III. Yangi mavzuni bayoni: Ko‘pgina biologik omillarning birgalikdagi ta’siri erkak va urg‘ochi jinsiy hujayralarning qo‘shilishini ta’minlaydi. Har ikkala organizmda jinsiy hujayralarning hosil bo‘lishi bir vaqtda ro‘y berishi lozim. Ayrim organizmlarda kopulyatsiyaning o‘zi tuxum hujayrasining tuxumdondan chiqishi (ovulyatsiya) ni ta’minlab beradi. Tashqi urug‘lanish jarayonida ko‘pgina suv jonzotlarining urg‘ochilari tuxumlarini suvga qo‘ysa, erkagi millionlab spermatozoidlarni shu suvga sochadi. Salamandralarning erkaklari esa spermatozoidlarning to‘pini suv havzasi tubiga qo‘yadi, urg‘ochisi esa ana shu to‘plamni kloakasi bilan qabul qilib oladi. Ichki urug‘lanuvchilar (sutemizuvchilar) da o‘ta ko‘p spermatozoidlar urg‘ochi organizm jinsiy yo‘liga to‘kiladi. Spermatozoidlar sonining bunday ko‘p bo‘lishi, ularning saqlanishi uchun muhit yaratishga, ya’ni tushgan joyidagi kislotali sharoitni ishqoriy darajaga keltirishga, hamda o‘zga organizmdagi immun ta’sirning bo‘lmasligini ta’minlaydi. Bundan tashqari shu spermatozoidlardan har jihatdan mukammal bo‘lganlari tuxum hujayrasiga yetib boradi. Spermatozoidlar urg‘ochi jinsiy yo‘lining ma’lum darajadagi suyuqligiga qarshi (reotaksis) va tuxum hujayra joylashgan tuxum yo‘li tomon, tuxum hujayrasining taxassus moddasini sezgan holda (ximotaksis) 2–4 mm/min. tezlikda harakat qiladi. Spermatozoidning siljishi faqat o‘zining harakati tufayligina bo‘lmasdan, bachadon va tuxum yo‘llari mushaklarining qisqarishi hisobiga ham ro‘y beradi.
Spermatozoid ayol jinsiy yo‘lida 1–2 kunga qadar urug‘lantirish xususiyatini saqlab qoladi. Spermatozoidlarning hayotiyligi ular joylashgan muhitga bog‘liq. Muzlatilgan sharoitda spermatozoidning barcha xususiyatini saqlab kolish mumkin. Shu usulda, naslchilikda, sun’iy urug‘lantirish maksadida, spermatozoidlar tashiladi. Muzlatish yo‘li bilan spermatozoidlarning tiriklikdagi xossalarini saqlab qolish, kriobiologiya usulini qo‘llash odam spermatozoidlarini uzoq muddatga asrash va kelajakda undan amaliy tibbiyot sohasida foydalanish imkonini yaratadi. Sutemizuvchilarda urug‘lanish bachadon nayining yuqori (1/3) qismida ro‘y beradi.
Tuxum hujayraning bitta spermatozoid bilan urug‘lanishiga monospermiya, ko‘p spermatozoidlar bilan urug‘lanishiga polispermiya deyiladi.