Denov davlat universiteti tarix kafedrasi


Mavzu : Ilk o’rta asrlarda Xitoy



Yüklə 1,21 Mb.
səhifə17/77
tarix18.04.2023
ölçüsü1,21 Mb.
#99727
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   77
Denov davlat universiteti tarix kafedrasi

Mavzu : Ilk o’rta asrlarda Xitoy
Reja:

  1. V- VI asrda Xitoyning siyosiy tarqoqligi.

  2. Suy va Tan imperiyasi davrida Xitoy.

  3. Tan dinastiyasining tugashi.

  4. Sun imperiyasi.

Tayanch iboralar:
‘’Shimoliy va janubiy dinastiyalar’’davri, Xitoyning birlashtirilishi, Suy imperiyasi, Tan imperiyasi, dehqonlar qo’zg’oloni, Sun imperiyasi, Van an’shi islohotlari.

Xitoyni hozirgacha boshqargan sulolalar: Sya mil.avv.XXI-XVI asrlar; Shan mil.avv.XVI-XI asrlar ; G’arbiy Chjou mil.avv.XI asr-770 yil; Sharqiy Chjou mil.avv.770-221yillar ; Chin mil.avv.221-207 yillar; G’arbiy Xan mil.avv.206-mil.25 yilgacha; Sharqiy Xan 25-220 yillar; Uch podsholik davri 220-280 yillar; G’arbiy Szin 265-316 yillar; Sharqiy Szin 317-420 yillar; Shimoliy Vey 386-535 yillar; Janubiy va Shimoliy dinastiyalar davri 420-589 yillar; Suy 581-618 yillar; Tan 618-907 yillar; Besh sulolalar davri 907-960 yillar; Sun 960-1279 yillar; Yan 1279-1368 yillar; Min 1368-1644 yillar; Sin 1644-1911 yillar.


