Awal aytganimizdek, dramaning tasvir predmeti - harakat, u obyektning plastik obrazini yaratadi, dramada subyekt - ijodkor shaxsi ham obyektga singdirib yuboriladi. Agar bular dramaning turga xos belgilovchi xususiyati bo'lsa, dramatik asarning qurilishi, poetik o'ziga xosligini belgilovchi eng muhim xususiyat uning sahna uchun yaratilishidir. Ya’ni sahnaga mo'ljallab yozilgan asar ijroni ham ko'zda tutishi zarur bo'ladi. Shunga ko'ra, dramadagi harakat - syujet voqealari makon va zamonda cheklangan bo'ladi. Ijro vaqtiga sig'ish uchun asarning keskin konflikt asosida shiddat bilan rivojlanuvchi syujetga qurilishi taqozo qilinadi. Ravshanki, bu xil syujetning rivojlanish vaqti ham chegaralangan, shu bois ham syujet voqealari sabab-natija munosabatlari asosida konsentratsiyalanadi. Voqealar orasidagi sabab-natija munosabati esa ularning makon va zamon jihatlardan-da yaqin bo'lishini taqozo qiladi. Dramaturg asami yaratish jarayonidayoq uning syujet voqealari ijro vaqtiga sig'ishi masalasida qayg'urishi darkordir. Shunga ko'ra, dramatik asarda syujet voqealarining keskin konfliktlar asosida shiddat bilan rivojlanishi zaruratga aylanadi. Bundan tashqari, dramatik asardagi syujet voqealari yuz beradigan makon ham cheklangan, ya’ni voqealar sahnada shartli qayta yaratish mumkin bo'lgan (ya’ni sahna ustalari, rassom tomonidan o'sha joy illyuziyasini hosil qila oladigan dekoratsiyalami ishlashi mumkin bo'lgan) makonda kechadi. Buning ustiga, harakat makoniy o'zgarishlar jihatidan ham cheklangan, ya’ni dramatik asar voqealari ko'pi bilan to'rt-besh joydagina kechishi mumkin. Masalan,
«Nurxon» dramasidagi voqealar asosan ikki joyda: hojining hovlisi