Yustinian I davrida Vizantiya. VI asrda imperator Yustinian I hukmronlik qilgan vaqtda eng katta muvaffaqiyatga erishdi. Yustinian 527—565 yillarda podsholik qildi. U yuksak ma’lumotli, mehnatsevar, qat’iyatli, qattiqqо‘l va о‘z sо‘zidan qaytmaydigan imperator bо‘lgan. U qulchilikni mustahkamlab, imperiyani avvalgi chegaralarida tiklashni maqsad qilib qо‘ygan. Uning ichki siyosatidagi asosiy maqsadi, yer-mulklar va quldorlarning hunarmandchilik ustaxonalarini arzon ishchi kuchi bilan ta’minlab, xazinani tо‘xtovsiz oqib keladigan daromad bilan tо‘ldirib turish edi. Yustinian chiqargan qonunlarga binoan, kolonlarni ularning qachon qochib ketganligidan qat’iy nazar, о‘z yerlariga qaytarish, yerga kolonlarning va erkin ijarachilarning farzandlarini ham biriktirib qо‘yish tartibi belgilangan.
U о‘zidan oldin о‘tgan Feodosiy sulolasi о‘rniga kelgan yangi sulolaning vakili edi. Uning amakisi imperator Yustin I (518-527 yillarda boshqargan) ba’zi ma’lumotlarga kо‘ra, illiriyalik savodsiz bir dehqon bо‘lib, harbiy xizmatda shuhrat qozonganda, armiya uni imperator qilib kо‘targan. Vizantiya varvarlarning (germanlar, slavyanlar va boshqalarning) hujumini qaytarib, о‘zi ularga qarshi hujumga о‘tgan bir davrda Yustinian imperatorlik qila boshlagan va 527-565 yillarda boshqardi. Yustinian о‘z oldiga imperiyaning ilgarigi g‘arbiy chegaralarini tiklashni vazifa qilib qо‘ydi. Ilgarigi G‘arbiy imperiya hududida yaqindagina vujudga kelgan varvar qirolliklarining tarqoq va kuchsizligidan foydalanib, Yustinian о‘z dasturini qisman amalga oshirishga muvaffaq bо‘ldi. Uning sarkardalari Velizariy va Narses Shimoliy Afrikadagi Vandal qirolligini (534 y.), Italiyadagi Ostgot qirolligini (555 y.) va Ispaniyaning janubiy qirg‘og‘ini (Betikani) bosib oldi.
Yustinian о‘z davlatining shimoliy chegaralarini qisman xunnlar hujumidan, qisman slavyanlar siquvidan himoya qilishga juda zо‘r berdi. Bolqon yarim orolida uch qator qal’alar qurildi. Ammo bu mudofaa tо‘siqlari slavyanlarning Bolqon yarim oroliga qarab siljishlarini tо‘xtata olmadi. Slavyanlarning kо‘pini imperiya yarim orolga ittifoqchilar sifatida joylashtirishga majbur bо‘ldi. Boshqalari hatto Bolqon yarim orolining janubida — Makedoniyaga va Egey dengizi bо‘ylariga kolonist-yer egalari sifatida joylashtirildi. Yustinian imperiyaning Qrimning janubiy qirg‘og‘idagi va Kavkaz ortidagi yerlarini qaytarib oldi. Lekin u Mesopotamiyaning bir qismini Eron shohiga berishga va sulh tuzilganidan keyin unga katta-katta pul tо‘lab turishga majbur bо‘ldi.
Yustinian podsholik qilgan davrda Vizantiyaning ichki hayotida juda katta voqealar yuz berdi. U о‘z podsholigining boshlanish paytidayoq Rim imperatorlarining ilgari nashr qilingan hamma qonunlarini bir qilib tо‘plab bosib chiqarishni о‘z oldiga maqsad qilib qо‘ydi. Eng atoqli yuristlardan iborat ikki komissiya Tribonian rahbarligida Rim qonunlarini tо‘plab tartibga solish ustida juda katta ish olib bordi. Bu komissiyalarning 528—534 yillar mobaynida olib borgan ishi natijasida «Fuqarolik qonunlari tо‘plami» (Corpus furis civilis) vujudga keltirildi, bu tо‘plam Rim imperiyasidagi butun qonunlarni yakunlovchi eng katta yuridik yodgorlik bо‘ldi. Tо‘plam tо‘rt qismdan iborat edi: 1) 12 tomlik Yustinian kodeksi — Rim imperatorlarining qonunlari tо‘plami; 2) Digestlar — bu 50 kitob bо‘lib, Rim qonunlarini sharhlagan mashhur rim yuristlarining asarlaridan olingan parchalarni о‘z ichiga olgan edi; 3) Institusiyalar — sudyalar va о‘quvchi-yuristlar uchun qisqacha yuridik qо‘llanma (bir kitob); 4) Novellalar — Yustinianning kodeksiga kirmagan yangi qonunlaridan (535 yildan to о‘z podsholigining oxirigacha) iborat edi.
