Denov davlat universiteti tarix kafedrasi


V-VI asr boshlarida Vizantiyaning ijtimoiy-iqtisodiy hayoti



Yüklə 1,21 Mb.
səhifə4/77
tarix18.04.2023
ölçüsü1,21 Mb.
#99727
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   77
Denov davlat universiteti tarix kafedrasi

V-VI asr boshlarida Vizantiyaning ijtimoiy-iqtisodiy hayoti. IV-VI asrlarda Vizantiya imperiyasi о‘sha davrdagi xalqaro aloqalarda muhim о‘ringa ega bо‘lgan eng yirik davlat edi. U Eron, Qora dengiz va Kavkaz orti mamlakatlari bilan savdo aloqalarini olib borar edi. Bu davrda Vizantiya Italiya, Ispaniya va Galliya kabi mamlakatlar bilan ham savdo aloqalarini olib borgan.
Imperiyaning turli viloyatlaridagi qulay shart-sharoit iqtisodiyotning muhim omili bо‘lgan. О‘rta Yer dengizi sohilidagi Frakiya, Makedoniya, Fessaliya, Pellopones pasttekisliklarida boshoqli don, zaytun, uzum, mevalar yetishtirilgan. Misr qadimdan о‘zining yuksak hosilli yerlari bilan shuhrat qozongan. Kichik Osiyoning dashtlari, Suriya chо‘llarida chorvachilik rivojlangan. Bolqon yarim orolining Konstantinopol tomon tog‘ yon bag‘irlarida, qirlarda, о‘rmon va о‘tloqlarda chorva mollari boqilgan.
Sharqiy imperiya xо‘jaliklari G‘arbiy Rimga nisbatan qullar mehnatidan kam foydalanilgan. Sharqiy Rimdagi ishlab chiqarish IV asrda erkin jamoa a’zolari –dehqonlar va kolonlar mehnatiga asoslangan. Yerga biriktirilgan kolonlar, о‘z xо‘jayinlaridan tashqari, davlat hisobiga ham majburiyatlar о‘tashgan.
Sharqdagi yirik shaharlar: Konstantinopol, Fessalonika, Efes, Antioxiya, Laodikiya, Bayrut, Damashq va Iskandariyalar savdo-hunarmandchilik markazlari bо‘lgan. Suriyaning zig‘irpoyadan tо‘qilgan movut gazlamalari, Misrning papiruslari, Bayrutning chetdan keltirilgan ipakdan tо‘qilgan matolari, Konstantinopolning zeb-ziynat buyumlari uzoq о‘lkalarda ham yuksak qadrlangan.
Polisni (polis.yunon.polis-shahar-davlat) boshqarish shaharlarning quldor zodagonlari-kuriallar qо‘lida bо‘lgan. Ular jamoatchilik binolarini qurish, ta’mirlash, bayramlar va tomoshalar tashkil qilish, kambag‘allarni ozuqa mahsulotlari bilan bepul ta’minlashni tashkil qilishlari lozim edi. Kuriallar soliqlarni yig‘ishga о‘z mol-mulklari bilan javobgar bо‘lishgan.
Viloyatlar boshqaruvining xususiyati, fuqarolik va harbiy hokimiyatining alohida ekanligi edi. Hokim fuqarolik hokimiyatini boshqarsa, harbiy qо‘shinga sarkardalar yetakchilik qilgan. Xalq lashkari IV asrdan о‘z ahamiyatini yо‘qotib, yollanma qо‘shin va varvarlardan jalb qilingan ittifoqchilar mavqei о‘sib borgan.
Davlat aholidan turli soliqlar undirgan. Dehqonlardan olinadigan oziq-ovqat solig‘i yerning maydoni, unumdorligiga qarab belgilangan. Zodagonlarning kо‘plab yer-mulklari soliqlardan ozod qilingan. Vizantiya soliq tizimining о‘ziga xos jihatlaridan biri, epibole (о‘tkazish) bо‘lib, unga kо‘ra, qochoq kolon yoki ijarador yeri qо‘shnilariga majburan о‘tkazilgan bо‘lib, ular barcha soliqlarni tо‘lashlari shart edi. Har 15 yilda soliq tо‘lovchilar mulkiy holati rо‘yxatdan о‘tkazilib, soliq miqdori о‘sib borgan.
Davlat hisobiga bajariladigan majburiyatlar ham aholiga qiyinchilik tug‘dirgan. Yirik shaharlarning oziq-ovqat mahsulotlari ta’minoti, amaldor va jangchilarni ta’minlash, ularga transport vositalari, ot, mol, yem-xashak yetkazib turish, yо‘llar, kо‘priklar, qal’alar, kemalar qurishda va ta’mirlash ishlarida ishtirok etish aholi zimmasida bо‘lgan.
Shaharliklar pul solig‘ini tо‘laganlar. Davlat daromadlarining kо‘p qismini savdo bojlari tashkil qilgan. Boj solig‘i xorijdan keltirilayotgan mollar narxining 1/8 (16,5%) tashkil qilgan.
Imperiyaga varvarlarning dastlabki bosqinlari IV asrning sо‘nggi choragida boshlandi. Davlat soliqlaridan bezgan mahalliy aholi vestgotlar bosqiniga befarq qaraydi. Shaharliklar talonchiliklar va savdoning torayishidan xavotirga tushib, varvarlarga qarshilik kо‘rsatadilar. Imperator Valent qо‘shinining 378 yilgi mag‘lubiyatidan sо‘ng vestgotlar Meziyaga joylashib, varvarlar yо‘lboshchilari qirol saroyi va mahalliy boshqaruvda muhim о‘rin tuta boshlaydi.
Vestgotlar yо‘lboshchisi Alarix IV asr oxirida isyon kо‘tarib, Konstantinopoldan Pelloponesga qadar hududlarni talon-taroj qiladi. Varvarlarning Kichik Osiyodagi isyoniga qullar va kolonlarning qо‘shilishi bu harakatga xavfliroq tus beradi. Konstantinopol dimlari bunga javoban 400 yili shahar darvozalarini yopib, poytaxtdagi 7 mingga yaqin yollanma got jangchilarini qirib tashlaydilar. Qirg‘indan jon saqlagan yollanma askarlar Dunay ortiga о‘tib ketadilar. Imperator, Alarix bilan kelishib, uni G‘arbiy Rim tomonga yо‘llashga erishadi.
Bolqon yarim oroli V asrning birinchi yarmida varvarlar, xunnlar, ularga bо‘ysungan qabilalarning yangi hujumlariga uchraydi. Xunnlar ittifoqi parchalanganidan sо‘ng, ostgotlar va boshqa german qabilalari hujumlari boshlanadi. Ostgotlar yо‘lboshchisi Teodorix 470-480 yillar boshlarida Bolqonni larzaga solib turganida, uni imperiyadan arang surib chiqarishadi. Rasmiy provaslaviye (chin e’tiqod) cherkovining Iso payg‘ambarning ilohiy va insoniy tabiati haqidagi ta’limotiga qarama-qarshi nestorianlik g‘oyasi vujudga keladi. Unda payg‘ambarning faqat insoniy jihati tan olingan. Yana bir diniy ta’limot-monofisitlikda esa Isoning faqat ilohiy xususiyati tan olinadi. Mamlakatdagi diniy nizolar hukmron toifa uchun siyosiy kurash usuli bо‘lsa, mehnatkash aholi aksincha majburiy mehnatdan qutulish uchun ularda ishtirok etadi.

Yüklə 1,21 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   77




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin