14-Mavzu: Xarakter Reja: Xarakter haqida tushuncha.
Xarakterning fiziologik asoslari. Xarakterning tuzilishi va xususiyatlari.
Xarakterning tarkib topishi.
Xarakter aktsentuatsiyasi. Xarakterning shakllanishida oilaning o‘rni.
Tayanch tushunchalar:Xarakter, psixik taraqqiyot, xarakter aksentuatsiyasi.
Bizga ma’lumki, har qanday odam boshqa odamdan o‘zining individual -psixologik xususiyatlari bilan ajralib turadi. Bundan ma’lum bir odamga xos bo‘lgan xislatlar nazarda tutiladi. Psixologiyada xarakter deganda mazkur shaxs uchun tipik hisoblangan faoliyat usullarida nomoyon bo‘ladigan, tipik sharoitlarida ko‘rinadigan va bu sharoitlarga shaxsning munosabati bilan belgilanadigan individual psixik xususiyat yig‘indisi tushuniladi. Xarakter termini fanga qadimgi yunon olim va faylasufi Teofrast tomonidan kiritilgan. Xarakter so‘zi yunoncha «tamg‘a», «xususiyat» ma’nosini anglatadi. Teofrast o‘zining xarakterga bag‘ishlangan «traktat»ida 30 xil xarakterni ko‘rsatadi.
1. Xarakter – (yunoncha chaktir belgi, nishon, xislat) – xarakter; ijtimoiy muhit ta’sirida tarkib topib, shaxsning atrofidagi voqealikka va o‘z - o‘ziga bo‘lgan munosabatda ifodalanadigan, uning muayyan sharoitlardagi xatti - harakatlarni belgilab beradigan barqaror individual psixik xususiyatlar yig‘indisidir.
2. Xarakterologiya – xarakter haqidagi, xarakterning mohiyati, strukturasi, tarkib topishi va rivojlanishi haqidagi ta’limot.
3. O‘jarlik – birovning iltimos, maslahat, talab va ko‘rsatmalariga nisbatan asossiz ravishda qarshilik ko‘rsatishdan iborat salbiy xarakter xislatlari.
4. Negativizm (lotincha neqo – inkor qilaman) – atrofdagi kishilarning har qanday ta’siriga nisbatan (iltimos, talab va hakozo) o‘ylamay – netmay, dalilsiz ravishda qarshilik ko‘rsatishdan iborat salbiy xarakter hislati. Negativizm salbiy va aktiv bo‘ladi. Shaxsning o‘zgalar ta’siriga berilmay, o‘z fikrida qolishni passiv negativ, o‘zgalarning aytganlarining aksini aktiv negativdir. Negativizm ba’zi psixik kasalliklarning belgisi bo‘lishi ham mumkin. Bunda psixik bemor o‘zini tekshirtirmaydi savollarga obyektiv javob bermaydi.
5. Xarakter aksentuatsiyasi (yunoncha charakter – xususiyat, belgi, lotincha accetus – urg‘u) – xarakterning alohida xususiyatlarini haddan tashqari ifodalanishi (psixopatiyaga yaqin nomoyonlashuvi). Xarakter aksentuatsiyasini individual yondoshish, oilaviy psixoterapiya turini topishga yordam beradi.
6. Xarakter strukturasi – odam xarakterining strukturasi turli xususiyatlarning tasodifiy yig‘indisidan iborat emas. xarakterning ayrim xususiyatlari bir – biriga bog‘liq, bir – biriga tobe yaxlit organizmni hosil qiladi. mana shunday yaxlit organizmi xarakter sistemasi deb ataladi.
Giperkinez (yunoncha huper - haddan tashqari, boshqa tomonga, kinesis - harakat;) nerv sistemasining kasallanish tufayli ro‘y beradigan haddan tashqari ixtiyorsiz gavda harakatlari. Giperkinezning asosiy sababi bosh miya osti harakat markazlarining zararlanishi, shuningdek, miya osti bilan bosh miya qobig‘i o‘rtasidagi normal bog‘lanish va munosabatlarning buzilishi.
Labillik (yunoncha labilis – beqaror, o‘zgaruvchan) – nerv hujayralarining tezlik bilan qo‘zg‘alish holatidan tormozlanish va tormozlanishdan qo‘zg‘alish holatiga o‘tish xususiyati.
Asteniya (yunoncha astenia - holsizlik) – kishining jismoniy va psixik kuchsizligi ojizligidan iborat nuqson.
Senzitivlik (lotincha sensus - hissiyot) – turli ta’sirlarga nisbatan sezgilarning tez va kuchli qo‘zg‘alishi.
Psixoasteniya (yunoncha psycte – jon, asteneia – ojizlik, kuchsizlik) - haddan tashqari qat’iyatsizlik, o‘ziga ishonmaslik, badgumonlik, ruhan ezilganlik va muttasil fikirlarga beriluvchanlik va hokazalar bilan sifatlanadigan psixopatologik holat.