Yustinian qonunlari tо‘plami mazmunan rim huquqining bayoni bо‘lishi bilan birga, ayni paytda vizantiya huquqining ba’zi о‘ziga xos xususiyatlarini ham aks ettiradi. Tо‘plamning oxirgi qismi lotin tilida emas, yunon tilida yozilib, Yustinianning 160 ga yaqin konstitusiyalarini о‘z ichiga oldi va ular ma’lum darajada о‘sha vaqtdagi vizantiya jamiyatining о‘ziga xos shart-sharoitlarini aks ettirdi.
Vizantiya yuristlari klassik davrdagi о‘z о‘tmishdoshlaridan farq qi-lib, huquqiy normalarni bayon qilishda eskirgan usullardan foydalanmas-likka, ularni oddiy va aniq ifoda qilishga, iboralarga tushuntirishlar berishga, sodda va tushunarli tushunchalar ishlab chiqishga harakat qildilar.
Yustinianning qonunlar tо‘plamida, bir tomondan quldorlik tuzumi alomatlari («barcha odamlar erkin kishilarga va qullarga bо‘linadi») va ikkinchi tomondan, vujudga kelayotgan feodal munosabatlarniig alomatlari (kolonat tо‘g‘risidagi qonunlar, qullarni cheklanmagan miqyosda bо‘shatish tо‘g‘risidagi yangi qonunlar) aks etdi. Tо‘plamda imperator hokimiyati absolyut hokimiyat degan g‘oya aniq bayon qilindi.
Yustinian og‘ir talofatlarga qaramay, Rim imperiyasini qayta tiklash uchun urushlarni boshlaydi. Shimoliy Afrikadagi Alan-Vandal qirolligi 533-534 yillari, Ostgot qirolligi 535-555 yillari mag‘lub etilib Italiya va Sitsiliya, 554 yili Janubi-sharqiy Ispaniya, Sardiniya va Korsika orollari egallandi.
Uning davrida mamlakatda ichki savdo jonlanib, ipak va undan gilamlar tо‘qish yо‘lga qо‘yiladi. Konstantinopolda hashamatli me’morchilik inshootlari qurilishi boshlandi. 532-537 yillari “me’morchilik san’ati mо‘jizasi” hisoblangan Avliyo Sofiya ibodatxonasi bunyod etiladi. Yustinian zamonidagi mashhur yodgorlik avliyo Sofiya (avliyo Sofiya yunoncha ”Asl donolik”-“Xudoning о‘g‘li” degan ma’noni anglatadi).
Quldorlarning eski tartiblarni tiklashga urinishi, soliqlarni о‘sishi, amaldorlar tazyiqlari ezilgan xalq qarshiligiga uchraydi. Poytaxt Konstantinopolda 532 yilning yanvarida xalq qо‘zg‘oloni boshlanib, uning ishtirokchilari hayqirig‘i “Nika” (yunoncha g‘alaba qil) qо‘zg‘olon nomiga aylanadi. Qо‘zg‘olon kо‘tarilishiga eng asosiy sabab imperator chinovniklarining, ayniqsa Yustinianning erkatoyi—Konstantinopol hukmdori bо‘lnb turgan Ioann Kappadokiyskiyning xazinani talashi, poraxо‘rligi va shu xildagi suiiste’mollari sabab bо‘ldi.
Qо‘zg‘olon 532 yil 11 yanvarda Konstantinopol sirkida imperator huzurida boshlandi. «Yashil» deb ataladigan sirk oppozitsiyachi partiyalaridan biri aholi nomidan shikoyat yozib, unda yuqori mansabdor chinovniklarni jazolash talab qilingan edi. Yustinian buni rad etib, jahl bilan sirkni tashlab chiqib ketdi. Bunga javoban qо‘zg‘olon kо‘tarilib ketdi. Qо‘zg‘olonchilar «Nika» (grekcha — «g‘alaba qil!» demakdir) degan shior kо‘tardilar. Qо‘zg‘olon butun poytaxt va uning atrofiga yoyildi.
