GALAKTIKA URUSHI
Miks va Koinot muzeyi qoʻshinidan tashkil topgan
ittifoqchilar jang vaqtida sayyohlarni bezovta qilmaslik
maqsadida qaroqchilarni sayyoradan besh million km
uzoqlikda kutib oladigan boʻlishdi. Jang rejasiga koʻra ittifoq
qoʻshini uchga boʻlindi. Qaroqchilarni esa shu qoʻshinning
faqat bir qismi bilangina kutib olishga kelishildi. Chunki
hali Miks qoʻshinidan bexabar boʻlgan Obma juda koʻp
jangchilarni koʻrib ortiga qochib qolishi ham mumkin.
Shu sababli ittifoqchilar avvaliga Obmani jangda mutlaq
ustun ekaniga ishontirishmoqchi. Shunday qilinsa, raqibini
mensimagan Obma puxta reja tuzib oʻtirmaydi.
Xavfsizlik nuqtayi nazaridan “Koʻkkezar” ekipaji jangga
kirmay, jarayonni uzoqroqdan kuzatib turadigan boʻldi.
Ittifoqchilar kutganiday, belgilangan joyga yetib
kelgan Obma manmanlik qilib toʻsatdan hujumga oʻtdi.
Qaroqchilar P-2 nomli eng kichik harbiy kemalari bilan
urushga kirishdi. Bu harbiy kemalar koʻrinishidan
dazmolga oʻxshab ketardi. Kichkina boʻlishiga qaramay,
kuchli lazer quroli bilan jihozlangan kemalar dushmanga
katta talafot yetkazishi mumkin edi. Shunday boʻldi ham.
Koʻp oʻtmay himoya tizimlarini osongina yorib oʻtishga
va oʻqlarga chap berishga moslashgan P-2 kemalari ittifoq
qoʻshiniga jiddiy tahdid sola boshladi. Katta kemalarning
tom qismiga oʻrnatilgan pulemyotlar esa ularni deyarli urib
tushira olmay qoldi.
Aslida, bu ham ittifoq rejasining bir qismi edi. Ular
jang boshlanishida dushmanga yon berishni oldindan reja
130
qilib qoʻyishgan. Bundan maqsad Obmani toʻliq hujumga
oʻtishga chorlash boʻlgan. Shuning uchun qoʻshinning bu
qismi jonli askarlardan emas, balki faqat robot-droidlardan
tashkil topgandi. Obma har qancha kuchli zarba bermasin,
hali birorta askarga zarar yetkaza olmagan edi.
Dastlabki hujumdayoq qoʻli baland kelayotganidan
gʻururlangan Obma asosiy kuchlarni ham jangga tushira
boshladi. Bu orada ittifoq qoʻshini ham Rutuy nomli
qiruvchi kemalarni qaroqchilarga qarshi uchira boshladi.
Rutuylar ham bir uchuvchilik ixcham kema boʻlib, ular P-2
kemalarini taʼqib qila boshladi.
Obmaning qudratli kemalari esa ittifoq qoʻshini tomon
dahshatli raketalarni uchirdi. Ittifoqchilar tezda himoya
chorasini koʻrishdi. Ular raketalarga qarshi koptokka
oʻxshash nurlarni otishdi. Bu nurlar xuddi sovun pufagiday
raketalarni oʻrab olardi. Raketa esa shu pufak ichida portlab
zararsizlantirilardi. Ammo ayrim raketalar himoya tizimiga
chap berib markazda turgan katta kemalarga borib urildi. Bir
kema butunlay portlab ketdi. Yana ikkitasi yaroqsiz holatga
kelib qoldi. Bundan ruhlangan Obma sarkardalariga toʻliq
kuch bilan hujumga oʻtishni buyurdi. Endi qaroqchilarning
butun qoʻshini oldinga siljiy boshladi. Voqeani kuzatib
turgan qoʻmondon Dordon ana endi asosiy hujumning
vaqti kelganini angladi. Ittifoqchilarning sayyora ortiga
yashirinib olgan ikki qoʻshini dushmanni oʻng va chap
tarafdan aylanib oʻtib, qurshab oldi. Bu qaroqchilar uchun
umuman kutilmagan hol edi. Buncha katta qoʻshinni
koʻrgan kallakesarlar esankirab qolishdi. Dushmanning
sarosimaga tushganidan foydalanib ittifoq qoʻshini barcha
kuchlari bilan hujumga oʻtdi.
Jang boshlanganiga 24 soat boʻlganiga qaramay, Obma
qoʻshinining hali yengilgisi kelmasdi. Ammo qaroqchilar
qanday kuchli, qanday dahshatli qurol ishlatmasin, baribir,
131
ittifoqning himoya tizimini yorib oʻta olmadi. Ittifoqchilar
uchirgan raketalar esa dushman qoʻshinidagi kemalarni
birma-bir yakson qildi. Jang boshlanganiga 36 soat
boʻlganida Obma qoʻshinining yengilishi aniq boʻlib qoldi.
Koʻpchilik qaroqchilar oq bayroq koʻtarib yengilganini
tan olishdi. Ammo ayrim qaroqchilar qochib qolishga ham
ulgurdi.
Shu payt jangni kuzatib turgan Ahmad Obmaning
boshqa bir kemaga minib qochishga harakat qilayotgani
koʻrib qoldi. Ahmad bu haqida tez Dordonga xabar berdi:
– Qoʻmondon, Obma sezdirmay jang maydonidan
qochishga urinyapti. U hozirgina oʻz kemasidan tushib,
chap qanotdagi jigarrang kemaga mindi.
– Ahmad, tushunarli. Hoziroq uni taʼqib qilishni
boshlaymiz.
Lekin Ahmad va Margol buni kutib oʻtirmay
“Koʻkkezar” bilan oʻsha jigarrang kemani oʻzlari quva
boshladilar. Jigarrang kema jang maydonidan qochib
chiqqanidan soʻng katta tezlik bilan uchib keta boshladi.
“Koʻkkezar” ham uning ortidan izma-iz quvardi. Sal
orqaroqda esa Dordonning shaxsiy kemasi ham ular
tomonga kelayotgan edi. Jigarrang kemaning taʼqibi
bir necha soatga choʻzilib ketdi. Bu orada Dordonning
shaxsiy kemasi “Koʻkkezar”dan ham oldinroqqa oʻtib olib,
Obmaning kemasiga oʻq uza boshladi. Obma bu ketishda
uzoqqa bora olmasligini tushundi, shekilli, Rigel yulduzi
tizimining soʻnggi sayyorasi Xokidga qoʻndi.
Xokid oʻlik sayyora boʻlib, unda bu yerda yashagan
qadimgi xalqlardan qolgan turli tashlandiq obidalar koʻp
edi. Obma oltita qoʻriqchisi bilan ana shu tashlandiq
binolarning biriga kirib yashirindi.
Qoʻmondon Dordon boshchiligidagi oʻn beshta mikslik
askar va bizning fazogirlar Obma yashiringan binoni yarim
132
kun davomida izlashdi. Axiyri u berkingan joy aniqlandi.
Miks askarlari binoni har tarafdan qurshab olishdi. Ammo
Obma taslim boʻlgisi kelmay bino tepasidan turib oʻq uza
boshladi. Hatto ular otgan oʻq ikki mikslik askarni yaraladi.
– Yoʻq, bu turishda boshqa askarlarim ham yaralanadi
yoki nobud boʻladi. Yaxshisi, binoning ichiga bostirib kirib,
qoʻqqisdan hujum qilamiz, – dedi Dordon.
– Men ham sizlar bilan boraman, – dedi Margol qurolini
koʻtarib. – Ahmad, sen shu yerdan bir qadam ham jilmay
tur. Ichkariga kirish sen uchun juda xavfli.
Ahmad shunday qildi. Qolganlar, hatto Moki ham
bino ichiga kirib ketdi. Koʻp oʻtmay oʻq ovozlari eshitila
boshladi. Uzoq davom etgan otishma birdan toʻxtab
qoldi. Ahmad biznikilar gʻolib boʻlishgandir, hozir
chiqib qolishadi deb kutib turdi. Ammo hadeganda ular
chiqishmadi. Yarim soat oʻtganidan soʻng Ahmad noiloj
bino ichiga kirib, tepadagi qavatlarga koʻtarila boshladi. U
tepaga koʻtarilarkan, jonsiz yotgan bir nechta qaroqchiga
koʻzi tushdi. Ahmad sira tushunolmasdi. Qaroqchilarning
bari oʻlgan boʻlsa, nega biznikilar tezroq tusha qolmaydi
deb oʻylardi u. Ahmad bino boʻylab yanada yuqoriga
chiqarkan, tepadagi qavatdan shovqin eshitildi. Kimdir:
“Joyingdan qimirlama, yoʻqsa, otaman”, ‒ deb baqirar
edi. Ahmad oyoq uchida tepaga koʻtarilib, shovqin
boʻlayotgan xonaning ochiq eshigidan asta moʻraladi.
Bu Obmaning tovushi edi. Obma Margolning boʻynidan
changallab olganicha toʻpponchasini uning boshiga tirab
turardi. Qolganlarga esa: “Yaqinlashma, yoʻqsa, uni otib
tashlayman”, ‒ deb tahdid qilayotgan edi.
Vaziyatni toʻliq tahlil qilib olgan Ahmad jim qarab turib
boʻlmasligini angladi. U qoʻliga katta gʻisht boʻlagini olib
Obmaning ortidan unga yaqinlashdi. Old tarafda Ahmadni
koʻrib turganlar yuraklarini hovuchlagancha vaziyatni
133
kuzatar edilar. Qahramonimiz Obmaga yaqinlashib borib,
bor kuchi bilan uning boshiga gʻishtni otdi. Ammo bir
boʻlak gʻishtning zarbasi Obmaning fildek gavdasiga taʼsir
ham qilmadi. Choʻchib ketib ortiga oʻgirilib qaragan Obma
Ahmadni koʻrdi.
– Ha, tirmizak, hali senmi menga qoʻl koʻtargan!
Obma qurolini Ahmadga oʻqtalib uni otmoqchi boʻldi.
Shu payt Margol vajohat bilan Obmaga tashlandi. Uni
koʻtarib siltadi va yon tarafdagi devorga qattiq urdi. Bu
orada Dordon ham yugurib kelib gurzisi bilan Obmaning
boshiga kuchli zarba berdi. Bu zarbadan soʻng qaroqchilar
boshligʻi yiqildi qoldi.
Shundan soʻng ular hushsiz yotgan Obmaning qoʻl-
oyogʻini bogʻlab ortga qaytishdi. Yetib kelishganida
jang allaqachon yakuniga yetgan va qaroqchilar taslim
boʻlishgan ekan. Qaroqchilarning bari direktor buyrugʻiga
binoan hibsga olingandi.
Direktor qaroqchi Obmani shu joyning oʻzida otib
tashlash kerak deb turib oldi. Ammo qoʻmondon Dordon
bunga koʻnmadi, “Bu kallakesarga qanday jazo berilishini
Galaktika Oliy sudi hal qiladi”, – dedi qatʼiy ohangda.
Obmani zindonband qilishlaridan oldin Ahmad unga
yaqinlashib boʻynidagi tumorni uzib oldi. Bu oʻsha ular
izlayotgan xarita boʻlagi edi.
– Seni imkoniyatim boʻlganida Miks sayyorasi yaqinida
tutib olmaganimdan afsusdaman. Aslida, seni oʻshandayoq
gumdon qilishim kerak ekan, – dedi Obma Ahmadga qahrli
tikilib.
Ahmad esa uning qahrli koʻzlariga xotirjam boqdi:
– Ha, lekin unday qila olmading. Oʻz nafsingning
qurboni boʻlding. Bilib qoʻy, hech qanday yomonlik jazosiz
qolmaydi!
U shunday deb ortiga oʻgirildi. Obmani esa olib ketishdi.
134
Miks harbiylari qoʻlga tushgan mahbuslarni birma-bir
roʻyxatga olisharkan, Obmaning eng ishongan sarkardasi
Ragoning jang tugamasdan burun Salmir kemasiga minib
qochib qolgani maʼlum boʻldi. Xayriyatki, u salmirlik
tutqunlarni qoldirib ketgan ekan. Xoynahoy, u tutqunlarni
oʻzi uchun ortiqcha yuk deb bilgan boʻlsa kerak. Ustiga-
ustak, Rago yolgʻiz oʻzi qochmagan, oʻzi bilan eng ashaddiy
kallakesarlarini ham olib ketgan edi.
Sillasi qurigan salmirlik olimlar esa zudlik bilan
shifoxonaga yotqizildi. Ularning ayrimlari juda ogʻir
ahvolda edi. Chunki qaroqchilar ularni bir necha oy
davomida qattiq qiynoqqa solishgan va ochlik bilan
jazolashgan. Margol ozib-toʻzib ketgan kapitan Gedar
Vu bilan koʻrishdi. Kapitan boʻlib oʻtgan voqealarda
Margolning qoʻli borligini, bularning bari, aslida, Salmir
sayyorasini qutqarish uchun qilinganini eshitib juda
quvondi. Oʻsha kuni zaxira kapsulasida oʻzi yoki boshqa
olimni emas, aynan Margolni uchirganida xato qilmaganini
tushunib yetdi. Margol esa kapitan bilan keyingi rejalarini
oʻrtoqlashdi. Ahmad haqida soʻzlab berdi. Nasib qilsa, ular
sogʻayib, oyoqqa turib olgunlaricha xaritaning toʻrtinchi
boʻlagini ham topishini, soʻng Katta Magellan bulutiga
uchib u yerdan N
2
G ni topib kelishini aytdi.
Dostları ilə paylaş: |