Dinshunoslik” fanining O‘quv-uslubiy majmuasi ta’lim yo‘nalishi


Toshkentdagi «Mus’hafi Usmoniy» tarixi va Qur’on tarjimalari



Yüklə 3,17 Mb.
səhifə51/204
tarix22.09.2023
ölçüsü3,17 Mb.
#146953
1   ...   47   48   49   50   51   52   53   54   ...   204
Dinshunoslik MAJMUA 2023 tayyor

Toshkentdagi «Mus’hafi Usmoniy» tarixi va Qur’on tarjimalari. Mus’hafning Samarqanddan 1865 yilda Sankt-Peterburgga olib ketilgan, 1920 yilda musulmonlarga qaytarib berilgan, 1923 yilda Toshkentga olib kelingan.
Mus’hafning O‘rta Osiyoga olib kelinishi bilan bog‘liq bo‘lgan ma’lumotlar ichida tarixiy jihatdan asoslirog‘i va ishonarlirog‘i sohibqiron Amir Temurning Basradan Samarqandga Qur’onning qadimiy bir nusxasini jo‘natgani haqidagi ma’lumot mavjud.
Mus’haf-keyinchalik musulmon olamida tarqalgan va minglab marotaba nashr qilinayotgan Qur’onning asl nusxasi hisoblanadi. Qur’on qaerda nashr qilinmasin, uning birinchi sahifasida Usmon mus’hafi matniga muvofiq ekani yozib qo‘yilgan bo‘ladi.
Endi Qur’onning tarjimalari haqidagi aniq ma’lumotlarga e’tibor qaratamiz. Hozirgi paytda ko‘pchilik o‘quvchilarning fikr mulohazalari e’tiborga olinib, O‘zbekiston musulmonlari Diniy idorasi tashabbusi bilan o‘zbek tiliga 2 marta (Alouddin Mansur tarjimasi, T.: 1992, Abdullaziz Mansur tarjimasi, T.: 2001) nashr etildi.
Qur’on jahondagi juda ko‘p tillarga tarjima qilingan. Uni G‘arbiy Yevropa tillariga tarjima qilish 11 asrdan, rus tiliga ag‘darish 18 asrdagi Pyotr I ning tashabbusi bilan boshlangan. 1790 yilda nashr etilgan M.N.Verovkin tarjimasi e’tiborli rus olimlarining fikriga ko‘ra A.S.Pushkinning mashhur «Podrajaniya Koranu» (Qur’onga tatabbu’lar) asariga manba bo‘lgan. G.S.Sablukovaning arabchadan dastlabki ruscha tarjimasi I.Yu.Krachkovskiy rus tiliga tarjima qilgan nusxasi uning vafotidan keyin (1963, 1986) nashr qilingan.
Islom davlat dini bo‘lib kelgan mamlakatlarda shariat talablariga amal qilib kelingan, hozir ham shunday. Hozirgi davrda O‘zbekiston xalqlari orasida marxumning yettisini, yigirmasini, qirqini va boshqa marosimchiliklarini o‘tkazish odati bor. Xolbuki, shariat bunday marosimlarni o‘tkazish yoki o‘tkazmaslik haqida biron-bir ko‘rsatma bermagan.
Hadis ilmining shakllanishi. Hadis va hadisshunoslik ilmini shakllantirishga bo‘lgan harakat islom paydo bo‘lgan dastlabki yillardanoq boshlangan. Chunki islom dinining asosiy manbai bo‘lgan Qur’oni karimdan keyin uni izohlovchi va bayon etuvchisi bo‘lmish Rasulollohning so‘zlagan hikmatli gaplari o‘z hayot faoliyatlarida qilgan ishlari-ul zotning hadislari hisoblanadi. Islom jamoasi Qur’oni karimning sura va oyatlarida keltirilgan ta’limotlar, amallar va huquqiy ko‘rsatmalardan foydalangan holda Rasulollohning sunna (hadislar)laridan ham bohabar bo‘lmish, amaliy hayotga tatbiq qilish zaruriy hol bo‘lgan. Muhammad (s.a.v.) payg‘ambarning hadislaridan birida: «Ey ummatlarim! Men sizlar uchun Qur’oni karim bilan o‘zimning sunnatim-yo‘l-yo‘riqlarimni qoldirdim. Sizlar shu ikkalasini qattiq tutib, (ularga) amal qilsalaringiz, to‘g‘ri yo‘ldan aslo adashmaysizlar» deyiladi.