Shizofreniya (yunoncha schizo bo‘lmoq, maydalamoq, phren aql) – aql hissiyot va irodaning pasayishidan iborat, aniq sabablari hali aniqlanmagan psixik kasallik.
Epilepsiya (yunoncha epilpsia - hujum qilaman) – davriy ravishda takrorlanadigan tutqanoqlanib hushsizlanish yoki qisqa muddatli psixik buzilish; ongning qorong‘ilashishi bilan xarakterlanadigan nerv – psixik kasallik.
Isteriya (yunoncha hustera bachadon, XIX asr meditsinasida isteriya bachadon kasali deyilib, u faqat ayollarga xos deb hisoblanardi) – markaziy nerv sistemasining psixika harakatlar doirasi, sezgirlik kabilarning buzilishi bilan belgilanadigan funksional o‘zgarish: ruhiy kasallikning bir turi.
Konformlik – (lotincha conformis - o‘xshash, mos) – individning guruh fikrlariga tashqi tomondangina qo‘shilib, ichki tomondan esa qo‘shilmay o‘z fikrida qolishi, guruhga ongli ravishda moslashishi.
Moyillik – shaxsning muayyan faoliyat turi bilan shug‘ullanishga doimiy intilishidan iborat individual xususiyat. Masalan: Muzikaga moyillik ilmiy tekshirish ishlariga moyillik va x.k. Moyillik shaxsning qiziqishlari va qobiliyati bilan uzviy ravishda bog‘liq bo‘lib, bu qiziqish va qobiliyatning tarkib topishi uchun ma’lum darajada asos bo‘lishi ham mumkin.
Shaxsning individual - psixik xususiyatlari turli-tumandir. Masalan: kamtarlik, mag‘rurlik, xudbinlik, samimiylik, rostgo‘ylik, bahillik, g‘amho‘rlik, tortinchoqlik, quvnoqlik va x.k. Shunday ekan xarakterni tashkil qiluvchi xususiyatlar xarakter xislatlari deyiladi. Xarakter xislatlari 2 ta katta gruppaga bo‘linadi:
Xarakterning ma’naviy sifatlari-mehnatsevarlik, halollik, rostgo‘ylik, mehribonlik, tashabbuskorlik, kamtarlik kabilar;
Xarakterning irodaviy xislatlari-maqsadga intiluvchanlik, qat’iylik, jasurlik, mardlik, matonatlilik, o‘z-o‘zini tuta bilish kabilar.
Xarakter tug‘ma o‘zgarmaydigan xususiyat emas. U kishining hayot sharoitlarga bog‘liq holda tarkib topib, o‘zgaruvchan va tarbiyalanuvchandir: maxsus sharoitda, maxsus ta’lim-tarbiya ta’sirida salbiy xarakter xislatlarini bartaraf qilish, ijobiy xarakter xislatlarini tarbiyalash mumkin. Shaxs munosabatlari xarakter xislatlarining individual o‘ziga xos xususiyatni 2 xil tarzda aniqlaydi. Bir tomondan xarakterning mazkur xususiyati namoyon bo‘ladigan har bir tipik vaziyat imotsional kechilmalarining individual o‘ziga xos xususiyati shaxs munosabatlariga bog‘liq. Shu bilan bir qatorda, odam xarakterlarining usullari iroda hissiyot diqqat tafakkur xususiyatlariga ham bog‘liqdir. Masalan: mehnatda namoyon bo‘ladigan tirishqoqlik va puxtalik faqat mehnatga ijobiy munosabatda bo‘lishi emas, balki diqqatning to‘plashishiga harakatlarning aniqligi, irodaviy zo‘r berishga va shu kabilarga bog‘liqdir. Shu sababli harakat usullariga turli psixik jarayonlarning ustunlik qiluvchi tasiriga bog‘liq holda xarakterning intektual, emotsional va irodaviy xislatlarni ajratish mumkin.
O‘quvchilar xarakter xislatlarini bilish, ularga individual munosabatda bo‘lishning asosidir. Odam xarakterik jamiyat uchun ham katta ahamiyatga ega. Kollektivning mehnat faoliyati va hayoti, undagi odamlarning xarakter sifatlari bilan belgilanadi. Ba’zi bir og‘ir xarakterli o‘quvchilar tufayli sinfdagi intizom, o‘quvchilar o‘rtasidagi munosabat sinfning psixologik muhiti buzilishi mumkin. Shu sababli har bir pedagog xarakter strukturasini, xarakter shakllanishiga ta’sir etuvchi omillarni, o‘quvchilarda xarakterni tarbiyalash yo‘llarini yaxshi bilishi lozim.