Yepiskoplar (nazorat qiluvchi, pravoslav, katolik, anglikan cherkovlarida oliy martabali ruhoniy, cherkovga qarashli ma’muriy-hududiy birlik boshlig‘i)
Yepiskoplar (nazorat qiluvchi, pravoslav, katolik, anglikan cherkovlarida oliy martabali ruhoniy, cherkovga qarashli ma’muriy-hududiy birlik boshlig‘i) qirol hukmronligiga bо‘ysunishardi va ularni ruhoniylar majlisi saylasa ham qirol yorlig‘i kimni saylash kerakligini kо‘rsatar edi.
Yelizaveta I Tyudorning uzoq muddat (qirq besh yil) qirollik qilgan davri-Angliya iqtisodiy jihatdan taraqqiy qilgan davr edi. Yelizaveta hukmronligi yillarida Angliya savdo va dengizchilikning rivojlanishida ulkan yutuqlarga erishdi, Reformatsiya yakunlandi, doimiy raqibi Ispaniya ustidan g‘alaba qozondi.
45 yillik hukmronligi davrida Yelizaveta parlamentni 13 martagina chaqirdi, u tejamkor edi, qirollik xazinasini tо‘ldirishga harakat qildi. Boshqa mamlakatlar bilan, jumladan, Hindiston va Amerika bilan savdo-sotiq ishlarini olib borish uchun juda kо‘p savdo kompaniyalari tuzildi, dengizning narigi tomonida inglizlar kolonizatsiyasi boshlandi, ingliz savdo floti juda о‘sib ketdi, movut manufaktura sida muvaffaqiyatlarga erishildi, fermerlik tobora keng yoyila boshladi, ana shu hodisalarning hammasi «Yelizaveta asri» deb atalgan davrning eng yorqin xususiyatlaridir.
Feodallarning asosan Angliyadagi shimoliy feodallarning Yelizaveta hukumatiga qarshi kurashi to 80-yillar oxirigacha Ispaniyadan turib boshqarildi. Barcha norozilik harakatlari shotlandiyalik qirolicha Mariya Styuart atrofida birlashtirildi. Mariya Styuart 1542 yilda tug‘ilgan bо‘lib, Shotlandiya qiroli Yakov V va fransuz Mariya Gizlarning yakkayu-yagona qizi edi. Tug‘ilgandan keyin, kо‘p о‘tmay u otasidan mahrum bо‘ldi va Shotlandiya qirolichasi deb e’lon qilindi. Olti yoshida u Fransiyaga (1548) olib ketildi va fransuz qiroli saroyida tarbiyalandi. U fransuz uyg‘onish davri ruhida ta’lim oldi va ayni vaqtda katolik cherkovining izchil e’tiqodchisi sifatida qolaverdi. Siyosat sohasida u Gizlar va Filipp II larning istaklarini bajaruvchiga aylandi. Uning shaxsiy hayoti Shotlandiya, Angliya va Fransiyaning siyosiy hayoti bilan chambarchas bog‘lanib ketgan edi. 1558 yil 23 aprelda Mariya Styuart fransuz dofeni (dofin. frans. dophin-Fransiyada XIV asr о‘rtalaridan 1830 yilgacha taxt vorisi unvoni), bо‘lajak qirol Fransisk II ga turmushga chikdi. Angliya qirolichasi Mariya Qonxо‘rning vafotidan keyin, otasining ingliz qiroli Genrix VII ning qizi Margaritaning о‘g‘li ekanligiga tayanib, ingliz taxtiga da’vogar bо‘lib chikdi. 1559 yilda Fransisk II ning о‘limidan keyin taxtga о‘tirgach Mariya Styuart Fransiya qirolichasi deb e’lon qilindi. Ammo, 1560 yilda Fransisk II tо‘satdan vafot etgandan sо‘ng 1561 yilda Shotlandiya qirolichasi sifatida Shotlandiyaga qaytishga majbur bо‘ldi.
