Yuqoridagi masalalar muhokama qilingandan so`ng bevosita fuqarolik kodeksidagi mavzuga taalluqli moddalardagi tushunish qiyin bo`lganlarini misollar yordamida muhokama qilamiz.(Darsning shu qismida talaba seminar mashg`ulotiga tayyorlanish davomida o`qigan normative hujjatlari, jumladan fuqarolik kodeksidagi tushuna olmagan moddalarini o`qituvchidan so`rash imkoni bo`ladi. Shu o`rinda tavsiya qilinardiki, seminarga tayyorlanish vaqtida paydo bo`lgan savollar va normalardagi tushunmovchiliklarni toppish oson bo`ladigan qilib belgilab ketish)
Normalarni ham tahlil qilib olganimizdan so`ng, o`rgangan qoidalarimiz hamda nazariy bilimlarimizni hayotiy yoki uydirma-to`qilgan quyidagi muammoli kazuslarni huquqiy baholashda qo`llaymiz. Fuqaro Mamatova Toshkent shahar Yunusobod tumani 14-mavze, 6-uy, 21-xonadonda istiqomat qiladi. Uning uyi 1-qavatda joylashgan. 4-qavatda yashaydigan fuqaro Alimov tamaki mahsulotini iste’mol qiladi va uning chiqindisini issiq suv va sovuq suv bilan aholini ta’minlash uchun mo‘ljallangan trubalarni o‘tkazish shaxtasiga tashlaydi. Natijada esa shaxtada chiqindi uyumi hosil bo‘lib, 1-qavatda joylashgan fuqaro Mamatova uyining havosi ifloslanishiga sabab bo‘ladi.
Buni ko‘rgan Mamatova fuqaro Alimov shaxtani tozalab olishini, bo‘lmasa uchastka noziriga xabar berishini, u esa Alimovga nisbatan tozalikka rioya qilmagani uchun jarima tayinlashi mumkinligini aytadi. O‘z navbatida Alimov har bir xonadondan o‘tgan shaxta qismi tozaligi uchun o‘sha xonadon egasi javob berishini, uning qismi toza ekanligini ta’kidlaydi.
Shuningdek, Alimov agar uchastka noziri Mamatova tomonidan chaqirilsa, uning ham kamchiliklari yo‘q emasligini, Mamatova kvartira ostidan (podval) omborxona sifatida foydalanishini, uyining orqa tomonida unga tutash bo‘lgan hududni esa ruxsatnoma olmasdan o‘rab olib, avtoturargoh sifatida foydalanayotganini, bu esa qonun hujjatlariga zid ekanligini aytib o‘tdi.
Vaziyatga huquqiy baho bering.