‘’Xitoy’’so’zi davlat va xalq nomi sifatida keng tarqalgan.Aslini olganda ushbu atama hozirgi davlat va xalq nomidan kelib chiqqan emas.’’Xitoy’’atamasi hoz.XXRning shimoli-sharqiy qismida Manchjuriya (Dunbey-shimoli-sharq degani)da yashagan va keyin g’arbga ko’chgan kiton (kidon), rus manbalarida kidan, xitoy manbalarida sidan xalqi nomidan kelib chiqqan.Sharq adabiyotlarida ushbu atama Xitoy, qtoy, xatay, Yevropa adabiyotlarida katay, kata, katsay deb yozilgan.
Kiton etnonimi Shimoliy Vey sulolasi davriga tegishli, bu etnonim IV asrda paydo bo’lgan.Bu atama ‘’po’lat’’, ‘’qilich’’ma’nolarini anglatadi.
Sharq adabiyotlarida Xitoyni Chin deyilgan.Mahmud Qoshg’ariyning yozishicha, Chin Xitoyda turkiy xalqlar yashagan joyning nomi bo’lgan. Alisher Navoiyning asarlarida chin atamasi Sharqiy Turkistonni anglatadi.
Xitoyning V-VI asrlardagi tarixi g`arbiy Yevropaniki singari varvarlar hujumi bilan bog`langan edi. Xitoyga mo`g`ul va turk qabilalari hujum qilishi natijasida Xitoy xo`jaligiga zarar yetdi. Ko`pdan –ko`p sug`orish inshootlari vayron bo`ldi, katta-katta qishloqlar talanib, yakson qilindi. Varvarlarning hujumi natijasida Xitoy mayda-mayda davlatlarga bo`linib, siyosiy jihatdan tarqoq bir mamlakatga aylandi. Shunday davlatlardan biri eng kattasi Shimoliy Vey davlati bo`lib, uning poytaxti Loyan shahri edi. Bu davlat 386 yildan 584 yilgacha yashadi.
420-589 yillar o`rtasidagi davr Xitoy tarixiga “shimoliy va janubiy dinastiyalar davri” bo`lib kirdi. Varvarlar hujumi Xitoyda quldorlikni batamom yo`q qila olmagan bo`lsada, lekin unga qattiq zarba berdi. Xitoyda o`troqlashgan varvarlar orasida ham, xitoy dehqonlari orasida erkin dehqonlar soni ko`paydi. Bu narsa Xitoyda davlat feodal yer egaligini tashkil topishiga imkon berdi.
Jumladan Shimoliy Vey davlatida davlat chek yer sistemasi tarkib topa boshladi, bu sistemaga ko`ra, davlat boshlig`i eng oliy darajadagi yer egasi hisoblanar edi ;haqiqatda yerlar cheklarga bo`linib, dehqonlarga ularning oila a`zolariga, mehnatga layoqatli kishilar soniga qarab taqsimlanardi, chek yer olish uchun dehqon ko`proq natura bilan (don, chorva mollari) hunarmandchilik buyumlari bilan soliq to`lashi kerak edi.
Ilk o`rta asrda Xitoyni birlashtirishga birinchi bo`lib Suy dinastiyasi urindi. Bu dinastiyaning asoschisi Yanszyan (yoki Ven`di) harbiy drujina boshlig`i bo`lib, shimoliy dinastiyalardan birida xizmat qilardi. 589 yilda Yanszyan butun Shimoliy va Janubiy Xitoyni o`ziga bo`yso’ndirdi. Mamlakatni birlashtirilishi 4 asrdan buyon davom etib kelayotgan o`zaro urushlarga chek qo`yish, iqtisodiy yuksalish va madaniy rivojlanish imkoniyatini yaratdi.
Suy dinastiyasi (589-618yillar) davrida sug`orish sistemasi tiklandi va kengaytirildi. Jumladan, VII asr boshlarida shu dinastiyasining 2chi imperatori Yan Guan davrida Xuanxe daryosini Yanszi daryosi bilan bog`laydigan uzunligi 1000 km bo`lgan Buyuk kanal qazildi. Kanal qazilishida Xitoyning turli qismlaridan yig`ib olib kelingan 1 mln.ga yaqin kishi ishlagan. Ammo Suy dinastiyasi uzoq yashamadi. Shimolning janub bilan birlashuvi zaif edi. Markaziy hukumat viloyatlarni yetarli nazorat qila olmadi. Hokimiyat mahalliy zodagonlar qo`lida edi. G`arbda turkiy qabilalarning hujumi imperiyadan juda katta kuch talab qilar edi, shu bilan birga dinastiya imperatorlari istilochilik yurishi bilan band bo`ldi, bular esa imperiyani battar holdan toydirdi. Suy hukumatining Koreyani o`ziga bo`ysundirish yo`lidagi urinishlari barbod bo`ldi, bu esa dinastiyaning uzul-kesil qulashiga sabab bo`ldi.
