Mavzu : IX-XI asrlarda Germaniya
Reja:
1.Germaniyada feodallashuv jarayonining o’ziga xos xususiyatlari.
2.Saksoniyaliklar dinastiyasining idora eta boshlashi.
3. Otton I ning idora qilishi.
4. Frankoniya dinastiyasining idora qilishi.
5. Saksoniyadagi qo’zg’olon va uning Germaniya ichki hayotiga ta’siri.
6.Otton I ning Italiyaga yurishi.Imperiyaning qayta tiklanishi.
7.Papalar va imperatorlarning investitura uchun kurashi.
Tayanch iboralar:
“Fogt”, Saksoniyaliklar dinastiyasi, Frankoniya dinastiyasi, Stelling qo’zg’oloni, marka, gufa, kommendatsiya, graf, gertsog, Germaniya imperatorlarining Italiya siyosati.
Germaniyaning rasmiy nomi Germaniya Federativ Respublikasi.
Poytaxti: Berlin shahri Hududi: 357,041 km. kv. Aholisi: 82 200 000 kishi(2001). Davlat tili : nemis tili. Dini: xristianlik. Pul birligi: Yevro.
Markaziy Yevropada joylashgan davlat. Janubda- Avstriya va Shveytsariya, g’arbda- Niderlandiya, Belgiya, Lyuksemburg va Fransiya, sharqda – Pol’sha va Chexiya, shimolda- Daniya bilan chegaradosh.
Davlat tuzilishi- Federativ respublika. Germaniya 16 ta federal yerlarning birlashuvidan tashkil topgan. Bular: Baden-Vyurtemburg, Bavariya, Berlin, Brandenburg, Bremen, Gamburg, Gessen, Meklenburg-old Pomeraniya, shimoliy Reyn- Vestfaliya, Reynland-Porals, Saar, Saksoniya, Saksonoya-Anxalt, Quyi Saksoniya, Shlezvig-Golshteyn, Tyuringiya.
Markazlashgan mustaqil Germaniya davlati 1871 yil 18 yanvarda tashkil topgan.
Davlat boshlig’i- prezident. Lekin ijroiya hokimiyati federal kansler rahbarligidagi hukumatga tegishli. Qonun chiqaruvchi hokimiyat Bundestag deb nomlanadi. 1949 yilda GDR va GFR davlatlari tashkil topadi. 1990 yil 3-oktabrda bu ikkala davlat yagona Germaniyaga birlashadi.
1991 yil 20-iyunda Berlin Germaniyaning poytaxti deb e’lon qilinadi.
O’zbekiston- Germaniya hamkorligiga 1993 yil 27 aprel-1-may kunlari O’zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidentining Germaniyaga rasmiy davlat tashrifi bilan asos solinadi va Bonn shahrida 1994 yil 1- sentabrda O’zbekiston Respublikasining Yevropada birinchi elchixonasi ochilgan.
843 yilda Verdenda bo’lgan taqsimotga muvofiq “Sharqiy Frank yerlari”(bo’lg’usi Germaniya hududi) Lyudovik Nemisga o’tgan edi. Aslida bu yerlar bir nechta qabilaviy knyazliklarning-gersogliklarning yerlari edi. Mamlakat birligi haqida u paytda so’z ham bo’lishi mumkin emas edi. Gersogliklar: shiumoldan janubga qarab quyidagi tartibda joylashgan edi: Saksoniya, Frankoniya, Shvabiya(ilgari Allemaniya), Bavariya. Birmuncha keyinroq borib g’arbda joylashgan beshinchi bir gersoglik-Lotaringiya qo’shib olindi.
Reynning narigi tomonidagi yerlarda feodallashuv jarayoni Fransiyaga qaraganda sustroq bo’ldi. Hatto X asrning boshlarida ham Germaniya, u qadar feodallashmagan edi. Jamoalarga-markalarga uyushgan erkin dehqonlar uzoq vaqtlargacha oz’ mustaqilliklarini saqlab keldilar. Krepostnoylashtirish yo’lidagi urinishlarga dehqonlar qo’zg’olon bilan javob berdilar. Shunday qo’zg’olonlardan biri 841-842 yillarda Saksoniyada bo’lib, “Stelling” nomi bilan mashhurdir. Bu qo’zg’olon deyqon jamoalarining ittifoqi bo’lib, bu ittifoq eski majusiylik bayrog’i ostida ish ko’rib, bu ittifoq ham kelgindi frank zodagonlariga, ham mahalliy saks zodagonlariga qarshi qaratilgan edi.