«Nika» qо‘zg‘oloni qatnashchilarining tarkibi juda ham xilma-xil edi. Bir tomondan, unda Konstantinopolning va uning yon-atrofining xalq ommasi qatnashdi, bu omma imperiya chinovniklarining jabr-zulmiga qarshi bosh kо‘targan edi. Ikkinchi tomondan, harakatning tashkilotchilari aristokrat senatorlar bо‘lib, ular yangi suloladan va Yustinianning о‘zi-ning mustabid hokimiyatidan norozi edilar. Sirkdagi “venetlar” (yashillar) va “prasinlar” (kо‘klar)ning quyi tabaqa vakillari birlashadi. Sirkka Yustinian kelganida isyonchilar tosh ota boshlaydilar. Shahar yong‘in ichida qoladi. Qamalga olingan saroyda oziq-ovqat va suv tugaydi. Yustinian poytaxtdan qochish taraddudiga tushgan bir paytda rafiqasi Feodora vaziyatni о‘z qо‘liga oladi. Uning talabi bilan, keskin choralar kо‘rilishidan tashqari, “venetlar” yо‘lboshchilari poraga sotib olinadi. Qо‘zg‘olonchilar qо‘lidagi sirkka yashirincha yollanma askarlar olib kiriladi. Ular qurolsiz qо‘zg‘olonchilarga tashlanib, vaziyatni о‘z qо‘llariga oladilar. Qо‘zg‘olon besh kun davom etib, Yustinianning sarkardasi Velizariy tomonidan dahshatli shafqatsizlik bilan bostirildi. 30 ming kishi halok bо‘ldi.
Harakatda qatnashgan sirk guruhlarining о‘zi «yashillar» va «kо‘klar» deb atalgan guruhlar sport tashkilotlari bо‘lib, shu bilan bir vaqtda muhim siyosiy rol о‘ynar edilar. «Kо‘klar»ni Yustinian saroy ahli qо‘llab-quvvatlardi, «yashillar»ning esa aristokratok oppozitsiyachilar orasida juda kuchli homiylari bor edi. Shu bilan bir vaqtda «kо‘klar» ham, «yashillar» ham Konstantinopoldagi ancha keng demokratik tashkilotlar bilan — dimlar bilan bog‘langan edi. Dimlar eski vaqtdagi shahar о‘z-о‘zini idora qilish boshqarmasi bо‘lmish tuman xalq uyushmalari bо‘lib, Yustinian vaqtida hali ancha e’tibori bor edi va hukumat ham, aristokratlar ham ular bilan hisoblashishga majbur edi.
Istilochilik urushlarida о‘zining ichki zahiralarini sarflab bо‘lgan Vizantiya na bosib olingan va na о‘z hududlarini saqlab qolishga qodir edi. Shimoliy va О‘rta Italiya langobardlar tomonidan olinganidan sо‘ng, imperiya qо‘lida Ravenna shahri viloyati bilan, Janubiy Italiya, Sitsiliya qoladi. Vestgotlar Ispaniyadagi Vizantiya yerlarini tortib oladi. Forslar Armanistonni, Kichik Osiyoning bir qismi va Suriyani egallaydi. Slavyanlar, avarlar Bolqon yarim orolini talon-taroj qiladilar. Slavyanlar forslar va avarlar bilan ittifoqda 626 yili Konstantinopolni qamalga oladilar.
Dunay daryosi ortiga slavyanlarga qarshi yuborilgan qо‘shin 602 yili isyon kо‘tarib, poytaxt dimlari kо‘magida yuzboshi Fokani imperatorlik taxtiga о‘tkazadi. Yangi imperatorning amalda zodagonlarga nisbatan qatag‘on siyosati ushbu tabaqa qudratini sindiradi. Imperiya 636-642 yillari arab xalifaligi tomonidan Suriya, Falastin, yuqori Mesopatamiya, Misrni egallanishiga yetarlicha qarshilik kо‘rsata olmaydi. Arablar harbiy floti Egey dengizida hukmronlik qila boshlaydi. Oradan yarim asr о‘tib, Lazika, Karfagen ekzarxati va Armaniston Vizantiyadan mustaqil bо‘lib oladi. Yustinian davri bilan qiyoslaganda imperiya hududlari uch baravarga qisqaradi. Tez orada arablar imperiyaning О‘rta Yer dengizidagi hukmronligiga ham chek qо‘yadi. Ular harbiy flot tuzib, 654 yili Rodos orolini talon-taroj qilganlaridan sо‘ng, Vizantiyaning dengiz sohillariga doimiy xavfi paydo bо‘ladi.
