Mali imperiyasi XIII-XV asrlarda Afrikaning shimoli-g‘arbida, Sahroi Kabirdan janubda joylashgan davlat. Malining iqtisodiy va siyosiy taraqqiyoti XIII asrga tо‘g‘ri keladi. Davlatda Keyt sulolasining buyuk vakili bо‘lgan Sindiata Keyt (1230-1255) kuchli va intizomli qо‘shin tuzilib, u qо‘shni mamlakatlarning asosiy karvon yо‘llarini hamda oltin qazib chiqaradigan joylarini bosib oldi. Hukmdor va uning amaldorlari islom dinini birinchi bо‘lib qabul qildilar. Shundan sо‘ng Mali poytaxti Niagara va boshqa shaharlarga arab savdogarlari kelib joylashdilar.
Mali davlati aholisining ijtimoiy tuzumida jamoaning roli katta edi. Jamoaning asosini yirik patriarxal oilalar tashkil qilgan. Qabila oqsoqollari yerlarni jamoa a’zolariga bо‘lib berganlar. Ular xо‘jalikni va ijtimoiy hayotni nazorat qilish bilan birgalikda harbiy yurishlarda о‘z qabilasiga qо‘mondonlik vazifasini ham bajarishgan.
Mali hukmdori istilo etilgan viloyatlar noibligiga о‘z qarindoshlari va yaqinlarini tayinlaydi. Noiblar esa о‘z navbatida lashkarboshi, amaldorlarga yer-mulklar in’om etishgan. Mahalliy aholidan soliqlar undirish ham noibning zimmasiga tushgan. Shu tariqa, Malida ham feodal munosabatlar vujudga keldi va yangi feodal davlati о‘rnatildi. Mali hukmdorlari benihoyat katta boylikka ega bо‘lganlar. Uning hukmdori Muso I 1324 yilda Makkaga haj safari uyushtiradi. Hukmdorga 8 ming jangchi va 500 ta qul hamroh bо‘lib, bu katta karvon 10-12 tonna oltinni о‘zi bilan olib ketganligi haqida tarixiy ma’lumotlar yozib qoldirilgan.
Mali hukmdorlari о‘z yaqinlarining toj-u-taxtga tajovuzidan qо‘rqib, kо‘pincha saroy amaldorlarini, lashkarboshilari va hatto jangchilarni ham qо‘shni qabilalar vakillaridan olishgan. Hukmdorning shaxsiy gvardiyasi esa qullardan tuzilgan. XIV asr oxiriga kelib feodal tarqoqlik, sulolaviy nizolar Malining zaiflashishiga sabab bо‘ldi. Mali XV asrda butunlay inqirozga uchrab parchalanib ketdi.
Mali kuchsizlangan bir davrda Songai davlati (IX asr-1592) ravnaq topdi. Mamlakat poytaxti Gao shahri edi. Songai о‘zining gullab-yashnagan davrida Niger daryosi havzasidagi yerlarni tо‘la egalladi.
Songai davlati о‘zining ijtimoiy tuzumida quldorlikdan feodal jamiyatiga о‘tish davrini boshdan kechirgan. Mamlakat hukmdorlari va zodagonlari yerlarida 300, 500 va hatto 1000 dan ortiq qullar ishlaganlar. Yillar о‘tishi bilan jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlar о‘zgarib, qullar asta-sekin qaram dehqonlarga aylandilar. Ularning uchinchi-tо‘rtinchi avlodlari kichik yer-mulk egasiga, davlatga soliq tо‘laydigan shaxsiy erkin, lekin iqtisoiy qaram kishilar bо‘ldi.
XVI asr о‘rtalaridan Songai davlati zaiflasha bordi. О‘zaro urushlar, toju-taxt uchun kurashlar natijasida kuchsizlangan davlatni 1592 yilda Marokash sultoni bosib oldi.
Afrikaning Gvineya kо‘rfazi sohillarida ham о‘rta asrlarda bir qancha davlatlar paydo bо‘ldi. Ulardan eng kuchlisi Benin edi. Uning janubida XIII asrda Kongo davlati tashkil topdi. Angola hukmdori Kongo davlatining vassali hisoblanardi.
Afrikadagi eng qadimiy davlatlardan biri, hozirgi Efiopiya (Habashiston) shimolida vujudga kelgan Aksum davlati edi. Aksum IV-V asrlarda о‘zining eng rivojlangan dvarini boshdan kechirdi. Janubiy Arabiston karvon yо‘llari va Sharqiy Sudanning bir qismi Aksum podshosi hukmronligi ostida edi. Aksum Rim imperiyasi, keyinchalik Vizantiya bilan yaqin iqtisodiy va madaniy aloqalarda bо‘lgan. Habashistondagi rasmiy din- xristianlik shu davrda qabul qilingan edi.
Arab xalifaligi VII asrda Aksumning Arabistondagi yerlarini tortib olib, keyinchalik uning Afrikadagi yerlariga ham xuruj qiladi. Davlatning parchalanishi, о‘zaro urushlar va tashqi dushmanlar hujumlari Aksumning X asrga kelib butunlay yо‘qolib ketishiga sabab bо‘ldi.
Rivoyatlarga kо‘ra, Aksumning birinchi hukmdori Manelik podsho Sulaymonning Arabiston malikasidan tug‘ilgan о‘g‘li bо‘lgan. Bu Aksumning Arabiston bilan aloqalari qadimdan yaxshi bо‘lganini, sulolaning nomi tarixiy asosga ega ekanligini kо‘rsatadi.
Efiopiya davlatining qayta tiklanishi XIII asrga, ya’ni imperiya taxtiga Solomon sulolasi chiqqan davrga tо‘g‘ri keladi. Bu sulolaning oxirgi vakili Xayle Selassiye 1974 yili taxtdan ag‘darilgan.
Afrika qit’asining sharqiy sohillarida ham о‘rta asrlarda bir qancha shahar- davlatlar vujudga keldi. Ulardagi aholining kо‘pchilik qismi arab, hind, eron hunarmand va savdogarlari bо‘lgan. Bu shahar- davlatlar savdogarlari о‘z kemalarida Hind okeani bо‘ylab suzib Hindiston, Eron va boshqa davlatlar bilar savdo- sotiq qilardilar. Ularda yirik kemasozlik ustaxonalari bо‘lib, dengizchilik san’ati yuksak rivojlangandi.