Fetishizm – eng qadimiy diniy tasavvurlardan biri bo‘lib, “fetish” (portugalcha – sehrlangan buyum, narsa, tumor) terminini ilk bor Golland sayyohi V.Botsman qo‘llagan bo‘lsa ham, fransuz olimi Sharl de Brosning 1760 yilda yozilgan “Fetishizm haqida” asaridan so‘ng ommalashib ketdi. Uning fikriga ko‘ra, ibtidoiy odam uchun uning atrofini o‘rab turgan narsalar fetish bo‘lib xizmat qilgan. Keyinchalik “fetish”larga xos bo‘lgan ilohiy obrazlar – sanam, but, haykalchalar yaratilgan. But va tumorlar g‘ayritabiiy dunyodan keladigan ilohiy qudrat timsoli sifatida tasavvur qilingan. SHomonlar afsungarlik yo‘li bilan buyumlarga “jon ato etib”, ulardan yong‘inlarni to‘xtatish, yomg‘ir yog‘dirish, fol ochish uchun foydalanganlar. Ibtidoiy odamlar hayvon tishlari, suyaklari, toshlar, o‘simlik urug‘laridan tumor sifatida foydalanganlar, quloqlariga mayda toshlardan sirg‘a taqib, ularning turli ofat va dardlardan xalos etishiga, ovlari baroridan kelishiga, erlari unumdor, hosillari mo‘l bo‘lishiga ishonganlar. Markaziy Osiyo xalqlari hayotida “fetish” o‘ziga xos tarzda namoyon bo‘lgan. Ajdodlarimiz tosh qurollar, tayoq, to‘qmoq, yog‘och nayzalar bilan olishuvlar, urushlar va ovda g‘olib chiqishib, ularning ilohiyligiga ishonishgan. SHu bois qurollarni ehtiyot qilishgan, qadrlashgan, doimo o‘zlari bilan olib yurishgan. Qadimgi “fetish” odatlaridan biri isiriq tutatish bo‘lib, undan yovuz ruhlarni haydash, inson ruhiyatiga ijobiy ta’sir etish, ko‘z tegishidan saqlash maqsadida qo‘llanilgan. Ko‘zmunchoq, tumor ham “fetish” sifatida taqib yurilgan. Ibtidoiy odamlarning ilk diniy e’tiqodlari shakllanishi jarayonida fetishizm yakunlovchi bosqich bo‘ldi.
Fetishizm unsurlari hozirgi davrda ham turli xalqlar urf–odat va e’tiqodlari (haykal, surat, tumor, ko‘zmunchoq va har xil ramzlar)da saqlanib qolgan. SHuningdek, muqaddas joylarga sig‘inish, daraxtlarga latta bog‘lash, is chiqarish, qabrlarni ilohiylashtirish, ularning mo‘‘jizaviy kuchiga ishonish fetishizmning o‘ziga xos ko‘rinishidir.
Shamanizm (“shaman”so‘zi tungus–manchjur tilidagi “sa” – bilmoq fe’li bilan bog‘liq, “saman” – biluvchi kishi). Shamanizm animizm, totemizm va fetishizm natijasida yuzaga kelib, u orqali kishilar o‘z totemlari, ota–bobolarining ruhlari bilan xayolan bog‘lanishni amalga oshirib kelganlar. O‘tmishda ko‘proq ayollar shamanlik bilan shug‘ullanganlar. Shamanlar jazavali, tez junbushga keladigan kishilar bo‘lib, odamlar ularning ruhlar bilan muloqotda bo‘lishi, jamoaning umid va niyatlarini etkazish, ularning irodasini talqin qilish qobiliyatiga ega ekanligiga juda ishonganlar. Shamanlar ritual harakatlari orqali – ovoz chiqarish, ashula aytish, raqsga tushish, sakrash yo‘li bilan nog‘oralar va qo‘ng‘iroqlar ovozlari ostida o‘zlarini jazavaga solib, o‘zini yo‘qotish, jazavani yuqori natijaga etkazish bilan afsungarlik qilishgan. Shaman marosim oxirida bir holatga kelib hech narsani eshitmay, ko‘rmay qolar edi. Shuning uchun uning ruhlar dunyosi bilan muloqoti xuddi shu holatda amalga oshadi deb hisoblanardi. Bu odamlarning fikr yuritishi, ongining mustahkamlanishida katta rol o‘ynadi va diniy ongning shakllanishida muhim o‘rin tutdi. Kadimgi turkiy xalqlar dev, jin, pari, ruhlar borligiga ishonib, ular bilan shomonlar orqali bog‘lanish mumkin, deb hisoblaganlar. Shomonlar homiy ruhlarga atab qurbonliklar qilganlar, yovuz ruhlardan saqlanish maqsadida afsunlar o‘qib, poklanish uchun “chilla” o‘tirganlar. Shomonlik asrlar davomida saqlanib kelgan va muntazam rivojlangan. Hozirda ham shomonlik turli xalqlar e’tiqodida saqlanib qolgan. Ular “baxshi”, “parixon” deb ataladi.