`ektlar va jarayonlarni o`zini-o`zi tartibga soluvchi va boshqaruvchi qilib qo`yadi, xo`jalik yuritishning eng oqilona usullarini tanlash, ishlab chiqarishning eng yangi texnologiyalarini joriy etishni tadbirkorlarning tabiiy ehtiyojiga aylantiradi.
O`z-o`zini moliyalashtirish. Har qanday xo`jalik yurituvchi sub`ekt iqtisodiy faoliyat ko`rsatar ekan, uning oldida bitta muhim vazifa turadi. Bu vazifa o`z mustaqilligini to`la-to`kis ta`minlashdir. Buning uchun u o`zining xo`jalik faoliyati bilan bog`liq bo`lgan barcha moliyaviy sarf-xarajatlarni qoplash va olgan foydasi hisobidan o`z taraqqiyotini amalga oshirishi kerak. O`zbekona ta`bir bilan aytadigan bo`lsak, bozor iqtisodiyoti sharoitida "har kim o`z aravasini o`zi tortishi kerak". To`g`ri, xo`jalik yurituvchi sub`ektlar o`z mablag`lari etarli bo`lmagan hollarda bankdan kredit (qarz)lar olishi mumkin. Biroq bu ham "o`z aravasini o`zi tortish" bilan teng narsa. Chunki bankdan olingan qarzlarni qaytarish, qaytarganda ham foizlari bilan qaytarish kerak.
O`z-o`zini moliyalashtirish tamoyiliga amal qilish uchun xo`jalik yurituvchi sub`ektlardan uddaburonlik, tadbirkorlik, hisob-kitob bilan faoliyat yuritish, uzoqni ko`ra bilish va boshqa bir qator fazilatlar talab qilinadi. Iqtisodiy faoliyatning hisob-kitobini joyiga qo`ya olmagan, o`zining tovar va xizmatlariga bo`lgan joriy va istiqboldagi talabni yaxshi o`rganib chiqmagan tadbirkor nafaqat foyda olish u yoqda tursin, hatto o`z xarajatlarini ham qoplay olmaydi.
Narx-navo erkinligi. Bozor iqtisodiyotining eng muhim belgisi va tamoyili hisoblangan narx-navo erkinligi shuni bildiradiki, tovar va xizmatlarning bahosi davlat tomonidan emas, balki sotuvchi bilan xaridorning o`zaro kelishuvi asosida belgilanadi. Mamlakatimizda o`tgan asrning 90-yillariga qadar amal qilgan markazlashgan rejali iqtisodiyot sharoitida tovar va xizmatlarning bahosi qoida tariqasida davlat tomonidan belgilanib (yoki o`rnatilib) kelinar edi. Baholar uzoq vaqt davomida amal qilar va shuning uchun tovar va xizmatlar yaratishga sarflanayotgan xarajatlarni hamma vaqt ham to`liq aks ettiravermas edi.
Undan tashqari uzoq vaqt amal qiluvchi baholar tovarlar va xizmatlarga bo`lgan talabni ham, ularning taklifidagi o`zgarishlarni ham aks ettirish imkoniyatidan mahrum edi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida narx-navoni erkinlashtirish degani, albatta, barcha tovarlar va xizmatlarning bahosi bozorda sotuvchi bilan xaridor o`rtasidagi kelishuv asosida shakllanadi, degan ma`noni bildirmaydi. Umumdavlat manfaatlaridan kelib chiqib, muhim strategik ahamiyatga ega bo`lgan tovarlar (masalan, paxta tolasi, oltin va boshqa qimmatbaho metallar)ning bahosini davlat belgilab beradi. Biroq bozor iqtisodiyoti sharoitida erkin bozor baholari etakchi o`rinni egallaydi. Shu bilan birgalikda rivojlangan mamlakatlarning xo`jalik amaliyotida shartnomaviy deb ataluvchi narxlar ham keng qo`llanadi. Ular uzoq vaqt davomida sheriklik aloqalar asosida ish yurituvchi firma va korxonalarning xo`jalik amaliyotida ko`proq qo`llanadi.
Xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning raqobatlashuvi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida xo`jalik yuritishning iqtisodiy samaradorligini ta`minlovchi, tadbirkorlikni harakatga keltiruvchi kuch, bu – korxonalar, firmalar va barcha ishbilarmonlar o`rtasidagi raqobatdir. Uni xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning faoliyat ko`rsatish va yashash uchun kurash usuli deb ham aytish mumkin. Chunki o`z raqibidan ortda qolmaslikka, undan ko`ra yuqoriroq obro`-e`tiborga va mavqega ega bo`lishga intilish pirovard natijada ko`proq foyda olishni, yuksakroq sur`atlar bilan rivojlanishni ta`minlovchi omildir. Tadbirkorlik raqobatida engilish, albatta, iqtisodiy jihatdan sinishni bildiradi. Shuning uchun ham, tabiiyki, hech kim raqobat kurashida engilishni, mag`lubiyatga uchrashni istamaydi. Demak, raqobat kurashida barcha tadbirkorlar, firma va korxonalar qatnashadi. Bozor munosabatlari amal qiluvchi har qanday davlatda raqibi bo`lmagan xo`jalik yurituvchi sub`ektning o`zi yo`q.
Raqobat kurashi iqtisodiy faoliyatning barcha sohalari: ishlab chiqarish, ayirboshlash va iste`molda mavjud bo`lib, har qanday kurashda bo`lgani kabi bu erda ham kuchlilar engib chiqadi va kuchsizlar engilaveradi. Kurash maydoniga yangi-yangi xo`jalik sub`ektlari kirib kelaveradi. Raqobatning iqtisodiy faoliyat samaradorligini oshirishga, jamiyat taraqqiyotini tezlashtirishga bo`lgan ijobiy ta`siri mana shunda namoyon bo`ladi. Shunday qilib, raqobatni bozor iqtisodiyotining tabiatiga mos tushuvchi tamoyil, deb aytish mumkin.
Biroq ijtimoiy yo`naltirilgan bozor iqtisodiyoti sharoitida erkin raqobatga qarama-qarshi turuvchi, uning tabiatiga zid bo`lgan yakka hukmronlik (monopoliya) omili mavjuddir. Monopoliya deganda, iqtisodiy faoliyatning biron-bir turi bilan shug`ullanish huquqi yoki imkoniyatini ayrim xo`jalik sub`ektiga berish tushuniladi. Monopoliyaning o`rnatilishi bozor munosabatlarining samarali amal qilishiga putur etkazadi, raqobatning iqtisodiy taraqqiyotga ijobiy ta`sirini susaytiradi. Monopoliya o`z tabiatiga ko`ra ishlab chiqarishda turg`unlikning kelib chiqishiga sabab bo`ladi, hukmron mavqeiga tayanib, xarajatlarni kamaytirmagan holda foyda ko`rishi va bozorda o`z hukmronligini o`tkazishi mumkin.
Yuqorida keltirilgan sabablarga ko`ra bozor iqtisodiyoti monopoliya bilan chiqisha olmaydi. Shuning uchun bozor munosabatlariga asoslangan mamlakatlarda monopoliyaga qarshi siyosat davlat iqtisodiy siyosatining muhim yo`nalishi hisoblanadi.

Foydalanilgan adabiyotlar:




  1. Yüklə 327,5 Kb.

    Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin