Morfologik tamoyil. Nutqdagi so'z va affikslar qanday aytilishiga ko'ra emas, balki ularning butunligiga yoki variantlaridan birini tanlab olish asosida yozish morfologik tamoyil deyiladi. Morfologik tamoyil so'z va morfemalarni adabiy tilda muqim shakllarida saqlash va yozishga ko'maklashadi, yozuvda bir xillikni ta'minlaydi. Masalan, uchta so'zi ushta, kelib turibdi so'zi kep turipti tarzida aytiladi. Ammo ular asliga muvofiq uchta, kelib turibdi deb yoziladi. Yoki -lar affiksining -la, -lor, -nar tarzida aytilishiga qaramay, uning butunligiga ko'ra -lar shaklida yoziladi. Fe'lning infinitiv shakli -moq, shuningdek, qo'shimchalarning deyarli hamma shakli morfologik tamoyil bo'yicha yoziladi: Egalik affikslari: -im, -ing, -i, kelishik afikslari: -ning, -ni, -da, -dan (jo'nalish kelishigi bundan mustasno), so'z yasovchilar ham turlicha aytilishdan qat'iy nazar, imloda o'zining bir xil morfologik shaklini saqlagan holda yoziladi. Ko'rinadiki, morfologik tamoyil o'zbek orfografiyasining yetakchi tamoyili bo'lib hisoblanadi.
Tarixiy-an'anaviy tamoyil. So'zlarning hozirgi talaffuz normasiga mos kelmaydigan, qadimdan o'zlashib qolgan shaklda yozilishi tarixiy-an'anaviy tamoyil deyiladi. Boshqacha aytganda, so'zlar hozirgi holatiga ko'ra emas, balki an'ana tusiga kirib qolgan qoidaga ko'ra yoziladi: Chor Rossiyasi, pudratchi, fahm, rahm kabi.
Hozirgi orfografiyada tarixiy-an'anaviy tamoyil asosida yoziluvchi ba'zi shakllar quyidagilar:
1. Buyruq-istak mayli (-gin) mumtoz adabiyotimizda qo'llanib kelgan an'ana (she'riyat talabi)ga ko'ra -gil, -g'il tarzida ishlatiladi: borgil // borg'il.
Meni kutgil va men qaytarmen (K.Simonov)
Bas, yetar, cholg'uvchi, bas qil sozingni,
Bas, yetar ko'ksimga urmagil xanjar (A.Oripov).
2. Maqsad ma'nosini anglatuvchi -gani shaklining -gali, -g'ali, -kali, -qali shakllari:
Ko'rgali keldingmu yor,
Kuydirgali keldingmu yor. (qo'shiq)
3. Hozirgi-kelasi zamon sifatdosh shaklini yasovchi -ur shakli:
Yulduzlar o'tiga bardosh berurman
Fazolar taftiga qilurman toqat (A.Oripov)
4.-mu shakli:
Sevgini tortib bo'lurmu
Toshu tarozi bilan (E.Vohidov)
Qora qoshing oy yuzingda hilol emasmu (P.Mo'min)
5. Navoiy, Fidoiy, Atoiy kabi so'zlar arab tilining qoidasini o'zlashtirish asosida orfografiyamizga kirib kelgan.