OQ NIYAT
Qordek oppoq bo'lmish,
Baxtlarimiz bor.
Ular ham yog'arkan
tinmayin bir kun...
Balki,
Samolarda
bir payt tilangan—
niyatlar
aylangan
yulduzga
har tun..!
25.12.2021
***
Har safar yutilmas bo‘g‘zimda "bir ne",
Qaytadi bo'g'izning bo'sag'asidan.
Olingan nafaslar chiqmaganidek,
Chiqmagan izhorlar odam sasidan.
Yuzning tashqisida kulgi sirpanib,
O'xshagan bo'lasan yaxshi ko‘rmoqqa.
Oqlarga iymangan "bir ne" — bitta she'r,
Turtinib yutilmas, tushguncha oqqa.
20.01.2022
***
Yurak mahzun, nigoh afsun, dilim vayron,
O'zim yolg'iz, g'am -yalmog'iz, etar giryon.
Qoldim bilmay, hech ne qilmay, ko‘zim hayron,
Sevgim, ketding, ketib netding, afsus, tamom!
KULGUSIZ NUR
Quyosh...
Bu kun menga boqmading, kulib.
Ko'z yoshimni bulutlar yulib,
yomg'ir bo'lib oqdi, alamdan...
Samo
yupatgandek yetti falakdan
bir kulishim so'rarkan, zor-zor.
Yana
yuzlanaman senga, mavlono,
Nahot,
Issig‘imni sovutding, ilk bor.
Shu qadar yondirib chaqmoqdek chaqding,
Endi...
endi samolarda porlayveraman.
Eng yorqin yulduzni o'zginang
taqding
Alamdan: “Ne qasding bor”layveraman.
Porlatgan sen emas, yondirgan sensan.
N urlaringni esa yutgan–
men emas!
20.12.2021
***
Dardyorliq–
hadyasi har tunning,
Ko'zimga ko'zyoshlar yopishar.
Adashgan, yayov o'ylarim
Topishib, yelkamni qoqishar.
Jimlikda uvillar, bir nima,
Huvillar,
tor ko'nglim keng yoni.
Kun bo'yi zo‘rg‘alab jilmaygan
(asli)
odamoviligim yomoni.
Tinglasam,
xayolim shovqinin,
Tushlarim ko'rinar, o'nggimda.
Shu holat:
jilmayib yelkamni
Tong qoqar, tunning eng so'nggida...
ISTAK
Ko'nglim ko'kka uchmoq istaydi,
Xotiralar tutmoqni mahkam.
O'yim‐izsiz, bedor his–daydi
Taqdir quvlar, qaror–mustahkam.
Alam quchar, ketma mensiz, deb
Qayg'u yotar arazga to'lib.
Xayol yig'lar, qoldim sensiz deb,
Diydor ezar, bag'rimni bo'lib.
Vujud shaksiz ko'tarar isyon,
Butun tana motamda go'yo.
Orzu har yon bo'lubon giryon,
Qaydadir u, bo‘larmi ro'yo?
Afsuslarin chekar xiyonat,
“Kechir”, - deya, yig'laydi yum-yum.
Achchiq so'zlar: "kes tilimni",– der,
So'zsizlikka vadalar bergum.
Bir-bir aytar tuyg'ular so'zin,
Keldi navbat ko'ngil so'ziga.
Bitmas yara og'rigan kundan
Ketishni ahd qilgan o'ziga.
Ko'nglim ko'kka uchmoq istaydi...
Dostları ilə paylaş: |