618 – yilda Shimoli-g`arbiy Xitoyning knyazlaridan biri Li Yuan yoki Gaoszu (u kelib chiqish chala turk edi.) imperiyada hokimyatni bosib olib, yangi dinastiya Tan dinastiyasiga asos soldi. Tan imperiyasi Xitoyda 300 yilga yaqin (618- 907 yil)larda yashadi. Uning poytaxti Chan`an (hoz. Sian) shahri edi.Bu shahar katta shahar edi,VIII asrda Chanan aholisi 1 mln.dan ko`p edi. Inperiyaning ikkinchi poytaxti Loyan shahri bo`lib, bu savdo markazi ham edi. Bu dinastiyaning eng kuchli imperatori Li- shi- Min yoki Tayszun (626-649) edi. Bir necha urushlar natijasida Li-shi-Min imperiya chegaralarini ancha kengaytirdi. Xitoyning hududi Shimolda Amur va Xingangacha, janubda Hindiston va Siyomgacha, sharqda Koreyagacha, g`arbda O’rta Osiyoning sharqiy chegaralarigacha borardi.
Li-shi-Min davrida amaldorlar uchun maxsus unvonlar joriy qilindi. Markaziy idora 6 ta mahkama palatasidan (amaldorlar vazirligi, soliq, harbiy jinoiy ishlarni ko`radigan vazirlik, jamoat ishlari vazirligi, marosim ishlari vazirligi) dan iborat bo`lib, uzil-kesil rasmiylashdi. Joylarga ayrim katta-katta viloyatlar tepasida turuvchi gubernatorlar tayinlandi. Viloyatlar okruglarga, okruglar-uezdlarga, uezdlar- bo`lislarga, bo`lislar-qishloqlarga bo`lingan edi.
Tan dinastiya davrida feodal chek yer sistemasi uzil-kesil qaror topdi, jumladan, davlatga qarashli yerlar fondi oshirildi, bu yerlarga dehqonlar ekin ekar edi. Ularga ko`pdan-ko`p soliqlar solinar va majburiyatlar yuklanar edi. O`ziga berilgan chek yer uchun dehqonlar don tarzida soliq to’lashi, buyumlar tarzida to`lashi, bundan tashqari yiliga 20- 50 kun davlat foydasiga barshchina ado etishi kerak edi. Xitoyda 624 yilda qabul qilishgan qonunga ko`ra, har bir xo`jalik, uyi hamda hovlisidan tashqari, 80 mu (1 mu 0,06 gektarga teng yer maydoni) haydaladigan yer olish huquqiga ega bo`ldi. Feodal zodagonlarga ularning unvoniga va lavozimiga qarab yer berilgan. Eng yuqori unvonli zodagon 10 ming mu, eng quyi toifa kishisi 500 mu yer olishi mumkin edi. Alohida xizmat ko`rsatgan harbiy va davlat amaldorlariga 6 mudan 300 muga qadar yer in’om etilgan. Bog`da mevali daraxtlar bilan bir qatorda albatta tut ko`chati o`tqazilishi shart bo`lgan. Dehqon o`z xo`jaligidagi bog` va hovlisini sotishi, garovga qo`yishi mumkin edi. Tan imperiyasi VII asrning 2 chi yarmi va VIII asrda Tayszunning vorislari zamonida Osiyodagi eng katta davlat edi. Bu vorislar ichida ko`zga ko`ringani buddizm homiysi imperatrisa U Sze – Tyan yoki Uxoy (656-705) bo`ldi. VII-VIII asrlarda Xitoy Arab xalifaligi, Hindiston, Siyom, Vetnam bilan tashqi savdo olib bordi.
Biroq VIII asrdayoq Tan imperiyasi chuqur krizisga uchradi. Soliqlar, o`lponlar va davlat majburiyatlaridan dehqonlar qashshoqlashib og`ir kun kechirishiga majbur edi. Ochlik natijasida tez-tez bo`lib turadigan epidemiyalardan yuz minglab dehqonlar qirilib ketdi. Dehqonlarning chek yerlari kamayib bordi, yerlarni katta-katta yer egalari, davlat amaldorlari, sudxo’rlar o`z qo`llariga kiritib oldilar. Dehqonlar sonining kamayishi natijasida davlat xazinasiga tushadigan daromadlar kamaydi.
