Reja: XVI asrda Fransiyaning iqtisodiy taraqqiyoti.
Fransisk I davrida absolyutizmning muvaffaqiyatlari.
Fransiyada reformatsiyaning yoyilishi.
Gugenotlar urushi va uning birinchi, ikkinchi davrlari.
Genrix IV ning iqtisodiy va tashqi siyosati.
Rishele va uning absolyutizmni mustahkamlash siyosati.
Tayanch tushunchalar:
Manifaktura ; chinsh ; senz ; konkordat ; apostol ; inkvizitsiya ; tribunal ; Lion birjasi; Katta va kichik kengash; inkvizitsiya;’’O’tli palata’’; gugenotlar ; Burbonlar; regent; konfederatsiya; messa; Burbonlar sulolasi; Gizlar; Varfolomey bazmi; cardinal; absolyutizm; Nant edikti ; intendent. XVI asrda Fransiya G‘arbiy Yevropada markazlashgan eng yirik davlat edi. U iqtisodiy taraqqiyotida ancha katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Fransiya iqtisodiy jihatdan Ispaniyaga, Germaniya, janubiy Italiya va Skandinaviya mamlakatlariga qaraganda ko‘proq rivojlangan mamlakat edi. Ayniqsa Puatu viloyati va Pikardiyadagi movut ishlab chiqarish, Bretan, Men va Normandiyadagi polotno ishlab chiqarish, Tur, Lion, Orlean va boshqa joylardagi shoyi to‘qish- manufaktura (lot.”qo‘lda yasalgan buyum” degani) ning rivojlanib borayotgan sanoat tarmoqlari edi.
Fransiyada oyna, qand, qog‘oz, shoyi, mato ishlab chiqarish ham rivojlandi.
Parijning attorlik (parfyumeriya) va zargarlik mollarining dong‘i hamma yoqqa tarqalgan edi. XVII asrda Parij modalar markazi bo‘lib, Yevropa modasini Parij belgilaydigan bo‘ldi.
Italiyadan o‘zlashtirilgan gilam to‘qish, ko‘zgusozlik, oynasozlik, chinni ishlash manufakturalari ham muvaffaqiyat bilan rivojlanib bormoqda edi.
Fransuz bosmaxonalarida bosilgan kitoblar Fransiyaningning o‘zidagina emas, balki Yevropaning boshqa mamlakatlariga ham tarqalar edi. Fransuzlar yasagan zambaraklar XV asrdayoq butun Yevropadagi eng yaxshi to‘plar deb hisoblanar edi.
Fransiya ilgarigidek O‘rta dengiz orqali qizg‘in savdo sotiq ishlari olib borardi. Marsel mamlakatning eng katta porti edi. Ammo shu bilan birga Atlantika okeani bilan bog‘langan g‘arbiy va shimoliy portlarning ham ahamiyati oshib bormoqda edi. Bordo, Laroshel, Nant, Gavr, Depp shaharlari ham katta portlar edi. Lion shahrida olib boriladigan savdo- sotiq ishlari xalqaro ahamiyatga ega bo‘lishi bilan birga bu shahar g‘oyatda katta pul bozori ham edi. Lion birjasida Antverpen bilan raqobat qilardi.
Mol ayirboshlash va savdoning o‘sishi shaharlarda bozorlar qurishni taqozo etgan. Fransiyaning Tuluza shahrida 1203 yili g‘alla bozori qurilib, shaharda undan tashqari vino, teri-mo‘yna, poyafzal sotadigan maxsus bozorlar ham bo‘lgan. Manbalarda yozilishicha, Parij shahri atrofidagi mol bozorlarida har haftada 1300 blsh ho‘kiz, 8200 bosh qo‘y, 200 bosh buzoq sotilgan.
XVII asrda yopiq bozorlar ham qurila boshlandi. Eng katta bozorlar London va Parijda qurilgan edi.
Fransiyada og‘irligi va zarb shakli turli bo‘lgan pullar bo‘lgan. Bu pullarni qirollargina emas, balki yirik feodallar va katta shaharlar ham chiqarardi. Faqat Fransiyaninig o‘zida XVI asrda kamida 80 xil tanga zarb qilingan.
Savdoning o‘sishi shahar aholisi o‘rtasida burjuaziya sonining ko‘payishiga olib keldi. “Burjua” so‘zining o‘zi Fransiyada XII asrdayoq paydo bo‘lgandi va shaharning “hurmatli” fuqarolarini anglatardi. Sudyalarga, advokatlarga, notariuslarga, vrachlarga, dorixona xodimlariga ana shunday murojaat qilishardi.
Fransiya iqtisodiy jihatdan Angliya bilan Niderlandiyaga qaraganda sekinroq rivojlanmoqda edi. Aholining ko‘pchiligi qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanar edi. Fransiyada bu paytda ham yerni qo‘lda yog‘och omoch bilan haydashgan. XVII asrda temir omochdan boy dehqon xo‘jaliklarida qo‘llanilgan, chunki temir qimmat bo‘lgan. Yog‘och omochdan so‘ng yerni boronalab chiqishib, keyin ekishardi. Bug‘doy pishganda uni qo‘l o‘roq bilan o‘rishardi.Urug‘ni 30 ta teshikli bo‘ri terisida sepishgan.
Dehqonlar to‘playdigan pul solig‘i doim bir tarzda bir meyorda bo‘lgan. Fransuz dvoryanlari ingliz dvoryanlaridan shu bilan farq qilardiki, ularning dehqonlar qo‘lidagi yerlarni tortib olishlari uchun biror muhim bahona yo‘q edi. Shunday qilib fransuz dehqoni yersiz qolishi xavfi ostida emasdi. Bu jihatdan fransuz dehqonining ahvoli, ingliz dehqonining ahvolidan durustroq edi. Ammo fransuz dehqonining boshqa mushkulliklari bor edi. Fransuz dehqoni davlatga ham katta- katta soliqlar to‘lardi. Dehqonlardan olinadigan soliqlar markazlashgan Fransiyaning juda tez o‘sib ketgan idoralarini ta’minlab turuvchi asosiy manba edi.
Qirol saroyi, armiya va cherkov g‘oyat ko‘p mablag‘ talab etardi. Davlat olgan soliqlarning bir qismi, keyinchalik har xil nafaqalar, hadyalar tarzida yana dvoryanlarga kelib tushardi. Fransuz dehqoni pomeshchiklarga feodal rentasini aslida ikki marta to‘lardi: bir marta chinsh (polyakcha.czynsz, nemischa.Zins-foiz degani- Yevropada feodalizm davrida sen’orga mahsulot yoki pul bilan to‘lanadigan muntazam soliq), tariqasida va u bilan bog‘liq bo‘lgan har xil to‘lovlar shaklida o‘zining mahalliy yer egasi senyoriga to‘lardi;shuningdek, davlat soliqlari tariqasida feodallar ham to‘lar edi. Katolik cherkovi foydasiga ushur ham saqlanib qolgan edi. Biroq fransuz dehqoni bulardan boshqa yana bir “senz” (lot.census,censeo-royxatga olaman so‘zidan olingan bo‘lib,(yiliga sen’orga pul bilan to‘lanadigan soliq) to‘lashga majbur edi. Fransuz dehqonlarining juda ko‘pchiligi sudxo‘rlardan qarzdor bo‘lib qolgan edi. O‘rta asrlarda Fransiyada dehqonlar katta to‘lov berib ozod bo‘lgan edilar ana shu ish dehqonlarni qarzga botirib qo‘ydi. Keyinchalik yuz yillik urush davridagi xonavayronlik natijasida dehqonlarning sudxo‘rlarga qaramligi yanada ko‘chayib ketdi. Nihoyat bu qaramlik davlat soliqlarining tinmay oshib borishi tufayli yana kuchayib mustahkamlanib ketdi. Bunday sharoitda fransuz dehqonining qarzdan qutilishiga hech qanday imkon yo‘q edi.
Qirol Fransisk I davrida (1515-1547) qirol hokimiyati g‘oyat zo‘r qudratga ega bo‘lgan edi. Fransisk I (Fransua I) dastavval cherkovni tamomila o‘ziga bo‘ysundirdi. Papa Lev X bilan Bolonda tuzilgan konkordat (kelishuv. Papa va qaysidir mamlakat qiroli o‘rtasida mazkur mamlakatdagi katolik cherkovi huquqi maqomi va uning papa bilan munosabatlarini tartibga soluvchi shartnoma) ga ko‘ra, fransuz qiroli barcha yepiskoplarni vazifalarga o‘zi tayinlaydigan bo‘ldi. Shu bilan birga papa fransuz cherkovidan keladigan daromadning ko‘pchilik qismini qirolning o‘zi olishi uchun huquq berdi.
So‘ngra Fransisk I Bosh shtatlarini mutlaqo chaqirmay qo‘ydi. Fransisk I qonun chiqaruvchi hokimiyat o‘z qo‘limda bo‘lishi lozim deb bilar va bu hokimiyatni vakillar yig‘ini bilan o‘rtoqlashishni sira istamas edi. 1527 yilda Parij parlamenti majlisida hozir bo‘lganlar qirolga murojaat qilib:”Siz qonundan yuqori turasiz, sizni qonun va qoidalar hech narsaga majbur etolmaydi, bunday hokimiyatning o‘zi yo‘q” degan edi, parlament raisi.
Qirol davlat boshqarmasining mayda-chuydalariga ham shaxsan o‘zi aralashardi. Butun markaziy boshqarma qirol kengashi qo‘lida edi. Bu kengash turli nomdagi bo‘limlarga; Katta va kichik Kengashlar, Moliya kengashi va boshqalarga bo‘lingan edi. Qirolning o‘zi kengash a’zolarini tayinlar va barcha masalalarni o‘zi hal qilardi. Hukumat a’zolari tarkibi- oliynasab shahzodalar, ruhoniylar, moliyachilar, yuristlar tashkil qilardi. Amalda mamlakatda qirolning shaxsiy hukmronligi o‘rnatilgan edi. Joylarda, chekka o‘lkalarda hokimiyatni gubernatorlar boshqarar, ularni oliy tabaqa vakillaridan qirolning o‘zi tayinlardi.
Fransisk I ham italyan urushlarini davom ettirdi. U Karl V Gabsburg bilan to‘rt marta 1521-1525, 1527-1529, 1536-1538, 1542-1544 yillarda urush qildi. Fransisk I diplomatiya sohasida katta iste’dod egasi bo‘lib, Gabsburglarga qarshi kurashda o‘ziga ko‘p ittifoqchi olgan bo‘lsada, Italiyadagi urushlari muvaffaqiyatsiz kechdi. 1525 yilda Paviya yonidagi jangda Fransisk I asir tushgan edi. So‘nngi urushda Karl V Fransiyaga bostirib kirib Parijga hujum boshlaydi. German protestant knyazlarining imperatorga qarshi qo‘zg‘olonga tayyorlanayotganidan xabar topgan qirol urush harakatlarini davom ettirishdan voz kechdi. U 1544 yilgi Fransisk I bilan tuzgan shartnomaga binoan har ikkala tomon qo‘lga kiritgan yerlaridan voz kechdi.
Fransiskdan keyin uning vorisi Genrix II davrida (1547-1559) italyan urushlari yana boshlanib ketdi. Bu urush 1559 yil Kato-Kambrezi shahrida tuzilgan shartnoma bilan tugadi. Unga muvofiq Genrix II Italiyadan tamomila voz kechdi, ammo Filipp II ham o‘z tomonidan muhim bir masalada yon berdi. Fransiya Mets, Tul, va Verden shaharlari bilan birgalikda Lotaringiyaga ega bo‘lib qoldi.
Fransiyada reformatsiya ham gumanistlar doirasida boshlandi. Lefevr d Etapl 1512 yildayoq “Apostol Pavelning maktublari” (apostol, yunon.-elchi; islomda-shogird,izdosh ma’nosida;-ilk xristianlikning shakllanish davrida diniy targ‘ibotchilar), haqidagi kitobi bilan maydonga chiqqan edi. U o‘zining bu kitobida Lyuterga o‘xshab “najot yo‘li- dindir” degan g‘oyani ilgari surdi. Lefevr 20- yillarda tavrotni fransuz tiliga tarjima qila boshlagan edi. Lefevr reformatsiyani tayyorlab bergan bo‘lsada, protestant bo‘lmagan edi. U hayotining oxirigacha rasman katolik bo‘lib qolaverdi.
Fransiyaga Lyuterning ko‘pgina izdoshlari ko‘chib kelishi munosabati bilan bu mamlakatga Lyuter g‘oyalarining kiritilishi protestantizmning yoyilishiga ko‘proq ta’sir ko‘rsatdi. Avval boshda Kalvinning o‘zi ham Lyuterning izdoshi edi. U faqat keyin 30 yillarga kelib bu ta’limotni chuqurlashtirdi. Parijning yirik burjuaziyasi ham katolik diniga mahkam yopishib olgan edi, chunki qirol singari katolizm ham Fransiyadagi ilmiy birlikning simvoli edi.
Fransiyada katolik cherkovi Germaniyadagi singari papaga tobe emasdi, tamomila qirolga bo‘ysunardi. Fransisk I bir oz vaqt mamlakatga reformatsion g‘oyalarning yoyilishiga indamay keldi, chunki u qirolga qarshi olib borayotgan ko‘rinishda german protestant knyazlaridan madad olib turardi. Ammo 30- yillar o‘rtalarida qirol hukumati “yeretiklarni” juda qattiq ta’qib qila boshladi.
1535 yilda lyuterlardan 35 kishi o‘tda kuydirildi va 300 kishi qamoqqa olindi.
1540 yilda Fransiyada inkvizitsiya (Inkvizitsiya. katolik cherkovining qidiruv, sud-tergovva jazo funksiyalarini bajaruvchi katolik cherkovi tashkiloti bo‘lib, 1229 yili Tuluza shahrida tuzilgan. 1233 yili Rim papasi Grigoriy IX ning maxsus bullasi bilan inkvizitsiyaning qarori barcha katoliklar uchun majburiy bo‘lgan) joriy qilindi. Yoyilib borayotgan kalvinizm ma’murlarini tashvishga solib qo‘ydi. Genrix II davrida yangi qirolning mamlakatning idora qila boshlashidayoq kalvinistlarni jazolash uchun favqulotda tribunal (lot.tribus,tribunal-sud qilish joyi,alihida sud so‘zidan olingan bo‘lib,Fransiyada siyosiy jinoyatlarga doir ishlarni ko‘rgan favqulodda sudi) tuzildi. Yangi sud “O‘tli palata” deb ataldi.
1547 yildan to 1550 yilgacha “O‘tli palata” 500 tacha hukm chiqardi, shundan 60 tasi o‘lim jazosi haqida edi.
Shunga qaramay Fransiyada reformatsiya kuchayib bordi. Kalvinistlar yoki fransuzcha gugenotlar-(Gugenotlar degan so‘z Jenevada reformatsiya tarafdorlarini bildiradigan nemischa so‘zining buzib aytilishidir); (gugenotlar fransuzcha.huguenots, nemischa.Eidgenossen-ittifoqchilar so‘zidan olingan bo‘lib, XVI-XVII asrlarda Fransiyadagi kalvinizm tarafdorlari) Fransiyaning janubida 30-40 yillarda kuchayib ketishdi. Dvoryanlar ham kalvinizmga qo‘shila boshladilar.
Ular kalvinizmni o‘zlarining “sofdini” deb, markazlashgan katolitsizmga qarshi din deb bilardilar, chunki katolik dinini qirol va Parij dini deb, XVI asrda ham janubliklar uchun yot bo‘lib qolavergan Shimoliy Fransiya dini ham deb bilardilar.
Fransiyada reformatsiya uch bosqichga bo‘linadi. Birinchi bosqich- XVI asrning 20-30 yillarini o‘z ichiga olib, lyuteranlikning tarqalish davri hisoblanadi. Ikkinchi bosqich- (1534-1559) yangi mazhab tarafdorlarining qat’iy harakatlari, reformatsiyaning kengayishi bilan xarakterlanadi. 1560 yildan reformatsiyaning uchinchi davri boshlanadi. Bu bosqichda harakatga zodagonlarning qo‘shilishi natijasida uning tarkibi kengaydi va reformatsiyaning xarakteri o‘zgardi. Natijada qirol yana diniy murosa yo‘lini tanladi. U fuqarolarga din erkinligini, ruhoniylarga oila qurishni va cherkov marosimlarini milliy tilda o‘tkazishga ruxsat berdi. Bu narsa papaning obro‘siga putur yetkazardi, shuning uchun papa bu islohotlarga ruxsat bermadi. Natijada 1560 yildan Fransiyada uchinchi bosqichni tashkil etgan fuqarolar yoki diniy urushlar davri boshlandi.
Genrix II dan keyin ketma-ket uning uch o‘g‘li Fransisk II (1559-1560), Karl IX (1560-1574) va Genrix III (1574-1589) qirollik qildilar. Fransisk II davrida saroyga Lotaringiyalik feodal Gizlar oilasi yetakchilik qildi. 10 yoshida qirollik qila boshlagan Karl IX vaqtida uning onasi kelib chiqishi Italiyalik Yekatirina Medichi qirollikda regent (lot.regens-boshqaruvchi, monarxiya davlatlarida taxtning bo‘shligi, taxt egasining yoshligi, qirolning kasalligi, balog‘atga yetmaganligi uch vaqtinchalik bajarib turish) bo‘lib xizmat qila boshladi. 60-yillar boshida eng yirik feodallar ikkita diniy siyosiy guruhga bo‘linib ketdilar. Feodallarning bir qismi Gizlar boshchiligidagi katolitsizm tomonida edi. Yekatirina Medichi ham ular tomonga qo‘shilgan edi. Boshqa bir guruhga kalvinchi- gugenotlar guruhiga Burbonlar boshchilik qildilar. Burbonlar xonadonining boshlig‘i Antuan Burbon kichkina vassal davlat bo‘lgan fransuz Navarrasining qiroli edi, Burbonlar Fransiyaning janubuda mashhur edilar.
Gugenotlar urushi 36 yil davom etdi (1562-1598). Qirollarning qarindoshi, katoliklar rahnamosi Gersog Giz 1562 yilning 1 martida qo‘riqchilar guruhi bilan Shampan viloyatidan o‘tayotib, Vassi shahrida gugenotlarga duch keladi. Protestantlar gimni kuylanganligini eshitib, Gizning odamlari gugenotlarni tarqatmoqchi bo‘lishadi. Lekin, qarshilikka duch kelishadi. Shunda gersogning odamlari qo‘llaridagi qurol bilan tinch gugenotlarga tashlanishadi. 20 dan ortiq kishi o‘ldirildi va 100 ga yaqin kishi yaralandi. Parijda Gizni xuddi qahramonlardek kutib olishdi. Vassidagi bu voqea 30 yildan ortiq davom etgan (1562-1594) diniy urushlarning boshlanishiga olib keldi. Bu kurashda gugenotlar Angliyadan va Germaniyadagi protestant knyazlardan, katoliklar esa Ispaniyadan yordam olib turdilar.
XVI asrning 20-yillaridan boshlab gugenotlar qattiq ta’qib qilina boshlandi. Katoliklar tarafida qirol va mamlakat aholisining asosiy qismi bor edi.
Shundan so‘ng dastlabki 10 yil ichida 3 marta urush bo‘ldi, unda Fransua Giz bilan gugenotlar rahbari Antuan Burbon o‘ldirildi.
Karl IX (1560-1574) Fransiyada Valualar sulolasining vakili edi. U kichkina bo‘lganligi uchun uning onasi kelib chiqishi Italiyalik Yekatirina Medichi qirollikda regentbo‘lib xizmat qila boshladi.
Diniy urushlar mamlakatda yovuzlik va jaholatni kuchaytirdi. Katoliklar o‘z tashkilotini tuzib, son-sanoqsiz yurishlar tashkil qilib. Gugenotlarni o‘ldirishardi. Ular ayollar va bolalarga ham shafqat qilishmasdi. Gugenotlarning mol-mulklari yoqib yuborildi.
Gugenotlar unchalik shafqatsiz emasdilar, ular qo‘lga kiritilgan shaharlarda cherkovni vayron qilishar, avliyolarning haykallarini, ikonalarni sindirardilar. Ular bolalar va ayollarga tegishmasdi.
Diniy urushlar paytida protestantlar qirol hokimiyatini yon berishga majbur qildilar. 1570 yilda Sen-Jermenda qirol yarashish ediktiga imzo chekdi. Gugenotlar katoliklar bilan bir qatorda davlat mansablarini egallash huquqiga ega bo‘ldilar. Protestantlarning diniy marosimlariga hamma yerda ruxsat berildi. Biroq tinchlik uzoqqa cho‘zilmadi.
Fransiyadagi o‘zaro urushga Angliya, Ispaniya, Niderland gyozlari, nemis askarlari, italyan va shveysar yollanma jangchilari aralashdilar.
Gugenotlarning rahbarlari admiral Gaspar de Shatiyon Koloni (1519-1572) u 1569 yildan gugenotlar yetakchisi, Karl IX ning yaqin maslahatchisi bo‘lib, Varfolomey tunida Genrix Giz buyrug‘i bilan o‘ldirilgan. Va Genrix Navarskiylar edilar.
Karl IX katoliklar va gugenotlarni yarashtirish maqsadida singlisi Margaritani Genrixga turmushga berishga qaror qiladi. To‘yni 1572 yilning avgustiga belgiladilar.
Eng avvalo gunenotlarning yo‘lboshchilaridan biri admiral Koloniga suiqasd qilindi. Uni panadan otilgan o‘q bilan yarador qilishdi, lekin u tirik qoldi. Regent Yekaterina Medichi gugenotlarning qasd olishidan qo‘rqib zarba berishga qaror qildi.
Parijga nikoh to‘yiga kelgan gugenotlar 1572 yil 24 avgustga o‘tar kechasi xoinona qirib tashlandi. Bu «Varfolomey kechasi yoki tuni» deb ataldi. O‘sha kunda 2 ming gugenot halok bo‘ldi. Qotillik bir necha kun davom etdi. Zamondoshlar hammasi bo‘lib 30 ming kishi o‘ldirildi deb hisoblaganlar. Genrix Navrskiy katolik diniga o‘tganligi uchun tirik qoldi. Shu kechadan so‘ng, gugenotlarning urushining ikkinchi davri boshlandi.
Madridda va Rimda Varfolomey tuni haqidagi xabarni quvonch bilan kutib olishdi va tantanali bayram qildilar. Papa Grigoriy XIII bir tomonda o‘zining portreti va ikkinchi tomonda qo‘lida xoch ushlagan va gugenotlarni o‘ldirayotgan farishta tasvirlangan medal tayyorlashga buyruq berdi. Ispaniya qiroli Filipp II (1556-1598) xat jo‘natib Karl IX ni shunday onasi borligi bilan, Yekaterina Medichini esa shunday g‘aroyib o‘g‘li borligi bilan tabrikladi.
Sen-Jermen edikti yo‘q qilindi. Diniy urushlar Fransiya uchun fojea bo‘ldi.
70 yillarning o‘rtalarida katoliklar shimolda Katoliklar ligasi nomi ostida o‘zlarining siyosiq ittifoqlarini tuzdilar. Bu ligaga Genrix Giz boshchilik qildi. Bu liga Parijdagi qirol hokimiyatini nazorat qilib turardi. Ular qirol Genrix III (1574-1589) ning gugenotlar bilan yarash bitimi tuzish va ularga diniy erkinlik berish to‘g‘risidagi urinishlariga qarshilik ko‘rsatdi. 1584-1585 yillarda Parijda yana bir siyosiy tashkilot Parij ligasi tuzildi. Bu ligaga kirgan burjuaziya vakillari qirolni gugenotlarga yon bergani uchun, saroy ahlini esa dabdabali hayoti uchun, qirol amaldorlari va sudyalarni ta’magirliklari uchun tor-mor qilishga tayyor edilar.
Genrix III davrida mamlakatda fuqarolar urushi davom etardi. Bu paytga kelib, gugenotlar mamlakatni bo‘lib tashlashga qaror qilishdi.
Reformatsiyaning ikkita burjua va dvoryan yo‘nalishlari birlashib, 1575 yili konfederatsiya (ittifoq, birlashma. davlat tuzilishining bir shakli) tashkil qilishdi. Ular mamlakat janubidagi katta yerlarni Dofine va Langedokdan Sentonjgacha birlashtirilib, o‘zlarining yaxshi qurollangan armiyasi, soliq va boshqaruv tizimi bor edi.
Protestantlikka qaytgan Genrix Navarskiy ularning rahnamosi bo‘ldi.
Katolik liganing ta’siridan qo‘rqib ketgan Genrix III Parijdan qochib chiqdi va Genrix Gizni o‘z yoniga chaqirdi. 1588 yilning dekabrida uni o‘ldirtiradi. Qirol liganing boshqa a’zolarini ham qamoqqa oldi.
Parijliklar Genrix III ni bu ishi uchun kechira olishmas edi. 1589 yilning yozida monax Jak Kleman (1567-1589) qirolni og‘ir yarador qildi. Og‘ir yarador qirol Fransiyani boshqarishga Genrix Navarskiyni nomzodini aytdi, lekin Parij gugenotni qabul qilmasligini ham aytib o‘tdi.
Ehtiyotkor va ayyor siyosatchi Genrix Navarskiy ham mamlakat protestant-qirolni qabul qilmasligini tushunardi.
“Parij messa (katoliklar ibodati) ga arziydi”,-dedi o‘zini Genrix IV nomi Fransiya qiroli deb e’lon qilgan Genrix Navarskiy. U ikkinchi marta katolik mazhabiga o‘tdi.1594 yilning 27 fevral kuni Genrix Shartr ibodatxonasida toj kiydi, 22 martda esa Parij qirolga o‘z darvozalarini ochdi.
U hokimiyat tepasiga kelgach. Katoliklar bilan gugenotlar o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilashga harakat qildi. U katolik amaldorlarni ta’qib qilmadi. Aksincha ularni ehsonlarga ko‘mib tashladi. Genrix IV ning tashabbusi bilan 1598 yili Ispaniya bilan tinchlik shartnomasi imzolandi va katoliklikni davlat dini deb e’lon qilgan Nant ediktini chiqardi. 1598 yilda imzolangan bu edikt 1685 yilgacha malakatda diniy sabr-toqat tantana qildi. Bu edikt katolik mazhabini davlat dini deb e’lon qilgan bo‘lsa ham, gugenotlarning siyosiy va diniy huquqlarini tartibga soldi, mamlakatda diniy murosasozlikka erishildi. Gugenotlarga erkin ibodat qilish huquqi berildi.
Genrix III ning o‘limi bilan Valualar dinastiyasi tugaydi. O‘z tarafdorlari tomonidan Genrix Navarskiy Genrix IV nomi bilan yangi Burbonlar dinastiyasini boshlab berdi. (Burbonlar sulolasi- 1589-1792, 1814-1815, 1815-1830 yillarda Fransiyada hukmronlik qilgan), bu sulola Fransiya, Ispaniya va Italiyada ham XVI-XX asrlarda hukmronlik qilgan.Fransiyada burbonlar sulolasini boshqargan qirollar; Genrix IV (1589-1610), Lyudovik XIII (1610-1643), Lyudovik XIV (1643-1715), Lyudovik XV (1715-11774), Lyudovik XVI (1774-1792), Lyudovik XVII shahzoda, (1792-1814), Lyudovik XVIII (1814-1815, 1815-1830), Karl X (1824-1830) lar idora qilishgan. Genrix IV zamonida yo‘llarni yaxshilash ishlariga ham katta e’tibor berildi va muntazam pochta joriy qilindi.
Genrix IV Bosh shtatlarni chaqirmaydigan bo‘ldi, Parij parlamentini o‘ziga bo‘ysunishini talab qildi. Cherkov ishlarida ham Genrix IV papaning aralashuviga toqat qilolmadi. Genrix IV ning siyosatini amalga oshirishda uning birinchi ministri Maksimilen de Betyun Syulli (1560-1641 yillarda yashagan) ning xizmatlari katta bo‘ldi. Genrix IV ning qirollik paytida unga 20 marta suiqasd qilingan. 1610 yili katolik Fransua Ravalyak uni xanjari bilan o‘ldirdi. Uni vafotidan so‘ng katoliklar ham, gugenotlar ham sharafladilar. Unini davrida absolyutizm g‘alaba qildi, ichki tinchlik va barqarorlik o‘rnatildi.
Taxt Genrix IV ning o‘g‘li Lyudovik XIII va uning onasi Genrix IV ning ikkinchi xotini Mariya Medichiga o‘tdi. Mariya Medichi regent edi. Saroy ayonlarining ta’siriga dosh berishga uning irodasi yetishmasdi. Ular o‘zlariga yaxshi o‘rinlarni berishga, qimmatbaho sovg‘alar qilishga uni ko‘ndirdilar. Xazina bo‘m-bo‘sh bo‘lib qoldi va mamlakat jar yoqasiga kelib qoldi.
Uning davrida pulga muhtoj bo‘lgan hukumat 1614 yilda Bosh shtatlarni chaqirdi. Ammo Bosh shtatlarga to‘plangan guruhlar murosaga kela olmay, hatto bir- birlariga dushmanlik qildilar.
Fransiyada mutlaq monarxiya XVI asrda shakllana boshladi. Fransisk I davrida (1515-1547) o‘z huquqlariga va o‘z hukmronligining cheklanmaganligiga shunchalar ishonar ediki, biron marta ham General shtatlarni chaqirmadi. U o‘z buyruqlarida: “Mening irodam shunday”, deb yozar va yangi qonunni tasdiqlashga shu yetarli deb hisoblardi, “chunki biz shuni xohlaymiz”,-derdi u. Ingliz parlamentidan farqli ravishda Fransiyaning General shtatlari doimiy ishlovchi organga aylanmadi. Ular juda kamdan-kam, kuchli zarurat tug‘ilgandagina chaqirilardi. 1614 yildan boshlab butun XVII asr davomida General shtatlar biror marta ham to‘planmadi. Hatto 1614 yildagi General shtatlar ham tarqatib yuborilib, to 1789 yilgi fransuz inqilobigacha chaqirilmadi.
Genrix IV (1589-1610 yillar) davrida mustahkamlangan qirolning mutlaq hukmronligi XVII asrning boshlarida yanada kuchaydi. Feodal zodagonlarning yosh Lyudovik XIII davridagi (1610-1643 yillar) o‘z mavqeini tiklashga qilgan harakatlari zoye ketdi. Fransiyada mutlaq hukmronlikning mustahkamlanishi qirolning birinchi vaziri Rishele nomi bilan bog‘liqdir.
1614 yilda chaqirilgan Bosh shtatlarda iste’dodli yepiskop Arman Jan dyu Plessi Rishele (1585-1642) e’tibor qozonib, saroy diqqatini o‘ziga jalb qildi va qirol kengashi xizmatiga o‘tdi.1619- yilda fransuz qirolining taqdimiga ko‘ra, papa unga kardinal (katolik cherkovi iyerarxiyasida Rim papasidan keyin, yepiskopdan oldin turuvchi ruhoniy) unvonini berdi va u (1624-1642) yillarda qirolning 1-vaziri bo‘ldi. U shunday degan edi: “Mening birinchi maqsadim qirolning buyukligi, ikkinchi maqsadim qirollikning buyukligini ta’minlash bo‘lgan” deb yozadi. Bosh vazir o‘zboshimcha hokimlarni mansabidan tushirdi. U duelni, dvoryanlarning otishishlari, qilich bilan o‘zaro janglarini ta’qiqladi. Dvoryanlar o‘z qonlarini faqat qirol xizmatini bajarish paytida to‘kishlari mumkin degan edi, Rishele.
Duelda urushgan dvoryanlarni duelda birontasi o‘ldirilmagan taqdirda ham, Fransiyadan haydattirilardi.
Rishele gugenotlar masalasini tubdan hal qilishga muvaffaq bo‘ldi.
Birinchi ministr gugenotlarning davlat ichidagi davlatini yo‘qotish maqsadida qirollik armiyasi Laroshelni qo‘lga kiritdi, gugenotlarning qal’alari, shaharlari, qo‘rg‘onlari olib qo‘yildi, lekin kardinal ularning diniy erkinligini cheklamadi.
Rishele Genrix IV ning mamlakatni mustahkamlash va birlashtirish yo‘lini davom ettirdi, uning davrida diniy ta’qiblar to‘xtatildi. Mamlakatda diniy mojarolarga chek qo‘yish maqsadida u “gugenotlar ham, katoliklar ham mening ko‘z oldimda bir xil fransuzlardir”, “mening davlat dushmanlaridan boshqa g‘animlarim yo‘q”, degan edi.
Rishele Fransiyaning idora qilish tizimini qayta tashkil etdi. Absolyutizm-shunday boshqaruv shakliki, unda oliy hokimiyat hech cheklanmagan holda bir kishiga monarxga tegishlidir. (absolyutizm.lot.-mutlaq, cheklanmagan) ning yanada rivojlanishida intendantlar (intendant fransuzcha,intendant-boshqaruvchi, mudir; XV-XVIII asrlarda Fransiyada davlat boshqaruvining alohida sohasi (savdo, moliya) ni boshqargan mansabdor shaxs) intendant mansabi Fransiyada Rishelega qadar ham mavjud edi. Lekin Rishele bu idora qilish usuliga muntazam umumiy tus berib, uni keng qo‘llar edi.
Viloyatlarni idora qilish markazdan yuborilgan politsiya, sud va moliya intendantlar markaziy hokimiyatning joylardagi g‘oyat kuchli quroli edi.
Bu mansablar Fransiyadagi boshqa mansablarga o‘xshab pulga sotilmas, sotib olinmas va otadan- bolaga meros bo‘lib o‘tmas edi. Shuning uchun ham joylardagi hokimiyat aslida qirol agentlari qo‘liga o‘tib ketgan edi.
Xazinani to‘ldirish uchun u sanoatni, savdoni, kema qatnovini yo‘lga qo‘ydi. Uning davrida Fransiya o‘ttiz yillik (1618-1648) urushga tortildi. Fransuz armiyasi eng kuchli armiyaga aylandi.
Gersog Rishele qirolning birinchi ministri bo‘lib, 18 yil Fransiya siyosatini o‘z qo‘lida ushlab turdi va 150 yil- 1789 yilgi Buyuk fransuz inqilobigacha saqlanib qolgan siyosiy tuzumni yaratdi. Iqtisodiy siyosat sohasida Rishele Genrix IV singari rivojlangan manufakturani qo‘llab- quvvatladi. U yana fransuzlar savdo flotining rivojlanishiga homiylik qildi. Uning davrida Fransiyada 22 ta savdo firmasi tashkil qilindi.
Markazlashgan davlat apparatining kuchayishi qirol saroyi xarajatlarining oshishi ko‘p mablag‘ talab qilardi, bu narsa dehqonlar qo‘zg‘oloniga olib keldi.
XVII asrning 30-40 yillarida dehqonlarning ayrim harakatlari mamlakatning Pikardiya, Shampan, Burgundiya, Langedok, Dofineda ham bo‘lib o‘tgan.
Rishele 1642 yilda o‘ttiz yillik urush avj olib ketgan paytda o‘ladi, Fransiya bu urushga 1635 yildan boshlab qatnashib kelardi. 1643-yilda Lyudovik XIII ham o‘lgach, uning o‘rniga Lyudovik XIV (1643-1715) o‘tirib, u 5 yoshida taxtga kelgan, davrida Fransiyada cheklanmagan yoki absolyut monarxiya uzil-kesil qaror topdi. Uning nomidan Fransiyani onasi Avstriyalik Anna boshqardi, lekin amalda Annaning eri Rishele o‘rniga (1643-1661 yillarda birinchi vazir bo‘lgan) Italiyalik kardinal, Mazorini hech qanday cheklovlarsiz idora qildi.
Lyudovik XIV “Davlat-mening o‘zim” der edi. U fuqarolardan, zodagonlardan o‘z buyruqlarini so‘zsiz bajarishlarini talab qilgan. “Fuqarolarning huquqi yo‘q, faqat majburiyatigina bor” der edi qirol. Qirolning bazm va ovlardan bo‘sh vaqtida qabul qilgan qarorlari davlatning qonuni bo‘lib qolavergan.
Mavzu: Sо‘nggi о‘rta asrlarda Xitoy Reja: Min sulolasining zaiflashuvi
XVI-XVII asr birinchi yarmida Xitoyning iqtisodiy ahvoli.
XVII asrning 30-40 yillarida Xitoydagi dehqonlar urushi.
Manchjuriya dinastiyaning hokimiyat tepasiga kelishi.
5. Xitoyga Yevropa mustamlakachilarining kirib kelishi va Sin dinastiyasining ularga qarshi kurashi.
Tayanch iboralar: