2. Jismoniy tarbiya va sportni tashkil etish va boshqarish tizimini takomillashtirish Jismoniy tarbiya-sport faoliyatini kadrlar bilan ta’minlash maqsadida olimpiya zaxiralari bilim yurtini kollejga aylantirish nazarda tutilmoqda. Barcha viloyat markazlarida olimpiya zaxiralari kollejlari ochish mo‘ljallanmoqda. Tizimni tashkiliy jihatdan ta’minlash uchun O‘zbekiston Respublikasida viloyat, shahar va tuman sport klublari, korxonalar, xo‘jaliklar, muassasalar, tashkilotlar va o‘quv yurtlari tizimiga ega bo‘lgan respublika tarmoq jismoniy tarbiya-sport klublari tashkil qilish nazarda tutilmoqda. Ularda xalq o‘yinlarini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar paydo bo‘ladi.
Qishloqda jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish ishlarini kuchaytirish uchun sport-sog‘lomlashtirish klublari tashkil etish nazarda tutilmoqda. Ular sog‘lom avlodni tarbiyalash uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlashga da’vat etilgan.
Fuqarolar turmushida jismoniy tarbiya va sport maqomini oshirish maqsadida har yili aprel oyining uchinchi shanbasida “Sport bayrami” umumxalq bayramini o‘tkazish nazarda tutilmoqda. Ushbu bayramni, keng aholi qatlamlarini jalb etgan holda, yozgi sport mavsumining ochilishi tarzida o‘tkazish mo‘ljallanmoqda.
Oldingi tahrirga qarang. Yangi tashkil qilingan jismoniy tarbiya va sport muassasalari darajasi va turini belgilash O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan ularni O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq attestatsiyadan o‘tkazish asosida amalga oshiriladi.
(2-bo‘limning to‘rtinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 6iyuldagi 156-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2005-y., 27-son, 191-modda) Davlat, jamoat va sport tashkilotlari faoliyatidagi ish sohalari va yo‘nalishlarini aniq belgilab olish yo‘nalishida jismoniy tarbiya va sportni boshqarishni takomillashtirish nazarda tutilmoqda.
Jismoniy tarbiya va sportni davlat tomonidan boshqarishni asosan quyidagilarga qaratish nazarda tutilmoqda:
qonunchilik-me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqish hamda davlat, jamoat va xususiy jismoniy tarbiya-sport muassasalari tomonidan ularga rioya qilish;
budjet mablag‘lari va jalb etilgan mablag‘lardan terma komandalarni Olimpiya va Osiyo o‘yinlariga, jahon va Osiyo chempionatlariga tayyorlash, sportning milliy turlarini rivojlantirish maqsadli dasturlarini amalga oshirishda oqilona foydalanish;
aholining turli jins va yoshdagi guruhlarini jismoniy rivojlantirishning me’yoriy standartlarini ishlab chiqish;
sportning milliy turlarini, musobaqalar va o‘yinlarni, ishlab chiqarishda jismoniy tarbiyani, muvofiqlashtirilgan jismoniy tarbiyani va shu kabilarni rivojlantirishning davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
jismoniy tarbiya-sport yo‘nalishidagi muassasalarni sertifikatlashtirish va akkreditatsiya qilish;
tarmoqni ilmiy va tibbiy ta’minlash tizimini takomillashtirish;
musobaqalarning yagona sport taqvimini ishlab chiqish.