1565 yilda Mariya Styuart Yelizavetaning xohishiga qarshi kelib chiqishi shotland bо‘lgan ingliz fuqarosi lord Genrix Darnleyga turmushga chiqadi . Lekin bu nikoh Mariyaga baxt keltirmadi. U eri Darnleyni davlatni boshqarish ishlariga aralashtirmadi va buning ustiga italiyalik musiqachi David Richchio bilan yaxshi munosabatda bо‘lib, о‘zining kо‘p ishlarini unga ishonib topshirardi. Undan norozi bо‘lgan va Mariyani David Richchiodan rashk qilgan Darnley 1566 yil 9 mart kuni о‘z tarafdorlari bilan Mariya Styuartning kо‘z oldida Richchioni vahshiylarcha о‘ldiradi.
Shundan sо‘ng Mariya Styuart graf Botsvel bilan tanishadi. 1567 yilning 9 fevralidan 10 fevraliga о‘tar kechasi terroristlar harakati natijasida Darnley yashagan uy portlaydi va u halok bо‘ladi. Bu suiqasddan sо‘ng xotinidan ajralib tezda Mariya Styuartga uylangan Botsveldan shubhalanadilar. Botsvel Angliyadan qochib ketadi. Bu voqeadan foydalanib isyon kо‘targan shotland lordlari bir oy davomida Mariya Styuartni uy asirligida saqlab turadilar.
24 iyun 1567 yilda uy asirligidagi Mariya Styuart Shotlandiya taxtidan о‘z о‘g‘li foydasiga voz kechdi. Shunday bо‘lsa-da, u 1568 yil may oyigacha lordlar qо‘lida qoldi va nihoyat 1568 yil may oyida lordlar qо‘lidan qochib, о‘z tarafdorlariga qо‘shilishga muvaffaq bо‘ldi. Mariya Styuart tarafdorlari harbiy harakatlarda yengilganlaridan sо‘ng, u Angliyaga qochib borib bekinishga va Yelizavetadan himoya sо‘rashga majbur bо‘ldi. Mariya Styuartning Angliyada paydo bо‘lishi Yelizavetani juda chigal ahvolga solib qо‘ydi. Bir tomondan, Mariyani zо‘rlik yо‘li bilan Shotlandiya taxtiga tiklashi, shotlandiyalik lordlarning qarshiligini keltirib chiqarishi va u yerda Angliyaga qarshi hukumatning qaror topishiga olib kelishi mumkin edi. Ikkinchi tomondan, Mariyaning Fransiyaga qо‘yib yuborilishi katoliklar partiyasi qо‘liga xavfli qurol berish bilan barobar edi. Uchinchidan esa, uni Angliyada ushlab turish ham xavfli bо‘lib, ozodlikda bо‘lgan Mariya bu yerda feodal katolik fitnalarining markaziga aylanishi mumkin edi. Katoliklar tomonidan ingliz taxtiga da’vogar qilib qо‘yilgan Shotlandiya qirolichasi Mariya Styuart ona tomondan Tyudorlar dinastiyasiga mansub edi.
Mariya Styuart turli qal’alarda kо‘p yillar qamalib yotib, bir necha marta qochishga urinib, 1587- yilda qatl qilindi. Mariya Styuartning qatl qilinishi katolitsizmning Yevropadagi katta mag‘lubiyati bо‘ldi. Papa Piy V о‘zining maxsus bulla (о‘rta asrlarda papalarning asosiy hujjati bо‘lib, qо‘rg‘oshin muhr bilan tasdiqlangan) si bilan barcha katoliklarni Angliyaga qarshi urushga chorladi.
Mariya Styuart ishida ispan qiroli Filipp II ning tarafdorlari katta rol о‘ynadi. Mamlakat ichidagi feodal-katoliklar reaksiyasi ham, chetdagi ispanlarning aralashuvi ham Yelizaveta hukumatini bir xilda tashvishga solib qо‘ydi. Ispaniya uzoq vaqtgacha Angliyaning milliy dushmani bо‘lib qoldi.
Angliyaning dengiz hukmronligi uchun Ispaniya bilan kurashi va «Yengilmas Armada» halokati masalasida ta’kidlash lozimki, ingliz-ispan raqobati Angliyaning ichki nizolari bilan mustahkam bog‘langan bо‘lib, u birinchi navbatda dengiz yо‘llari va bozor uchun kurashda namoyon bо‘ldi. Bu kurash ayniqsa, XVI asrning ikkinchi yarmida kuchaydi. Angliyaning Ispaniya bilan olib borgan kurashini 3 davrga bо‘lish mumkin: 1) XVI asrning 60-yillaridan 80-yillari о‘rtalarigacha bu davrda о‘ziga xos yashirin urush ketadi; ya’ni ingliz dengiz qaroqchilari ispan kemalariga okeanda va La-Manshda hujum qilishib ularni talay boshladilar; 2) XVI asr 80-yillar о‘rtalaridan bu davrda Ispaniya bilan ochiq dengiz urushi bordi; 3) XVI asr oxirlaridan yana dengiz qaroqchilariga hujumlar uyushtirildi. Yelizaveta Tyudor hukmronligi boshlangan davrda dengiz qaroqchiligi rivojlanishi uchun shart-sharoitlar juda kulay edi. Dehqonlarning xonavayron qilinishi, ommaviy ravishda yerlardan quvilishi natijasida vujudga kelgan uy-joysiz ommaning mavjudligi, savdo-sotiq, ishlab chiqarishning sustligi, dengizchilar о‘rtasidagi ishsizlik va qirollikning moliyaviy qiyinchiliklari hukumatning qaroqchilarga ba’zan yashirincha, ba’zan esa ochiqchasiga yordam berishiga sabab bо‘ldi.
1555 yilga kelib Angliyaning chet mamlakatlardan milliy qarzi (asosan Niderlandiyadan) 148526 funt sterlingni tashkil etardi. 1559 yilga kelib bu qarz mikdori 226910 funt sterlingga kо‘tarildi. Mariya Tyudor hukmronligining oxirgi yillarida xazina bо‘sh, xalq och, yuqumli kasalliklar keng tarqalgan og‘ir yillar bо‘ldi.
Mana shunday sharoit oqibatida, XVI asrning 50 yillari oxiri va 60 yillari boshlarida ingliz dengizlarida qaroqchilik juda rivojlandi.
Yelizaveta Ispaniyani zaiflashtirish maqsadida Niderlandiya inqilobini qо‘llab-quvvatladi. Ingliz kemalari urush e’lon qilmasdan, ispanlarning Amerikadan Ispaniyaga qimmatbaho yuklar ortib kelayotgan flotiga hujum qilar va ularni talar edilar. Yelizaveta esa bularning hammasidan xabardor edi va ularni rag‘batlantirardi.
Filipp II raqibi Yelizavetani jazolashga qaror qildi va Angliyaga bostirib kirishga tayyorlandi. 1588 yili Filipp ulkan eskadra tayyorladi va uni “Yengilmas armada” deb atadi. Uning maqsadi Angliyani bosib olish edi.
1588-yilning yozida inglizlar dushmanga qarshi 200 ga yaqin katta-kichik harbiy, savdo va qaroqchilar kemalarini tо‘pladilar va tez-tez kutilmagan hujumlar uyushtirish yо‘li bilan ispanlarga sezilarli zarba bera oldilar. Bundan tashqari, LaMansh bо‘g‘ozida boshlangan kuchli shamol burilishi qiyin va qо‘pol ispan kemalarini qirg‘okdarga uloqtirib tashladi. Natijada «Yengilmas Armada» halokatga uchradi.
Dastlabki tо‘qnashuv La-Mansh bо‘g‘ozida bо‘lib, bu yurishda ispanlar tamomila muvaffaqiyatsizlikka uchradi.
Amerika qirg‘oqlari bо‘ylab suzgan Dreyk Ispaniyaning kо‘plab shahar va qishloqlarini taladi. Panama suvlarida u misli kо‘rilmagan qimmatbaho narsalar yuklangan “Karafuego” kemasini quvib yetdi. Meksikaning Akapulko bandargohida jasur sayyoh ziravorlar va Xitoy shoyisi ortilgan kemani qо‘lga oldi. Sо‘ngra u Tinch okeanini kesib о‘tib Marian orollariga chiqdi. Selibas hududida kemasini ta’mirlagan Dreyk Yaxshi umid burni tomon yо‘l oldi va 1580 yilning 26 sentabrida Magellandan keyin 2 chi bо‘lib yer shari boylab suzish sayohatini amalga oshirdi. U Plimut oroli sohillarida langar tashladi.
Ushbu safar Dreykka eng kо‘p daromad keltirgan safar bо‘ldi. Qirolicha Yelizaveta uning kemasiga tashrif buyurib dengizchiga ritsarlik unvonini topshirdi.
Ispan qiroli Filip II qaroqchi Dreykni jazolashni u keltirilgan zararlarni qoplashini va kechirim sо‘rashini talab qildi.
1585-1586 yillarda Dreyk yana g‘arbiy Hindistondagi ispanlarning mustamlakalariga qarshi yо‘naltirilgan shuningdek avvalgidek yana katta о‘lja bilan qaytgan inglizlarning qurollangan flotiga qо‘mondonlik qilgan. Uning ixtiyorida 2300 ta matrosi va dengizchisi bо‘lgan 21 ta kema mavjud edi.
Frensisning faol harakatlari tufayli “Yengilmas armada” kemasining dengizga chiqishi bir yilga kechiktirildi. 1587 yilning 19 aprelida uncha katta bо‘lmagan 13 ta kema eskadradasiga qо‘mondonlik qilgan Dreyk suzishga tayyorlanayotgan “Armada” kemalari turgan Kadis bandargohiga kirdi. U yerda turgan 60 ta kemadan 30 tasini yо‘q qildi. Qolganlarini esa о‘zi bilan olib ketdi, shular ichida ulkan 1200 tonna suv sig‘imiga ega bо‘lgan galeon (ispan va portugallarning yelkanli harbiy kemasi bо‘lib, kema hajmi 1550 tonna, 100 tagacha qurol-aslaha va 500 tagacha askari bor kema) ham bor edi.
“Barcha kemalar tor-mor qilindi va tarqatib yuborildi”-degan edi vitse-admiral Frensis Dreyk “Yengilmas armada” taqdiri haqida. Bu zarbadan Ispaniya о‘zini sira о‘nglab ololmadi. «Yengilmas Armada»ning 134 ta kemasidan atigi 43 tasigina Ispaniyaga qaytib keldi. Ispanlarning bosqinchilik yurishlari shu tariqa mag‘lubiyatga uchradi va ularning dengizdagi hukmronligiga shu tariqa nuqta qо‘yildi. Shu vaqtdan boshlab dengizda inglizlarning qо‘li baland bо‘lib qoldi va inglizlar 1596-yili Kadis portini tor-mor qilib, Angliya kuchli dengiz davlatiga aylandi.
Biroq Yelizavetaning о‘z fuqarolariga minnatdorchiligi juda qimmatga tushdi: “Yengilmas armada” ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin dengizchilarni xizmatlari evaziga haq tо‘lamasdan kemalardan bо‘shatib yubordi, daydilarga qarshi qonunlar qabul qilindi, gadoylarni qamchi bilan savalab, tamg‘a bosishardi.
Xalq о‘z qirolichasidan xafsalasi pir bо‘ldi. Endi Yelizavetaning foytunini shodu zurramlik bilan olomon kuzatib yurmas edi. Unga о‘z vaqtida Filipp II, Ivan Grozniy va Fransiya qiroli Fransua Anjuyskiylar sovchi qо‘ygan bо‘lsalar ham turmushga chiqmadi chet elliklarning Angliya ishlariga aralashishini istamadi. Yelizaveta 70 yil umr kо‘rdi. Uning о‘limi bilan Tyudorlar sulolasi tugallandi.
XVI asrning ikkinchi yarmida Angliya qо‘shni Irlandiyaga о‘z tazyiqini keskin kuchaytirdi. Irlandiyaning Dublin shahri bilan sharqiy sohillari XII asrning ikkinchi yarmidayoq birinchi marta zabt etilgan edi.
Dastlabki Tyudorlar, Genrix VII va Genrix VIII davridayoq Irlandiyada ingliz hukumatining ta’siri kuchaya boshlagan edi. Xususan Genrix VIII birinchi marta Irlandiya qiroli tituli (lot.titulis-yozuv,faxriy unvon;- alohida shaxslarga uning maxsus imtiyozini etish uchun merosiy yoki umrbodga berilgan faxriy nom) ni qabul qildi.
Irlandiya zodagonlari ingliz qiroliga qasamyod qilishlari, undan titul olishlari hamda ular qabilalardan tortib olgan yerlarga egalik qilish huquqini olishlari kerak edi. Irlandiyaning feodal qabila tarqoqligidan foydalanib, bir qabila yо‘lboshchisini ikkinchisiga qarshi gij-gijlash, orolning ayrim tumanlarida ig‘vogarlik maqsadida g‘alayonlar uyushtirish va ularni shafqatsizlik bilan bostirish yо‘li bilan ingliz hukumati Mariya davridayoq, sо‘ngra esa Yelizaveta davrida ham О‘rta va Shimoliy Irlandiyadagi yerlarni tizimli tarzda musodara qila boshladi.
Odatda, musodara qilingan yerlar ingliz dvoryanlariga va qisman Angliyadan kо‘chib kelgan dehqonlar-kolonistlarga berilardi. Yelizaveta hukmronlik qilgan davrining oxirida yerlar juda kо‘plab miqdorda shu tarzda musodara qilindi, Olsterda Shan O Neyl (1559-1567), Mensterda Desmond (1579-1583) hamda yana Olsterda graflardan Tiron bilan Tirkonel (1595-1603) rahbarligida rо‘y bergan Irlandiya qо‘zg‘olonlari bostirilgani natijasida ana shunday ishlar qilindi. Yelizaveta hukmronlik qilgan davrda ingliz hukumati Irlandiyada jami 1 mln 300 ming akr hajmdagi juda katta yer maydoni musodara qilindi.
Irlandiyaning bо‘ysundirilishi va talanishi Angliyaning shundan keyingi tarixi uchun g‘oyat katta ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarga ega bо‘ldi. Irlandiya Angliyaning mustamlakasiga aylanib, u yerga ingliz movuti v a boshqa sanoat mahsulotlari olib borilar hamda u yerdan Angliyaga g‘alla, chorva mollari, jun va boshqa qishloq xо‘jalik mahsulotlari keltirilar edi.
XVI asrda Angliyada Rus davlati bilan iqtisodiy munosabatlar о‘rnatilgan edi. 1554 yilda Angliya-Moskva kompaniyasining tuzilishi Angliya bilan Rossiya о‘rtasida muntazam savdo aloqalari о‘rnatilishiga olib keldi. Rossiyadan inglizlar juda kо‘p miqdorda zig‘ir poyasi, kanop, mol yog‘i, mum, mis, mо‘yna, yog‘ochlarni olib ketar edilar. Qishloq xо‘jaligi va о‘rmon xо‘jaligining ana shu mahsulotlari evaziga inglizlar Rossiyaga movut, dori-darmon, qurol-yaroq, oltingugurt, qо‘rg‘oshin olib kelardilar. Ingliz savdogarlari Moskvadagina emas, balki Yaroslavl, Vologda, Velikiy Ustyug va boshqa ba’zi shaharlarda ham yashardilar. Ana shu shaharlarda ular xom ashyoni qayta ishlash Angliyaga jо‘natish uchun sanoat korxonalarini tashkil qilishardi. Angliya hukumati Rossiya davlatini о‘ziga xos savdo koloniyasi hisoblashga moyil bо‘lib, bu yerda ularga Rossiyaning butun eksporti va importi ustidan tо‘la monopol о‘rnatishni xohlardilar.