X-XI asrlarda Germaniyada feodallashuv jarayoni muvaffaqiyat qozondi. Marka, ya’ni jamoa tushkunlikka yuz tutdi. Katta dunyoviy va cherkov yer egalari tobora ko’p yerni o’z qo’liga ola bordi. Dehqonlarning ilgarigi chek yeri-(gufa)- maydalanib bordi. Xususiy mulkchilikning rivojlanishi natijasida yer qo’ldan-qo’lga o’ta boshladi. Dehqonlarning bir qismi o’z yeridan ajrab qolib, feodal yer egalariga qaram bo’lib qoldi.
Kommendatsiya (lot. ishonib topshiraman), ya’ni o’zini qudratini qo’shnisining, yirik yer egasining homiyligiga topshirishi; immunitet ya’ni, yer egasining tevarak-atrofdagi aholini sud qilishi, Reyn boyida cherkov yerlarida (asosan Frankoniyada) juda avj olib ketgan edi.
Germaniyada katta yer egalarining avj olishida qirol xazinasiga qarashli yerlarning talon-taroj qilinishi katta rol oynadi. Karolinglarning kuchsiz qirollari bu yerlarni o’z qo’liga saqlab qololmadi. Shu bilan birga german qabilalarining sharqqa slavyan va vengerlarga qarshi, janubda Italiyaga qarshi olib brogan urushlari kengaygan sari, Germaniyada ritsarlik ham tobora zo’r berib avj oldi.
Faqatgina zodagonlar xonadonining kichik a’zolari emas, balki ot va boshqa harbiy anjomlar topishga qurbi yetgan to’q dehqonlar ham ritsarlarga aylandi. XII asrda Germaniyada ritsarlar “zoti ulug’” va “zoti past” ritsarlarga ajratilgan edi. Faqat XIII asrga kelib ritsarlarning ikkala xili ham bir-biriga qo’shlib ketib, yagona ritsarlarga aylandi.
Germaniyada feodal munosabatlarning o’ziga xos xususiyatlaridan biri cherkov yerlariga tashkil topgan “fogt” deb ataladigan yer egaligi keng tarqaldi. Dastlab fogtlar cherkovda xizmat qilar, u yerda harbiy va sudyalik qilar edilar, buning evaziga cherkov yerlarining bir qismini foydalanish uchun olar edilar. Keyinchalik fogtlar avloddan-avlodga o’tadigan bo’ldi.
Eng katta feodallar-gersoglar (gertsog-nem.hersog, qadimgi germanlarda qabilaning harbiy yo’lboshchisi,o’rta asrlarda G’arbiy Yevropada yirik feodal,mulk egasi);-(qabilalarning feodallashgan knyazlari) va graflar (nem.graf, ilk o’rta asrlarda G’arbiy Yevropada joylardagi qirollik mansabdorlari);- (qirolning feodallashgan amaldorlari) feodal tarqoqlik namoyondalari edi. Ular qirol hokimiyatining zaiflashuvidan manfaatdor edilar. Natijada ular shunga erishdilarki X asr boshlariga kelib Karolinglar Germaniyada hech qanday ahamiyatga ega bo’lmay qoldi.