Dehqonlarning bir qismi xususiy shaxslarga qaram bo`lib qolayotgan edi, bu shaxslar o`z daromadlarini shu dehqonlardan olardilar. Shuni hisobga olib, hukumat 780- yilida soliq tizimida islohot o`tkazdi, uning muallifi Yan-Yanning yangi qonuniga binoan soliqlar chek yeri bo`lgan dehqonlardan olinibgina qolmasdan, xususiy yer egalaridan va davlat yerlarini vaqtincha ijaraga olgan shaxslardan ham olinadigan bo`ldi. Feodalashuv jarayoni mahalliy yeri ko`p zodagonlarni kuchaytirdi va imperatorning gubernatorlari bilan harbiy boshliqlarning o`zida ham markazga tobe bo`lmaslikka intilishini kuchaytirdi. Bosh qo`mondon An- Lu- shan qo’zg`oloni Tan dinastiyasi tarixida burilish nuqtasi bo`ldi. U 785- yilda 120 ming kishilik qo’shini bilan imperatorga qarshi bosh ko`tardi, va 786- yilda ikkala poytaxtni egalladi. Imperator qochadi va qo’zg`olonni yollangan varvarlar, uyg`urlar yordami bilan bostirdi. 787- yida Janubiy Xitoydagi gubernatorlar qo’zg`oloni ko’tarilib, imperator bu qo’zg`olonni katta kuch sarf qilib, zo’rg`a bostirdi.
Dehqonlarning haddan tashqari og`ir hayoti IX asrning II- yarmida g`oyat katta qo’zg`olon ko`tarilishiga sabab bo`ldi, bu qo’zg`olon 875- yildan 884 yilgacha davom etdi. Qo’zg`olonga ilgari tuzfurush bo`lgan va keyinchalik imperator gvardiyasida soldat bo`lib xizmat qilgan Xuan Chao degan kishi boshchilik qildi. Bu qo’zg`olon stixiyali bolsa-da, lekin uyushgan edi. Qo’zg`olon Shandun va Xebey degan shimoliy viloyatlardan boshlandi. Keyin u Markaziy Xitoydagi Xenan viloyatiga tarqaldi. Xuan Chao qo`l ostida dastlab 100 mingga yaqin dehqon bor edi. 879- yilda Xuan Chao Janubiy Xitoyga yurish qildi, u yerdagi eng boy port Kantonni oldi. Biroq soldatlar orasida epidemiya tarqala boshlaganligi sababli, Xuan Chao shimolga Yansi daryosi ortiga chekinishga majbur bo`ldi. Epidemiya bo`lishiga qaramay Xuan Chao qo`shini ortib bordi, 880- yilda uning soni 250- 300 ming kishiga yetdi. 880 yilda Xuan Chao Loyan ustiga yurish qildi. Oz vaqt ichida Chan’anni bosib oldi va o`zini Da Si degan nom bilan imperator deb e`lon qildi. Xuan Chao Chan’anda 2,5 yil turdi.
884- yilda Tan dinastiyaning imperatori uyg`urlar, tangutlar kabi varvar to`dalarining yordami bilan poytaxtga qaytib keldi. Sahroyi varvarlar xitoy dehqonlarini shafqatsizlik bilan qirdi. Bularga xalq “ qora quzg`unlar” deb nom berdi. Xuan Chao esa Chan’andan qochib Xenan viloyatida halok bo`ladi. Imperator xizmatidagi feodal zodagonlarga suyangan Tan dinastiyasi haqiqatda dehqonlarning harakati natijasida ag`dalrildi. Bu dinastiyaning imperatorlari qo’zg`oloni bostirilganidan keyin bir oz vaqtgacha mamlakatni idora qildi. X- asrning boshlarida shimolda kidan qabilalari ittifoqining yana bir varvar davlati tuzildi., bu qabilalar Manchjuriyani, Mo’g`ulistonning va shimoliy Xitoyning bir qismini bosib olgan edi. Bu Lyao deb atalgan yangi davlatning poytaxti Yanszi shahri bo`ldi, bu shahar keyinchalik Pekin deb yuritila boshlandi. X asr o`rtalarida mamlakatda anchagina iqtisodiy yuksalish yuz berdi, Xitoy bu yuksalish sharoitida
960- yilda Sun dinastiyaning hokimiyati ostida qaytadan birlashtirildi. Bu dinastiyaga Shimoliy Xitoydagi harbiy boshliqlardan biri Chjao Kuan -in asos soldi, u kidanlar ustidan bir necha marta g`alaba qozongan edi. Yangi dinastiyaning poytaxti dastlab Byan (hoz.Kayfin) shahri bo`ldi. Keyinchalik markaz janubga Xanchjou shahriga ko`chirildi. Sun imperiyasi (969-1279 yilda Xitoyni boshqargan mahalliy dinastiya). Sun imperiyasi Tan imperiyasiga qaraganda kuchsizroq bo`ldi. Sun dinastiyasi vaqtida Xitoy to`la birlashtirilmadi. Tan imperiyasiga kirgan bir qancha hududlar Sun imperatorlarining hokimiyatini tan olmadilar va o`zlariga mustaqil davlat tuzdilar. Turk, mo`g`ul qabilalari va g`arbdagi boshqa ko`chmanchi qabilalar ham imperiyaga itoat qilmadilar, imperiya chegaralariga tobora kuchliroq xavf soldilar. Sun imperatorlari uyg`urlarga, tangutlarga, kidanlarga, Annamga qarshi urushlar qildi. Biroq bu urushlar natijasida Sunlar bu mamlakatni Xitoyga itoat qildirishga muvvafaq bo`lmadilar. Shunga qaramay, Sun dinastiya davrida Xitoyning xalqaro aloqalari yana mustahkamlandi. O`rta Osiyo, Hindiston va Hindi- Xitoy bilan emas, balki Koreya, Yaponiya va Indoneziya bilan ham keng miqyosda tashqi savdo olib borildi. Sun dinastiya davrida mis pullardan tashqari, temir pullar zarb qilindi. Qog`oz pullar ham Sunlar davrida ishlatila boshlandi.Sun dinastiyasi davrida ahvol yaxshi emas edi,dehqonlarning ahvoli ancha ayanchli edi.
Hukumat yangidan dehqonlar urushi chiqishining oldini olishga va izdan chiqqan davlat moliyasini yana joyiga tushirishga harakat qildi, hukumatning bu harakati Sun dinastiyaning 1chi vaziri Van An- shi tomonidan islihot o`tkazildi.
Van An-shi (1021-1086) dastlab viloyat amaldorlaridan biri edi. U aholining qashshoqligini, amaldorlarning jabr- zulmini va sudxo’rlarning hukmronligini bilar edi.Imperatorning 1chi vaziri bo`lgach u 1069-1074 yillarda moliyaviy – iqtisodiy va ijtimoiy sohada bir qancha islohot o`tkazdi. Avvalo, u yerlarni qaytadan ro`yxatga oldirdi, imperator xizmatidagi zodagonlarning yerlariga ham soliq soldi, bular bu vaqtda yer solig`i to`lamay qoygan edilar. So`ngra Van An-shi dehqonlarning davlat foydasiga barshchina o`tashdan ozod qildi, barshchina o`rniga pul bilan to`lanadigan soliq joriy qildi. Yer solig`ini dehqonlar qisman mahsulot va qisman pul bilan to`laydigan bo`ldi. Ocharchilikni oldini olish uchun Van An-shi davlatga qarashli g`alla omborlari tashkil qildi, ocharchilik yillarida ana shu omborlardan g`alla berilardi.
Sudxo`rlikni tugatish maqsadida Van An-shi davlat banki tashkil qildi, bu bankdan dehqonlar kam foiz to`lash sharti bilan qarz ola oladigan bo`ldi (20% miqdorda). Van An-shi harbiy sohada ham islohot o`tkazmoqchi bo`ldi, yonlanma armiya o`rniga umumiy harbiy majburiyat joriy qilmoqchi edi. Asosiy qo`shin dehqon lashkarlaridan iborat bo`lishi kerak edi. Har uch xonadon bitta piyoda askar, har o`n xonadon bitta otliq askar berishi kerak edi. Van An-shi islohotlari amaldorlar bilan feodallarning qattiq qarshiligiga uchradi. 1075 – yilda Van An-shi vazifasidan bo`shatildi. Uning tuzgan rejalari davlat uchun ’’xavfli’’ deb topildi.
XII asrda ham Sun imperiyasining ahvoli yaxshilanmadi. Shimoldagi xalqlarning hujum qilish xavfi tug`ilishi munosabati bilan 1126 – yilda imperator poytaxtni janubga Xanchjouga ko`chirdi. 1127 – yildan boshlab Sun dinastinasi qo’l ostida faqat janubiy Xitoy qoldi, xolos. Shimoliy Xitoy Manchjur-tungus qabilalardan biri bo`lgan, chjurchjenlar tuzgan va Szin deb atalgan yangi bir katta davlat tarkibiga kirdi, bu davlat ilgarigi kidanlar davlatini o`ziga singdirib olgan edi.
XIII asrning boshlarida Shimoliy Xitoyni mo’g`ullar bosib oldi. 1215 – yilda mo’g`ullar Pekinni bosib oldi. Sun imperiyasi 1279 – yilgacha ya’ni Chingizxonning nevarasi Xubilay bosib olguncha yashab keldi. Xubilay yangi mo’g`ul dinastiyasiga asos soldi, bu dinastiya Yuan deb ataldi va bu dinastiya 1279-1368 yilarda boshqargan.



Yüklə 1,21 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   77




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin