Payvandlash va yopishtirish usullari amaliyotda keng ishlatiladi. Polietilen, poliamid, polivinilxlorid va boshqa termoplastik polimerlarning tushgan joyiga issiq siqiq havo, yuqori chastotali tok, ultratovush, radiatsiya nurlari yuborilsa ular o‘zaro yopishadi.
Yelimlash usuli bilan termoplastik va termoreaktiv polimerlar yopishtiriladi. Termoplastik polimerlarni yelimlashda, asosan, eritmalar ishlatiladi. Polimer yuzasiga surtilgan eritma uni shishiradi va bosim ostida yopishtiriladi.
Kontaktli qoliplash.Maket yoki andozaga smola (poliefir yoki epoksid smolalari) shimdirilgan shisha tola yotqiziladi va roliklar yordamida tekislab bostiriladi. Andozaga yotqizilgan shishaplastik polimer bo‘tqasi rezina listlar yoki qoliplar bilan yopiladi va 0,1-0,5 MPa havo bosimi ostida siqiladi. Hosil bo‘lgan buyum to‘liq qotgandan keyin andozadan ko‘chirib olinadi. Andozaga yotqizilgan shisha plastik polimer bo‘tqa elastik pardalar yordamida vakuum kuchi bilan buyum hosil qilinadi.
KUKUN TO‘LDIRGICHLAR VA QO‘SHILMALAR Sopol buyumlar qorishma va betonlar kirishishining kamayishini ta’minlashda to‘ldirgichlarning roli qanchalik muhim bo‘lsa, polimer buyumlarni olishda ishlatiladigan kukun to‘ldirgichlarning ahamiyati ham juda kattadir. Kukun to‘ldirgichlar plastmassa buyumlarning kirishishini keskin kamaytiradi, hamda ularni aniq o‘lchamlarda tayyorlashga imkon beradi. To‘ldirgichlar plastmassa bo‘tqasiga qo‘shib qorishtiriladi. Natijada, unda hosil bo‘lgan sinch hisobiga uning mexanik xossalari yaxshilanadi, hamda bog‘lovchini tejashda, mustahkamligini oshirishda to‘ldirgichning roli juda kattadir. To‘ldirgichlar kelib chiqishiga ko‘ra organik (o‘simlik tolalarida paxta va yog‘och uni sellulozasi) va anorganik (asbest uni, ma’dan jinslardan — talk, kaolin, tuyilgan slyuda, kvars va boshqalar) guruhlarga bo‘linadi.
To‘ldirgichlarning polimer buyumlaridagi miqdori har xil bo‘ladi. Jumladan, plastmassa buyumlarida bog‘lovchi smola miqdori hammasi bo‘lib 8—12% ni tashkil etsa, undagi to‘ldirgich yog‘och-payraxa esa o‘rta hisobda 90% ni tashkil etadi. Gazlama yoki yupqa taxtasimon to‘ldirgichlar ishlatiladigan plastmassalarni bog‘lovchi smola miqdori 15—60% bo‘lsa, to‘ldirgich 85—40% bo‘ladi. Polietilen, polistirol, organik shishali polimer buyumlarda to‘ldirgich umuman bo‘lmaydi.