X asr o’rtalaridan boshlab qirol hokimyati kuchaya boshladi, bunga sabab, eng kuchli gersoglardan biri qirol bo’lib oldi, yana sabab, X-XIII asrlarda german feodallari tomonidan uzoq vaqtgacha olib borilgan uzluksiz va bosqinchilik urushlari natijasida qirol hokimiyati ma’lum davrgacha kuchayib bordi. 911 yilda hokimiyatdan karolinglar dinastiyasi ketdi. Oradan bir necha yil o’tib 919 yilda feodal zodagonlar Saksoniya gersogi Genrix I Qushbozni qirol qilib sayladi. U saksoniyaliklar dinastiyasiga asos soldi, bu dinastiya 919-1024 yillargacha idora qildi. Genrix I zamonida(919-936) Germaniyada qirol hokimiyati avj oldi. Saksoniya gertsogligi eng katta gertsoglik bo’lib, Germaniyaning butun shimoliy qismini egallar edi. Bu yerda erkin dehqonlar(frilinglar), bulardan qisman otliq, qisman piyoda harbiy askarlar tuzildi. Shu tufayli Saksoniya gertsogligi boshqa gertsogliklarga qaraganda ancha mustaqil edi. Genrix I tashqi siyosatda bosqinchilik siyosati yurgizdi. Uning zamonida Germaniya hududi g’arbga va sharqqa qarab kengaytirildi. Fransiyada Karolinglarni zaifligidan foydalanib, Genrix I ulardan Lotaringiyani tortib oldi. Sharqqa esa, u El’ba daryosi boyida yashagan g’arbiy slavyanlarga qarshi yurish boshladi. Genrix I El’badan o’tib,Lyutichlar yeriga kiradi.Nemislar slavyanlarning Branibor nomli qal’asini bosib olib, unga Brandenburg deb nom berdilar. Genrix I nemislar tomonidan slavyanlar yeriga qarshi olib borilgan qonli urushlar davrini boshlab berdi. Genrix I sharqda slavyanlardan tashqari, vengerlarga qarshi yurish olib bordi. 933 yilda u Merzeburgga yaqin bir joyda vengerlarga qattiq zarba berdi. Slavyanlarga va vengerlarga qarshi kurash vaqtida Genrix I ritsarlarni ko’paytirdi. Mudofaaning ikkinchi bir vositasi sifatida, u juda ko’p qal’alar-burglar (ko’proq Saksoniya hududida) qurdirdi, va burglar keyinchalik savdo-sanoat shahigarlariga aylandi.
Genrix I ning o’g’li Otton I (936-973) qirol hokimiyatini mustahkamlashni davom ettirdi. U dastavval gersoglar ustidan nazoratni kuchaytirdi, buning uchun u nikoh va boshqa qarindoshlik aloqalaridan foydalandi. Qirol hokimiyatining butun mamlakatga yoyilishining ikkinchi bir usuli yepiskoplik sistemasi bo’ldi. Otton cherkov bilan do’stona aloqa bog’ladi. U yepiskoplarga keng miqyosda immunitet berib, ularga yer ulashdi. Shu bilan birga yepiskoplarni ham uning o’zi tayinlar edi. Cherkov yerlaridan keladigan daromadlardan qirol xazinasiga ko’pdan-ko’p hissalar ajratildi. Shunday qilib, Germaniyada cherkov manfaatlari bilan davlat manfaatlari chatishib ketdi. Germaniyaning turli viloyatlaridagi yepiskoplar mahalliy knyazlarga boysunmay, bevosita qirolga boysundilar. Shu bilan bir vaqtda yepiskoplarning qirolga tobeligi ularning Rim papasiga deyarli boysunmay qoyishiga olib keldi.
Otton I otasining agressiv tashqi siyosatini davom ettirdi. Otton I zamonida El’baning narigi tomonidagi slavyanlarga qarshi kurash yanada kuchli suratda davom etdi. El’baning narigi tomonida nemis kolonistlari ko’chib kelib o’rnasha boshladi. Slavyanlarni majburiy ravishda xristianlashtira boshladilar. Ularning eng yaxshi yerlarini tortib olib, mustamlakachi-nemislarga berar edilar. Ba’zan esa nemis feodallari bilan tinch munosabat o’rnatishga moyil bo’lgan slavyanlarni ham qirib tashlardilar. Masalan, 955 yilda markgraf Geron slavyanlarning 30 ga yaqin knyazini o’z huzuriga “ziyofat”ga chaqirib, shu yerda ularni qirib tashladi. Otton I vengrlarga qarshi yurishni ham davom ettirdi. U 955 yilda Lexa daryosi boyida(Augsburgga yaqin bir joyda) vengrlarga qarshi yana zarba berdi. Shundan keyin, vengrlar Germaniya yerlariga hujum qilishni to’xtatdilar. Ular xristialikni qabul qila boshladilar va nemislar ta’siriga o’ta boshladilar.
Lekin Otton I asosiy e’tiborni sharqqa emas, balki Italiyaga qaratdi. Chunki Italiya german imperatorlarining “dunyoga hokim bo’lish” rejalarida asosiy o’rin tutar edi.
