4. Jismoniy tarbiya va sportni ilmiy-uslubiy va tibbiy ta’minlash Ushbu yo‘nalishda quyidagilar nazarda tutiladi:
jinsi va yoshiga ko‘ra aholining jismoniy tayyorgarligi darajasi bo‘yicha maqsadli dasturlar va me’yoriy talablarni ishlab chiqish;
jismoniy tarbiya va sport nazariyasi va amaliyotining eng dolzarb muammolari bo‘yicha ilmiy, uslubiy va ommabop adabiyotlarni nashr etish dasturini tayyorlash, faoliyatning turli yo‘nalishlari bo‘yicha ma’lumotlarning tarmoq bankini yaratgan holda jismoniy tarbiya va sportni ilmiy-axborot bilan ta’minlash tizimini tashkil qilish, ilmiy, uslubiy va ommabop adabiyotlarni nashr etishni ta’minlash, sportning milliy turlari va xalq o‘yinlarini ilmiy-axborot bilan ta’minlash tizimini tashkil etish, “Fan sportga” ilmiy-sport jurnalini nashr etishni tashkil qilish;
sog‘liqni saqlash organlari bilan birgalikda, keyinchalik salomatlikni mustahkamlash uchun jismoniy mashqlardan foydalanish bo‘yicha tavsiyanomalar bergan holda, aholining barcha yosh guruhlarini har yili dispanserizatsiyadan va profilaktika ko‘rigidan, jismoniy rivojlanish ahvoli darajasini tekshirishdan o‘tkazish;
mamlakat terma komandalarini tayyorlash jarayonida sportchilarni muntazam tibbiy kuzatuvdan o‘tkazib borishni, yakka tartibda davolanish va salomatlikni tiklash bo‘yicha tavsiyanomalar ishlab chiqishni ta’minlash, sportning barcha turlari bo‘yicha ilmiy jihatdan ta’minlash guruhlarini shakllantirish;
vrachlik-jismoniy tarbiya dispanserlari va vrachlik nazorati shoxobchalarini kengaytirish, kasalxona va sanatoriylarda jismoniy tarbiya-salomatlikni tiklash markazlari ochish;
korxona, muassasa va tashkilotlarda sog‘liqni saqlash, mehnatni muhofaza qilish va jismoniy tarbiya mutaxassislarini birlashtiruvchi yagona salomatlik xizmatlari tashkil qilish.
5. Jismoniy tarbiya va sport tizimi imkoniyatlarini rivojlantirish Jismoniy tarbiya va sport imkoniyatlarini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya institutining sport turlari bo‘yicha trener kadrlar, sportda menejment va marketing bo‘yicha, sportning milliy turlari va xalq o‘yinlari bo‘yicha, davolash jismoniy tarbiyasi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashdagi rolini oshirish nazarda tutilmoqda.
Viloyatlardagi universitetlar va pedagogika institutlarining jismoniy tarbiya fakultetlarida maktablar uchun jismoniy tarbiya o‘qituvchilari va maktabgacha muassasalar uchun yo‘riqchi-uslubchilar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish mo‘ljallanmoqda. Tarmoq kadrlari malakasini oshirish, ularni qayta tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish, chet ellarda tajriba orttirishga yuborish tizimini ishlab chiqish.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari, tegishli vazirliklar va idoralar tomonidan mavjud sport inshootlarining moddiy-texnika bazasini jiddiy yaxshilash va ulardan foydalanish ishlarini amalga oshirish mo‘ljallanmoqda. “Yangiobod” va “Bildirsoy” sport bazalarida sportning yozgi va qishki turlari bo‘yicha olimpiya o‘quv-mashg‘ulot markazlari tashkil qilish ko‘zda tutilmoqda.
Sport tovarlari ishlab chiqarish bo‘yicha xorijiy investorlar ishtirokidagi kichik va qo‘shma korxonalar tashkil qilish hamda ushbu mahsulotlarni ichki va tashqi bozorda sotish ishlarini amalga oshirish mo‘ljallanmoqda.
Oldingi tahrirga qarang. Madaniyat va sport ishlari vazirligiga jismoniy tarbiya va sportning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish masalalarini muvofiqlashtirish, sport obyektlarini loyihalash va qurish, sport tovarlarini ishlab chiqarish va sotish bo‘yicha korxona va tashkilotlar tashkil qilishga ko‘maklashish yuklanadi.
(5-bo‘limning beshinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 6-iyuldagi 156-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2005-y., 27-son, 191-modda)