VII asrda eski mahalliy boshqaruv tizimi о‘rniga yangi fem (fem.yunon.Vizantiyada VII-XIIasrlarda harbiy-ma’muriy okruglar bо‘lib, uni sud, moliya, harbiy hokimiyatga ega strateglar boshqargan) tizimi yuzaga keldi. Femlar harbiy okruglar sifatida vujudga kelib, dastlab eski provinsiyalardan ancha katta edi. Femlar tepasida stratiglar turib, butun harbiy va fuqarolik hokimiyatini о‘z qо‘lida tо‘pladi. Imperiya mahalliy boshqaruvining harbiylashtirilishi tashqi siyosiy ahvolning va Vizantiya jamiyatidagi ijtimoiy-sinfiy qarama-qarshiliklarning keskinlashuvi natijasi edi. Eng gullagan vaqtda imperiyaning Yevropadagi yerlarida 12, Osiyodagi yerlarida esa 14 ta fem tashkil qilingan.
Keyinchalik, jamiyatning feodallashuvi kuchayishi oqibatida mahalliy boshqaruvning fem tizimi kuchsizlana bordi va XI asrga kelib batamom inqirozga uchradi.
Vizantiyaning VII asr о‘rtalaridan IX asrga qadar tashqi siyosatdagi raqiblari arablar, bolgarlar va slavyanlar bо‘lgan. Vizantiya uchun Arab xalifaligi bilan kurash ayniqsa og‘ir kechadi. Arablar VII asrning 70 yillarida poytaxtni ham quruqlik va ham dengizdan qamal qiladilar. Ushbu vaziyatda vizantiyaliklar ilk bor yangi qurol- “grek olovi” ini qо‘llaydilar. Neftdan tayyorlangan bu yonuvchi qurol maxsus otuvchi moslama yordamida dushman kemalariga uloqtirilar, havoda yona boshlagan bu ashyo kemalarni yondirib kul qilar, suvning yuziga tushsa ham yonishda davom etib, undan suzib qutulmoqchi bо‘lganlarni о‘z domiga tortar edi. Vizantiyaliklarga g‘alaba keltirgan bu qurol sirlari qattiq saqlangan.
Arablar Konstantinopoldan chekingan bо‘lsalarda, VII asr oxiridan vizantiyaliklarning Afrikadagi mulklarini, VIII asr boshlarida Armanistonni egallaydilar. Faqat VIII asr о‘rtalariga kelib, Vizantiya о‘zining Osiyodagi ayrim mulklarini qaytarishga erishadi. Ammo arablar asr sо‘ngidan tazyiqni kuchaytirib, IX asrning dastlabki 30 yillarida Kritni, qisman Sitsiliyani qо‘lga kiritadilar. Imperiya faqat IX asrning birinchi yarmida xalifalikning zaiflasha boshlaganidan foydalanib, ularning hujumlarini tо‘xtatadi.
Turkiy bolgar qabilalari Bolqonda tuzgan Bolgar podsholigini Vizantiya 681 yili tan olib, unga boj tо‘lashga rozi bо‘ladi. Bolgar xonlari Vizantiyadagi ichki mojarolarga ham aralashib turganlar. Bolgariya VIII asr oxiri IX asr boshlaridan imperiyaning Bolqondagi xavfli raqibiga aylanadi.
Yustinian sulolasi 602 yilda saroy tо‘ntarishi natijasida taxtdan tushdi. Bu sulolaning oxirgi vakili imperator Mavrikiy shu saroy о‘zgarishi vaqtida besh о‘g‘li bilan birlikda о‘ldirildi. Imperiya imperator Irakliy vaqtida (610—641) bir qadar mustahkamlanib oldi. Irakliy eronliklarga zarba berib, ulardan Suriya, Falastin va Misrni qaytarib oldi. Biroq oradan kо‘p vaqt о‘tmay, VII asrning 30-40-yillarida Vizantiya bu viloyatlarni ikkinchi marta bu safar abadiy qо‘ldan berib qо‘ydi, ularni arablar bosib oldi.
Irakliyning vorislari davrida Vizantiya hududi yana ham qisqarib ketdi. Arablar bosib olgan butun Shimoliy Afrika ham uzil-kesil qо‘ldan ketdi. Bolqon yarim orolida 679 yilda slavyanlarning kuchli Bolgariya davlati vujudga keldi. Dalmatsiyani va yarim orolning shimoli-garbidagi Illiriyani turli slavyan qabilalar-serb va xorvatlar bosib oldi. Imperiyaning о‘zida VIII asrning boshlarida Yustinian zamonidagi hududning uchdan bir qismi qoldi. «Tiklangan» buyuk Rim imperiyasidan Bolqon yarim orolining janubiy qismi, janubiy Italiyaning bir qismi, Qrimning janubiy qirg‘og‘i, Kichik Osiyo va Arxipelag orollari qoldi, xolos.