Saksoniya dinastiyasiga mansub bo’lgan oxirgi imperator Genrix II (1002-1024) ancha ehtiyotkorlik bilan siyosat yurgizib, Italiyadagi katta feodallar va shaharliklarni o’ziga vassal qilib oldi.
1024-1125 yillar davomida Germaniyada ikkinchi bir mahalliy dinastiya – Frankoniya (bu viloyat O’rta Reyn va Mayns boylab, shimolda Saksoniya va Tyuringiya bilan, janubda Shvabiya va Bavariya bilan chegaradosh ) dinastiyasi idora qildi. Konrad II(1024-1039) va Genrix III(1039-1056) bo’lgan yangi dinastiya dastavval ritsarlarga suyandi. Konrad II ayniqsa ritsarlar sonini ko’paytirishga harakat qildi.
Konrad II yana qonun chiqarib, ritsar feodallarini avloddan-avlodga meros bo’lib o’tadigan qilib qoydi. Italiyaning yirik feodallariga qarshi kurashda Italiya ritsarlarini qirol tomoniga og’dirib olish maqsadida Konrad II bu qonunni 1037 yilda Italiya uchun chiqargan edi. So’ngra, oradan ko’p vaqt o’tmay bu yangi qonun Germaniyaga ham tatbiq qilindi.
1034 yili Konrad janubga Sona va Rona daryolari havzasidagi Burgundiya qirolligini va Provansni qoshib olishga muvaffaq bo’ldi.
Genrix III Chexiya knyazi slavyan Brjetislavni 1041 yilda o’ziga vassal qilib oldi. U Polsha bilan Vengriyaga ham o’z ta’sirini o’tkazdi. Germaniyada Frankoniya yerlaridan tashqari, imperator Bavariya va Shvabiya gertsoglarini hamda janubi-sharqda yana bir gertsoglikni – Karintiyani ham bevosita nazorat qilar edi. Faqat, Saksoniya, Lotaringiya va Burgundiya avtonom bo’lib qodi.
Biroq Genrix III Saksoniya gertsogligi ustidan nazorat o’rnatishga intilib, bu gertsoglikda mustahkam qirol qasrlari qurdi. Genrix III ko’payib borayotgan ritsarlarga tayanish bilan birga, o’z ittifoqchisi bo’lgan cherkov xizmatlaridan ham foydalandi. Papalarni ham uning o’zi tayinlardi va shu bilan birga, papalar ko’pincha nemis yepiskoplaridan bo’lardi.
Lekin frankoniya dinastiyasi idora qila boshlagan davrda imperiya yuksalib, markazlashtirilgan bo’lsada , bu muvaffaqiyatlar dunyoviy va ruhoniy zodaganlar o’rtasidagi kurash natijasida barbod bo’ldi. Genrix III ning o’g’li Genrix IV zamonida(1056-1106) imperator bilan papa o’rtasida uzoq vaqt davom etgan qattiq kurash boshlandi, bu kurash german feodallarining Italiyadagi siyosati natijasida, imperator hokimiyati zaiflashdi.
Genrix IV qattiqqo’l va shuhratparast edi. Otasi Genrix III singari, u ham feodal zodagonlarning o’zboshimchaligini jilovlashga harakat qildi. Uning qirollik davrida ta’siri Frankoniyadan tashqaru qo’shni Shvabiya, Saksoniyada ham kuchaydi. Genrix IV Saksoniyani boysundirishni o’ziga birinchi siyosiy vazifa qilib qoydi. U Ga’rbiy Saksoniyada yangidan-yangi imperator qasrlarini qurishni kuchaytirib saroyni shu yerga ko’chirib bordi.
Imperator Saksoniyaning boy o’rmonlarini tortib olib o’z mulkiga aylantira boshladi. Ancha qismi erkin bo’lgan saks dehqonlariga og’ir bo’lgan imperator solig’i solindi. Imperatorlarga qarashli yerlarni boshqaruvchilar dehqonlarning jamoa yer-suvlaridan foydalanishini qiyinlashtirib qoydilar. Biror sabab bilan o’z yeridan ajragan erkin dehqonlar(freymanlar)ning bir qismi qaram kishilarga barshchina o’tashga majbur bo’lgan krepostlarga aylantira boshlandi. Dehqonlar imperator va uning amaldorlariga hafrat bilan qarar edilar.
Saksoniya feodallari ham imperatorga va uning atrofidagilarga nafrat bilan qarar edilar, ularni saksoniyani ekspluatatsiya qiluvchi ajnabiylar deb qarar edilar. Shuning uchun ham 1073-1075 yillarda qo’zg’olon ko’tarildi. U shu qadar shiddatli va katta qo’zg’lon bo’ldiki, Genrix IV ning o’zi ham asir tushishiga sal qoldi. U zo’r qiyinchlik bilan Saksoniyadan qochib jon saqlab qoldi.
Dehqonlar imperator qasrlarini bir nechtasini vayron qildilar, binolarga o’t qoydilar va shu vaqtgacha to’lab kelgan to’lov va boshqa barshchinalarni to’lamay qoydilar. Biroq dehqonlarning aktiv harakati saks feodallarini qo’rquvga soldi. Dehqonlarga bildirmasdan turib, feodallar imperator bilan muzokara boshlab, uni o’zlariga ko’proq yon berdirishga harakat qildilar.
Saks zodagonlari imperatorga qarshi urush harakatini sustlik bilan olib bordilar. Genrix IV esa bundan foydalandi. 1075 yil yozida u bir qismi Shvabiya tog’liklaridan iborat bo’lgan qo’shin bilan, bir qismi imperatorning frankoniyalik ritsarlaridan iborat bo’lgan qo’shin bilan, Saksoniyaga bostirib kirdi.
1075 yil 9-iyunda Langenzols degan joyda qo’zg’lonchilarning asosan dehqonlarning qo’shinini tor-mor qildi. Dehqonlarga qo’shilmay, o’zlari alohida jang qilgan saks feodallari ham mag’lubiyatga uchradilar. Lekin ular dehqonlarga nisbatan oz talofat ko’rdilar. Qo’zg’olonchi dehqonlar qattiq talofat ko’rib, bir necha ming kishi halok bo’ldi.
1075 yilning ikkinchi yarmida Genrix IV Saksoniyaga butunlay xo’jayin bo’lib oldi. Bu o’lka juda qattiq talandi va vayron qilindi. Genrix IV sakslar ustidan g’alaba qozongach, o’zini papa Grigoriy VII ga nisbatan ham harbiy jihatdan yetarli darajada kuchga egaman deb his qildi.
Shimoliy Italiya feodallarining о‘zaro urush-janjallariga aralashib, Otton I (936-973) Italiyaga 951 yilda qо‘shin tortib keladi. U Paviya shahrini oldi, shimoliy Italiya knyazlaridan bir nechtasini tor-mor qilib, Provans bilan Italiya qiroli Lotarning beva qolgan xotini — qirolicha Adelgeydaga uylandi, shu bilan Germaniya imperatorlarinig Italiya siyosati deb atalmish siyosati shundan boshlandi.
961 yilda Otton Italiyaga yana yurish qildi. Bu safar Ottonni yigirma ikki yoshli papa Ioann XII yordamga chaqirgan edi, bu papaga uning о‘z vassallari —rim baronlari xavf solayotgan edi. Karl Buyuk vafotidan keyin diniy hokimiyatni dunyoviy hokimiyatdan ustun turadi degan aqidaga amal qilgan papalik qirol hokimiyatining yordamiga muhtoj bо‘lib qolgan edi.
Otton I Rim feodallarini bostirib, papani taxtga о‘tqazdi. Bunga minnatdorlik bildirib, papa 962 yilning boshida Ottonga imperatorlik tojini kiygizdi. Shunday qilib, imperiya yangidan tiklandi. Yangi imperiyaga «Muqaddas Rim imperiyasi» deb nom berildi. Faqat keyinroq, XII asrga kelib, bu iboraga ikki sо‘z qо‘shilib, «German millatining muqaddas Rim imperiyasi» deb ataladigan bо‘ldi.(Bu imperiya 962-1806 yillarda yashagan).
Italiyada nemis feodallariga nafrat bilan qarar edilar. 964 yilda imperator Italiyada yо‘q vaqtida vafot etgan Ioann XII о‘rniga Otton tomonidan tayinlangan yangi papani tanishdan Rim bosh tortdi. 965 yilda Otton Italiyaga kelib, Rimni qattiq hujum arang oldi va butun shaharni ayovsiz talattirdi. Shu bilan bir vaqtga Vizantiya bilan arablar ham yangi imperatorga qarshi edi, ular о‘zlarining Italiyadagi ta’sirini yangi kelgindilarga berib qо‘yishni istamas edilar.Otton I o’gli Otton II ni Vizantiya malikasi Feofaniyaga uylantirib, Vizantiya bilan bо‘lgan munosabatlarini birmuncha yaxshilab oldi. Lekin arablar bilan bо‘lgan munosabatlar esa qattiq urush chiqish xavfini solar edi. Shunday qilib, Germaniya imperatori Italiya bilan tamomila ovora bо‘lib qolib, Germaniyaning ichki ishlaridan ancha chetlashib qoldi. Otton I о‘z qirolligining bir necha yilini Italiyaning о‘zida о‘tkazishga majbur bо‘ldi.
Otton I ning о‘g‘li bilan nevarasi Otton II ham, Otton III ham butunlay Italiyadagi siyosat bilan band bо‘ldi. Otton II janubdagi yerlarni qо‘lga kiritishga harakat qildi. U Neapol bilan Tarentni bosib oldi. 983 yilda arablar bilan bо‘lgan dengiz jangida mag‘lubiyatga uchrab, va Ravennada yosh о‘lib ketdi. Otasi о‘lganda Otton III uch yashar bola edi. Onasi imperatritsa Feofaniya regent bо‘lib idora qila boshladi, lekin uning obro’si yaxshi emas edi. Imperator-qirol hokimiyatining zaiflashganligidan foydalanib, german gersoglari о‘z knyazliklarini butunlay mustaqil idora qila boshladilar.
Italiyada ham german feodallarining ahvoli yaxshi emas edi. Italiya aholisi kelgindilarga dushmanlik kayfiyatida edi. 997 yilda Rimda Otton III ga qarshi juda katta fitna uyushtirildi.
Fitna fosh etilib, qatnashchilari qatl etildi. 1001 yilda Otton III о‘zining asosiy qarorgohi Rimda butunlay qolish uchun Germaniyadan Italiyaga keldi. Biroq rimliklar unga qarshi bosh kо‘tarib chiqdilar va imperator saroyini qamal qildilar. Shundan keyin Otton III Rimda qolishdan qо‘rqib, Ravennaga kо‘chib bordi, oradan kо‘p о‘tmay 1002yilda vafot etdi. Shunday qilib, Otton III ning buyuk davlatchilik rejasi barbod bо‘ldi. Saksoniya dinastiyasiga mansub bо‘lgan imperator Genrix II (1002—1024) ancha ehtiyotkorlik bilan siyosat yurgizib, Italiyadagi katta feodallar va shaharliklarni о‘ziga vassal qilib oldi.
XI asrning о‘rtalarida katolik cherkovi alohida bir holatda edi. Bu vaqtda cherkov о‘z ta’sirini butun G‘arbiy Yevropaga yoygan edi. XI asrda Skandinaviya xalqlari, Vengriya, Polsha xristianlikni uzil-kesil qabul qildi. Cherkovning Yevropadagi turli mamlakatlarda juda kо‘p yerlari bor edi, uni bir markazdan turib Rim papasi boshqarar edi. Katolik cherkovining ilg’orlari IX asrni o’zidayoq, cherkov (papa) hokimiyati, dunyoviy hokimiyatdan (imperator va qirol hokimiyatidan) yuqori turadi, deb ochiqdan-ochiq aytgan edilar. Biroq, amalda papa hokimiyati bunday huquqqa ega emas edi. Papalar odatda Rim ruhoniylari va Rim dunyoviy zodagonlari tomonidan saylanar edi. Papa saylashning qat’iy bir tartib-qoidasi yо‘qligi uchun, bu saylovlar uzluksiz о‘zaro urushlarga aylanib ketar edi, va bu narsa imperatorlarning Rim kuriyasi (papa saroyi, katolik cherkovining markaziy-ma’muriy apparati) ishlariga aralashishiga imkon berar edi.
Cherkov doiralarida shunday bir harakat vujudga kelib, bu harakat yuqorida kо‘rsatib о‘tilgan ziddiyatlarni hal qilishni, papaning cherkov ustidan bо‘lgan hokimiyatini kuchaytirishni va cherkovning dunyoviy hokimiyatdan mustaqilligini oshirishni о‘z oldiga maqsad qilib qо‘ydi. Bu harakatning ifodachisi Klyuniy monastrining monaxlari edi, bu monastr Fransiyaning Burgundiyadagi katta monastr edi, bu Klyuniy monastri X asrning oxiridagi eng boy va katta monastr edi.
XI—XII asrlarda Klyuniy monaxlari Fransiya, Germaniya va Italiyada о‘nlab yangi monastrlar ochib, monastrlar federatsiyasini tuzdilar, bu federatsiya papaning maxsus homiyligi ostida edi. Klyuniychilardan biri, Italiyaning Toskana shahridan Gildebrand ismli italyan, u 25 yil davomida papa kuriyasida ishlagan bo’lib, u 1073-yilda papa bо‘ladi va o’zini Grigoriy VII nomi bilan (1073—1085) boshqardi. U papalar о‘z hukmi bilan qirollar va imperatorlarni taxtdan tushirishi mumkii, lekin papa ustidan bu dunyoda hech kim hech qanday hukm chiqara olmaydi, der edi. Imperatorlar bilan qirollar — papaning vassali, papa esa ularga nisbatan senyor, ya’ni hukmdor, der edi.
Grigoriy VII bir qancha muhim islohotlar о‘tkazdi, uning bu islohotlari katolitsizmni markazlashtirish va jipslashtirishga yordam berdi. Uning taklifiga muvofiq 1059 yilda papa saylashning yangi tartibi joriy qilindi. Endi papalarni kardinallargina (kardinal lot.bosh so’zidan, katolik cherkovi iyerarxiyasida Rim papasidan keyin, yepiskopdan oldin turuvchi ruhoniy) saylashi kerak edi, kardinallar papaning gо‘yo oliy Kengashi edi. Kardinallarning saylov yig‘ilishi konklav deb atalar edi.1chi marta konklav papa Grigoriy IX ni saylash munosabati bilan 1271yilda chaqirilgan edi. Bu yig‘ilish vaziyatga qarab, Rimda yoki Rimdan tashqarida bо‘lishi mumkin edi. Yangi saylov tartibiga kо‘ra, imperatorning va dunyoviy zodagonlarning papa saylovlarida qatnashuvi mutlaqo mumkin emas edi. Bu narsa papalikning dunyoviy hokimiyatni nazar-pisand qilmaganligini kо‘rsatdi.
1060 yilgi islohot ruhoniylarning о‘zini intizomga solish maqsadida о‘tkazildi. Grigoriy VII dekret chiqarib, selibat (selibat lot.boydoq, katolik ruhoniylarining majburan uylanmasligi, papa Grigoriy VII tomonidan qonuniylashtirilgan (XI asrda), amalda XII asrda qaror topdi.1967 yili papa Pavel VI selibatni mustahkamligini tasdiqladi) joriy qildi, ya’ni barcha ruhoniylarning, yepiskoplarning uylanmasligi majburiydir, degan tartib joriy qildi. Ruhoniylarning uylanishini taqiqlash cherkov yerlarini dahlsiz qilib qо‘yar edi, chunki uylangan yepiskoplar mulkini о‘z bolalariga qoldirishga harakat hilar edi.
Nihoyat, 1075 yilda Grigoriy VII yangi saylangan yepiskopga yoki abbatga imperator yoki qirol tomonidan berilib kelgan dunyoviy investiturani bekor qilish tо‘g‘risida dekret chiqardi. Shu vaqtdan boshlab investiturani (ruhoniylarni vazifaga tayinlash yorlig‘i) ni faqat papaning о‘zigina beradigan bо‘ldi.
1076 yilning boshlarida Vormsda bо‘lgan cherkov yig‘ilishida imperatorning talabi bilan Grigoriy VII о‘rnidan tushirildi. Grigoriy VII ham bunga javoban Fransiya va Italiya yepiskopla-rining Rimda bо‘lgan yig‘ilishida Genrix IV ning о‘zini taxtdan tushirilgan deb e’lon qildi. Shunday qilib, papa bilan imperator о‘rtasida yarim asr davom etgan kurash boshlandi.
. Biroq imperatorning papaga qarshi kurash olib borishi oson bо‘lmadi. Imperatorning tarafdorlari kо‘p bo’lishi bilan birga, saks feodallari monaxlik qiluvchi ruhoniylar, italyan va qisman nemis yepiskoplari, Italiya shaharlarining bir qanchasi unga dushman edi.
Imperatorning papaga qarshi kurashi feodallarga qо‘l kelib, imperatorga qarshi yana isyon kо‘tarish uchun yaxshi bir bahona bо‘ldi. Genrix IV papa bilan murosaga kelishdan boshqa iloji qolmadi. Imperator 1077 yili Italiyaga kelib, bir nechta mulozimlari bilan birga 25 yanvar kuni Toskanadagi Kanossa qasriga boradi. Grigoriy VII о‘sha vaqtda shu qasrda edi. Tavba-tazarru qi-luvchi gunohlar libosda, yalang oyoq holda imperator uch kungacha Kanossa darvozasi oldida turadi. Shundan so’ng papa uni qabul qiladi va uning gunohini kechiradi. Kanossa- dunyoviy hokimiyatning cherkov hokimiyati oldida yer о‘pib bosh egish timsoli bо‘ldi.
Lekin Kanossa mustahkam tinchlik о‘rnata olmadi. Genrix IV feodallar lageridagi kelishmovchiliklardan foydalanib, oradan kо‘p vaqt о‘tmay, papa bilan yana kurash boshladi. Shundan keyin Grigoriy VII knyazlarni imperatorga sodiqlik qasamidan xalos qilib, ularga darhol yangi imperator saylab olishni taklif qildi. Feodallar tomonidan saylangan Rudolf Shvabskiy Genrix IV ga qarshi urush boshladi va1080 yilda halok bо‘ldi.
Shundan keyin Genrix IV о‘zi hujumga о‘tib, katta qо‘shin bilan Italiyaga bostirib kirib, 1084 yilda Rimni egalladi. Endi Grigoriy VII qamal holatiga tushib qoldi. Papa vassallari bо‘lgan Sitsiliya normanlari yordamga kelib, Grigoriy VII ni asir tushishdan qutqarib qoldi. U normanlar bilan birga Italiyaning janubiga, Solerno shahariga qochib,1085 yilda о‘sha yerda vafot etadi. U о‘z vorislariga, imperatorga qarshi kurashni davom ettirishni vasiyat qilib ketdi.
Investitura uchun kurash XI asrning oxiri va XII asrning boshlarida ham davom etdi. Grigoriy VII ning vorislari Genrix IV ga qarshi uning о‘z о‘g‘lini Genrix V ni qurollantirdilar. Biroq Genrix V otasining о‘rniga о‘zi imperator bо‘lib olgandan keyin, u ham investituradan voz kechishni istamadi. Genrix V 1122 yilda, papa Kallist II bilan Vorms konkordati deb nom olgan kelishuv shartnomasi tuzdi.
Vorms konkordatida yepiskoplarning ruhoniylar tomonidan saylanishi prinsip qilib belgilandi. Shu bilan birga, Germaniyada saylovlar imperatorning о‘zi yoki uning vakillari ishtirokida о‘tkaziladigan bо‘ldi.
Burgundiya bilan Italiyada esa yepiskop saylashda imperatorning qatnashishi kо‘zda tutilmadi. Sо‘ngra imperator papa bilan bо‘lgan kurash vaqtida undan tortib olingan cherkov mulkini qaytarib berishni va’da qildi. Investituraning о‘zi esa konkordatga muvofiq ikki qismga bо‘lindi — bir qismi cherkov investiturasi (uzukdan iborat) bо‘lib, buni papa beradigan bо‘ldi, ikkinchi qismi dunyoviy investitura (hassadan iborat) bо‘lib, buni imperator beradigan bо‘ldi.
Umuman olganda, konkordat imperatordan kо‘ra papalar uchun kо‘proq foydali bо‘ldi. Imperator hokimiyatining yepiskoplarga bо‘lgan ta’siri zaiflashdi. Cherkov yerlaridan imperatorga tо‘lanadigan tо‘lovlar kamaytirildi.
Vorms konkordati natijasida Germaniyadagi cherkov feodallari kuchayib, hududiy knyazliklarga aylandilar. Vorms konkordati investitura masalasida yon berishdan tashqari, imperator Grigoriy VII amalga oshirgan islohotlar (papaning konklav tomonidan saylanishi, ruhoniylarning selibati chaqirilishiga) ham papaga yon berilgan edi.
Dostları ilə paylaş: |