Ma’lumki, islomning asosiy manbalaridan bo‘lmish Qur’oni karim suralari, Muhammad (s.a.v.) sunnalari dastlabki davrlarda asosan yodlangan, og‘izdan-og‘izga ko‘chib yurgan. Vaqt o‘tishi bilan ularni yaxshi bilgan sahobalarning kamayib ketishidan qo‘rqib, xar ikkalasini ham yozma matnini tayyorlashga kirishilgan. Natijada VII asrning o‘rtalaridan boshlab Muhammad (s.a.v.) sunnalarini to‘plash va kitob holiga keltirish qizg‘in tus ola boshlagan.
Arabcha Sunna (as-sunna, ko‘plikda sunan)-yo‘l, yo‘nalish, ya’ni «rivoyat», «naql», «xotira», «odat», «an’ana», «xatti-harakat» ma’nolarini anglatadi. Sunna islomda Qur’ondan keyingi, uni to‘ldiruvchi manba, islom ilohiyoti va shariatining ikkinchi asosi sifatida e’tirof etilgan.
Musulmon sunnalari ko‘plab hadislardan tashkil topgan. Hadis so‘zining dastlabki ma’nosi (ar. Ko‘plikda «ahadis» so‘zidan)-«xabar», «bildirish», tor ma’noda-«parcha» (sitata). Rasmiy ma’noda hadis-Muhammad Payg‘ambar (s.a.v.) so‘zlari va amaliy ishlari haqidagi rivoyatlardir. Bu ma’noda hadis faqat Muhammad Payg‘ambar (s.a.v.) so‘zlariga nisbatangina ishlatiladi.
Ba’zi ulamolar esa, hadis deganda faqat Payg‘ambarninggina emas, balki sahobalarining ham bergan xabarlarini tushunadilar. Ba’zi hadisshunoslar faqat Payg‘ambar so‘zlarinigina hadis deb, boshqalarnikini esa xabar deb ataganlar. Shu boisdan ham Payg‘ambar hadislarini to‘plovchilar muhaddis, boshqa tarix, qissa kabilarini naql qiluvchilar axboriy deyilgan. Qandayligidan qat’i nazar, hozir musulmon olamida hadis deyilganda Payg‘ambarning so‘zlari, fe’l va atvorlari tushuniladi.
Hadis-islomda Qur’ondan keyingi muqaddas manba hisoblangan. Bunda Muhammadning hayoti, faoliyati va ko‘rsatmalari, uning diniy, axloqiy dasturlari ham o‘z ifodasini topgan. Payg‘ambar Muhammad (s.a.v.) biror gap aytgan yoki ma’lum ishni qilib ko‘rsatgan bo‘lsa, yoxud boshqalarning qilayotgan ishini ko‘rib, uni man etmagan bo‘lsa, shu uch holatning har biri hadis deb atalavergan. Ma’lumki, hadislarda islom ahkomlari, ya’ni farz, vojib, sunnat, mustahab, halol, harom, makruh, muboh kabi amal turlaridan tashqari, axloq-odobga doir dasturlar talqin etiladi. Unda xalq orasida keng tarqalgan axloq-odobga oid maqol, qimmatli hikmatli gaplar ham qamrab olingan.
Hadislarda ibodatning tartib-qoidalari va ularni astoydil bajarishga da’vat etish bilan birga insoniy fazilatlar keng tashviq qilingan, insoniylik sha’niga dog‘ tushiradigan razil xatti-harakatlar keskin qoralangan. Shuning uchun ham islomning ilk tarqalish davridanoq musulmonlar orasida hadislarga juda katta ahamiyat berilgan. Eshitgan har bir hadisni yanglishmay, asl holicha boshqalarga yetkazishga qat’iy rioya qilingan. Bu to‘g‘rida Muhammad Payg‘ambar o‘zi musulmonlarni tez-tez ogohlantirib turgan. Hadis mazmuni va iborasini buzib yoki o‘zicha yangi hadis to‘qib tarqatuvchilar qattiq qoralangan. Bunday talabchanlik payg‘ambar vafotidan ancha keyingacha ham hadislarning sof holda saqlanib turishiga imkon bergan.
Lekin keyinchalik turli sinfiy va ijtimoiy ziddiyatlar, islomdagi ichki g‘oyaviy kurashlar natijasida ko‘pincha soxta hadislar ham yuzaga kela boshlagan. Natijada yirik ulamolar hadislarni ishonchli manbalar asosida qayta ko‘rib chiqish va ularni turli xatolardan tozalab, asl holiga qaytarish uchun ancha zahmat chekishgan. Hadislarni og‘zaki holdan kitob shakliga keltirish hijriy yil hisobining ikkinchi asridan, ya’ni milodning VIII asridan avj olib ketgan.
Muayyan bir hadis asosida huquqiy va urf-odat bo‘lgan yo‘l-yo‘riqlar, diniy marosimlar sofligi, noz-ne’matlar haqidagi ko‘rsatmalar, maishiy turmushdagi axloq va odob tartib-qoidalari keltirib chiqarilgan. Qur’onning ayrim ko‘rsatmalariga amal qilish ham ko‘pincha uning ma’lum matni bilan bog‘liq bo‘lgan hadis orqali belgilanar edi. Shu bilan birga tarixiy xarakterga ega bo‘lgan hadislar bo‘lgan; ular Muhammad (s.a.v.) yoki sahobalar tarjimai holidagi ayrim tafsilotlarni aks ettirgan edi. Shu hadislar asosida VIII-IX asrlarda Muhammad Payg‘ambar va uning yaqinlari, harbiy yurishlari haqida «Yurishlar kitobi» yozilgan. Bu arab tilidagi ilk tarixiy asar va Muhammad Payg‘ambar tarjimai holi edi. Shu tariqa, hadislarni muayyan qismi-ilk islom tarixi bo‘yicha bir manba bo‘lib xizmat qilgan.
Ma’lumki, hadislar asosan Payg‘ambar Muhammad (s.a.v.) vafotidan keyin yozila boshlagan. Islomda Muhammad (s.a.v.)ga payg‘ambarlik uning qirq yoshida nasib bo‘lgan, deb hisoblanadi. Shunga ko‘ra, Qur’on oyatlari payg‘ambar umrlarining oxirigacha, ya’ni 23 yil davomida turli munosabatlar bilan nozil bo‘lib turgan. Payg‘ambar safdoshlari-sahobalar bu oyatlarni maxsus sahifalarga yozib borganlar. Ularning ba’zilari payg‘ambarning aytgan so‘zi va xatti-harakatlarini ham yoza boshlaganda payg‘ambar bu ishni davom ettirishni ta’qiqlagan va bunga ular Qur’on bilan Sunnani ajratolmay qolishlaridan cho‘chishligini sabab qilib ko‘rsatgan.
Ilk muhaddislardan Al-Xudriy bu borada bunday rivoyat qiladi: Rasululloh aytadiki, «Mendan eshitganlaringizni hech narsani yozib yurmanglar. Kimki Qur’on oyatlaridan boshqa biror so‘zni mendan eshitib yozib olgan bo‘lsa, uni darhol yo‘qotsin... Kimki mening haqimda so‘z tarqatsa, jahannamga doxil bo‘lishlikka hozirlik ko‘raversin». Darhaqiqat islom tarixidan Al-Hudriy payg‘ambar hadislarini yozib borishlikka u kishidan ijozat so‘raganda, rad javobini olganligi ma’lum.
Abu Xurayradan yana boshqa misol keltiriladi: «biz hadis yozar ekanmiz, payg‘ambar alayhissalom yonimizga keldi va «Sizlar nimani yozayapsizlar?»-deb so‘radi. Bizlar: «Sendan eshitgan hadislarni»-deb javob berdik. Shunda payg‘ambar: «Allohning kitobi-Qur’ondan boshqa yana qanday kitob istaysiz? Sizdan boshqa millatlar Allohning kitobidan tashqari yana boshqa kitoblar yozganlari uchun zalolatga ketdilarku!»-degan ekan».
Manbalarda ko‘rsatilishicha, hadisni to‘plab chiqarishni taqiqlashning turli xil sabablari bo‘lgan. Masalan, tarixchi ibn Qutaybaning ta’kidlashiga ko‘ra, bunday sabablardan biri savodli xattotlarning kamligi bo‘lsa, ikkinchisi, arab alifbosining hali yetarli darajada takomillashmaganligidadir. Shu sababdan payg‘ambar musulmonlarning hammalariga ham hadis yozib borishga ijozat bermagan. Bundan faqat savodli va mo‘tabar xattotlargina mustasno edilar.
Ilk yozilgan hadislar qatoriga Muhammad (s.a.v.)ning xorijiy o‘lkalarga-Vizantiya imperatoriga, Eronshohiga, Misr ham Habashiston hukmdorlariga yo‘llagan maktublari ham kiradi. Undan tashqari ko‘plab vasiqa va hujjatlar ham bo‘lganki, ular ham ilk bor yozilgan hadislardan hisoblanib, ularda islomga da’vat etish, muayyan vazifalarga tayinlash, yer va undan olinadigan soliqlar, imom va tavsiya maktublari, payg‘ambarga kelgan xatlarga javoblar o‘rin olgan.
Xalifa Abu Bakr (r.a.) va Umar (r.a.) ham hadislar yozmoqqa bel bog‘laganliklari, hatto Abu Bakrning besh yuz hadisni bir kitobga to‘plagani ma’lum; ba’zi sabablarga ko‘ra bu kitobni yo‘q qilib yuborganligi haqida ham xabarlar bor. O‘z davrida Umar (r.a.) ham sahobalarga hadis kitobi yozish niyati borligini izhor qilgan va sahobalar bu fikrni ma’qullaganlar. Oradan ma’lum bir muddat o‘tgach, ular o‘z fikrlarini o‘zgartiradilar.
Hadislarni saqlab, kelajakka yetkazuvchilar birinchi navbatda sahobalar-payg‘ambarning qarindoshlari, do‘stlari, yordamchilari va shogirdlari, ularning vafotidan keyin asosan Madinada yashab kelganlar hisoblanganlar.
Umuman «sahoba» so‘zi arabcha bo‘lib, «suhbat» so‘zidan olingandir. Hadislardan biriga ko‘ra payg‘ambarni ko‘rgan, u bilan muloqotda bo‘lgan har bir musulmonni «sahobiy» deyilgan. Imom Buxoriy ham shu fikrni tasdiqlagan. Ibn Xanbal ta’biricha, payg‘ambar bilan bir yil, yo bir oy, yo bir kun va yoki hatto bir soat suhbat etgan, yo bo‘lmasa hayotida bir marta bo‘lsa hamki uni ko‘rgan musulmon kishi sahobalardan hisoblanavergan.

Yüklə 3,17 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   47   48   49   50   51   52   53   54   ...   204




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2025
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin