Makedoniyaliklar sulolasi davrida Vizantiya. Makedoniyaliklar sulolasi Vizantiyani867 yildan to 1056 yilgacha idora qildi. Bu sulolaning asoschisi Vasiliy I (867—886) hisoblanadi.
Makedoniyaliklar sulolasi idora qilgan vaqtga kelib Konstantinopol juda katta savdo markaziga aylandi va Yevropa bilan Osiyo о‘rtasidagi savdoda asosiy vositachilik rolini о‘ynadi. Arab, rus-slavyan, italyanlarning savdo-sotiqlari Konstantinopolga kelib tо‘planib, uning juda katta shuhrat qozonishiga va jonlanishiga sabab bо‘ldi. Vizantiya imperatori tashqi savdodan shunday katta daromad oldiki, IX va X asrlarda G‘arbiy Yevropadagi qirol va imperatorlardan birortasi ham bunday daromad olmas edi. Shu bilan birga IX asrning ikkinchi yarmidan boshlab arablar xavfi Vizantiya uchun qо‘rqinchli bо‘lmay qoldi. Arab xalifaligi bu vaqtda ayrim-ayrim mustaqil davlatlarga bо‘linib ketgan edi. Vizantiyaning о‘zi endi arablar Sharqiga qarshi hujumga о‘tishga molik bо‘lib qolgan edi.
Makedoniyaliklar sulolasi vaqtida imperiyaning hududi yana kengaydi. Sharqda arablardan Krit, Kipr orollari, Antioxiya shahri bilan birga Suriyaning katta bir qismi tortib olindi; g‘arbda, ya’ni Italiyada imperiya Apuliya bilan Sitsiliyani birmuncha vaqtga qaytarib oldi. Shu bilan bir vaqtda Vizantiya slavyan davlatlariga qarshi qattiq kurash olib bordi.
Bolgariya podshosi Simeon IX asr oxirida Vizantiyaga qarshi urush boshlab, Makedoniya va Epirni egallab, sо‘ng serblarni ham bо‘ysundiradi. Faqat Simeonning vafotidan sо‘ng, uning о‘g‘li Pyotr bilan, 927 yili shartnoma tuzilib, u sulolaviy nikoh bilan mustahkamlandi. Vizantiya unga har yili boj tо‘laydigan bо‘ldi. X asrning 60-70 yillarida imperiya Kritni qaytarib oldi. Keyinchalik Kilikiya, Kipr, Shimoliy Suriya, Antioxiya qaytarilib, Vizantiya Bolgariyaning shimoliy qismini ham egallaydi.
Lekin viloyat zodagonlarining hokimiyat uchun kurashi davom etib, ular 1057 yili imperatorlik taxtiga Isaak I Komninni о‘tqazadilar. Isaak I ning amaldor zodagonlar manfaatini cheklashga yо‘naltirilgan siyosati keskin qarshilikka uchrab, u ikki yildan sо‘ng taxtdan voz kechadi. О‘z manfaatlarini kо‘zlagan amaldorlar siyosati imperiyani halokatga olib keladi. Qо‘shin sonining qisqartirilishi, soliqlarni kо‘payishi mamlakat mudofaa qudratini zaiflashtiradi. Bu siyosatning oqibati 1071 yildagi Mansikert jangida ma’lum bо‘lib, ulkan qо‘shin tor-mor etilib, imperator Roman IV Diogen asirga tushadi. О‘sha yili normanlar Vizantiyaning Appeniyadagi sо‘nggi tayanchi Bari shahrini tortib oladilar.
Keyingi о‘n yil hokimiyat uchun kurashlar ostida о‘tadi. Nihoyat, viloyat zodagonlari ustun kelib, 1081 yili Aleksey I Komnin (1081-1118) taxtga о‘tiradi.
Makedoniyaliklar sulolasi vaqtida Vizantiya bilan Rus о‘rtasidagi munosabatlar totuvlashdi. Qizg‘in savdo munosabatlari («varyaglardan greklarga boradigan buyuk suv yо‘li»), mustahkamlangan madaniy aloqa (ruslarning 988 yil atrofida greklardan xristianlikni qabul qilishi, shu munosabat bilan Vizantiya ilm-ma’rifatining Rusga kirib kelishi), umumiy dushmanlarga — pecheneglar, xazarlar va polovetslarga qarshi birgalikda kurash olib borilishi natijasida Vizantiya bilan Rus о‘rtasida X asrning ikkinchi yarmida dо‘stona munosabatlar о‘rnatildi. Bu dо‘stlik munosabatlari kamdan-kam hollardagina (masalan, 1043 yilda) dushmanlik harakatlari tufayli uzilib turdi. Konstantinopol patriarxi Rus cherkovi boshlig‘ini Kiyev metropolitini tayinlash huquqini da’vo qildi. Biroq Rusning cherkov yо‘li bilan Vizantiyaga bо‘lgan qaramligini Yaroslav I rus popi Illarionni 1051 yilda Kiyev metropoliti qilib tayinlash bilan ancha bо‘shashtirdi.
Makedoniyaliklar sulolasi vaqtida Vizantiyaning feodallashuv jarayoni tez avj olib bordi. Erkin dehqonlarning soni shu qadar tez kamayib bordiki, mamlakat mudofaa qobiliyatining pasayishidan, shuningdek, aholidan tushadigan soliq mablag‘larining kamayishidan qо‘rqib, imperatorlarning о‘zlari ham tashvishga tusha boshladilar. Dinatlar tomonidan dehqon yerlarining bosib olinishiga qarshi X asrning birinchi yarmida imperatorlar bir necha marta farmonlar (922, 934 va 947 yillarda) chiqardi. Imperator Vasiliy II bir nechta yangi farmon chiqardi. Uning farmonlaridan birida (996) katta yer egalaridan jamoachi-startiotlardan ilgari tortib olingan hamma yerlarni dehqonlarga qaytarib berish talab qilindi. Biroq, bu farmon hamda shu kabi boshqa farmonlar yaxshi ba-jarilmadi. Feodal zodagonlar shu qadar kuchayib ketgan edi-ki, 1057 yilda makedoniyaliklar sulolasiningg о‘rnini olgan va Kichik Osiyodagi zodagon yirik yer egalaridan chiqqan Komninlar sulolasi erkin dehqonlarning qolganlarini ham feodallarga yem qilib berishga har tomonlama kо‘maklashdi. Komninlar ayrim-ayrim qishloqlarnigina emas, balki butun-butun okruglarni katta yer egalarining proniyasiga (proniya.yunon. g‘amxо‘rlik qilish-Vizantiyada XI-XV asrlarda zodagonlar va monastirga umrbod ma’lum hududdan davlat soliqlarini yig‘ib olish huquqini berish) berdi. Bu esa о‘zlariga tobe aholini bevosita krepostnoyga aylantirish yо‘lidagi tadbir edi. Proniarlar davlat soliqlarining bir qismini о‘z foydasiga yig‘ib olish huquqiga ega bо‘ldi. Qо‘l ostidagi aholini uning о‘zi sud qilar edi. Bu yerlar asta-sekin feodalning nasldan-naslga о‘tadigan xususiy mulki bо‘lib qoldi.
Komninlar mamlakatning og‘ir holatini yaxshi anglab, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy tadbirlar о‘tkazish orqali uni qutqarish choralarini izlaganlar. Ular imperiya halokatini ortga sursalarda, uning davlat tizimini uzoq muddatga mustahkamlashga erisha olmaydilar.